“Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Pekin G‘arb tomondagi, jumladan Afrikadagi mamlakatlar bilan XXR munosabatlarining rivojlanishiga xalaqit beradigan barcha to‘siqlarni olib tashlash va mavjud muammolarni yechish, hamma transport koridorlarining Xitoy uchun ochiqligini va foydali holatini ta’minlash ishlarini amalga oshirishga harakat qiladi. Boshqacha qilib aytganda, XXRning 100 yilligiga (2049-yilga) “Xitoy orzusi”ni (“Chjungguo meng” 中国梦) ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydi. Bu orzu amalga oshsa, mazkur XXI asrning o‘rtalariga XXR rivojlangan va dunyoda birinchi o‘rinni egallaydigan buyuk davlatga aylanishi ko‘zda tutiladi.
Albatta, “Xitoy orzusi”ning ro‘yobga chiqishi talaygina oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan ichki va sirtqi omillarga bog‘liq. Ayniqsa XXR bilan AQSh o‘rtasidagi raqobatning istiqbolini aytish qiyin. Oldindan aytib bo‘lmaydigan faktorlardan yana biri sun’iy yaratilgan va o‘ta yuqumli tojsimon virus (koronovirus, xitoy tilida “Shinshing guanchjuang bingdu” 新型冠状病毒) nomlangan kasallik hisoblanadi. Ushbu kasallik nafaqat Xitoyning ichki vaziyatiga, balki butun dunyoga tarqalgan va katta ta’sir ko‘rsatgan ofat sifatida nomoyon bo‘ldi. Bu kutilmagan kasallikning oqibati nima bilan tugashini hech kim aytolmaydi. Uchinchi bir kutilmagan va XXRning ichki vaziyatiga va xalqaro sahnadagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatgan voqea Pekinning musulmonlarga, jumladan uyg‘urlarga nisbatan olib borayotgan yangi siyosati bo‘ldi.
Oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan omillardan biri “Xitoy orzusi”ning ro‘yobga chiqishi uchun amalga oshiriladigan harakatlar xitoy xalqining katta millatchilik ruhini kuchaytirishi mumkin. Bu holat esa nima oqibatlarga olib kelishini aytish qiyin.
2017-yil 18–24-oktabrda o‘tkazilgan Xitoy kompartiyasining XIX syezdida “Xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarish uchun 2050-yilgacha amalga oshiriladigan yangi vazifalar qabul qilingan [Chjang Peng. 2020: 32]. Syezdda konstitutsiyaga Shi Jinpingga umrining oxirigacha egallab turgan oliy lavozimida qolish, kompartiyaning rolini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga asos bo‘ladigan o‘zgartirishlar kiritildi. Bu bilan XXR rahbariyati Deng Shyaoping davrida joriy etilgan oliy rahbarlik lavozimiga faqat ikki marta saylanishi mumkin degan qonundan voz kechdi. Ma’lumki, 30 yil davomida ushbu qonun XXRda siyosiy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy islohotni unumli amalga oshirishga zamin yaratib bergan edi. Sobiq SSSR amaliyotidan kelib chiqib aytganda, partiya rolini kuchaytirish siyosati joylardagi partiya tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayoniga aralashuvini kuchaytirishi va bu holat salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Lekin mazkur holat XXRning istiqboliga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan savol ko‘ndalang turadi. Ushbu maqola muallifi 1996–1998-yillarda Xitoyning janubiy o‘lkalaridagi ilg‘or ishlab chiqarish korxonalari tajribasini o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, partiya tashkilotlari aralashmagan xususiy ishlab chiqarish korxonalarining rivojlanish darajasi baland bo‘lgan. Partiya tashkilotlari bevosita aralashadigan davlat korxonalaridagi ishlab chiqarish unumi aksincha pastligi kuzatilgan. Ehtimol hozirgi paytda bu holat boshqacha ko‘rinish berar. Lekin mamlakatdagi valyutalarning chetga chiqib ketishining kuchayishi, hukumat tomonidan bunga qarshi chora ko‘rila boshlangani, shahar qurilish sohasida yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan qurilgan uylarning sotilmay qolayotgani, ayrim chet el mablag‘lari hisobiga tashkil etilgan korxonalarning yopilishi, mamlakat bo‘yicha ishlab chiqarish sur’atining 8% dan kamayib borayotgani kabi yuzaga kelgan holatlar yangi vaziyat va uning oqibatlari qanday bo‘lishini chuqur va atroflicha o‘rganishga da’vat etadi.
