Yevropada yoz: jazirama rekord yangilandi, Eyfel va minglab maktablar yopildi, svetoforlar esa ishlamay qoldi


Saqlash
11:14 / 17.08.2025 49 0

Iqlimdagi anomaliya bir necha yildirki odamlarni, olimlarni tashvishga solmoqda. Qishning quruq kelishi-yu yoz jaziramasining odamlar kun tartibi, yashash tarziga, shu bilan birga, tabiat va hayvonot olamiga taʼsiri – bularning hammasi Yerda borgan sari ekologik muammolar ortib borayotganining afsuski, boshlangʻich belgilari sanaladi. Mutaxassislarning global iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq tahlil va prognozlari boʻlsa, kishini koʻproq xavotirli hayratga soladi: Jahon meteorologiya tashkiloti keyingi 5 yil ichida global havo harorati 1,5 °C daraja yuqoriroq boʻlishi va bu yillardan birida kuzatiladigan issiq harorat 2023-yilgi global jazirama rekordini yangilashi ehtimolini bildirgan edi. Bu yil Yevropaning bir nechta mamlakati issiqlik darajasi boʻyicha yangi rekordni qayd etdi. Bu esa minglab insonlarning oʻlimiga sabab boʻldi.

 

Yildan yilga issiqroq kelayotgan yoz bu yil butun dunyo, hatto Yevropa hududlarini ham davlat darajasida himoya choralarini qoʻllashga majbur qildi. Gʻarbiy Yevropadagi minglab insonlar anomal issiqning yuqori darajasini boshdan kechirdi: mintaqada 50 darajaga yaqin jazirama kuzatildi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Parijdagi Eyfel minorasi faoliyatini toʻxtatdi, Britaniyaning Uimbldon tennischilari boʻlsa turnirda 35 gradus harorat ostida bellashdi, bu soʻnggi 150 yillikdagi eng issiq darajali bellashuv boʻldi. Hududlarda minglab maktablar yopildi, koʻcha ishchilarining faoliyati taʼqiqlandi. Lekin shunda ham oʻlim holatlari kuzatilgan.

 

Ispaniya

 

Ispaniyaning 11 ta hududida xavfli darajadagi jaziramadan ogohlantirishlar eʼlon qilingan: 1-iyul kuni Sevilya shahrida havo harorati 45,2 gradusdan oshdi, 5-iyul kuni Andalusiya provinsiyasida joylashgan Granadeda havo termometrlari 46 darajani koʻrsatdi. Bu orada mintaqa Sogʻliqni saqlash departamenti 75 yoshli erkak jaziramadan vafot etgani haqida xabar berdi. Ispaniyaning Shimoli-Sharqida, Kataloniyada boʻlsa oʻrmon yongʻinlari boshlanib, unda ikki kishi vafot etdi.

 

 

Mamlakatda kuzatilgan bundan avvalgi eng kuchli jazirama 1965-yil Sevilyada 45,2 gradusni tashkil etgan.

 

Fransiya

 

Iyul oyida Fransiyaning 16 ta departamentida havo haroratining sogʻliqqa tahdidi maksimal qizil darajaga yetgani maʼlum qilindi. Yana 68 ta departamentda olov rangli ogohlantirish eʼlon qilindi. Shimoliy Atlantikadan tashqari mamlakatning barcha hududida havo harorati 34 darajadan oshgan, yana bir qancha hududda 38-41 darajaga yetgan. Mamlakat hukumati bogʻlardagi basseynlarning faoliyat koʻrsatish vaqtini uzaytirgan, 2200 ta maktabni esa nomaʼlum muddatga yopgan.

 

 

Mamlakatning Anyes-Panye Ryunashe Ekologiya vaziri taʼkidlashicha, jazirama tufayli ikki kishi vafot etib, 300 nafardan ortiq aholi shifoxonalarga joylashtirilgan. Bundan tashqari, La Depeche nashri Versal majmuasida ekskursiya qilayotgan 10 yoshli amerikalik qiz ham vafot etganini maʼlum qilgan. Unga koʻra, qizda surunkali kasalliklar boʻlib, haddan ziyod issiqlik uning ahvolini ogʻirlashtirgan boʻlishi mumkin.

 

Mamlakatning jazirama ortidan qoʻllagan yirik choralaridan yana biri – Eyfel minorasining yuqori qismi turistlar uchun yopilishi boʻldi. Odamlar orasida minora issiqdan erib ketadi, degan vahimalar ham paydo boʻlgan: minora chugun (quyma temir) materialidan qad rostlagan boʻlib, u yuqori darajali havo haroratida hajm jihatdan kattalashadi va minora biroz egiladi. Biroq bu egilish minoraning tarkibiy butunligiga zarar yetkazmaydi.

