Mo‘g‘ulchami, turkchami?
XIII asrda noma’lum muallif tomonidan yozilgan “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” yodgorligi – Chingizxon, u asos solgan imperiya va mo‘g‘ul tarixi haqidagi muhim manbadir. Mazkur asar tilini o‘rgangan mutaxassislar unda juda ko‘p turkiy so‘zlar borligini e’tirof etgan. Rossiyalik tilshunos V.I.Rassadin: “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” tili hozirgi mo‘g‘ul tilidan ko‘ra qadimgi va o‘rta asrlardagi turklarning tiliga ko‘proq yaqindir”, deb yozadi. Ya’ni, asarda qush, o‘tchigin, ko‘ch, meng, mung, buyruq kabi yuzlab turkiy so‘z va so‘z birikmalari uchraydi.
Misol uchun, keshiktenlar haqida asarda ko‘p gapirilgan. Keshiklar yoki keshiktenlarga Chingizxon lashkar markazidagi asosiy kuch sifatida katta baho beradi. Keshikten deb xonni navbat bilan qo‘riqlaydigan shaxsiy soqchilarga nisbatan aytilgan. Aslida bu xizmat ham qadimgi turk an’analari asosida tashkil etilgan bo‘lib, Turk xoqonliklari davrida bunday qo‘riqchilar guruhi – “bo‘ri” deb atalgan va ularning soni to‘qqiz ming nafargacha bo‘lgan. “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”ga ko‘ra, keshikten xizmatiga asosan no‘yonlarning, o‘nboshi, yuzboshi, mingboshilarning o‘g‘illari, ularning yaqinlari olingan. Chingizxon keshiktenlarning sonini o‘n ming nafar, ya’ni bir tumanga yetkazadi, bu xizmat lashkar markazi, g‘ulda xon qarorgohi bilan baqamti joylashgan o‘ziga xos yoshlarni jangga tayyorlovchi harbiy maktab vazifasini ham o‘tagan.
Endi mazkur atama etimologiyasi haqida – “keshik” aslida qadimgi turkiydagi “navbat” ma’nosidagi “kezik” so‘zi bo‘lib, “Devonu lug‘otit turk”da unga: “кӭзiк” – kez, kezag, ishdagi navbat: “сӭнiң кӭзiгiң кӭlдi” – sening navbating keldi”, deb izoh berilgan. Hozir “kezik” o‘rnida biz “post” (“smena”) kalimasini qo‘llaymiz. “Kezik”ni “navbat” ma’nosida hozir ham “kezi kelganda” (“navbati kelganda”) iborasida ishlatamiz. “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”dagi “kunduzgi qo‘riqchi” ma’nosidagi “turxaud” ham aslida turkcha “turmoq” fe’lidan yasalgan bo‘lib, turkchasi “turqaq” bo‘lgan.
Javong‘or, barong‘or, g‘ul
Mazkur atamalarga tarix kitoblarida ko‘p duch kelamiz. O‘rta asrlarda har qanday lashkar dastlab ana shu uch katta qismga bo‘lingan. Avvalo bu atamalar Chingizxon tomonidan joriy etilganini aytib o‘tish joiz. Xo‘sh, barong‘or, g‘ul, javong‘or nima?
Dunyo tomonlari haqida o‘tmishda turlicha qarashlar bo‘lgan. Tomonlar ko‘pincha: old, ya’ni yuzlanish, topinish tomoni, orqa, o‘ng va so‘l tomon deb belgilangan. Aksariyat turk qavmlari uchun qadimda (mo‘g‘ullarning ajdodlari uchun ham) kunchiqar – old tomon, kunbotar – orqa, janub – o‘ng, shimol – so‘l tomon hisoblangan. Ammo qadimgi xitoyliklar, turklardan farqli o‘laroq, kunchiqarni emas, janubni – old tomon hisoblagan. Shunga ko‘ra, xitoyliklar g‘arbni – o‘ng, sharqni – chap tomon deb bilishgan. Keyinchalik bu qarash mo‘g‘ullarga ham o‘tgan, bu haqda akademik V.V.Bartold shunday yozadi: “Janubga topinish mo‘g‘ullar o‘rtasida kidanlar hukmronligi (X–XII asrlar) davrida tarqala boshladi. Chingizxon zamoniga kelib bu udum mo‘g‘ullarga bo‘ysungan barcha hududlarda rasmiy tus oldi”.
