
Bugungi kunda turkiy davlatlar oʻrtasida har doimgidan ham yaqin, iliq va istiqbolli aloqalar oʻrnatilgan. Bu jarayonni mamlakatlar hayotidagi har bir jabhada, xususan, adabiyotda ham koʻrish mumkin. Ozarbayjon Respublikasi nodavlat tashkilotlarini davlat qoʻllab-quvvatlash agentligining 2025-yilgi grant tanlovi gʻolibi boʻlgan “Oʻrta Osiyo va Janubiy Kavkaz soʻz erkinligi tarmogʻi” nodavlat tashkilotlari ittifoqi “Turk dunyosi: umumiy merosdan umumiy kelajakka” nomli loyihasi doirasida bir qator ishlarni amalga oshirilmoqda. Jumladan, turkiy davlatlarda yashovchi taniqli mutaxassislar ishtirokida qator maqolalar tayyorlanyapti. Ushbu maqola ham ayni turkumdan boʻlib, unda Xalqaro “Alash” adabiy mukofoti sovrindori, Jahon yosh turk yozuvchilari ittifoqining faxriy raisi Akbar Qoshali va taniqli shoira, tarjimon, “Shuhrat” medali sohibi Xosiyat Rustam bilan turk dunyosining umumiy adabiyoti haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Akbar Qoshali: Adabiyot – bir xalqning ruhi, tarixi va kelajak yoʻlboshchisi
Agar turk dunyosini bir vujud deb tasavvur qilsak, uning yuragi umumturkiy adabiyotdir. Bu adabiyot geografik chegaralar, siyosiy rejimlar va zamonaviy taqdirlar ajralishidan kuchliroqdir. U ilk turk yer yuziga qadam qoʻygan kundan boshlanadi, “Dədə Qorqud” ruhi bilan yuksaladi, Nizomiy, Nasimiy, Fuzuliy tafakkuri bilan badiiy kamolga yetadi, Alisher Navoiyning donishmandlik sheʼriyati bilan davom etadi, XX asrda esa Husayn Javid, Choʻlpon, Xalil Said Xoʻjayev, Abdulla Qodiriy, Maqsud Shayxzoda singari siymolar qalamida mafkuraviy qarshilik vositasiga aylanadi. Bugun bu adabiy birlik nafaqat tarixiy rishtalar, balki madaniy strategiyalar, davlat siyosati va texnologik imkoniyatlar orqali mustahkamlanmoqda. Ozarboyjon va Oʻzbekiston (umuman Turkiston mamlakatlari) adabiy islohotlari bilan umumiy ildizlarga va zamonaviy chaqiriqlarga javob bermoqda. Soʻnggi yillarda Ozarbayjon adabiyotida quyidagi asosiy tendensiyalarni koʻrish mumkin:
Milliy-maʼnaviy uygʻonish – Qarabogʻ gʻalabasidan soʻng adabiyot yangi bosqichga oʻtdi. Yozuvchi va shoirlar gʻalabani kuylash bilan birga, milliy identitetni falsafiy va timsolli tilda ifoda etmoqda;
Yangi adabiy avlod – yosh shoir va nosirlar anʼanalar bilan zamonaviy estetikani bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarmoqda;
Adabiy raqamlashtirish – elektron adabiyot, interaktiv sheʼrlar, virtual adabiy jurnallar orqali milliy adabiyot global media maydonlarda oʻz oʻrnini kengaytirmoqda.
Nizomiy, Nasimiy va Fuzuliy merosining umumturkiy miqyosda targʻiboti uchun xalqaro simpoziumlar, tarjima loyihalari va umumiy darsliklar orqali yagona adabiy sistemaning asoslari yaratilmoqda.
Xosiyat Rustam: Oʻzbek adabiyoti umumturkiy madaniyat kodining asosiy tashuvchisidir
Oʻzbek adabiyoti sharq adabiyoti va turk sheʼriy tafakkurining asosiy ustunlaridan biri. Alisher Navoiyning “Xamsa”si faqat adabiy hodisa emas, balki umumiy til va tafakkurning sheʼriy konstitutsiyasidir. XX asrda jadidlar – Behbudiy, Qodiriy, Fitratlar milliy uygʻonishning adabiy manifestlarini yaratdilar. Hozir oʻzbek adabiyotida quyidagi xususiyatlar yaqqol koʻzga tashlanadi:
Milliy Uygʻonish (Renessans) – Jadidlar merosi qayta talqin qilinmoqda. Jamol Kamol, Hamid Ismoil, Muhiddin Xoliqov singari zamonaviy yozuvchilar sovet davrining travmalarini, global jamiyat muammolarini badiiy tilga koʻchirishmoqda.
