O‘zbek o‘rdusi qayerdan boshlanadi? (Birinchi maqola)


Saqlash
22:57 / 26.08.2021 3785 0

(Birinchi maqola)

Odam (Ato) zamonidan bugungi kungacha biror

podshohning sipohi turknikidek muyassar bo‘lmagan.

“To‘rt ulus tarixi”dan

Hozir ham O‘zbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatar tizimlarida starshina, proporshik, serjant, matros, ofitser, leytenant, kapitan, mayor, podpolkovnik, polkovnik, general, okrug kabi sobiq sovet armiyasidan meros harbiy unvon, atamalar qo‘llanadi va bugun ham ular harbiy lug‘atimizning asosiy qismini tashkil etadi. Biz esa ajdodlarimiz asrlar davomida Ovro‘osiyo yerlarida hukmronlik qilgan, imperiyalar qurgan, o‘rta asrlarda ularning harbiy salohiyati dunyo miqyosida eng ilg‘or bo‘lgan, deb g‘ururlanamiz. Ammo ana shu milliy tariximizga bugungi Qurolli kuchlarning mutlaqo aloqasi yo‘qday.

 

Milliy o‘rdumiz qizil armiya vorisimi?

Bu savolga tasdiq javobi berishga majburmiz. Chunki bugungi o‘rdumiz (biz “o‘rdu” so‘zini “armiya” ma’nosida qo‘llaymiz) na shaklan va na mohiyatan o‘tmishdagi tarixiy harbiy an’analarga intiladi, go‘yoki yuz yillik jarlik milliy tariximizni ikkiga bo‘lib qo‘ygandek, ajdodlarimiz harb ishi bilan umuman shug‘ullanmagandek.

Afsuski, insoniyat tarixi urushlar tarixi hamdir. Sharqda ham, Gʻarbda ham barcha imperiyalar qon evaziga qurilgan. Qurol tutishdan ikki maqsad ko‘zlanadi: urush va mudofaa. Mudofaa nuqtai nazaridan harb ishi bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli kuchlari tarixi mustaqillikdan keyin boshlanadi va 1992-yilning 14-yanvar sanasi uning tug‘ilgan kuni hisoblanadi. Nafaqat O‘zbekiston, ko‘pchilik sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan respublikalarda ham ahvol shunday, faqat Ozarboyjon o‘z qurolli kuchlarini 1918-yili tashkil etilgan deb hisoblaydi.

Boshqa bir turkiy mamlakat – Turkiya esa o‘z Qurolli kuchlari (Türk Silahlı Kuvvetleri) tarixini rasman eramizning 209-yili, ya’ni Xunlar imperiyasi asoschisi va birinchi hukmdori Mete Xon (Mode shanyuy)ning taxtga o‘tirishi sanasidan boshlaydi. Xunlar imperiyasi, Turk xoqonliklari, saljuqiylar, usmonli davlati davrlari bugungi Turk silahli quvvatlari tarixining bosqichlari hisoblanadi. Qurolli kuchlarning bunday ulug‘vor tarixga ega bo‘lishi askarlarda jangovar ruh, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish uchun muhim. Tarixdan bilamizki, Chingizxon, Amir Temur kabi jahongirlar oz kishi bilan katta qo‘shinlarni mag‘lub etganlarida ularning lashkari ichidagi jangovar ruh muhim rol o‘ynagan. Bobur ham o‘zidan bir necha barobar ko‘p qo‘shinga ega Ibrohim Lo‘diy yoki Rana Sangaa kabi raqiblarini mag‘lub etganda o‘rdusida jangovar ruh baland bo‘lganligini qayd etgan. Xususan, Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da Panipat janggida Lo‘diyning 180 ming otliq askari va 1500 fili bo‘lganligini, Boburning “askarlari savdogarlar va yaxshi-yomon bilan qo‘shganda 12 ming kishidangina iborat bo‘lib, bular ichida jangga qatnasha oladigan qismi faqat 6-7 ming kishigina edi”, deb yozadi. Albatta, bu raqamlarda mubolag‘a yoki noaniqliklar bo‘lishi mumkin, lekin raqibiga nisbatan Bobur lashkari kamsonli bo‘lgani tarixiy haqiqat.

