Birlik, birlashish haqida soʻz ketganda biz odatda besh respublikani nazarda tutamiz. Kaspiy dengizi gʻarbiy chegaramizdek tuyuladi. Biroq ozarboyjonlik qardoshlarimizning sanogʻi oltita ekan. Ular Markaziy Osiyo bilan integratsiyani aniq maqsadga aylantirgani rasmiy-norasmiy davralarda baralla aytilayotganiga guvoh boʻldik.
Tarixga boqsak, Turkiston va Kavkaz turklari doim bir-biriga intilib yashagan. Ozarboyjon Fanlar akademiyasi rahbari Iso Habibbeyli va boshqa ziyolilar ham bot-bot takrorlaganidek, Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviyni oʻziga ustoz deb bildi. Fuzuliy esa Navoiyga shogirdlikdan faxr tuydi. Hazrat Alisherning ozariy muhib-muxlislari safi qalin. Bu zotga ergashish butun turkiy olamda tendensiyaga aylangan aslida.
Bokuga safarimiz avvalida Ozarboyjon Fanlar akademiyasining bosh binosiga langar tashladik. Muzey kabi imorat. Balki undan ham ortiq. Ismoiliya qasri. Shaharning eng goʻzal va ramziy inshootlaridan biri. Ozarboyjonning mashhur sanoatchi millioneri Muso Nagiyev buyurtmasi asosida 1908–1913-yillari qurilgan. Venetsiya gotikasi uslubida loyihalangan. Sharqona bezaklar ila ziynatlangan.
Mamlakatga kelgan turistlar Ismoiliya qasrini tashqi tomondan boʻlsa-da, albatta, tomosha qilmay ketmaydi. Tarixiy binoga qiziqqan kishi borki, saxovatli boy nomini tilga oladi. Uning mahzun hikoyasini tinglaydi, oʻqiydi. Neft magnati oilasida ketma-ket ogʻir fojialar roʻy berib, oldin qizi, keyin oʻgʻli barvaqt vafot etgan. Yillar oʻtsa-da, ayriliq dogʻidan qutulolmagan ota oxiri shaharda muhtasham saroy bunyod ettirishga qaror qiladi va uni sanʼatsevar oʻgʻlining sharafiga Ismoiliya deb atashni buyuradi. Shoyadki, tarixdan nomi oʻchmasin.
Muso Nagiyev oʻsha davrda davlati boʻlmagan millat uchun koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirgan. Bokudagi koʻzga koʻringan inshootlarni, mehmonxona, shifoxona va oʻquv maskanlari qurdirgan. Ilm-fan, taʼlim, madaniyatga homiylik qilib, metsenat nomini olgan. Ismoiliya qasri ham, mana, bir asrdan beri Ozarboyjon ilm-fani oʻchogʻi vazifasini oʻtamoqda.
Fanlar akademiyasida boʻlganimizda boshqa kitoblari qatori “Devonu lugʻotit turk”ning maxsus nashrini alohida ehtirom bilan bizga tuhfa etdilar. Sababi, uni qariyb 90 yil ilgari oʻzbek oʻgʻloni arab tilidan ozar tiliga oʻgirgan. XX asr boshlarida bizning yurtdoshimiz Kavkazga qanday qilib borib qolgan, deysizmi? Buning ham qiziq tarixi bor.
Xolid Said kim edi?
XX asr boshida Turkistonda kechgan milliy uygʻonish harakati boshqa koʻplab manbalar qatori Ozarboyjondan ham kuch oldi. Ilm-fan, taʼlim, teatr, sanʼat, boringki, siyosat, milliy birlik masalalari... xususida fikr yuritilganda, albatta, bu yurtni eslaymiz. Boku yuz yil ilgari turkiy xalqlarning madaniy markazlaridan biri sifatida yirik qurultoylarga mezbonlik qildi. Oʻsha paytda necha-necha oʻzbek oʻgʻil-qizlari Ozarboyjonda tahsil olgan. Ularga Xolid Said bosh-qosh boʻlgan. Chunki oʻlkaga avvalroq kelib yerlashgan edi.
Mamlakat chayqalib yotardi. Chor Rossiyasi agʻdarilgach, avvaldan ildiz otib kelayotgan milliy ozodlik harakati avj oldi. Bunga esa qizil mustamlakachilar tish-tirnogʻigacha qarshilik qildi. Mintaqadagi dominant millat – ozarboyjon turklarini parchalab tashlashga tirishdilar. Milliy qirgʻinlar uyushtirildi. Shunga qaramay, siyosiy faol qardoshlarimiz musulmon Sharqidagi ilk parlamentar demokratik respublikani yaratishga erishdilar – Ozarboyjon Xalq Jumhuriyati paydo boʻldi. Oʻlkadagi beqarorlikka barham berish, yangi davlat mustaqilligini mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida Usmonli imperiyasi bilan hamkorlikda Kavkaz islom oʻrdusi tuzildi. Baʼzi manbalarda yozilishicha, Istanbul universiteti bitiruvchisi Xolid Said ushbu qoʻshin safida Ozarboyjonga kelgan. Yaʼni uni gʻoya ergashtirib kelgan.