Davlat adabiy strategiyasi – Prezident tashabbusi bilan adabiyot milliy ustuvorliklar qatoriga kiritildi. Navoiy nomidagi institut, xalqaro adabiyot kunlari, yozuvchilarga berilayotgan mukofotlar bunga misoldir.
Oʻzbek adabiyoti faqat bir xalqning soʻz xazinasi emas, balki Turkistonning, umurturk madaniy kodining muhim tashuvchisidir. Alisher Navoiy yaratgan poetik maktab bu xalqning faqat adabiy kimligini emas, balki turkiy sivilizatsiyaning madaniy konturlarini ham belgilagan. Bugungi Oʻzbekiston adabiyoti, ayniqsa, mustaqillikdan keyingi davrda, milliy ruhning qayta uygʻongan, jadid merosining zamonaviy til bilan yangidan yozilgan badiiy bosqichini boshdan kechirmoqda. Mustaqillikdan soʻng Oʻzbekistonda adabiyot mafkuraviy nazoratdan xalos boʻlib, yangi nafas oldi. “Faqat rasmiy nashrlardagina emas, balki mustaqil platformalar – internet portallari, ijtimoiy tarmoqlarda ham adabiy ijodning tez surʼatlar bilan kengaygani kuzatilmoqda. Yangi avlodning ifoda imkoniyatlari kengaydi, sheʼriyat va nasrda shaxsiy tajribaga tayangan, dunyoviy va universal mavzularni qamrab olgan asarlar koʻpaydi. Shuningdek, adabiy institutlashuv kuchaydi, Navoiy nomidagi davlat universiteti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida yaratilgan qulay ish muhiti va Prezident tashabbusi bilan taʼsis etilgan adabiy mukofotlar, «Turk adabiyotining durdonalari” 100 jildligi loyihasi yozuvchi va shoirlar uchun moddiy va maʼnaviy tayanch boʻldi. Adabiy festivallar va xalqaro tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazilmoqda. Masalan, “Navoiy – Turk dunyosining dahosi” nomli simpoziumlar, boshqa turkiy davlatlar bilan adabiy hamkorliklar – umumiy madaniyatga integratsiyani taʼminlaydi.
Bugun oʻzbek adabiyotining kelajagi endi faqat ichki taraqqiyot bilan emas, balki umurturk madaniyatiga hissa qoʻshish niyati bilan ham oʻlchanmoqda. Umumiy poetik platformalar yaratilib, turk adabiyoti mualliflarining ishtirokida umumiy adabiy jurnallar, tanlovlar, qoʻshma antologiyalar tayyorlanmoqda. Adabiy chegaralarning yoʻqolishi jarayonida shoir va yozuvchilar oʻrtasidagi til toʻsigʻi tobora kamayayotganini koʻrish mumkin. Tarjima, til oʻrgatish kurslari bu jarayonning asosiy vositalariga aylangan. Adabiyot faqat estetik hodisa emas, balki davlatlararo madaniy aloqalarning ustunlaridan biridir. Oʻzbekistonning madaniy siyosatida adabiyot shu jihatdan strategik vositaga aylanmoqda.
Shuningdek, qardosh oʻlkalarda ham turkiy adabiyotga doimgidan muhimroq deb qaralayotgani, ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanyapti. Nazarimda, bugungi qozoq adabiyotining asosiy yoʻnalishlarida quyidagilar koʻproq koʻzga tashlanyapti:
- Afsonadan realizmga oʻtish: qozoq yozuvchilari, ayniqsa, yangi avlod, etnografik tasvirlar va mifologik timsollar asosida yaratilgan realizm orqali zamonaviy inson izlanishlarini poetik maydonga olib chiqmoqda;
- Turksoyning oʻzaro muhitini yaratish: Qozogʻistonda turkiy davlatlar adabiy vakillari ishtirok etayotgan “Adabiyot kunlari”, “Abay akademiyasi” kabi platformalar, DGTYB (Dünya Genç Türk Yazarlar Birliği) tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar umumturk adabiy aloqalarining muhim markazlariga aylangan.