Aslida, bugungi O‘zbekiston Qurolli kuchlari ham o‘z tarixini, Turk Silahli quvvatlari kabi, xunlar davridan boshlashi, chingiziylar, temuriylar, boburiylar, shayboniylar va keyingi davrlarda mavjud bo‘lgan harbiy an’analarni meros o‘laroq qabul qilishi mumkin.

Tarixdan bilamizki, “turk” ismi o‘tmishda deyarli “jangchi”, “harbiy” so‘zlarining ma’nodoshi kabi yangrar, ko‘pchilik er kishilar uchun harb ishi kasb, turmush tarziga aylangan, shu bois turk tillarida harbiy so‘z va atamalar ham ko‘p bo‘lgan. Xo‘sh, ana shu tarix, harbiy so‘z va atamalar bugungi qurolli kuchlar uchun ham meros, xomashyo bo‘lib xizmat qilishi mumkinmi?

Bu borada ham turk qardoshlarimizdan o‘rnak olsa arziydi. Hozirgi kunda turkiy davlatlar ichida eng zamonaviy, eng yirik o‘rduga ega mamlakat bu Turkiyadir. Qolaversa, Turk o‘rdusi NATO (Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti) tarkibida ham nufuziga ko‘ra AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ammo bu Turk o‘rdusida qadim turkiy atamalarning qo‘llanilishiga, o‘zini xunlardan to Usmonli davlatigacha bo‘lgan turk harbiy tarixi davomchisi deb bilishga monelik qilmaydi. Ya’ni, bugungi turk o‘rdusi o‘zida eng qadimiylik va eng zamonaviylikni mujassam eta bilgan. Turk va ozarboyjon qardoshlarimiz bugungi kunda “armiya” o‘rnida “o‘rdu” so‘zini qo‘llaydi, nega bizda “armiya” so‘zidan hali ham voz kechilmagan? Yoki tilimizda shunga munosib bir so‘z yo‘qmi?

Aslida, “o‘rdu” so‘zi bizga yaqinroq, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi, Navoiy, Bobur asarlari va boshqa manbalarda ham bu so‘zni ko‘p uchratamiz. “Devonu lug‘otit-turk”da: “ordu – shoh turadigan shahar, o‘rda”, deb izohlangan. Ya’ni, “o‘rdu” va “o‘rda” bir so‘z. Ammo har doim yurish, urushda bo‘lgan turk xoqonlarining qarorgohi ham ko‘chib yurganligi uchun “o‘rdu”, “o‘rda” so‘zlari ko‘proq “harbiy lager” ma’nosini kasb etgan. “Boburnoma”dan o‘qiymiz: “Bizning o‘rdu bila mirzolarning o‘rdusining orasi bir shar’iy bo‘lg‘ay edi”. Ko‘rinib turibdiki, bu yerda “o‘rdu” – bir joyda muqim turgan shahar ma’nosida emas, “harbiy lager”, “armiya” so‘zining deyarli ma’nodoshi sifatida ishlatilyapti. “O‘rdu” “Boburnoma”da eng ko‘p qo‘llangan so‘zlardan biridir. Hindistondagi musulmon qatlam so‘zlashadigan til ham keyinchalik o‘rduga, boburiylar davlatiga daxldor til sifatida “o‘rdu tili” nomini oldi.

Shu o‘rinda ma’no jihatidan “armiya”ga yaqin ba’zi so‘zlar xususida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Adabiyotlarda “lashkar / sipoh / cherik / qo‘shin tortib... keldi”, qabilidagi iboralarni ko‘p ko‘rganmiz. O‘tmishda forscha “lashkar” va “sipoh” so‘zlari keng qo‘llanilgan, ammo bu so‘z ruscha “voysko” atamasiga ko‘proq to‘g‘ri keladi. Shu ma’nodagi eng qadimiy turkiy so‘zlardan biri – “cherik”dir. XI asr shoiri Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”da shunday yozadi:

 

“Qayusi cherikdǝ qilich baldu yer,

Qayu jan yulug‘lar yatib jan berir”.

