Sharof Rashidovning siz bilmagan 11 haqiqati


Saqlash
15:53 / 22.01.2024 1452 1

Ayrim kitoblar, kishini ilk sahifasi, ilk satrlari bilan oʻziga tortadi. Kitobni to oʻqib tuganguningizcha qoʻldan qoʻygingiz kelmaydi. Bu gal ham shunday boʻldi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, jurnalist Jaloliddin Safoyevning “Sharof Rashidov: Siz bilmagan 11 haqiqat” kitobini bir oʻtirishda oʻqib chiqdim.

 

Sharof Rashidov haqida oldin ham koʻp gapirilgan, oʻnlab maqolalar, kitoblar yozilgan, filmlar, koʻrsatuvlar suratga olingan. Har qalay biz ham shu insonning davrida tugʻilganmiz, bolaligimizdan u haqdagi turli past-baland gap-soʻzlar qulogʻimizga tez-tez chalingan. Mustaqillikdan soʻng yurt uchun hayotini baxshida qilgan insonlar shaxsiga, shu qatori Sharof Rashidovga ham munosib baho berila boshladi. Lekin nima boʻldi-yu, orada maʼlum vaqt uning nomini tilga olish cheklandi. Yaxshi gap ham yoʻq, yomon gap ham. Goʻyo Oʻzbekistonni salkam chorak asr boshqargan siyosiy arbob aslida umuman hayotda boʻlmagandek edi. Faqat 2017-yilda tavalludiga 100-yil toʻlish munosabati bilan Rashidov nomi tillarga qaytdi. Yirik tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazildi, siyosiy arbob tavallud topgan zaminda yodgorlik oʻrnatilib, muzey tashkil qilindi, asarlari qayta chop etila boshladi. Oʻshanda men ham boshqa hamyurtlarimiz qatori Sharof Rashidovni qayta tanigandek boʻldim. Uning davrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xalq xoʻjaligida erishilgan yutuqlar, fan va madaniyat rivojiga qaratilgan eʼtibori haqida koʻp va xoʻp yozildi, gapirildi. Bunday materiallarni goh kasb taqozosi, goh oddiy oʻquvchi sifatida qiziqish bilan oʻqib chiqqanman. Toʻgʻrisi, ularning koʻpi bir-birovining takrori edi. Ammo Jaloliddin Safoyevning kitobida katta siyosatchi, davlat arbobi haqida butkul boshqacha yozilgan. Darvoqe, unda keltirilgan voqealar avvalroq Оyina.uz portalida maqola tarzida eʼlon qilingandi.

 

Rashidov umri davomida oddiy gazeta muxbirligidan Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimiga qadar sharafli va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtdi. Tarix sahifalaridagi haqiqatlar yuzaga chiqqach, Sharof Rashidovning imperiyaning qattiqqoʻl siyosati davrida Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi uchun qilgan ishlari salmogʻi bir ittifoq respublikasining rahbari darajasidan ancha zalvorli ekanini, bu sharafli vazifani uddalash qanchalik mashaqqat talab etgani ayon boʻldi. Jaloliddin Safoyev ana shu haqiqatni oʻquvchiga anglatish maqsadida qoʻliga qalam olarkan, siyosiy arbobning hammaga yod boʻlib ketgan tarjimai holidan iqtiboslar keltirib, zamon taqozosi bilan uni koʻklarga koʻtarish yoʻlidan bormaydi. Bunday gaplar Sharof Rashidov hayotligida ham gapirilgan, bugun ham gapirilmoqda. Ammo qahramonni yaqindan bilgan, u bilan birga ishlagan, hatto kurashgan boshqa millat va elat odamlari, xususan, “Markaz” vakillari qanday fikrda boʻlgani meni hamisha qiziqtirib kelardi. Kitob muallifi koʻpchilikning shu kabi qiziqishlarini hisobga olib, imkon qadar “chetdan” bildirilgan fikr-mulohazalarni izlab topadi, oʻquvchiga yetkazadi, tahlil qiladi, qiyoslaydi...