Shunday qilib, Chingizxon zamonida mo‘g‘ullar xitoyliklar kabi janubni old tomon deb bilishar va o‘tovlarini janubga qaratib qurishar edi. Shu boisdan ular uchun Sharq – so‘l tomon, ya’ni “zүүn”, G‘arb esa – o‘ng tomon, ya’ni “baruun” edi. “Javong‘or” va “barong‘or” ana shu “zuun” (Sharq) va “baruun” (G‘arb) so‘zlariga mo‘g‘ulcha “qo‘l” ma’nosidagi “gar” so‘zini qo‘shish bilan yasalgan (zuun+gar = o‘ng+qo‘l, baruun+gar = so‘l+qo‘l). Ya’ni, “G‘arb-u Sharqdan bizni dushmanlar o‘rab olgan”, deb hisoblagan Chingizxon o‘ziga tobe hudud, aholi va lashkarni g‘arbiy va sharqiy qanotlar: javong‘or va barong‘orga bo‘lib chiqqan. “G‘ul” esa “markaz” degan ma’no bildirib, qo‘shin markazidan xon, uning yaqinlari, keshiktenlar, xullas, lashkarning asosiy qismi o‘rin olgan. Javong‘or va barong‘or tilimizga rus tili orqali kirgan “flang” (fr.: flanc) atamasiga muvofiq keladi. Bobolarimiz bu atamalar o‘rnida arabcha: “maymana” (barong‘or), “maysara” (javong‘or) va qalb (g‘ul) so‘zlarini ham qo‘llashgan.
“Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”da Chingizxon javong‘orga tumanboshi etib Muxalini, g‘ulga Nayaani, barong‘orga Boorchuni tayinlagani aytiladi. Shuningdek, Muxaliga sharqiy hududlarni, Nayaaga markaziy, Boorchuga g‘arbiy hududlarni idora etish topshiriladi.
“Zuun”, “baruun”, “gar” so‘zlari yuz foyiz mo‘g‘ulcha deb qaraladi. Shunga qaramasdan, ularda ham qadimiy turkiy o‘zaklar bilan mushtaraklik borday. Masalan, akademik A.N.Kononov qadimgi turk tillarida “o‘ng tomon” ma’nosida: “bäriyä”, “bäriyäqi”, “bäriyan” kabi so‘zlar qo‘llanilganini yozadi, bu esa mo‘g‘ulcha “o‘ng” va “g‘arb” ma’nosidagi “baruun”ga juda o‘xshash (“O‘ng” so‘zi esa qadimda old tomonni bildirgan. Hozir ham “ko‘z o‘ngimda”, “narsani o‘ngarib qo‘ymoq”, “dasturxonning o‘ngi” kabi iboralarda “o‘ng” so‘zining eski – “old” ma’nosida ishlatamiz.) Tofalar turklari old tomonni – “burunyar”, orqa tomonni – “soŋyar” deyishar ekan. Tilimizdagi “so‘l” so‘zi aslida “orqa” ma’nosidagi ana shu “soŋ” so‘zidan hosil bo‘lgan. Jo‘g‘rofiy joylashuv, ko‘chishlar oqibatida bu atamalar chalkashib, turli lahjalarda turli tomonlarga nisbatan ishlatila boshlagan. Tofalar turklarida zuŋyar, A.V.Kononovga ko‘ra, chap tomonni bildiradi. Endi qiyoslang: tofalar tilida: “zuŋyar” – “so‘l”, mo‘g‘ulchada esa – “zuun”, turk tillarida: “so‘l”, “soŋ”. Hozirgi mo‘g‘ul tilidagi “gar” (qo‘l) “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”da “qar” shaklida yozilgan va bu qadimiy turkiydagi “qo‘l” ma’nosidagi “qar” bilan bir xildir. Mana, Turfon bitiklaridan bir misol: “qar ičintä ig kirdi” – “qo‘lga og‘riq kirdi” (“Devonu lug‘otit turk”da “qarї” – qo‘l uzunligidagi o‘lchov birligi.) Hozir tilimizda shu o‘zakdan yasalgan “qarich” so‘zi saqlanib qolgan.