 

(Mazmuni: “ayrimlari lashkarda (urush paytida. A.H.) qilich va boltadan zarba yeydi, ba’zilari jon fido qiladi, yotib jon beradi”). Mazkur baytda jang maydonidagi lashkar ko‘zda tutilgan, “Devonu lug‘otit-turk”da ham: “chӭrik – urush safi”, deb izohlangan. Manbalarda “cherik” so‘zi “lashkar” (“voysko”), ba’zan “alohida askar” ma’nolarida keladi. Bu so‘z mo‘g‘ul tiliga ham o‘tgan va hozir ham “cherik” (“sereg”) mo‘g‘ul tilida “askar”, “harbiy” ma’nolarida ishlatilar ekan. Usmonli davridagi “yenıçerı” (“yanicheri” – “yangi cherik”, ya’ni “yosh askar”) atamasida ham “cherik” so‘zi “askar” ma’nosida ishtirok etgan.

“Qo‘shin” so‘zi hozir ham tilimizda faol iste’molda. “Chegara qo‘shinlari”, “piyoda qo‘shinlar”, “qorovul qo‘shinlari” va hokazo deymiz, ya’ni bu so‘z muayyan harbiy qism (ruscha: “voysko”) ma’nosida harbiy lug‘atimizdan mustahkam o‘rin olgan. Ammo Chingizxon davrida “qo‘shin” biroz boshqacharoq ma’no bildirgan. Bu so‘zning asli – mo‘g‘ulcha “pona” ma’nosidagi “xoshun” bo‘lib, Chingizxon davrida dushman lashkarini yorib o‘tish uchun maxsus uchburchak pona, o‘tkir tig‘ shaklida tizilgan, tez harakat qiladigan otliq harbiy qismga nisbatan “xoshun” deyilgan.

Qadimda “qo‘shin”, “lashkar” ma’nosida yana bir turkiy so‘z bo‘lgan. Kul tigin, Bilga xoqon va boshqa toshbitiklarda darj etilgan bu so‘z – “so‘” (“sü”) bo‘lib, “Devonu lug‘otit-turk”da: “سُو so‘ – askar”, deb izohlangan. “Devon”da keltirilgan: “So‘ kӭldi jӭr japa...” – ya’ni, “yer yuzini qoplab (yopib) lashkar keldi...” misolidan “so‘” – ham “alohida askar”, ham “lashkar” ma’nosida ishlatilgani anglashiladi. Bilga xoqon toshbitigidagi: “їlki sü tašїqmiš ẹrti” (“oldindagi ilg‘or harbiy qism qo‘shindan oldinga ajralib chiqdi”), jumlasida “so‘” – “qo‘shin” (“voysko”) ma’nosida kelgan.

Xullas, “armiya” so‘zi “cherik”, “lashkar”, “sipoh”, “qo‘shin”ga nisbatan biroz kengroq ma’noga ega, ko‘pgina mamlakatlarda davlat rahbari ham “bosh qo‘mondon” sifatida armiyaga doxil hisoblanadi, shu nuqtai nazardan, “armiya”ga “o‘rdu” so‘zi ko‘proq muvofiq keladi. Qolaversa, turk va ozarboyjon qardoshlarimiz tomonidan bu so‘z muvaffaqiyatli istifoda etilayotgan ekan, ularga yaqinlashish, umumturkiy merosga vorislik ma’nosida ham bu so‘zni qo‘llash muhim va shu sababdan ushbu maqolada biz “o‘rdu” so‘zini “armiya” o‘rnida qo‘llamoqdamiz.