Yuqoridagilar asosida aytish mumkinki, “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining asosiy mazmuni zaminida Xitoy uchun ochiq va foydali global bozor shakllantirish, ya’ni Xitoy kapitali, ishlab chiqargan mahsulotlari, ishchi kuchi erkin harakat qilishi mumkin bo‘lgan va zamonaviy transport yo‘laklari bilan ta’minlangan global iqtisodiy hudud yaratish yotadi. Ammo Xitoy olimlarining ta’kidlashicha, bunday iqtisodiy hudud uning doirasiga kirgan barcha davlatlarga yaratilgan imkoniyatlardan teng foydalanish, aloqalarni teng huquqli asosda amalga oshirish va foydani teng bo‘lish imkonini beradi. Lekin jahon miqyosidagi amaliyotlardan, yirik va rivojlangan davlatlar bilan rivojlanayotgan mayda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar tajribalaridan kelib chiqqanda, xitoy olimlari ta’kidlagan bu tenglik shubha uyg‘otadi.
Xitoy olimlari ta’riflagan global iqtisodiy hudud doirasida hozirgi Markaziy Osiyo muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun Pekin ushbu mintaqadagi respublikalarga katta e’tibor qaratib, o‘zining mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy mavqeini yanada mustahkamlashga harakat qiladi. Shu asnoda mintaqaning tabiiy boyligidan foydalanish uchun zarur bo‘lgan barcha sohalarga va yo‘llar qurish ishlariga mablag‘ solishni kuchaytiradi. Mablag‘ solish bilan birga Xitoy hukumati o‘zlarining texnikasini, ishchi kuchlarini, zamonaviy aloqa va nazorat vositalari hamda texnologiyalarini mintaqaga olib kelib ishlatishga harakat qiladi. Shu bilan birga mintaqa davlatlariga kredit berish ishlarini faollashtiradi.
“Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining asl maqsadlaridan biri – xitoy tili va madaniyatini dunyo sahnasiga olib chiqish
Vang Yiveyning fikricha, boshqa mamlakat va xalqlar orasida Konfutsiy markazlari, maktablari va institutlarini tashkil qilish orqali xitoy tili va madaniyatini keng tarqatish ham “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi dasturi doirasidagi vazifalarning bir qismi hisoblanadi [Vang Yivey. 2016: 208–216].
Aksariyat hollarda XXR hukumati bu ishni turli mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalarida “Konfutsiy markazlari”, “Konfutsiy maktablari”ni tashkil etish, xorijliklarga iqtisod, til, adabiyot kabi ijtimoiy fanlar bo‘yicha Xitoy shaharlarida o‘qish uchun grant ajratish asosida amalga oshirib kelmoqda.
Masalan, 2004-yilda Xitoy tomonidan qo‘yilgan taklifga binoan birinchi marta Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (2020-yil may oyidan boshlab universitet) “Konfutsiy markazi” tashkil etildi [Shazamanov, Sharapov. 2012: 78]. Bu haqdagi rasmiy kelishuv 2004-yil noyabr oyida o‘tkazilgan va xorijda xitoy tilini o‘qitishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya vaqtida imzolangan. Oradan ko‘p o‘tmay ushbu markaz institutga aylantirildi. Mazkur institut oldiga turli sohadagi mahalliy aholi vakillariga xitoy tilini o‘rgatish va madaniyatini tanishtirish vazifasi yuklandi. Bu dargohda o‘qish qisqa muddatli kurslar tashkillash asosida yo‘lga qo‘yildi. O‘qishni istaganlarga yosh cheklamasi qo‘yilmadi. Toshkentda tashkil etilgan mazkur “Konfutsiy instituti” Xitoy tomonidan Markaziy Osiyoda qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lgan edi. Bu voqea XXRda xitoy tili va madaniyatini xorijga tarqatish bo‘yicha “Markaziy Osiyoga eshik ochish” deb baholandi [Ma Yuan. 2014: 177]. Ayni paytda Qozog‘istonda (Astana, Almati, Aktobe va Karaganda shaharlarida) 4 ta “Konfutsiy instituti” [Kazinform. a2724590], O‘zbekistonda – 2 ta (Toshkent va Samarqandda), Qirg‘izistonda – 2 ta (Bishkek va O‘shda), Tojikistonda – 2 ta (Dushanbe va So‘g‘d viloyatidagi Bustonda /Chkalovsk/) Konfutsiy institutlari faoliyat olib bormoqda. Bulardan tashqari, Qirg‘izistonda 9 ta “Konfutsiy sinflari”da va 8 ta oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili o‘rgatilmoqda.
