Sirakuzning hukmdori Katta Dionisiyning (eramizga qadar 432-367-yillar) yaqin mulozimlaridan boʻlgan Damokl taxt sohibi haqida ichiqoralik va gʻaraz bilan gapirib, hukmdorni dunyodagi eng baxtli odam, deydi. Hukmdor Dionisiy bu gapni eshitib, navbatdagi ziyofat chogʻida hasadchi Damoklni taxtga chiqishga majbur qiladi. Taxtga oʻtirgan Damoklning boshi uzra ot yoliga bogʻlangan qilich osib qoʻyadi. Ot yoli shunchalik ingichka va omonat ediki, istalgan payt uzilib ketib, taxtda oʻtirgan odamning boshini kesishi muqarrar edi. Hukmdor Dionisiy Damoklga: “Biz taxt sohiblarining “baxti” doimo boshimizni kesishga shay turgan ana shu omonat qilichda” deydi. Bu tarixiy voqea toj-taxt, saltanatning omonatligi va eng muhimi xavfu xatarlarga toʻla ekanidan ogoh etadi. Shu bilan birga xalq va mamlakat taqdiri uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish, millat manfaatlariga halol xizmat qilishni oʻz burchi deb bilish ham siyosatchi uchun sharafdir. Bugun tavalludiga 106 yil toʻlayotgan davlat, siyosat va jamoat arbobi Sharof Rashidov ham oʻzbek xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek sharafli umr kechirgan. Ammo uning ham boshi uzra “Damokl qilichi” osilib turardi... Oyina.uz ana shunday sharoitda ham xalqidan voz kechmagan va yakunda xiyonatlarga uchragan Sharof Rashidovning soʻnggi kunlarini yodga oladi.
Xiyonatlarning boshlanishi
SSSR Konstitutsiyasida barcha ittifoqdosh respublikalar teng va ularga Ittifoq tarkibidan chiqish huquqi berilgan boʻlsada, bu gaplar deklarativ xarakter kasb etgandi. Sodda qilib aytganda, bu “huquq” safsata edi xolos. Amalda 14 ta ittifoqdosh respublika mustamlaka yurt boʻlib, davlat rahbarlari har bir qadami va soʻzi uchun Kremldan ruxsat soʻrashi qatʼiy qoidaga aylangandi. “Xalqlar doʻstligi”, “internatsionalizm” kabi tushunchalar hukmron millatning manfaatlariga boʻysundirilgan koʻp millatli Oʻzbekistonda rahbar uchun eng katta bosh ogʻrigʻi – millatlararo munosabatlar edi. Sharof Rashidov obrazli qilib aytganda, ajdarho ogʻzidan oʻzbekning nasibasini ajratib olishi, bunda na six, na kabob kuymasligi kerak edi.
1982-yilning noyabr oyida KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Leonid Brejnev vafot etganidan soʻng Sharof Rashidovning oyogʻiga patak boʻlishga tayyor turgan ikkiyuzlamachi kimsalar gʻimirlab qoladi. Yangi Bosh kotib kelgach, Moskvadan dastlabki sovuq epkinlar esa boshlaydi. Oʻsha paytda KPSS Markaziy Komitetining qishloq xoʻjaligiga masʼul kotibi boʻlgan Mixail Gorbachev birinchi boʻlib oʻzligini namoyon qiladi. U Rashidovga telefon qilib, paxta topshirish kunlik koʻrsatkichini oshirishni talab etadi. Sharof Rashidovich noyabr oxirlab borayotgani, Oʻzbekistonda yomgʻir aralash qor yogʻib oʻtgani, chanoqlar muzlab qolganini tushuntirmoqchi boʻladi. Ammo, Mixail Gorbachev vaziyatni yaxshi anglab tursada, asosli sabablarni bahonaga yoʻyib, “Bunaqasi ketmaydi, paxta topshirish kunlik koʻrsatkichlarni oshiring, tamom-vassalom”, deya telefon goʻshagini qoʻyib qoʻyadi. Holbuki, avvallari Rashidov bilan bunday ohangda gaplashishga uning yuragi dov bermasdi. 1983-yilning fevral oyida KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi Oʻzbekistondagi “paxta qoʻshib yozishlari”ni tekshirish xususida qaror qabul qilganidan soʻng Toshkentda ham, Moskvada ham vaziyat oydinlashadi: Rashidov gʻanimlari oʻch olish va hujumga oʻtish vaqti kelganini anglashadi.
Yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida Oʻzbekiston va shaxsan oʻziga qaratilgan fitna-fasodlarni koʻraverib pishib ketgan Rashidov bu safar ham vaziyatni oʻz nazoratiga olishga harakat qiladi. Uning nazarida, oʻzi tarbiyalagan rahbar kadrlar, mehr-muruvvati bilan voyaga yetgan ziyolilar va qolaversa, xalqning katta qismi olib borilayotgan siyosatni qoʻllab-quvvatlaydi – tahlikaga oʻrin yoʻq edi! Nadomatlar boʻlsinkim, tez orada u hokimiyatda mustahkam turganida ehtirom bilan bosh egib turgan “sadoqatli” mulozimlar jonini qutqarib qolish uchun xiyonat tugul, tuhmatdan ham qaytmasliklariga guvoh boʻladi. Koʻpdan buyon qulay fursat kutib yurgan “eski gʻanim”lar ham darrov kurash maydonida ot sura boshlaydi. Rashidov yonida bir muddat ishlab, chirkin qilmishlari tufayli hokimiyatdan chetlatilgan va faqatgina davlat rahbarining muruvvati bilan xorijga ishga yuborilgan – goʻyoki “xafa qilingan” kaslar Moskvadan kelayotgan komissiyalarga asosiy “maslahatchi”likka yollanishadi.
Moskva qarshisida yolgʻiz qolgan oʻzbek rahbari
Yuzaga kelgan qaltis va murakkab sharoitda respublika rahbariyati gapni bir joyga qoʻyib, Rashidov atrofida birlashib, qatʼiyat koʻrsatganida “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” bu qadar urchib ketmagan, xalq xoʻrlanmagan, qatagʻonlar koʻlami kengayib ketmagan boʻlur edi. Chunki Moskva tomonidan tashkil etilgan bunday operatsiyalar boshqa respublikalar – 1960-yillarning oxirida Ozarbayjonda, 1970-yillarning boshida Gruziyada xalqning jipsligi va qatʼiyati tufayli alanga olmasdan, hovuri pasayib qolgandi. Toʻgʻri, ularda ham poraxoʻr rahbarlarning bir qismi jazoga tortiladi. Ammo, “tozalash” ishlari respublika huquqni muhofaza etish idoralari tomonidan amalga oshirilgan. Moskva ularga markazdan na rahbar kadrlar, na komissiya, tergovchilarni joʻnatishga had qila olmagan. Shuning uchun Rashidov ham xalqni qoʻya turaylik, hech boʻlmasa, oq-qorani tanigan rahbarlar va ziyolilarga umid qilgan boʻlishi mumkin. Afsuski, u Kremlning qahrli va dahshatli hamlasi qarshisida yolgʻiz oʻzi qolib ketadi. Buni Sharof Rashidovning oʻzi 1983-yil may oyida Nuriddin Muhiddinov (1955-1958-yillar Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi, 1958-1962-yillar KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi aʼzosi va MK kotibi) bilan uchrashganida ham tan oladi: “Doʻstim, Oʻzbekistonga tezroq qayting, yolgʻizlanib qoldim!”
