Bir muddat avval Sharof Rashidov hayotining oxirgi yillari so‘zlangan 4 hikoya berilgandi. Ularda Rashidovning ittifoq rahbarlari orasida alohida hurmat va eʼtirofga sazovorligi, davlat boshqaruvi va iqtisodida o‘ta iqtidorli ekani, mamlakat foydasi va himoyasi uchun dadil harakat qilgani, Brejnevning o‘limidan so‘ng unga nisbatan tazyiq kuchayib, ko‘p o‘tmay vafot etgani haqida so‘z boradi. Tinimsiz bosim, tuhmat va ishga bag‘ishlangan hayot tarzi uning sog‘lig‘iga yomon taʼsir qilib, oxir-oqibat O‘zbekistonni balo-qazodan to‘sib turgan tog‘ qulaydi. Quyida esa Rashidov o‘limi xususida yana to‘rt hikoya keltiramiz.
Oyina.uz
Avvalgi hikoyalarni ham o‘qing!
Beshinchi hikoya. G‘alati mehribonlik
1983-yil oktabr oyining oxirida, Sharof Rashidov vafot etganida KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Yuriy Andropov Kreml kasalxonasida o‘lim to‘shagida yotardi. U mamlakatni telefon va palatasiga kirishga ruxsat berilgan eng ishonchli odamlari orqali boshqarardi. Ana shunday yaqin mulozimlardan biri, KPSS Markaziy Komiteti kotibi va bo‘lg‘usi Bosh kotib, o‘sha paytda Siyosiy byuro majlislariga Andropov o‘rniga raislik vakolatini amalga oshirib turgan Konstantin Chernenko edi. Rashidovning o‘limi haqida ham Andropovga Chernenko gapirib beradi. Voqea tafsilotlarini eshitgach, bir muddat chuqur o‘yga tolgan Andropov Siyosiy byuro aʼzolariga “tilak va topshiriqlari”ni yetkazish haqida Chernenkoga ko‘rsatma beradi. Xo‘sh, Andropov Rashidov o‘limidan qanday xulosaga kelgan va Chernenko orqali Siyosiy byuroga qanday topshiriq bergandi?
Kasalxonada Andropovdan topshiriq olib qaytgan Chernenko darhol Siyosiy byuro yig‘ilishini chaqiradi. Gapni Andropovning sog‘lig‘i “yaxshi” ekanidan boshlab, Yuriy Vladimirovich o‘rtoqlarning, yaʼni Siyosiy byuro aʼzolari sog‘lig‘idan qattiq tashvishda chekayotganini aytadi. “O‘rtoq Andropov Rashidov hayotiga alohida to‘xtalib o‘tdilar, – deb o‘z so‘zini davom ettiradi. – Sharof Rashidovich jiddiy xastaliklarni boshidan kechirayotgan bo‘lsa-da, o‘zini ayamay o‘limidan bir kun oldin paxtazor bo‘ylab 6-7 kilometr masofani piyoda bosib o‘tgan. Axir bu uning yoshida mutlaqo mumkin emasdi. Bu musibat barchamizga saboq bo‘lishi kerak, sog‘lig‘imizga o‘ta jiddiy eʼtibor qaratishimiz lozim, deb taʼkidladilar Yuriy Vladimirovich”, deya so‘zini yakunlaydi Chernenko.
Rashidovning vafotidan so‘ng Andropov tomonidan unga ko‘rsatilgan g‘alati “mehribonlik” o‘ylantirib qo‘yadi kishini. Axir bu halol va mehnatkash insonni rejani bajarasan, 6 million paxta topshirasan, deb paxtazorni piyoda oralatib qo‘ygan kim? Xorazm paxtakorlari g‘alabasini shubha ostiga olib, ko‘nglini sindirgan, qon bosimini oshirgan kim? Komissiya ustiga komissiya tashlab, O‘zbekistonni markazning maraz tergovchilari oyog‘i ostiga itqitgan kim? Qilg‘ilikni qilib, bir odamni ajalidan besh kun burun go‘rga tiqqach, ko‘rsatilgan bu “muruvvat-u mehribonlik” endi kimga kerak?