 

Maʼlumki, Sovet davrida Oʻzbekiston boʻyicha KGB (Davlat Xavfsizlik qoʻmitasi) raisini tayinlash toʻliq Moskvaning izmida boʻlgan. Rashidov esa “Markazdan tavsiya etilgan (aslida tayinlangan) rahbarni “bir ovozdan tasdiqlash” vakolatiga ega edi, xolos. Odatda bu idoraning Oʻzbekistondagi rahbari boshqa millat vakillari orasidan saralangan. Rashidov bu mansabga oʻzbek millatiga mansub shaxs tayinlanishini istagan va bu uchun kurashgan. Ammo, KPSS markazqoʻmi bosh kotibi Leonid Brejnevdan “yumshoqqina” dashnom eshitib, ortga chekinadi. 1974-yilda markazdan Eduard Nordman ismli shaxs Oʻzbekiston Davlat xavfsizligi qoʻmitasiga rais etib tayinlanadi. Oʻsha paytda Rashidov yordamida KGB raisi oʻrinbosari lavozimini qoʻlga kiritgan Levon Melkumov esa yillar davomida Nordmanni rahbarlarga yomonotliq qilib koʻrsatishdan toʻxtamaydi va bunga hatto Rashidovni ham ishontira oladi. Oxir-oqibat Nordman ishdan olinadi. Rashidovning tavsiyasi bilan uning oʻrniga Melkumov kelib oʻrnashadi. Ammo, 1983-yilda Brejnev vafot etib, uning oʻrnini Yuriy Andropov egallaganida, Melkumovning asl qiyofasi namoyon boʻladi. Melkumov bevosita hamkasbi boʻlgan Andropov bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatib, qaysidir maʼnoda “Oʻzbek ishi” deb atalgan mashʼum halokatning tamal toshini qoʻygandi. Garchi, aynan Rashidovning aralashuvi bilan ishdan olingan boʻlsa-da, sobiq KGB raisi Nordman Rashidovning insoniy fazilatlari, mardligini oradan yillar oʻtib ham ochiq eʼtirof etgandi:

 

“Mendan koʻpincha Rashidov mafiya sardori edimi?” deb soʻrashadi. Komil ishonch bilan “yoʻq” deb javob beraman. U gonorarlari hisobidan toʻliq taʼminotga ega inson edi. Uning pok va halol odam ekaniga ishonganman va hanuz ishonaman!”

 

Kitobdan bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Asosiysi, muallif Rashidov shaxsiga baho berishda, biryoqlamalikka yoʻl qoʻymaydi. Uning siyosiy portretiga xolis va haqqoniy chizgilar chizib, shaxs faoliyatini siyosiy evrilishlar, turli jarayonlar fonida tahlil qiladi. Shuningdek, muallif Rashidovning soʻnggi kunlari va oʻlimidan keyin yuz bergan, hali-hanuz odamlar orasida turli mish-mishlarga sabab boʻlib kelayotgan voqea-hodisalar, afsona va haqiqatlarga ham toʻxtalib oʻtadi. Rashidov hayotidagi zarbalar xususida soʻz borarkan, xalqimizga xos boʻlgan ayrim salbiy jihatlarni ham kuyinchaklik bilan tilga oladi:

 

“Oʻzini anglab yetgan, qalbida gʻurur, yuragida jasorat va eng muhimi tashqi dushmanga qarshi uyusha oladigan, qayerda boʻlmasin bir-birini qattiq qoʻllab-quvvatlaydigan xalqni hech bir dushman yenga olmaydi. Bu azaliy haqiqat. Yengish mumkin, lek tiz choʻktira olmaydi. Rashidovning eng katta dushmani esa “ichkarida” edi. U jonini jabborga berib, himoya qilayotgan xalqi orasida jipslik, birlik, afsuski, yoʻq edi”. Asar muallifi Sharof Rashidovning kurashlar, qarama-qarshiliklar ichida oʻtgan hayot yoʻlini, uning boshiga tushgan sinovlarni tahlil qilarkan, “Hammasi oʻzimizga, xalq boʻlib shakllanishimizga bogʻliq” degan xulosaga keladi.

 

Kitob Rashidov hayoti bilan bogʻliq 11 sahifani yoritadi. Ammo, katta siyosatchi, davlat rahbari, yozuvchi va madaniyat arbobi boʻlgan Sharof Rashidovning hali biz uchun qorongʻi tomonlari koʻp. Bu muallifning bu boradagi izlanishlari hali yana davom etishini bildiradi.

 

Rustam JABBOROV,

jurnalist

 

Oʻxshash maqolalar:

 

Eʼtirof, adashuv, KGB raisi sotqinligi va ruhiy bosim – Rashidov boshqaruvi haqida toʻrt hikoya

 

“Rashidov jiddiy xastaliklarni boshidan kechirayotganiga qaramay, oʻzini ayamadi” – Andropovning gʻalati “mehribonligi” nimadan dalolat edi?

 

Oʻzbek xalqi himoyasi uchun Moskva qarshisida yolgʻiz qolgan rahbar – Sharof Rashidovning soʻnggi kunlari

 

 

1 Izoh

Dilmurod Juraev

18:01 / 22.01.2024

Assalomu alaykum, oyna.uz jamoasiga omad tilayman. Türkiyadan yozyapman kitobni topishda yordam bera olasizlarmi iltimos.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23698
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//