Xolid Said (1888-1937)
Xolid Said 1888-yili Toshkent shahri yaqinida tugʻilgan. 1914–1918-yillari Istanbul universitetida tahsil olgan. Keyin Ganja va Bokuda oʻqituvchilik qilgan (bu ikki shahar Ozarboyjon Xalq Jumhuriyatiga birin-ketin poytaxt boʻlgan). Olim 12 tilni bilgani aytiladi. Ilmiy faoliyatini turkiy lahjalarni qiyosiy oʻrganishga bagʻishlagan: “Turk tillarining muqoyasali grammatikasi”, “Usmonli, oʻzbek va qozoq tillarining muqoyasali sarfi”, “Yangi alifbo yoʻllarida eski xotira va tuygʻularim”, “Turk tilining tarixiy grammatikasi”, “Oʻrxun kitoblarining izohli tadqiqi” kabi asarlari bor. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” va Rashod Nuri Gunteginning “Choliqushi” romanini ozarboyjonchaga agʻdargan. Uning eng katta xizmatlaridan biri Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” kitobini tarjima va tadqiq qilgani boʻldi.
Olim 1935-yil sentyabrda sharafli ishga kirishib, 1937-yil aprelida tamomlaydi. 1500 sahifalik tayyor qoʻlyozmani bir necha nusxada koʻpaytirib, Leningraddagi muharrirlar – Krachkovskiy bilan Malovga yubormoqchi edi. Baxtga qarshi, Xolid Said 1937-yil iyunda qamoqqa olinib, oktyabrda otib tashlandi. Oʻlimidan oldin Turon davlatini qurish hayotdagi oliy maqsadi boʻlganini taʼkidlagan. “Devon” tarjimasini esa NKVD musodara qilgan. Yuqori ehtimol bilan, boshqa minglab qiymatli manbalar qatori buni ham yoʻqotib yuborgan. Boisi, turkiy birlik timsoli boʻlgan asar, mustamlaka xalqni teran tomirlariga bogʻlaydigan kitob bosqinchi hokimiyatga potensial xavf tugʻdirardi.
Shu-shu, “Devonu lugʻotit turk”ning ozarboyjoncha tarjimasi tillarda doston edi, u haqda afsus ila afsonalar aytilardi... Oradan 86 yil oʻtib, qoʻlyozmaning bir nusxasi Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Imoduddin Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti arxividan topildi. Va nashr qilindi. Va bizga sovgʻa qilindi. Oʻzbekistondan bobolar izini izlab borgan yoshlarga!
Mahmud Koshgʻariy merosining yana bir nashri turkiy xalqlar madaniy hayotida muhim voqea boʻldi. Taassufki, bizda Oyina.uz portali doxil sanoqli saytlar bu haqda qisqagina xabar berdi, xolos. Xolid Saiddek ziyoli olimimiz faoliyati ham oʻzimizda chuqur oʻrganilmagan. Yaqinlargacha hatto ilmiy jamoatchilikka notanish qolgan.
Eynshteyn aytganidek, har kim biladi, nimadir boʻlishi kerak. Lekin hech kim bilmaydi, nima boʻlishi kerak. Bir kishi chiqadi va oʻsha ishni qiladi. 1937-yili millat oydinlari boshida qora bulut quyuqlashganida oʻsha kimdir yurak yutib, noyob qoʻlyozmani hatto katologlarga ham qayd ettirmasdan, kelajak avlod uchun saqlab qolish kerakligini anglagan (nomaʼlum qahramonning maʼnaviy jasorati oldida bosh egsa arziydi). Shu yerga kelganda mashʼum qatagʻon yillaridan birorta nodir asarimiz omon chiqmaganini nadomat ila eslayman. Abdulhamid Choʻlpon romani – “Kecha”ning “Kunduz”ini topish bizga armon. “Kunduz”sizmiz hamon.
Yana qaytarib aytaman: gʻoyani tirik saqlash ziyolilarning vazifasidir. Noming tarixda qolishi keyingi masala. “Devonu lugʻotit turk” asari yagona nusxasi qanday topilganining oʻzi bir afsona. Uning turkiy tillarga eng birinchi tarjimasi bizgacha qanday yetib kelishida ham katta hikmat bor. Kul ostida asralgan choʻgʻ misoli. Xolid Said bir umr xizmat qilgan va soʻnggi nafasida kalima qatori takrorlagan gʻoya bugun ham tirik. Tirikkina emas, allaqachon urugʻ bosqichidan chiqib, real harakatga, real kuchga aylangan.
Maqsadidan qaytmagan Maqsud
Fikrlarim isboti sifatida yana bir qahramon haqida gapirib berishim kerak. U ham milliy ozodlik, turkiy birlik gulxanida pov etib yongan-u, davr dovullari kuchayib ketgach, choʻgʻni oʻchirib qoʻymaslik payida yashagan. Xolid Said oʻzbek boʻlib, ozarboyjon ilm-faniga xizmat qilgan. Maqsud Shayxzoda esa ozarboyjon boʻlib, oʻzbek adabiyotiga umrini bagʻishlagan.