Siyosiy byuroning yuqoridagi protokolidan shu narsa maʼlumki, Andropov ham umri shomida Rashidovga nisbatan adolatsizlik qilganini bir qadar his etgan. Hayot shami so‘nib borayotgan qari chekist vijdon azobida qolgan bo‘lishi ehtimoli bormikin? Balki u ham afsuslangandir? Uning Chernenko orqali yuborgan tilagi Rashidov kasal holida nega o‘zini asramadi, zarur edimi 6-7 kilometrlab paxtazorda piyoda yurishi, biz jonkuyar bir do‘stimizdan ajralib qoldik, degan so‘zlardan iborat. O‘zi O‘zbekistonga yuborgan komissiyalar va tergovchilar, “qo‘shib yozishlar”, “jinoyatlar” haqida bir og‘iz ham gapirmagan. Inson o‘lim arafasida kimlargadir yaxshilik qilishga ulgurmaganidan afsus chekadi, deyishadi. Hech bo‘lmasa shu gapi bilan Rashidov ruhidan uzr so‘ragandir... Yana kim biladi deysiz...
Oltinchi hikoya. G‘araz va hasadga to‘la yuraklar
Georgiy Daneliyaning “Mimino” filmida Armanistonga yangi “Kraz” mashinasini olib ketish uchun Valiko (Frunzik Mkrtchyan ijro etgan) ismli haydovchi Moskvaga keladi. U mehmonxonada turib har kuni mashina beradigan garajga telefon qiladi. Navbatdagi qo‘ng‘irog‘iga “Hali sizga mashina yo‘q” degan javobni eshitishi bilanoq: “Nega, axir O‘zbekistonga berdilaring-ku”, deydi. Albatta, bunga sovet tuzumi davrida Moskvadan biror nima undirish o‘ta mushkul bo‘lganini ko‘rsatuvchi bir “detal” deb ham qarash mumkin. Ammo Daneliya filmlarining muvaffaqiyati shundaki, aynan mana shunday mayda “detal”lar orqali qahramonlar va davr xarakterini ochadi. Gapni uzoqdan boshlashimiz sababi: O‘zbekiston Rashidovning qatʼiyati va saʼy-harakati tufayli Moskvadan juda ko‘p narsa undirgan. Bu esa boshqa respublikalarni, xususan, tarixan turkiy xalqlar qatori bizni o‘ziga dushman deb bilgan millatlarning g‘ashiga tekkan.
Bunday qora yuraklar Kremlda ham bisyor edi. Rashidovni xalq orasidagi obro‘-eʼtibori, ayniqsa, mamlakat rahbari Brejnev bilan samimiy munosabati va unga o‘z so‘zini, taklif hamda tashabbusini o‘tkaza olishi hasadgo‘ylarning uyqusini qochirgan.
Sharof Rashidov tajribali rahbar sifatida O‘zbekistonga doxil masalalarni ittifoq miqyosidagi tegishli vazirlar, KPSS Markaziy Komitetining kotiblari oldiga ko‘ndalang qo‘ygan. Ularning mijg‘ov javoblari, hafsalasizliklariga duch kelgach, Brejnev bilan dadil gaplashib maqsadiga erishgan. O‘zini xudo chog‘lab yurgan, O‘zbekistonni tom maʼnoda mustamlaka bir yurt sifatida ko‘radigan bu kimsalarga Rashidovning masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh kotib bilan hal qilib ketaverishi yoqmagan.
O‘zbekiston KGBsining anchayin xolis inson bo‘lgan raisi Eduard Nordman kitobida yozishicha, 1978-yili Rashidov ustidan Andropovga shikoyat qiladi. Shunda Andropov: “Eduard, seni deb Rashidov bilan yaxshi-yomon bo‘lishni istamayman, ayb o‘zingda, tushun, Sharof Rashidovichni Bosh kotibimiz Leonid Brejnev qattiq hurmat qiladi”, deya javob beradi.