2021-yilgacha Turkmanistonda Konfutsiy instituti ochilmagan edi, lekin Maxtumquli nomli Turkiya milliy universiteti, Jahon tillari instituti, Xalqaro energetika instituti, Xalqaro neft va gaz universiteti kabi oliy o‘quv yurtlarida va Ashxoboddagi 90-sonli va Sedjin shahridagi 14-sonli o‘rta maktablarda xitoy tili va adabiyotini o‘rgatish ishlari olib borilmoqda.
Xitoy hukumati mazkur davlatdagi elchixonasi orqali xitoy tili o‘rgatiladigan oliy o‘quv yurtlariga, maktablarga va Konfutsiy institutlariga, zarur yordamni berib qo‘llab quvvatlamoqda. Lekin bu davlatlarning tilini va adabiyotini Xitoyda o‘rgatish masalasida paritet mavjud emas.
Internet resurslaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, jahondagi 126 mamlakat va mintaqalarda 475 ta Xitoyning Konfutsiy institutlari tashkil etilgan [Kazinform. a2724590].
Qator ilmiy loyihalar qatnashchisi va xorijdagi Konfutsiy institutlarida ma’ruzalari bilan faol qatnashib kelayotgan Xitoy olimi Vang Yiveyning ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilgacha 138 ta mamlakatlarda 500 ta Konfutsiy institutlari va 1000 ta Konfutsiy sinflari tashkil etilgan. Ushbu mamlakatlardan 51 tasi “Bir belbog‘, bir yo‘l” iqtisodiy hududga aloqadar hisoblanadi. Shularda 131 ta Konfutsiy institutlari va 119 ta Konfutsiy sinflari faoliyat ko‘rsata boshlagan. Bu maskanlarda 1 580 000 kishi ta’lim olgan [Vang Yivey. 2016: 208]. Mazkur institutlar, markazlar va sinflarda xitoy tilidan va madaniyatidan dars berish uchun XXRdagi 4 ta oliy o‘quv yurtida o‘qituvchilar tayyorlangan [Shazamanov, Sharapov. 2012: 78].
So‘nggi yillarda AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlarida mahalliy ma’muriyatning noroziligi tufayli Konfutsiy institutlari va Konfutsiy sinflari yopilishi kuzatilgan. Ehtimol bundan keyin bu holat faollashishi mumkin.
Shu asnoda ta’kidlab o‘tish joizki, Markaziy Osiyo davlatlarida ochilgan Konfutsiy institutlari va markazlarida zamonaviy texnika, texnologiya bo‘yicha o‘qitish ishlari kuzatilmadi. XXR hukumati tomonidan ajratilgan grantlar asosida Xitoy universitetlarida o‘qishga yuborilganlar ham xitoy tili, adabiyoti va iqtisodi bo‘yicha ta’lim olishga yo‘naltirilgan. Vaholanki, XXR zamonaviy texnika va texnologiya sohasida katta yutuqlarga ega davlatdir. Markaziy Osiyo respublikalari esa bu sohalarda mutaxassislar tayyorlash ehtiyoji mavjud. Bu holat tabiiy holda nima uchun Pekin xitoy tili va madaniyatini xorijda o‘rgatishga katta e’tibor beradi va mablag‘ sarflaydi, lekin tabiiy fanlar, ayniqsa zamonaviy texnika va texnologiya sohalarida kadr tayyorlashni o‘zi uchun kerak deb hisoblamaydi degan savolni keltirib chiqaradi. Vaholanki, Xitoy hukumati o‘tgan asrning so‘nggi choragidan boshlab AQSh va Yevropa davlatlar universitetlariga va boshqa o‘quv yurtlariga yoshlarni o‘qishga yuborar ekan, ularni asosan zamonaviy texnika va texnologiya sohasida bilim olishga yo‘naltirgan. Qisqacha qilib aytganda, Xitoy yoshlari bu sohadagi bilimlarga rivojlangan davlatlar yoridamida ega bo‘lgan.
Xulosa
Yuqorida bayon etilganlar asosida xulosa qilib quyidagilarni aytib o‘tish mumkin:
1) “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi XXRning 35 yillik iqtisodiy rivojlanishi, ishlab chiqarish sohasida dunyo fabrikasiga aylanishi, o‘z mahsulotlarini eksport qilish hisobiga katta boylikka, jumladan valyuta zahirasiga ega bo‘lishi, kapital va zamonaviy texnika, texnologiyalarni import qiluvchi davlatdan ularni eksport qiluvchi mamlakatga aylanishi, tabiiy boylik va energiya resurslarining yirik iste’molchisi bo‘lib qolishi natijasida paydo bo‘lgan.