Rashidov tahlikalarga toʻla oʻsha mashʼum kunlarda taslim boʻlishni oʻziga or deb biladi. U oʻzi va oʻzbek xalqining shaʼni uchun ham kurashga kiradi. Oʻzbekiston KGB raisi, nonkoʻr va qalbi qabohatga toʻlgan Melkumovni ishdan olganidan soʻng, markazning ariza yozish haqidagi taklifini rad etib, dadil ishga kirishadi. Olti million tonna paxta topshirish rejasini bajarib, Moskva oldiga oʻz talablarini qoʻyishni koʻngliga tugib qoʻyadi. Ammo, viloyat rahbarlari birinchi soʻroqdayoq SSSR Prokuraturasining tergovchilariga keragidan ham ortiq koʻrsatma berishlari hamda oʻzimizdan chiqqan xoinlarning ular bilan “qoʻlni-qoʻlga berib ishlashlari” Rashidov rejalariga raxna soladi. KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Andropov boshida turgan, Markaziy Komitetning bir qator kotiblari, masʼul xodimlari bosh qoʻshgan, SSSR Prokuraturasi va KGB xodimlaridan iborat komissiya va tergov guruhi respublikani qamal qilgan bir sharoitda, respublika “ichkarisi” taslim boʻlgani Rashidovning ruhini tushirib yuboradi.
1983-yilning oktyabr oyi oxiri, Rashidov oʻlimidan ikki kun avval SSSR Ministrlar soveti raisining birinchi oʻrinbosari Geydar Aliyev boshchiligida Vetnamga yoʻl olgan sovet delegatsiya tarkibida boʻlgan Nikolay Rijkov (1985-yildan SSSR Ministrlar soveti raisi) oʻz xotiralarida Rashidovning oʻsha paytdagi holatini quyidagicha eslaydi: avvallari ham Rashidov bilan koʻp marotaba uchrashgandim. U doimo koʻtarinki ruhda boʻlar, har bir odamga alohida iltifot koʻrsatib, suhbatlarda tashabbusni qoʻlga olar, barchaning dilini xushnud etardi. Bu safar u juda ruhan tushkun holatda edi. Delegatsiya aʼzolari uchun uyushtirilgan ziyofatda Aliyev yonida soʻlgʻin kayfiyatda oʻtirdi. Men uni taniyolmay qoldim. Avvalgi Rashidovning faqat surati qolgandek edi. Ziyofat chogʻida biz bilan bir davrada oʻtirgan boʻlsada, xayoli boshqa joyda ekani yaqqol sezilib turardi.
Brejnev vafot etib, Andropovni taxtga kelishini Rashidov va Oʻzbekiston gʻanimlari ana shunday qarshi olishgandi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romanida Mirzo Ulugʻbek hayotining soʻnggi kunlari tasvirlangan. Padarkush Mirzo Abdulatif qoʻshinlari Kesh shahrini egallab, Samarqandga yaqinlashganida, Ulugʻbekning hokimiyati zaiflashib qolganini koʻrgan amaldorlar va amirlar birin-ketin taxt sohibiga xiyonat qilib, dushman bilan til biriktirishadi. Shundan Mirzo Ulugʻbek “bu mashʼum saltanatda kimga inonmoq kerak, kimga suyanmoq kerak” deb faryod qiladi. Nazarimda, Sharof Rashidovning koʻnglida ham shoh Ulugʻbekning qalbidagi achchiq faryod takrorlangan...
Ayrilganni ayiq yer...
Rashidov ishlagan davr, umuman sobiq SSSRda 70 yildan ziyod vaqt ichida kechgan suronli va mashʼum voqealarni oʻylarkansan, xalq sifatida shakllanish, millat oʻlaroq oʻzligini anglash, har bir odamning qalbida gʻurur, birlik hissini uygʻotish naqadar mashaqqatli jarayon ekanini dafʼatan his etasan kishi.