 

Italiya

 

Italiya Sogʻliqni saqlash vazirligi jazirama tufayli sogʻliq uchun eng yuqori xavf darajasini eʼlon qilib, odamlarga tashqarida ishlashni taqiqladi. Favqulodda holat 17 ta, jumladan, eng yirik shaharlar – Milan, Polermo, Florensiya, Rim va Bolonyada hali ham saqlanib qolgan.

 

Shunga qaramay, Rimda 57 yoshli quruvchi hamkasblari oldida qulab, vafot etdi. Shifokorlar uning oʻlimiga kuchli issiq ob-havo sharoiti sabab boʻlganini aytmoqda. Yana bir 85 yoshli erkak Genuyada suvsizlanishdan vafot etgan. Sardiniya sohilida yana 2 kishi 40 darajali issiqdan halok boʻlgan.

 

 

Konditsioner va ventilyatorlarning doimiy ishlashi oqibatida meʼyordan ortiq yuklamani koʻtarolmagan elektr tarmoqlarida nosozliklar kuzatilgan. Natijada, koʻchalarda svetoforlar ishlamay qolgan, odamlar liftlarda qamalib qolgan, doʻkonlar esa elektr taʼminotining davomiy uzilishi tufayli ishlamagan.

 

Londondagi Uimbldon tennis turniri

 

Londondagi jazirama iyul oxirida boshlandi. Rasmiylar favqulodda ogohlantirish eʼlon qildi. Harorat 34 darajadan yuqorilab, 2-iyul kuni meteorologlar 37,4 daraja bilan rekordni qayd etdi.

 

 

30-iyun kuni Uimbldon turniri 34,7 daraja havo haroratida start oldi. Bu musobaqaning qariyb 150 yillik tarixidagi eng jazirama start boʻldi. 1-iyul kuni boʻlsa havo harorati 35,7 darajaga koʻtarilgan. Kortlar atrofiga maxsus soyabonlar oʻrnatilib, maxsus soya zonalar tashkil etilgan. Xodim va ishtirokchilarga boʻlsa 6700 ta koʻp martalik suv idishlari tarqatilgan.

 

London metrosi

 

Anomal jazirama London metrosida harakatlanishni deyarli imkonsiz qilib qoʻydi:bir qancha vagonlardagi harorat tashqaridagi rekorddan 5 gradus yuqoriroq darajaga yetgan. Markaziy metro yoʻnalishida maksimum 34,5 daraja qayd etilgan. Biroq havo termometrlari vagonlarda emas, bekatlarda oʻrnatilgani tufayli aniq maʼlumotlarni olish imkonsiz.

 

London transport xizmati maʼlumotlariga koʻra, London metrosining atigi 40% vagoni – 2022-yilda qurilib, Qirolicha Yelizaveta nomi bilan atalgan eng yangi liniyalarda harakatlanuvchi poyezdlargina konditsionerlar bilan jihozlangan.

 

Gretsiya

 

Gretsiyada 40 darajadan yuqori havo harorati iyun oyining yakunida boshlandi. Rasmiylar koʻchalarda ishlovchilar, jumladan, kuryer va quruvchilar faoliyatini taqiqladi.

 

 

Haddan ziyod issiq harorat yongʻinlar ham keltirib chiqardi: mamlakatda oʻrmon yongʻinlari boshlandi. Xios orolida eng yirik yongʻin, shuningdek, mamlakat boʻylab boshqa kichik yongʻinlar oʻchirildi.

 

Portugaliya

 

Portugaliyadagi anomal issiq ham iyun oylarining yakuniga toʻgʻri keldi. Harorat darajasi 43 gradusga yetganida Mamlakatning 18 ta okrugidan 7 tasida salomatlik uchun qizil darajali xavfni eʼlon qildi. Lissabondan tahminan 100 km sharqda joylashgan Mora shahrida issiqlik 46,6 darajaga yetdi va bu ham jazirama rekordining yangilanishi deb tahmin qilinmoqda.

 

Germaniya

 

Nemis meteorologiya xizmati ayrim hududlarda havo harorati 39 gradusgacha koʻtarilishini maʼlum qildi. Mutaxassislarga koʻra, 2-iyul kuni Germaniya Gʻarbidagi Andrenaks shahrida havo harorati 39,3 darajaga yetib, rekordni yangiladi. Saksoniyada 39,2, Bavariya Kitsingenida 39,1 daraja havo harorati qayd etilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//