Abrol Kaxarovning xotiralarida Rashidov Muruntov oltin konini ishga tushirish bo‘yicha dastlab SSSR rangli metallar vaziri Lomakoga murojaat qiladi. Uning beparvoligiga guvoh bo‘lgach, o‘sha paytda ittifoqdagi eng qudratli vazirlik – O‘rta mashinasozlik vazirligi rahbari Yefim Slavskiyni bu ishga jalb etishga urinadi. Ammo Slavskiy ham vazirligi eng avvalo mamlakat mudofaa qudratini oshirishga safarbar etilganini ro‘kach qilib, bosh qo‘shmaganidan keyin Sharof Rashidovich, bu masalani Siyosiy byuroga olib chiqishdan avval siz bilan bir maslahat qildim-da, deb gapni qisqa qiladi va darhol ishga kirishadi. Oxir-oqibat bu loyihani amalga oshirish aynan Yefim Slavskiy va uning qudratli vazirligiga topshirilishiga erishadi. Ushbu vaziyatda ham ko‘rinib turibdiki, Rashidov Siyosiy byuro va Brejnevga chiqishdan avval shu soha vazirlari oldidan o‘tishni kanda etmagan.
O‘zini anglab yetgan, qalbida g‘urur, yuragida jasorat bor va, eng muhimi, tashqi dushmanga qarshi uyusha oladigan, qayerda bo‘lmasin bir-birini qattiq qo‘llab-quvvatlaydigan xalqni hech bir raqib yenga olmaydi. Bu azaliy haqiqat. Yengishi mumkin, lekin tiz cho‘ktira olmaydi – bunday xalq xo‘rlikdan ko‘ra o‘limni afzal biladi. Rashidovning eng katta dushmani esa “ichkarida” edi. U jonini jabborga berib himoya qilayotgan xalqi orasida jipslik, birlik yo‘q edi, afsuski. Ayniqsa, respublika oliy hokimiyatini qo‘lga kiritish uchun muttasil oshkora va yashirin kurashlar ketardi. Sharof Rashidovichga qarshi turgan kuchlarning hech narsa bilan oqlab bo‘lmas ishi shundan iborat ediki, ularni O‘zbekiston, o‘zbek xalqi manfaatlari mutlaqo qizitirmasdi. Bu kimsalarning joni-jahoni mansab va hokimiyat edi! Bu hokimiyatga o‘z safdoshini, xalqini, yurtini sotib bo‘lsa-da erishish oliy maqsadga aylangandi. Rashidov Moskvaning zug‘umlariga bir iloj topardi, boshqa xalqlarning ayrim vakillarining g‘arazlariga ham qarshi tura olardi, ammo “ichimiz”dagi dushmanlar – mansab uchun, hokimiyat uchun nainki xalqini, hatto otasini sotib yuboradigan manfur va manqurtlarning fitna-fasodi oldida ojiz qolardi. Bu uni yurak-yurakdan o‘rtab yuborardi.
1968-yili akademik Ibrohim Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” asari ustidan Moskvaga chaquv uyushtirgan ham, mansab va unvon uchun o‘zining asl maqsadini yashirib, respublikada adolatsizlik bo‘lyapti qabilada shikoyatlar yozgan ham o‘zbekning o‘zidan chiqqan “ziyolilar” edi. Rashidov bunday “shikoyatlar” ortida qaysidir olim yoki yozuvchining mayda manfaati borligini sezib turgan. Afsuski, bizning ziyolilarimizda o‘shanda ham, bugungi kunda ham ahyon-ahyon bo‘y ko‘rsatayotgan bir qusur bor: dunyodagi barcha unvon-u mansablarni bersang-da, majlis-u mashvaratlar to‘riga o‘tqazib qo‘ysang-da, bir muddat esdan chiqarsang bas – oh-u nolasi olamni tutar darajada zorlanadi. Uning to‘rt-besh shotiri “ustoz”ining ovoziga jo‘r bo‘ladi: millatning shunday aziz insonini unutishdi-ya, deya...
Bu hikoyaning oxirgi va muhim gapi: klanlar o‘rtasida siyosiy kurashlar faqat bizda emas, boshqa respublikalarda ham kechgan. Lekin ularda kurashayotgan tomonlar garovga hokimiyatning o‘zini tikkan – zinhor respublikasi, millati manfaatini emas!