Bokudan qariyb 200 chaqirim yoʻl bosib Oqtoshga bordik. Chogʻroq shahar ekan. Mamlakat poytaxtida ham Maqsud Shayxzodani tanimagan ziyolini uchratmadik. Oqtoshda-ku hamma bilar ekan. Faxr tuyar ekan.
– Oʻzbekistondan keldinglarmi? – dedi bir kishi. – Maqsud Shayxzodaning oʻzbeklarga nima aloqasi bor?!
U bizni shoir nomi bilan ataladigan maktabga boshlab bordi. Kumushrang byust oldida suratga tushib, video olayotganimizni bir oʻtkinchi ayol kuzatib, kimligimiz bilan qiziqdi. Oʻzi yoʻliqtirganini qarang – Maqsud Shayxzoda uy-muzeyi xodimi ekan. Aytishicha, maktab orqasidagi koʻchada shoirning ota uyi boʻlgan. Muzey dastlab oʻsha yerda ochilgan, eski bino zilzilada qulab tushgach, boshqa manzilga koʻchirilgan.
– Maqsud Shayxzodani qachondan beri bilasiz? – deb soʻradim.
– Esimni taniganimdan beri, – deya javob qildi. – Hali oʻqish-yozishni oʻrganmasimizdan shoirni taniganmiz. Kattalar uning nomini hurmat bilan tilga olardi.
Maqsud Shayxzodaning otasi Ozarboyjonning gʻarbidagi Qozox viloyati Salohli tumanidan boʻlgan, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Oqtosh shahriga oilaviy koʻchib kelgan. Boʻlajak shoir 1908-yili shu yerda tugʻilgan. Tabiiyki, yurt taqdiridagi ogʻir kunlarni koʻzi bilan koʻrib, yuragidan kechirib ulgʻaygan Maqsudda ozodlik gʻoyasi kuchli edi.
Ozarboyjon asriy sarhadlaridan chekina-chekina oxiri hozirgi hududida boʻlsa-da, ittifoq tarkibidagi qaram subyekt boʻlsa-da, bir davlat tuzishni uddalagani tarixiy yutuq deb qabul qilinishi mumkin. Ammo xalq magʻlubiyat alamiga chiday olmay, kurashchilarning yangi-yangi avlodini tarbiyalashga kirishadi. Bosqinchilar esa millat gullarini oʻrib bitirishga qasd etadi. Maqsud Shayxzoda ana shunday qatagʻonlarning birida qoʻlga tushib, unga surgun hukmi oʻqiladi. Jazoni oʻtash uchun manzil tashlash imkoni berilganida, maʼrifatli onasi Fotimaxonimning tavsiyasiga koʻra Toshkentni tanlaydi. 20 yoshida Oʻzbekistonga kelgan ozar yigiti “jinoyat”dan inoyat topib, umrini ezgulik yoʻliga bagʻishlaydi. Oʻzbek adabiyotiga munosib hissa qoʻshadi. Bugun maktab darsliklarimizdan mustahkam oʻrin olgan shoirni hech kim boshqa millat vakili deb bilmaydi. Har yili millionlab oʻquvchilarimiz uning sheʼrlaridan bahramand boʻladi.
Eʼtibor qiling, Maqsud Shayxzodaning shoh asarlari nomiga: “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi, “Toshkentnoma” lirik dostoni, “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasi, yana oʻnlab toza sheʼrlar... Ayniqsa, “Umrlar boʻladiki...”, “Doʻstlar, yaxshilarni avaylab saqlang!” deb boshlanuvchi sheʼrlari el aro mashhur. Meni esa “Iskandarning shoxi bor” degan xalq ertagi asosida doston bitishga shoirni nimalar undagani oʻylantiradi koʻproq. Juda koʻp haqiqatlarni aytolmasligini shu yoʻl bilan izhor etgandir, balki. Ehtimol, ruhdosh ogʻasi Oybek ikkisi ovloq, kimsasiz goʻshalarda Vatan ozodligini orzulab miriqib-miriqib gurunglar qilgandir. Ikki xalq (aslida bir millat) farzandining mumtoz adabiyotimiz tarixi, xususan, Alisher Navoiy merosi, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi borasidagi ilmiy izlanishlari ham tahsinga sazovor.
Endi ayting, Maqsud Shayxzodani surgun qilgan sovetlar oʻz maqsadiga toʻla maʼnoda erisha oldimi?! Uni Ozarboyjondan uzoqlashtirganlari bilan baribir maslagidan qaytara bilmadilar. Oqibatda 1950-yillar qatagʻoniga ham uchradi. Diktatorning oʻlimidan soʻng yana Toshkentga qaytishga musharraf boʻldi. Shoir hayotdagi oliy maqsadini hech qachon unutgani yoʻq. Kurashdan ham toʻxtamadi, faqat kurashish usulini oʻzgartirdi, xolos.