2) Ushbu tashabbusning ma’nosini uni ifodalagan 4 ta iyeroglif (so‘zlar)ning lug‘aviy ma’nosidan kelib chiqib tushunib bo‘lmaydi. Zero, bu to‘rtta so‘z bilan ifodalangan fikr negizida teran ma’no va strategik maqsadlar, ya’ni Xitoyni jahondagi eng qudratli davlatga aylantirish dasturi yotadi. Lekin ayrim xitoy olimlari mazkur tashabbusni “Xitoyning an’anaviy donishmandlik tafakkuri”ning namunasidir, deb ta’riflaydi. Shu bilan birga, uning negizida xitoylar madaniyatini boshqa xalqlar madaniyati va tafakkuri bilan uyg‘unlashtirish maqsadi yotadi, deb ta’kidlashadi. Asl maqsadni oddiy va sirli so‘zlar bilan bildirish qadimgi xitoylar tafakkuri, til boyligi va falsafa an’analariga asoslangan. Uni turlicha talqin qilish va vaziyatga moslashtirish mumkin.
3) Xitoy olimlarining ta’kidlashicha, “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusining asl mazmuni nafaqat XXR uchun ochiq bo‘lgan, umumiy bir qoida joriy etilgan, quruqlik va dengizlar orqali o‘tadigan turli zamonaviy transport yo‘llari, aloqa vositalari bilan ta’minlangan global iqtisodiy hudud shakllantirishdan yoki yangi dunyo yaratishdan iborat. Bunday dunyo “Xitoy orzusi” deb ham ataladi.
4) Ushbu tashabbus doirasida ishlab chiqilgan dasturga Pekin o‘zining hamma muammolarini bartaraf qilish, hamma to‘siqlarni olib tashlash va Xitoyning G‘arb tomonidagi barcha davlatlar bilan erkin aloqa qilishga qulay bo‘lgan transport yo‘laklarini ochish va zamonaviylashtirish vazifalari kiritilgan. Bu vazifalarni amalga oshirish natijasida XXRning 100 yillik yubileyiga (2049-yilga) mamlakat dunyodagi eng rivojlangan davlatga aylanishi lozim, ya’ni “Xitoyning orzusi” ro‘yobga chiqishi kerak. Albatta, bu orzuning amalga oshishi juda ko‘p ichki va tashqi omillarga bog‘liq. Ularni oldindan aytish yoki bashorat qilish qiyin.
5) “Xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarish uchun Markaziy Osiyo respublikari muhim ahamiyat kasb etadi. XXR hukumati ushbu mintaqaga muhim tabiiy boylik manbai, Xitoy mahsulotlarini sotish uchun foydali bozor, G‘arb va Yaqin Sharq bilan iqtisodiy aloqa qilishdagi tengi yo‘q ko‘prik sifatida qaraydi. Shuning uchun Xitoy hukumati bundan keyin ham mintaqaga bo‘lgan e’tiborini, mablag‘ kiritishini, uning tabiiy boyliklaridan va boshqa imkoniyatlaridan foydalanishni kuchaytiradi.
6) Xitoy olimlari “Bir belbog‘, bir yo‘l” dasturi doirasida tashkil etilajak yangi global iqtisodiy hudud uning bilan bog‘langan barcha davlatlarga teng foyda keltirishini ta’kidlashadi. Shu bilan birga, ular ushbu hudud doirasidagi davlatlarning hammasi yer ustidan va dengizlar orqali o‘tadigan zamonaviy transport yo‘llari, aloqa vositalari bilan bog‘lanishi, ularning mahsulotlari, mablag‘i, ishchi kuchi erkin harakatlanishi mumkinligini aytishadi. Lekin katta-kichikligi, moddiy potensiali, iqtisodiy va texnikaviy rivojlanish darajasi har xil bo‘lgan davlatlar bunday hudud doirasida XXR bilan teng huquqlilik prinsip asosida harakatlanishi, rivojlanishi va teng foyda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi biroz shubha uyg‘otadi.