Yettinchi hikoya. O‘z o‘rnida xushmuomalalik, o‘z o‘rnida qatʼiyat
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1984-yili bo‘lib o‘tgan mashʼum XVI plenumidan keyin to 1990-yillargacha Sharof Rashidovni qoralashga yeng shimarib kirishgan “o‘zimdan chiqqan vallomat”lar dunyoda ne bir ayb borki, barchasini unga yopishtirish borasida musobaqani avj oldirishdi. Isteʼdodli yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romanida bunday ko‘rnamaklarga ajoyib taʼrif berilgan, mazmuni quyidagicha: ertaga Oshno mansabdan ketsa, undan chini bilan ozor chekkanlar insof yuzasidan ham jim turishlari mumkin, ammo Oshnoning yalog‘idan to‘yib yuvindi yalaganlar birinchi bo‘lib uni yomonotliq qilishadi, hatto voyaga yetmagan qizaloq nomusiga tekkan kaslar ham o‘zidan farishta yasab Oshnodan aziyat chekkan bo‘lib chiqadi.
Ana shunday kaslar tomonidan Rashidovga qo‘yilgan ayblardan biri – faqat Moskvaga, Kremlga xushomad urib, doimo tavozeda bo‘lgan emish, respublika manfaatlarini himoya qilolmagan, faqat mansabini o‘ylagan emish. Bu mutlaqo hayot haqiqatiga mos kelmasligini yuqoridagi hikoyalarda so‘zlab o‘tdik. Rashidovning markaz bilan munosabatlari qanday kechgani tafsilotlari u bilan zamondosh va birga ishlashgan KPSS Markaziy Komiteti, SSSR Ministrlar sovetidagi masʼul rahbarlarning xotiralarida saqlanib qolgan. Bu manbalarni sanasak, salmoqli o‘rin egallaydi. Shu bois ularning mazmunini umumlashtirib bayon etamiz: Sharof Rashidov Siyosiy byuro aʼzolari, KPSS MK kotiblari, Ittifoq hukumati aʼzolari bilan alohida xushmuomalalik ila munosabatda bo‘lardi. Albatta, bu munosabatlar bir tomonlama emas, ikki tomonlama o‘zaro hurmatga qurilgandi. Bosh kotib Brejnevdan boshlab vazirlargacha Sharof Rashidovga ehtirom ko‘rsatar, ularning har biri O‘zbekiston rahbari bilan suhbatlashganda o‘z haddini bilar, hech qachon buyruq ohangida gaplashmasdi. Rashidov Ittifoqdan nimanidir talab qilganda yoki markazdagi rahbarlarning fikriga qo‘shilmaganda muloyim xushmuomalalik bilan bir qatorda, talabni qatʼiy qo‘yishni ham uddasidan chiqardi. Toki Rashidov hayot ekan, uning ruxsatisiz O‘zbekistonga biror bir komissiya va tekshiruvchilar brigadasi qadam bosolmasdi. Moskva tomonidan qo‘yilgan va markazning “ko‘zi va qulog‘i” hisoblangan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti ikkinchi kotibi va respublika KGB raisi ham 1983-yilga qadar Sharof Rashidovdan hayiqib turgan, u bilan hisoblashgan va hech qachon haddidan oshib keta olmagan.
1970-yillar oxiri 1980-yillar boshida vazir bo‘lib ishlagan kishi menga bir voqeani aytib bergandi. “Respublikamiz uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega obyekt qurilishiga uzoq urinishlardan so‘ng ruxsat olib, smetasini tasdiqlatib, pulini ham respublika Moliya vazirligi hisobiga o‘tkazib Moskvadan qaytayotgandim. Aeroportning “deputatskiy” xonasida O‘zKompartiya Markaziy Komiteti ikkinchi kotibiga duch kelib qoldim. U ham Moskvadan Toshkentga qaytayotgan ekan.
Meni tabriklang, esingizdami, ikki yildan buyon hal bo‘lmay kelayotgan masalaning oxiriga yetdim va shuncha mablag‘ bilan qaytayapman, dedim. U meni qutlash ham esidan chiqib, bu yangilikdan Sharof Rashidovichning xabari bormi, deb so‘radi. Yo‘q, Toshkentga yetib olganimizdan so‘ng qabullariga kirib aytmoqchiman, dedim. Qo‘ysang-chi bu gapni, dedi-yu, maxsus telefon orqali Moskva aeroportidan Sharof akaga telefon qildi. U aloqa apparati yonidagi yumshoq kreslo tepasida tik turgancha chuqur tavoze ila Sharof Rashidovich bilan so‘zlashdi va suyunchi oldi.