“Ulus” mo‘g‘ulchami?
“Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”da ko‘p uchraydigan so‘zlardan biri – ulus. Asarda bu so‘z “elat”, “qabila”, “el” kabi ma’nolarda qo‘llangan. Javong‘or va barong‘orda har bir ulusning aniq o‘rni bo‘lgan. Chingiziylar bu tartibga keyinchalik, hatto Bobur zamonida ham amal qilganlar. Bobur “Boburnoma”da 1502-yil voqealarini hikoya qilar ekan, Toshkentga “xon dodasi” (bobosi) – G‘arbiy Mo‘g‘uliston xoni Yunusxon xonadoniga borganda ko‘rgan mo‘g‘ullarning urf-odatlari, xususan, ko‘p tartib-qoidalar Chingizxon zamonida qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanib qolganligini yozadi:
“Mo‘g‘ul orasida Chingizxonning tuzuki holog‘acha (haligacha. A.H.) Chingizxon yasab qo‘ygandek-o‘qdur. Barong‘or barong‘orda, javong‘or javong‘orda, g‘ul g‘ulda, har kim ota-otasidin qolg‘an yerida-o‘q turar, barong‘or bila javong‘orda har kimning e’tibori ko‘praktur, uch sarroq turarlar”, – ya’ni, Chingizxon yasolda (safda) qaysi urug‘, qabila, ulusni barong‘or va javong‘orning qaysi o‘rniga tayin etgan bo‘lsa, ularning avlodlari, oradan uch asr o‘tgan bo‘lsa-da, hali hamon ota-bobolari turgan o‘rinda turar ekanlar. Ularning ichida e’tiborliroqlari barong‘or va javong‘orning uchroq, chekkaroq qismidan joy olgan ekan.
1981-yili chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “ulus” so‘zi mo‘g‘ulcha (!) deb izohlangan. Mo‘g‘ulistonlik tarixchi sendmaa Enxchimeg “Boburnoma”da mo‘g‘ulcha so‘zlar” (“Монголизмы в “Бабур-наме”) maqolasida “ulus” so‘zini ham mo‘g‘ulchadan turkchaga o‘zlashgan so‘zlar qatorida sanab o‘tadi.
Ammo “ulus” so‘zini tadqiq etgan aksariyat tilshunoslar bu so‘z, aksincha, turkiydan mo‘g‘ulchaga o‘tganligini isbotlab berishgan. Этимологический словарь тюркских языков” (ЭСТЯ) lug‘atida bu borada, jumladan, shunday deyiladi: “Ulus so‘zining kelib chiqishi turkcha degan qarash mutlaqo ishonarli, qolaversa, bu so‘zning qadimgi turkiydagi “ulush” shakli bilan birga qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq tillarida “ulu” o‘zagiga “-t” qo‘shish bilan “ulut” so‘zi ham yasaladi”.
Darhaqiqat, “ulus”ning qadimiy ko‘rinishi “ulush” bo‘lib, “Devonu lug‘otit turk”da: “qishloq (chigilcha); Balasog‘un va arg‘ulilarda “shahar” demakdir”, deb izohlanadi. “Qadimgi turk tillari lug‘ati” (“Древнетюркский словарь”)da ham “ulus”ning qadimiy shakli “uluš” bo‘lganligi va “qishloq” (“селение”) ma’nosini bildirgani aytiladi: xususan, uluš balїq – qishloq va shahar; uluš bodun – xalq va hokazo. Bu so‘z qadimgi turkiy yodgorliklarda ko‘p uchraydi.