7) “Xitoy orzusi” hisoblanmish global iqtisodiy hudud shakllantirishni maqsad qilib olgan “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi zaminidagi siyosiy va iqtisodiy dastur doirasiga kelajakda Xitoy tafakkurini va tilini hukmron omilga aylantirishga zamin yaratish ham kiritilgan. Bu vazifani “Konfutsiy instituti”, “Konfutsiy markazi” va “Konfutsiy maktablari”ni tashkil qilish hamda xorijliklar uchun XXR universitetlarida xitoy tili va madaniyatini o‘rganishga grantlar ajratish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ablat XO‘JAYEV,
tarix fanlari doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
Vang Yivey. 2016. Vang Yivey. Shije shi tungde – “Iday ilu” de loszi (Ochiq dunyo – “Bir belbog‘, bir yo‘l”ning asl maqsadi). Pekin, “Shang’u inshu guan” 2016.
Ma Yuan. 2014. Ma Yuan (tuzuvchi). Shin sichou chjilu – chungshin kayshi de lyuychen (Yangi ipak yo‘li – qayta ochilgan sayohat yo‘nalishi). Matnlar bilan ta’minlangan katta formatli suratlar albomi (format 24 x 32). Pekin, “Uchjou chuanbuo chubanshe” 2014.
Чжанг Пэнг. 2020. Чжанг Пэнг. Современные направления стратегического сотрудничества Китайской Народной Республики и Российской Федерации в рамках Шанхайской организации сотрудничества. Автореферат диссертации доктора философии (PhD) по политическим наукам. Ташкент, 2020. С. 32.
Chjungguo lishi 1996. Jyanming Chjungguo lishi ditu ji. Dibase. Sin shi ji (Xitoy tarixi xaritalarining qisqacha to‘plami. Sakkizinchi jild. Sin sulolasi tarixi xaritalari to‘plami). Tan Sishyan taxriri ostida tuzilgan. Pekin, “Chjungguo ditu chubanshe” 1996.
Khodjaev A. 2002. Khodjaev A. The Ching China Occupation of Zhungaria and Eastern Turkestan // “The Turks”. In 6 books, Ankara, “SEMIH OFSET” 2002. T. 5. p. 867–881.
Khodjaev A. 2002. Khodjaev A. The Struggle against Invaders // “The Turks”. T. 5. p. 882–893.
Sidikova M. 2012. Sidikova M. Xitoy Xalq Respublikasi geosiyosiy manfaatlarida ommaviy axborot vositalarining o‘rni. Toshkent, “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti” 2012.
Xodjayev A. 1991. Ходжаев А. Цинская империя и Восточный Туркестан в XVIII в. (Из истории международных отношений в Центральной Азии). Ташкент, “Фан” 1991.
Ходжаев А. 2003. Ходжаев А. Из истории международных отношений Центральной Азии в XVIII веке. Ташкент, “Фан” 2003.
Xo‘jayev A. 2007. Xo‘jayev A. Buyuk ipak yo‘li: munosabatlar va taqdirlar. Toshkent, “O‘zbekiston milliy ensklopediyasi2 2007.
Ходжаев А. 2020. Ходжаев А. Китайский фактор в Центральной Азии (История и современность). Третье дополненное издание. Ташкент, “Навруз” 2020.
Shazamanov Sh. 2014. Shazamanov Sh.I. Shazamanov. Islohotlar davrida Xitoy Xalq Respubikasi. Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti” 2014.
Шазаманов, Шарапов. 2012. Шазаманов Ш.И., Шарапов А.А. Политика китайской народной республики в сфере образования. Ташкент, “Ташкентский государственный институт востоковедения” 2012.
Sharapov A. 2014. Sharapov A. A. Osiеyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari va O‘zbekiston respublikasi munosabatlari. Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti” 2014.
Томберг. 2008. Томберг Р.И. Китайская “экспансия”, как ресурсная составляющая международных конфликтов в Африке // Вестник МГИМО-Университета. 2008, 3(3): 84–90.
O‘zbek tili. 206. O‘zbek tilining izohli lug‘ati (Толковый словарь узбекского языка). 5 jildli. Toshkent, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” 2006.
https://doi.org/10.24833/2071-8160-2008-3-3-84-90.
Kazinform. a2724590. Международное информационное агентство kazinform // https://www.inform.kz/ru/4-instituta-konfuciya-v-kazahstane-obuchayut-kitayskomu-yazyku_a2724590
Wikipedia. Пояс и путь. https://ru.wikipedia – Один пояс один путь.
Stefan.1999. Stefan H. Verstappen. The Thirty-Six Strategies 三十六計. Toronto (Canada) “Woodbridge Press” 1999.
San’at
Jarayon
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q