To‘g‘risi, respublikamizning ko‘pchilik rahbarlari ikkinchi kotibdan biroz cho‘chib, u bilan hushyor gaplashardik. Har qalay, Moskvadan qo‘yilgan odam. Uning Sharof aka bilan telefonda qariyb taʼzim qilib so‘zlashgani, bu loyihaning amalga oshgani shaxsan sizning dono rahbarligingiz va obro‘-eʼtiboringiz tufayli, deb maqtov yog‘dirayotganini ko‘rib, eshitib qalbimda g‘urur to‘ydim. Chunki “Moskvaning odami” ham Rashidov dahosi oldida bosh egib turgandi.
Gaplashib bo‘lib, darhol aeroport xizmatchisini chaqirdi: konyak va buterbrod buyurdi. Hammamiz uchun hurmatli bo‘lgan Sharof Rashidovichning sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishni taklif qildi. U Rashidovdan maqtov eshitganidan va xushxabarni birinchi bo‘lib yetkazganidan zo‘r hayajonda edi”.
Sakkizinchi hikoya. Kimga inonmoq, kimga suyanmoq kerak?
1982-yilning noyabr oyida KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Leonid Brejnev vafot etganidan so‘ng kuni kecha Sharof Rashidov oyog‘iga patak bo‘lishga tayyor turgan ikkiyuzlamachilar g‘imirlab qolishadi. Yangi Bosh kotibning Rashidovga munosabati hali qanday bo‘lishini bilmagan o‘zimizdagi mansabparast va manfaatparastlar payt poylab turganida, Moskvadan dastlabki sovuq epkinlar esa boshlaydi. O‘sha vaqtda KPSS Markaziy Komitetining qishloq xo‘jaligiga masʼul kotibi Mixail Gorbachev birinchi bo‘lib o‘zligini namoyon qiladi.
U Rashidovga sim qoqib, paxta topshirish kunlik ko‘rsatkichini oshirishni talab etadi. Sharof Rashidovich noyabr oxirlab borayotgani, O‘zbekistonda yomg‘ir aralash qor yog‘ib o‘tgani, chanoqlar muzlab qolganini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Ammo Gorbachev vaziyatni anglab tursa-da, asosli sabablarni bahonaga yo‘yib, bunaqasi ketmaydi, paxta topshirish kunlik ko‘rsatkichini oshiring, tamom-vassalom, deb telefon go‘shagini qo‘yib qo‘yadi.
Avvallari Rashidov bilan bunaqangi ohangda gaplashishga Gorbachevning yuragi dov bermasdi. 1983-yilning fevral oyida KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi O‘zbekistondagi “paxta qo‘shib yozishlari”ni tekshirish xususida qaror qabul qilganidan so‘ng Toshkentda ham, Moskvada ham vaziyat oydinlashadi: Rashidov g‘animlari o‘ch olish va hujumga o‘tish vaqti kelganini anglaydilar.
Yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida O‘zbekiston va shaxsan o‘ziga qaratilgan fitna-fasodlarni ko‘raverib pishib ketgan Rashidov bu safar ham vaziyatni o‘z nazoratiga olishga harakat qiladi. Uning nazarida, o‘zi tarbiyalagan rahbar kadrlar, uning mehr-muruvvati bilan voyaga yetgan ziyolilar va, qolaversa, xalqning katta qismi olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi – tahlikaga o‘rin yo‘q!
Nadomatlar bo‘lsinkim, u hokimiyatda mustahkam turganida ehtirom bilan bosh egib yurgan “sadoqatli” mulozimlarning har biri o‘z jonini qutqarib qolish, bu yo‘lda xiyonat tugul, tuhmatdan ham qaytmasligiga guvoh bo‘ladi. Ko‘pdan buyon qulay fursat kutib yurgan “eski g‘anim”lar ham darrov kurash maydonida ot sura boshlaydilar. Ayniqsa, Rashidov yonida bir muddat ishlagan, keyin esa chirkin qilmishlari tufayli hokimiyatdan chetlatilgan va uning muruvvati bilan xorijga ishga yuborilgan, go‘yoki “xafa qilingan” kaslar Moskvadan yo‘llanayotgan komissiyalarga asosiy “maslahatchi”likka yollanishadi. Yuzaga kelgan qaltis va murakkab sharoitda respublika rahbariyati gapni bir joyga qo‘yib, Rashidov atrofida birlashib markazning bosimlariga qatʼiyat ko‘rsatganida edi – “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” bu qadar urchib, xalq xo‘rlanmagan, qatag‘onlar ko‘lami kengayib ketmagan bo‘lar edi.