Tuman, tumanbegi, tumanboshi
Onon daryosi bo‘yida 1206-yili bo‘lib o‘tgan qurultoyda Temuchinga Chingizxon nomi beriladi. “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi”da, shuningdek, mazkur qurultoyda Chingizxon 95 nafar no‘yonga “mingan”, yani “mingboshi” unvonini berganligi aytiladi. Ammo bu paytda hali Chingizxon o‘rdusida “tuman”, ya’ni o‘n ming lashkarni o‘z ichiga olgan bo‘linma yo‘q edi. Ma’lumki, Chingizxon lashkari qat’iy o‘nlik tartibida qurilgan, ya’ni eng kichik bo‘linma o‘nlik, o‘nta o‘nlik – yuzlik, o‘nta yuzlik – bir minglikka birlashib, imperiya va o‘rdu kengaya borgach, o‘nta minglik – bir tumanga birlashgan. Aytaylik, javong‘or va barong‘orning har biri bir necha tumanlardan iborat bo‘lib ularni tuman no‘yonlari, ya’ni tumanboshilar boshqargan.
Mo‘g‘ulistonlik tarixchi Sendmaa Enxchimeg maqolasida “tuman”ni ham turkiydagi mo‘g‘ulcha so‘z (mongolizm) sifatida sanab o‘tgan. Aslida buning aksi bo‘lib, bu qadim turkiy so‘z “Devonu lug‘otit turk”da ham: “tumän – har narsaning ko‘pi; tuman ming – ming-ming, ya’ni bir million”, deb izohlangan.
Chingizxon davrida “tuman” ko‘proq harbiy bo‘yoqqa ega bo‘lgan bo‘lsa, Chig‘atoy va Juchi uluslarida bu so‘z, shuningdek, lashkarga o‘n ming navkar bera oladigan hudud ma’nosida ma’muriy-hududiy atama sifatida ham ishlatilgan. Juchi ulusida hududlar tumanlarga bo‘linib, tumanboshilar tayinlangan. Bunday tumanboshilar Oltin O‘rdaga tobe Rus knyazliklarida ham bo‘lib, bu so‘z: “O‘rdadan tayinlangan amaldor” ma’nosida – “темник” shaklida rus tiliga o‘tgan.
Bobur “Boburnoma”da Kobul viloyatini ta’riflar ekan “tuman” so‘ziga shunday izoh beradi: “(Kobul) Viloyati o‘n to‘rt tumandur. Samarqand va Buxoro va yana bu navohida viloyatchalarnikim, bir ulug‘ viloyat tahtida (ya’ni, ostida yoki tarkibida. A.H.) bo‘lg‘ay, tuman derlar. Va Andijon va Koshg‘ar va ul orada o‘rchin va Hindistonda pargana derlar”. Demak, Kobul, Samarqand, Buxoroda bir katta viloyat tarkibida bo‘lgan, ammo viloyatdan kichik ma’muriy-hududiy birlikka nisbatan – tuman, Andijon va Koshg‘arda – o‘rchin, Hindistonda – pargana deyilgan ekan.
Umuman, chingiziylar, temuriylar va keyingi davrlarda ham mavjud bo‘lgan tumanboshi, tuman og‘a, tumanbegi lavozimlari hozirgi harbiy unvonlarga muqoyasa etilsa, generalga to‘g‘ri keladi. “Tuman” atamasi hozir ham Turk qurolli kuchlarida “tümen” shaklida “diviziya”, “batalon” ma’nolarida qo‘llaniladi. Masalan: “Motorize Piyade Tümeni” (“motorli piyoda diviziyasi”), “Zırhlı Tümen” (“tank diviziyasi”) va hokazo. Shuningdek, Turk o‘rdusida “tumanboshi” ham saqlanib qolgan deyish mumkin, ya’ni “tümen” (“diviziya”) qo‘mondonining harbiy unvoni – “tümgeneral” (“tuman generali”) bo‘lib, bu qizil armiyaning “general-mayor” unvoniga to‘g‘ri keladi (Turk o‘rdusidagi generallar tarkibi: 1. mareşal – marshal; 2. Orgeneral (ya’ni, o‘rdu generali) – armiya generali; 3. korgeneral – general-leytenant; 4. tümgeneral (ya’ni, tuman generali) – general-mayor; 5. tuğgeneral – brigada generali).