Respublikamizning eng rivojlangan davri aynan Sharof Rashidov rahbarlik qilgan yillarga toʻgʻri keladi. Yagona Ittifoqning xazinasiga Oʻzbekiston qoʻshgan hissa juda katta salmoqqa ega edi. Oxir-oqibat esa oʻzbek xalqining fidoiyligi, yaratuvchanlik mehnati va bagʻrikengligiga markaz “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan qonli va razilona qatagʻonlar bilan javob berdi. Millatning qahramon va buyuk farzandi – Sharof Rashidov nomini esa badnom etdi. Bu qabihliklarning sodir boʻlishida millat xarakteri va tabiatidagi qusurlar ham sabab boʻlgan – voqealar mazmuni va tahlili shunday xulosaga kelishga majbur etmoqda, afsuski.
Chindan ham millat va yurt taqdiri xavf ostida qolgan 1983-yilda Oʻzbekiston rahbari yolgʻizlanib qolgandi. Chunki sobiq SSSRning Moskvadagi markaziy idoralari – KPSS Markaziy Komiteti, SSSR Oliy Soveti, Ministrlar Soveti, Bosh Prokuratura, KGB va boshqa huquqni muhofaza etuvchi organlarda, bundan tashqari markaziy OAVda oʻzbek rahbar kadrlari deyarli yoʻq edi. Afsuski, Siyosiy byuroda ham Rashidovni qatʼiyat bilan qoʻllab-quvvatlaydiganlar koʻzga tashlanmadi. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, oʻsha vaqtda tashqi ishlari vaziri boʻlib ishlagan, Siyosiy byuroda juda katta taʼsirga ega Andrey Gromiko Rashidovga xayrixoh munosabatda boʻlgan. Ammo, u ham Andropov komandasining odami edi.
Ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonni “qoralash” kampaniyasi boshlangan 1983-yildan to 1988-yil “Pravda” gazetasida turkiy xalqlarning faxri, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Omonlik daraxti” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingunga qadar bizning himoyamizga qaratilgan birorta ham material chop etilmadi! Oʻzbekdan chiqqan na bir siyosat arbobi, na bir umumittifoq miqyosida tanilgan va uning soʻziga quloq solinadigan yozuvchi yoki jurnalist yoʻq edi! Kimdir eʼtiroz bildirib, Kremlda Nishonov bor edi, deyishi mumkin. Ammo 1989-yil SSSR Oliy Soveti Millatlar kengashi raisi lavozimiga saylangan Rafiq Nishonovning millat “himoyasi”ga qaratilgan “faoliyati” SSSR Xalq deputatlari syezdida oʻzbek xalqi boshidan kechirayotgan mislsiz muammolarni koʻtarib chiqqan Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Odil Yoqubovga: “Odil akamiz ham hissiyotga berilib, koʻp keraksiz gaplarni aytdilar” degan tanbehi bilan cheklanadi...
Katta arbob, aqlli siyosatchi boʻla turib, yakunda yakkalanib qolgan Sharof Rashidov hayoti va taqdiri hamma narsa oʻzimizga, xalq boʻlib shakllanishimiz, milliy manfaatlarimiz himoyasiga baravar oyoqqa qalqishimizga bogʻliqligini eslatib turadi. Eng muhimi barcha sohalarda malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan kadrlarni tayyorlash, tarbiyalash va ularga imkon berish – hayot-mamot ishiga aylanishi zarur. Shundagina har qanday davrda Milliy Gʻururimizni asray bilamiz, yurtimiz oyoq osti boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz.
Jaloliddin SAFOYEV,
Oyina.uz
Oʻxshash maqolalar: “Rashidov jiddiy hastaliklarni boshidan kechirayotganiga qaramay, oʻzini ayamadi” – Andropovning gʻalati “mehribonligi” nimadan dalolat edi?
Eʼtirof, adashuv, KGB raisi sotqinligi va ruhiy bosim – Rashidov boshqaruvi haqida toʻrt hikoya
Oyina.uzni Telegramda kuzating
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q