 

“So‘”ning ikkinchi umri

“So‘”ning Kul tigin, Bilga xoqon kabi VII asr yodgorliklarida darj etilgani bu so‘zning juda qadimiyligidan dalolat beradi. XI asr yodgorligi – Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida ham “so‘”ni ko‘p uchratamiz. Xususan, “lashkarboshi” ma’nosida “Qutadg‘u bilig”da “sү bashchыsы”, “sү bashlar”, “isfahsalar” (“sipohsolor”) so‘zlari qo‘llanilgan. XIV asr shoiri Qutb Xorazmiy zamonida ham bu so‘z faol iste’molda bo‘lgan. Mana, Qutbning “Xusrav va Shirin” dostonidan “so‘”ga bir misol: “Hazimat boldi Rum sultani so‘si” (“Rum sultonining lashkari qochdi”).

“So‘” so‘zi bugun ham Turk o‘rdusida “ofiser” ma’nosidagi “subay” (“su+bay”) atamasida yashab kelmoqda. Bu atamaning ikkinchi bo‘lagi: “bay” – tilimizdagi “bek”, “bey” so‘zidir. Ya’ni, “subay”ning lug‘aviy ma’nosi: “so‘ begi askarlarning boshlig‘i”, demakdir. “Subay” (so‘ begi) “Qutadg‘u bilig”da zikr etilgan “sү bashchыsы” kalimasining usmonli turkcha ko‘rinishi, deyish mumkin.

Ayni paytda, Turk qurolli kuchlarida “subay”dan boshqa atamalar ham yasalgan: 1. Astsubaylar (ya’ni, ost so‘beylar) – kursantlar; 2. Subaylar – kichik ofitserlar tarkibi; 3. Üstsubaylar (ya’ni, ust so‘beylar) – katta ofitserlar tarkibi. Ko‘rinib turibdiki, turk qardoshlarimiz mingyilliklarni bosib o‘tgan “so‘” so‘zini bu o‘ta eski so‘z, ovro‘pocha “ofitser” so‘ziga munosib emas demagan, balki unga yangicha ma’no yuklab, qayta hayot baxsh etgan.

Ko‘pgina mamlakatlarda kuch ishlatar va boshqa hukumat tizimlarida doimiy xizmat qiluvchi rasmiy xodimlarga nisbatan “ofitser” (L>fr. Officier) deyiladi. Mustaqillikdan keyin O‘zbekistonda “ofitser” ma’nosida “zobit” so‘zi qo‘llanila boshladi. Asli arabcha “zobit” (“ضَابِطٌ”) – “ofitser, idora etuvchi, zabt etuvchi” kabi ma’nolarga ega, “zobita” esa – “tartib, qoida, tizim”, ayni paytda, arab tilida “zobita” – “politsiya” hamdir. Ya’ni, “zobit”ning lug‘aviy ma’nosi ovro‘pocha “ofitser”ga to‘la mos keladi. Navoiy ham bu so‘zni “sipahdor zobit”, ya’ni “boshqaruvchi”, “qo‘shin boshlig‘i” ma’nosida qo‘llagan. Aslida, “zobit” mustaqillikdan oldin ham tilimizda “ofitser”ning ma’nodoshi sifatida ishlatilgan, 1981-yili chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham bu so‘z “ofitser” deb izohlangan va ushbu misol keltirilgan: “Buni menga bir turk zobiti o‘rgatgan edi. A.Qahhor, Sarob”. Qolaversa, Ozarboyjon qardoshlarimiz ham “ofitser” o‘rnida “zobit”ni qo‘llaydi. “Zobit” haqida batafsilroq to‘xtalishimiz boisi – so‘nggi yillarda O‘zbekiston rasmiy hujjatlarida “zobit” emas, “ofitser” ko‘proq ko‘zga tashlanyapti, yana “zobit”dan kechib “ofitser”ga qaytilayotganday. Bu esa hali ham ayni borada bir to‘xtamga kelinmaganidan darak beradi.

 

Serjantmi yo chovush?