Rashidov tahlikalarga to‘la o‘sha mashʼum kunlarda birinchi hamladayoq taslim bo‘lishni o‘ziga or deb biladi. U o‘zi uchun ham, o‘zbek xalqining obro‘-eʼtibori uchun ham kurashga kiradi. Nonko‘r va qalbi qabohatga to‘lgan Melkumovni ishdan olganidan so‘ng, markazning ariza yozish haqidagi taklifini rad etib, dadil ishga kirishadi. Paxta yig‘im-terimini yakunlanganidan keyin olti millionlik rejani bajarib, Moskva oldiga o‘z talablarini qatorlashtirishni ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Ammo SSSR Prokuraturasining O‘zbekistonda itdek izg‘ib yurgan tergovchilariga oblast rahbarlari birinchi so‘roqdayoq keragidan ortiq ko‘rsatma berishlari va o‘zimizdan chiqqan xoinlarning ular bilan “qo‘lni-qo‘lga berib ishlashlari” Rashidov rejalariga raxna soladi. KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Andropov boshida turgan, Markaziy Komitetning bir qator kotiblari, masʼul xodimlari bosh qo‘shgan, SSSR Prokuraturasi va KGBsi xodimlaridan iborat komissiyalar va tergovchilari guruhi respublikani qamal qilgan bir sharoitda respublika “ichkarisi” taslim bo‘lgani Rashidovning ruhini tushirib yuboradi.
1983-yilning oktabr oyi oxirida, Rashidov o‘limidan ikki kun avval SSSR Ministrlar soveti raisining birinchi o‘rinbosari Geydar Aliyev boshchiligida Vyetnamga yo‘l olgan sovet delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Nikolay Rijkov (1985-yildan SSSR Ministrlar soveti raisi) xotiralarida Rashidovning o‘sha paytdagi holatini quyidagicha eslaydi: avvallari ham Rashidov bilan ko‘p marotaba uchrashgandim. U doimo ko‘tarinki ruhda bo‘lar, har bir odamga alohida iltifot ko‘rsatib, suhbatlarda tashabbusni qo‘lga olib, barchaning dilini xushnud etardi. Bu safar juda tushkun holatda edi. Delegatsiya aʼzolari uchun uyushtirilgan ziyofatda Aliyev yonida so‘lg‘in kayfiyatda o‘tirdi. Men uni taniyolmay qoldim. Avvalgi Rashidovning faqat surati qolgandek edi. Ziyofat chog‘ida biz bilan bir davrada o‘tirgan bo‘lsa-da, xayoli boshqa tomondaligi yaqqol sezilib turardi.
Brejnev vafot etib, Andropovning hokimiyatga kelishini Rashidov va O‘zbekiston g‘animlari ana shunday qarshi olgandi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romanida Mirzo Ulug‘bek hazratlari hayotining so‘nggi kunlar tasvir etilgan. Padarkush Mirzo Abdulatif qo‘shinlari Kesh shahrini egallab, Samarqandga yaqinlashganida Ulug‘bekning hokimiyati zaiflashib qolganini ko‘rgan amaldorlar, amirlar birin-ketin taxt sohibiga xiyonat qilib, dushman bilan til biriktirishadi. Shunda Mirzo Ulug‘bek “Bu mashʼum saltanatda kimga inonmoq kerak, kimga suyanmoq kerak?!” deb faryod qiladi. Nazarimda, Sharof Rashidovning ko‘nglida ham bundan besh asrdan ziyod avval Mirzo Ulug‘bekning qalbidagi faryod takrorlangan bo‘lsa ajab emas.
Jaloliddin SAFOYEV.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q