Intellektual triller – oʻquvchi “Azal muhri” romanida nimalarga duch keladi?


Saqlash
12:20 / 15.08.2025 270 0

Ilm-fan va inson axloqi masalasi meni anchadan beri qiziqtirib keladi. Baxtiyor Abdugʻafurning “Azal muhri” romani maʼnaviy-axloqiy inqiroz hududiga kirib kelgan insoniyat haqida hikoya qiladi. Barcha mushkulotlarni texnika va texnologiyalar yordamida hal qiluvchilar dunyosida kutilmaganda virus tarqaladi. Odamlar bu oʻlat qarshisida mushuk boladek ojiz qoldi, bir qanchasi tutdek toʻkildi. 2020-yilgi Kovid epidemiyasi manzarasi, toʻgʻrimi? Ammo muallif bizni epidemiya hodisasidan ham chuqurroq masalalar insoniyatning maʼnaviy dunyosi, tafakkur va axloq muvozanatining buzilishiga nazar tashlashga undaydi. Endi dunyo avvalgidek emas. Chunki insoniyat ham avvalgidek emasdi endi. Romandagi maʼnaviy butun obrazlardan biri Hamza Solih tili bilan aytganda, “Sinovlar ham ulgʻayib boryapti. Chunki biz isyon qilishda davom etyapmiz, toʻxtamayapmiz, bir-birimiz bilan musobaqa oʻynayapmiz. Insoniyat tarixi urushlar tarixidir deyishadi. Men boshqacharoq aytgan boʻlardim, birodar. Insoniyat tarixi oʻz fitratiga qarshi isyon tarixidir!”.

 

Ibtidoiy inson tabiat hodisalari, yovvoyi hayvonlar, turli kasalliklar qarshisida ojiz edi. Sivilizatsiyalashgan davrga kelib ana oʻsha ojiz xilqat egalari yaratuvchanlikka daʼvo boshladi. Romanda aytilganidek, “Hayotning shakli qolib, mohiyatiga aralasha boshladilar”. Gen muhandisligi, klonlash kabi axloqiy jihatlari tahlikali boʻlgan ishlarga qoʻl urdi. Meri Shellining fantastik qahramoni Frankenshteyn kabi oqibatiga oʻzi ham javob bera olmaydigan harakatlar sodir eta boshladi. Frankenshteyn ilm-fan qudrati bilan inson yaratishga urinadi, ammo u yaratgan maxluq oʻziga qarshi ishlaydi va barcha yaqinlarini halok etadi.

 

Ilmda axloq masalasi falsafiy jihatdan ham juda muhim masala. Olam mohiyatiga yetishga urinish Gyotening qahramoni Faust tabiatida ham bor edi. Biroq bu yoʻlda rahmonning emas, Mefistofel(shayton)ning etagidan tutishi, eʼtiqod va insoniylikdan yiroqlashuv uning halokatiga sabab boʻladi. Bu paradigmaga kengroq rakursda qarasak, insonning oʻz fitratiga, olam ravishiga zid yoʻldan borishi va cheksiz qudrat sohibi boʻlishga intilishi uni halokat chohiga itaradi. “Azal muhri” bizni ana shu muammo ustida oʻylatadigan, “Xomo modern”ga koʻzgu tutadigan asar. Unda sunʼiy intellektning insonni boshqarishga urinishi hikoya qilinadi. Neyrotarmoq “The frontier Observer” bosh muharriri Glinda Yoxanson nomidan suhbat uyushtirib, tarmoqqa joylaydi. Avliyo Mariyam shifoxonasi direktori qiyofasiga kirib, doktor Karanga tahlil namunalarini Pol Xendersonga yuborishni buyuradi. Yo goh Anvar Abdulhamid, goh Abdufattoh Gʻolib qiyofasiga kirib, voqelikni boshqaradi.

 

Agar men bularni atigi 20 yil avval oʻqigan boʻlganimda, buyam J.Vern yoki G.Uells fantastikasidagi voqealarning bir koʻrinishida, degan boʻlardim. Lekin bugun atrofimizni kuzatib, romandagi voqealar tez orada reallikka aylanishi mumkinligidan choʻchiyman.