Bugungi O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlarida eng quyi komandirlar tarkibi – serjantlar tarkibi bo‘lib, kichik serjant, serjant va katta serjant darajalariga bo‘linadi. Vaholanki, Turk va Ozarboyjon qurolli kuchlarida “serjant” o‘rnida sof turkcha “chovush” (“çavuş”) ishlatiladi. Bu qadim turkiy so‘zga bobomiz Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da shunday izoh beradi: “chawush – jangda saflarni tuzatuvchi, dam olish vaqtida askarni zulm qilishdan saqlovchi boshli”. “Chovush” so‘zini Navoiy asarlarida ham uchratamiz. “Saddi Iskandariy”dan bir bayt:

 

“Rikobingda chovush o‘lub Jabrail,

Bu ma’nig‘a me’roj shomi dalil”.

 

“Navoiy asarlari lug‘ati”da: “chovush – 1. Hudaychi (arzga kelgan kishilarni shohga ro‘para qiluvchi va kuzatuvchi amaldor); 2. Eshik og‘osi; 3. Xizmatkor, navkar”, deb izohlangan. Qardoshlarimiz hamon asrab kelayotgan bu so‘zni biz negadir unutganmiz. Aslida, fransuzcha “serjant” (“sergent”) ham “chovush” singari “kichik harbiy xizmatchi” ma’nosini bildiradi (“être au service de...” – “... xizmatda bo‘lish”. O‘ylaymizki, biz ham fransuzcha “serjant” o‘rnida qardoshlarimiz singari sof turkcha “chovush”ni qo‘llasak, tilimizni bir chet so‘zdan tozalash bilan birga bobolarimiz Qoshg‘ariy va Navoiylarning hurmatlarini ham bajo keltirgan bo‘larmidik. “Serjantlar tarkibi” emas, “chovushlar tarkibi” desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

 

Eski atamalar va yangi ma’nolar

Atoqli olim Bo‘riboy Ahmedov o‘zining “Sohibqiron Temur” kitobida yozadi: “Temur va Temuriylar qo‘shini jangovar tuzilishi jihatdan O‘g‘uzxon va Chingizxon qo‘shiniga o‘xshash edi. U otliq va piyoda qismlardan iborat bo‘lib, o‘nlik, yuzlik, minglik va tumanlarga bo‘lingan. Lashkar faqat harbiy yurishlar oldidan to‘plangan”.

Mazkur iqtibosda O‘g‘uzxon nomi ham tilga olingan. O‘g‘uzxonni kimdir mif, kimdir tarixiy shaxs deb biladi. Gap bu yerda O‘g‘uzxon haqda emas, balki ko‘pgina harbiy an’analar ildizi olis o‘tmishga borib taqalishi haqida. Ammo o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan aksariyat harbiy tartib-qoidalar tamal toshi Chingizxon tomonidan qo‘yilganligini e’tirof etish kerak.

Barcha ko‘chmanchi imperiyalarda bo‘lgani kabi Chingizxon davrida ham aholi va o‘rdu (armiya) bitta tushuncha edi. Tinchlik paytida aholi chorva yoki ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanib, urush paytida cherikka aylangan. Chingizxon o‘ziga bo‘ysungan urug‘ va qabilalar, uluslarning urush paytida tezda yasolda o‘z o‘rinlarini egallashlari uchun ularni o‘nlik, yuzlik, minglik va tumanlarga bo‘lib chiqqan (mo‘g‘ulcha: aravt – o‘nlik, arvan sereg – o‘n cherik; zuut – yuzlik; myangat – minglik; tүmt –tuman, o‘n ming).

O‘nlik (arvan) – rus armiyasidagi “vzvod”ga muvofiq keladi, o‘nlik tarkibiga cherikka o‘n navkar bera oladigan bir oila yoki qarindoshlardan iborat bir necha oila to‘pi kirgan. Tinchlik paytida ular o‘z yumushlari, chorvasi bilan mashg‘ul bo‘lishgan, urush paytida o‘nboshi (arvan) boshchiligida yasoldagi o‘z o‘rnini egallagan.