Qirgʻiz adabiyotiga keladigan boʻlsak, u Manas dostonidan ildiz olib, xalq ruhi va epik nafasni zamonaviy tafakkur bilan birlashtirgan. Chingiz Aytmatov bu ruhning zamonaviy tovushi, XXI asr turk adabiyotining vijdonidir.
Asosiy tendensiyalar esa quyidagilar:
- Post-Aytmatov davri Aytmatovdan keyingi adabiyot yangi savollar bilan yuzlashmoqda – oʻtmish bilan toʻqnashuv, yangi kimlik izlanishi va poetik tilni saqlab qolish muammosi;
- Adabiy feminizmning oʻsishi: Baʼzi yosh ayol yozuvchilar yangi mavzularda, yangi tilda yozib, adabiyotda gender nuqtayi nazarini kuchaytirmoqda. Umuman olganda, qirgʻiz adabiyoti uchun poetik xotira – hanuz asosiy qadriyatdir. Bu xotirani asrash uchun turkiy davlatlar bilan qoʻshma tarjima va nashr loyihalari muhim ahamiyatga ega.
Turkman adabiyotining klassik davri, ayniqsa, XVIII asrda Davlatmuhammad Azodiy va uning oʻgʻli Maxtumquli Farogʻiy kabi buyuk shoirlarning ijodi bilan boyigan. Azodiy oʻzining “Vazi-Azod” nomli didaktik-falsafiy poemasi bilan tanilgan. Asarda u jamiyatning axloqiy va diniy qadriyatlarini targʻib qilgan, komil inson idealini ilgari surgan. Maxtumquli esa turkman poeziyasining eng yorqin namoyandasi hisoblanadi. Uning sheʼrlarida xalq hayoti, turmushi va hissiyotlari ifodalangan, u turkman xalqining ensiklopediyasi deb eʼtirof etiladi. Maxtumquli klassik va xalq sheʼriyati anʼanalarini birlashtirib, turkman adabiyotida realizm oqimini boshlab bergan.
XX asr oxiri va XXI asr boshlarida turkman adabiyotida yangi yoʻnalishlar paydo boʻldi: Bu davrda yozuvchilar, ayniqsa, 1980-yillar oxiridan boshlab, sotsialistik realizm qoliplaridan chiqib, tarixiy va ijtimoiy mavzularga yuzlandilar. Asarlarda turkman xalqining birligi, ozodlik orzulari va milliy identitet masalalari ilgari surildi. Bugungi ijodkorlar Azodiy va Maxtumquli kabi klassiklardan ilhom olib, zamonaviy davr muammolari va chaqiriqlarini adabiyot orqali ifoda etmoqda.
Xulosa qilganda, Akbar Qoshali taʼkidlaganidek, umumturk adabiyotini tasavvur qilish – bugunni anglash, ertani barpo etish demakdir. “Adabiy birlik – faqat poetik nostalgiya emas, balki madaniy strategiya, identitet siyosati, global dunyoda koʻrinish istagidir”. Xoʻsh, bunday sharoitda yosh avlodga nima tavsiya etiladi, degan savolga Akbar Qoshalining javobi quyidagicha boʻldi:
“Birinchidan, umumiy adabiyot darsliklari masalasi eʼtiborda boʻlishi kerak. Yaʼni, Turk dunyosining umumiy poetik xaritasini taqdim etuvchi darsliklar, yagona oʻquv dasturlari tayyorlanishi lozim;
Ikkinchidan, adabiy tarjima institutlari – har bir turk respublikasida faoliyat yuritadigan va boshqa turk tillariga tarjima ishlarini tizimlashtiradigan muassasalar tashkil etilishi kerak;
Uchinchidan, “Umumturk Adabiyot Antologiyasi” – tarixiy va zamonaviy mualliflarni qamrab olgan koʻp tilli nashrlar majmuasi tayyorlanishi lozim;
Nihoyat, adabiy festivallar va koʻrgazmalar – “Turk Adabiyot Haftaligi” kabi umumiy loyihalar muntazam tashkil etilishi kerak.
Ishonchim komilki, bu yoʻlda yozuvchilar, madaniyatshunoslar, tarjimonlar va oʻquvchilarning umumiy ruhiy harakati turk adabiyotini yangi bosqichga olib chiqadi.
Javod SHOHVERDIEV
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
San’at
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q