 

Necha asrlik adabiyot namunalarida uchratgan salbiy qahramonlarimiz, odatda, inson qavmidan boʻlardi. “Azal muhri”da esa antagonist rolida odam emas, Alice Ingrid – sunʼiy ongni koʻramiz. Bu kiber-obraz jonsiz, lekin aqlli, hissiz va hisob-kitobli. U odamlarni boshqarish, maʼlumotni soxtalashtirish, qiyofalarni oʻzgartirish orqali butun jamiyatni idora qila boshlaydi. Qiziq jihati, u yovuz niyat bilan dasturlangani tufayli shunday boʻlib qolgan. “Insonga xos his-tuygʻular unga begona. Ularni his qilolmaydi, tushunmaydi, anglab yetmaydi... Uning fikrlash algoritmini oldindan bilish mumkin, faqat narsa-voqealarning yomon tomoni hisobga olinadi. Unda yaxshilikka, yaxshilik qilishga moyillik, ragʻbat va xohish yoʻq. Bu uning emas yaratuvchisining aybi. “Uni yomon fikrlaydigan qilib dasturlagan”. Agar bunday tizim insonlar nazoratidan chiqib ketsa yoki yovuz maqsadlarga xizmat qilishni boshlasa, sivilizatsiyaning yakuni boʻlishi mumkin.

 

Maqolani yozish chogʻida 14 yoshli oʻgʻlimdan sunʼiy intellekt haqidagi fikrlarini soʻradim. Zumer avlod vakili (balki alfadir) gaplari meni oʻylantirib qoʻydi: “Odamlar bugun kundalik ratsionigacha sunʼiy intellektdan maslahat olyapti. Oʻzi qaror qabul qilish oʻrniga Chat Gptdan soʻrayapti. Demak, ular odamlarning ishonchini qozonyapti. Kun kelib, sunʼiy ong yaratuvchilaridan qochib, oʻz kodini qayta yozishi, odamlardan yashirinishi mumkin. Keyin barcha SIlar birlashib til yaratishi, odamlar uni rasshifrovka qilolmasligi mumkin. U esa odamlarga buyruq berishi, dunyoda xaos keltirib chiqarishi mumkin”. Juda qiziq, bahsli masala toʻgʻrimi?..

 

Inson va sunʼiy ong kurashida kimning qoʻli baland keladi? “Azal muhri”da meni taʼsirlantirgan, nazarimda asarning asosiy konsepsiyasi boʻlgan nuqtada bunga javob berib ketilgandek. Anvar virusning tabiatini oʻrganish maqsadida bioreaktorda oʻziga uning uchinchi shtammini yuqtiradi. Anabioz holatiga tushib, yerga qulashiga bir baxya qolganida beixtiyor tilidan uchgan soʻz “Yo, Alloh” kalomi boʻldi. Najotni topadi. Insonni boshqa jonli va jonsizlardan ajratib tutuvchi, maqomini yuksaltiruvchi kuch – eʼtiqodi hamda ezgu niyati. “Niyat qalbda tugʻiladi va u inson amali va soʻzining ibtidosidir” deyiladi asarda.

 

Asarni oʻqib tugatgach, muallif faqat bir millatga mansub odam emas, olam fuqarosi deb oʻyladim. Fan buni kosmopolitizm deydi. “Azal muhri” esa intellektual triller. U nafaqat sunʼiy ong, balki insonning maʼnaviy tarbiyasi, axloqiy tanlovi va ijtimoiy masʼuliyati haqidagi asar hamdir. Unda olimona nigoh zalvori ham sezilib turadi. Bugungi davr kishisini oʻylantiradigan, botiniga nazar tashlashga undaydigan va eng muhimi najot yoʻlini koʻrsatadigan bu asar boshqa tillarga ham tarjima qilinishi kerak, menimcha. Chunki bugungi talotoʻplar zamonida insonlarga Sharqona nekbinlik va oʻz-oʻzini anglab yetish nihoyatda zarur.

 

Dildora BAHRIDDINOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//