O‘nta o‘nlik bir yuzlikka (zuut) birlashgan va ularga boshliq – bir yuzboshi (zuun, zuutыn noyon) tayinlangan. O‘z navbatida o‘n yuzlik bir minglikka (myangat) birlashgan va ularga bir mingboshi (myangan, myangatыn noyon) tayinlangan. Mingliklar esa tumanlarga birlashgan. Bu atamalar Chig‘atoy ulusi va Juchi ulusi (Oltin O‘rda)da o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi, tumanboshi yoki tumanbegi shakllarini oladi. Chingizxon o‘rnatgan bu tartibga temuriylar, boburiylar va boshqalar ham amal qildilar.

Temur o‘rdusida ham o‘nboshi (aylboshi), yuzboshi (qo‘shinboshi), ming boshi (amiri hazora), tumanbegi (tuman og‘a), beklarbegi, amirul-umaro va boshqa harbiy lavozimlar bo‘lganligi ma’lum. Bu atamalarning hammasi hozirgi kunda tilimizdagi arxaik so‘zlarga aylangan. Ularga tarixiy asarlarda duch kelamiz, xolos.

Ammo Turk qurolli kuchlarida bu atamalarning ba’zilari hamon yashab kelmoqda. Xususan, “o‘nboshi” (“onbaşı”) harbiy rutbasi hozir ham Turk qurolli kuchlarida mavjud bo‘lib, bizdagi “kichik serjant” yoki ko‘pgina ovro‘po mamlakatlaridagi “kapral” unvoniga to‘g‘ri keladi.

“Yuzboshi” (“yüzbaşı”) – hozirgi Turk o‘rdusida “kapitan” (fr. “capitaine”) o‘rnida ishlatiladi. O‘zbekiston qurolli kuchlarida kichik ofitserlar tarkibi: “leytenant”, “katta leytenant” va “kapitan” rutbalarini o‘z ichiga oladi. Agar asli fransuzcha bo‘lgan mazkur harbiy atamalarning lug‘aviy ma’nosiga e’tibor qilsak, hech qanday murakkablik yo‘q. Aytaylik, fransuzcha: “capitaine” – lotincha “caput”, ya’ni “bosh” so‘zidan yasalgan bo‘lib, “boshliq” degan ma’no bildiradi. “Leytenant” (“lieutenant”) esa – fransuzcha: “lieu” – “o‘rin”, “tenant” – “oluvchi, egallovchi” so‘zlaridan yasalgan va “o‘rinbosar, noib” demakdir. Ya’ni, kapitan bu – boshliq, leytenant esa uning o‘rinbosari, noibi. “Leytenant” deganda biz “o‘rinbosar” so‘zini boshqa tilda aytamiz, xolos. Turk qurolli kuchlarida “leytenant” rutbasi uchun ham sof turkcha atamalar qabul qilingan:

 

1. Asteğmen – kichik o‘rinbosar – kichik leytenant;

2. Teğmen – o‘rinbosar – leytenant;

3. Üsteğmen – katta o‘rinbosar – katta leytenant;

4. Yüzbaşı – yuzboshi – kapitan.

 

“Temur tuzuklari” Temur o‘rdusidagi harbiy rutbalar haqida ma’lumot beruvchi muhim manbadir. Xususan, “Amirlik va hukmdorlik tuzugi”da Temur 313 xos navkariga amirlik mansabi berib, ularning har biriga o‘rinbosar tayinlaganligi aytiladi va nima sababdan noib tayinlanishiga tushuntirish ham beriladi: “Agar amirlardan birortasi vafot etsa, u holda o‘rinbosar uning o‘rniga o‘tiradi va uni “amirlikka nomzod” (muntazir ul-amorat) deb ataydilar”.

Shuningdek, bugungi Turk qurolli kuchlarida “mingboshi” (“binbaşı”) rutbasi ham mavjud bo‘lib, u ovro‘po mamlakatlaridagi “mayor” ( “major”) unvoni o‘rnida ishlatiladi. Turk qurolli kuchlaridagi bu sof turkcha unvonlar, ayni paytda, NATOda o‘z kodlariga ega.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//