Mo‘g‘ul tarixchisi Sendmaa Enxchimeg o‘zining “Boburnoma”da mo‘g‘ulcha so‘zlar” maqolasida tarxon, o‘ron, to‘lg‘ama kabi so‘zlarni ham mo‘g‘ulchadan turkchaga o‘tgan so‘zlar qatorida sanab, behuda ularni mo‘g‘ulcha o‘zaklar bilan bog‘lashga harakat qiladi.
Tarxon – qadimgi turkiy obidalarda “tarqan”, “tarxan”, “alp tarxan” shakllarida uchraydi. XI asrda yaratilgan “Devonu lug‘otit turk”da esa bu so‘zga shunday izoh berilgan: “tarxan – bek ma’nosida. Islomiyatdan oldin qo‘llanilgan ism (arg‘uchadir)” (Rossiyalik turkshunos olima Anna Diboga ko‘ra, “tarkan” so‘zi turk tillariga tahorlar orqali hind-ovro‘po tillaridan o‘zlashgan).
“O‘ron” haqida biz ilgari ham “Parol so‘zi “Boburnoma”da bor” nomli maqolada to‘xtalgan edik. “O‘ron” – bu urush paytida navkarlar bir-birlarini tanishlari uchun ishlatiladigan maxfiy so‘z, hozirgi tilda aytganda, paroldir. “Boburnoma”da chindan ham mo‘g‘ullarning tumanbegisi Ayyub Bekchik tumanidan ikki mo‘g‘ul o‘zaro “o‘ronlashgani” aytiladi. Sendmaa Enxchimeg: “O‘ron – bu “olg‘a, chaqiriq” (uragshaa, uria) ma’nolariga ega mo‘g‘ulcha so‘z...”, deb yozadi. “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida “o‘ran” so‘zi deyarli barcha turk lahjalarida borligi, bu so‘z “qichqirmoq” ma’nosidagi turkcha “o‘r” o‘zagidan yasalgan, degan fikr bildiriladi. Qadimda barcha turk qabilalarida o‘z o‘ronlari bo‘lgan.
“Древнетюркский словарь”da ham: “o‘ron – harbiy laqab, parol”, ma’nosidagi turkiy so‘z deb izohlanib, XIII asr turk obidasi “O‘g‘uznoma”dan ushbu misol keltiriladi: “kök böri bolsung‘їl uran – “ko‘k bo‘ri” o‘ron bo‘lsin”.
To‘lg‘ama – g‘anim lashkarini ikki tomondan aylanib o‘tib, qo‘qqisdan dushmanning orqa tomonidan hujum qilish harbiy san’ati. Sendmaa Enxchimeg mo‘g‘ulcha deb taxmin etgan “to‘lg‘ama” atamasi ham – “aylantir”, “bura” ma’nosidagi qadimgi turkiy “tol” o‘zagidan yasalgan. “Devonu lug‘otit turk”da mazkur o‘zakdan yasalgan “tolg‘adi”, “tolg‘ashdi”, “tolg‘aq” so‘zlari izohlangan.
Umuman, mo‘g‘ul tili XIII asrdan boshlab alohida til sifatida shakllana boshlagan. Ilk mo‘g‘ul yozuvi – uyg‘urjin bichig ham uyg‘ur va sug‘d yozuvlari asosida Chingizxon buyrug‘i bilan uyg‘ur kotibi Tatatunga tomonidan yaratilgan. “To‘rt ulus tarixi”da mo‘g‘ul tili ilgari turk tillariga yaqin bo‘lganligi aytiladi. Abulg‘ozi Bahodirxon esa “Shajarayi turk”da hatto “mo‘g‘ul” so‘zining o‘zi turkcha “mung” (qayg‘u) so‘zidan deb yozadi.
Alqissa, Chingizxon va undan keyin mavjud bo‘lgan harbiy an’ana va atamalarga tashqaridan kirib kelgan deb yotsirab qarash to‘g‘ri emas, zero bu an’ana va atamalar aslida qadimgi turkiy ildizlarga borib taqaladi.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q