
“Shams-qamar” teatr-studiyasining “Martin Iden” romanidan ilhomlanib ishlangan “Jaydari Martin” spektakli Amerika hayoti, turmush-tarzi, romandagi voqealarni sahnaga olib chiqmay, balki undagi bosh qahramon obrazi(ikki aktyor ijro etadi) yosh oʻzbek yigiti va u boshdan kechirgan voqealar haqida. Qishloqdan shaharga yozuvchi boʻlaman deb kelib, amallab oʻqishga kirib, shartnoma pulini toʻlash uchun toʻrt yildan beri gʻisht quyib kelayotgan oʻzimizning Jaydari Martin haqida.
Spektakl Xoreografiya akademiyasining raqs zallaridan birida namoyish qilindi – zalning chap tarafi koʻzgu bilan, zal boʻylab mashgʻulotlar uchun kerak boʻlgan uskuna(stanok) bilan jihozlangan. Sahna koʻrinishlari boʻladigan maydon tomoshabin uchun moʻljallangan 25-30 ta oʻrindiq joylashgan sath bilan bir chiziqda joylashgan.
Stenografiya sahna oʻrtasida joylashgan harakatga keluvchi maxsus uskuna, bir uyum tuproq, uskuna ortidagi kub va shirma, chaproqda yogʻoch narvon, sahnaning oʻrta ikki chetida joylashgan xom gʻishtlar, Ayshvariya Ray va Merlin Monro suratlari, chap tarafda devor boʻylab koʻzgu, oʻng tarafda devorga ilingan kichik koʻzgudan iborat. Undan tashqari sahna oldidagi ikki chetda chelak, gʻishtqolip, dastshoʻy, obdasta va sochiqdan iborat. Teatr-studiyada stenografiya va rekvizitlar asar badiiy gʻoyasini yetkazishda bir butun boʻlib, rekvizitlar olib ishlatilmaguncha va ishlatib boʻlingandan keyin ham stenografiyaning bir boʻlagi boʻlib qoladi.
Sahna oʻrtasida markazda “П” koʻrinishga ega yogʻochdan yasalgan va arqonlar yordamida koʻtarilib tushadigan, boʻz oʻrnatilgan uskuna joylashgan boʻlib, spektakl boshida u yerga tushirilgan holda turadi. Martinlar uni sekin-asta ikki tarafdan qalin arqon yordamida koʻtaradi. Soʻng uskunadagi boshqa arqonlar yordamida boʻz parda koʻtariladi. Bu bir vaqtning oʻzida ham shirmaga, ham yelkanga aylanadi. Qahramonlarimiz vaqti-vaqti bilan shu boʻz toʻsilgan shirmadan kirib chiqib harakatlanishadi. Shirmadagi boʻzning holati spektakldagi voqealardan kelib chiqib, ularni toʻldirgan holda har xil koʻrinishda aks etadi: spektakl boshida u dengiz tubini aks ettirsa, soʻngrogʻida boqiy dunyoni; bir holatda qurilishda toʻsib qoʻyilgan boʻz boʻlsa, boshqa holatda xona pardasi. Martinlar raqsga tushadigan holatda sahna pardasi boʻlsa, qoʻgʻirchoq sahnasida shirmaga aylanadi. Spektakl soʻngida uskuna boʻz pardasi – orzular yelkani pastga tushirilmagan holda yerga qulaydi – choʻkadi...
Uskuna tagidagi bir uyum tuproq turli holatlarda tomoshabinga turlicha metafora boʻlib xizmat qiladi. Undan Martin(Shahboz Fayzullayev) spektakl boshida gʻisht quyish uchun foydalansa, spektakl oxirrogʻida aynan shu tuproqqa orzu-umidlarini koʻmadi. Martin(Muxtor Asrorov) tuproqda uxlab tush koʻrishdan boshlab, ijod va shuhratdagi abadiy savollar oldida bagʻri bilan yana oʻsha tuproqqa yotadi, undan iborat qabr yonida oʻzi bilan oʻzi gaplashadi. Sahnaning oʻng va chap devorlarida sharq va gʻarb timsoli sifatida Ayshvariya Ray va Merlin Monro suratlari ilingan boʻlib, Martinlar ularga ovqat olib keladigan, qoʻshiq aytib doʻppi tikib beradigan, ularda koʻngli bor oddiy, lekin tirik qoʻshni qizga eʼtibor bermay, suratdagi yulduzlarni orzu qilishadi, ular bilan yashashadi.
Qoʻshni qiz sahnaning orqasida toʻsilgan parda ortida boʻlib, goh supurish uchun, gohida ovqat olib kelish uchun, gohida Martinlar qarta oʻyinini koʻrish uchun paydo boʻlib turadi. Yuqorida aytilganday sahnaning chap tarafida koʻzgu boʻlib, oʻng tarafiga ham dumaloq shaklda koʻzgu ilingan. Qahramonlarimiz oʻziga-oʻzi gapirganda, toʻy sahnasi oldidan oʻziga zeb berganda, butun boyligini toʻy uchun sovurib, oʻzi yalangʻoch qolganda koʻzgularga qarashi orqali xuddi har bir tomoshabinga koʻzgu tutganday nigohini ichkariga – qalbiga qaratishga undaydi.
Rekvizitlarga kelsak: avanssenaning bir chetida chelak va yogʻoch gʻishtqolip, ikkinchi chetida obdasta, dastshoʻy va sochiq boʻlsa, sahna oʻrtasidagi ikki chetda qurish uchun yoyilgan va quriganlari taxlangan xom gʻishtlar, orqaroqda yozuv mashinkasi joylashgan. Undan tashqari kosa, choynak, piyola, kuldon, sigaret, butilka, yozuv qogʻozlari, konvert, pul toʻldirilgan jomadon koʻrinadi. Qizigʻi, spektakl konsepsiyasiga koʻra kosada ovqat, choynakda choy, obdastada suv boʻlmay, jomadondagi pullar, qarta va konvertdagi xatlar oʻrniga oq qogʻoz, markazdagi loy oʻrniga tuproq boʻladi. Dengizchi haqidagi voqea birorta suv belgisiz soʻzlab beriladi. Dengiz va chagʻalaylar ovozi hamda birgina chiroqni chayqatish yordamida sahna va tomoshabin zali dengizdagi kemaga aylanadi. Xulosa qilganda, spektakldagi har bir harakat va rekvizit bir necha maʼnoni yashiradi oʻzida. Tomoshabin mazmunga yetib borish uchun bosh qotirishi, tafakkur qilishi shart. Bu esa asarni yanada jozibali, taʼsirchan qiladi. Spektakl anʼanaviy teatrlardagi sahna asarlaridan charchagan muxlis uchun yangi dunyoni ochib bera oladi.
Jamshid VALIYEV
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q