– Necha o‘n yildirki, til, imlo, til ta’limiga oid bahs-munozaralar tinmaydi. Davlat qaror-u farmonlar chiqarib, mablag‘ ajratyapti, olim-u tadqiqotchilar ilmiy ish yozayotir, katta-kichik anjumanlar o‘tkazilyapti, sohaga doir har turli kitoblar keragidan ortiqdek, jo‘yali takliflar ham istagancha topiladi. Lekin natija... Bizda masala hozir o‘zbek tilini saqlab qolish emas – mamlakat ichidagi mavqeini ko‘tarish, tashqarida esa dunyo e’tiboridagi tillardan biriga aylantirish bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Shu manzarada tilshunos olim, millat oydini sifatida Sizga o‘nlab savollar bergisi keladi kishining. Til muammolari XXI asr odamining hayotida nechog‘li ahamiyatga ega? Taraqqiyot zamonida aksar xalqlarning kun tartibidan allaqachon tushib ketgan muammolarga bandi bo‘lib qolmayapmizmi? Til masalalari yechimini kengroq ko‘lamda izlash – qudratli iqtisodiyot va harbiyot, muhim ilmiy kashfiyotlar, xalqaro darajadagi ishbilarmonlik orqali uning nufuzini oshirishga kuch berish, o‘zgalar tilimizni zaruriy ehtiyoj tufayli o‘rganishi, hurmatlashiga erishish kerakmikan?..
– Til, unga doxil alifbo-imlo va ta’lim masalasi biz uchun og‘riqli ekani haq-rost. Aslida til muammolari bizning asrimizda har bir inson uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega. Bugungi global dunyoda bir necha tilda samarali muloqot qila olish fazilatga aylandi, til bilgan kishi biznes, kasb-u kor va ijtimoiy munosabatlarda talay ustunliklarga ega. U turli mamlakat va madaniyat vakillari bilan erkin muloqot qila oladi, dunyoqarashini kengaytiradi va yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.
To‘g‘ri, ayrim rivojlangan mamlakatlarda til muammolari allaqachon hal etilgan, biroq rivojlanayotgan mamlakatlarda u hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Umuman olganda, til muammosi – taraqqiyot darajasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Tariximizga nazar solsak, til masalasi qoraxoniylar, temuriylar, shuningdek, jadidlar davrida alohida ahamiyat kasb etganiga amin bo‘lamiz. Bu – zamon burilishlari, ko‘tarilishlar, ma’naviy evrilishlar bilan hamohang kechgan. Shuning uchun ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ushbu masala yana kun tartibiga chiqdi.
Davlat tili muammosi siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, huquqiy, falsafiy, tarixiy, madaniy, ma’naviy, tashviqiy hodisaki, unga biryoqlama yoki tor fokusdan qarash maqsad yo‘lida to‘siq bo‘ladi. Deylik, uning mamlakat miqyosida ijtimoiylashuvi muammosini olaylik. Albatta, boshqalarni davlat tilini o‘rganish va hurmat qilishga majburlab bo‘lmaydi. Til odamlar uchun, avvalo, jozibali va manfaatli bo‘lishi kerak, shunda uni ixtiyoriy o‘rganadilar. Jozibador til muhitini yaratmoq yo‘lida, Siz qayd etganingizdek, iqtisodiyot, ilmiy kashfiyotlar, ta’lim samaradorligini oshirish va xalqaro biznes kuchidan foydalanish kerak.
Davlat tilining ijtimoiylashuvi uchun: 1) madaniyat, san’at va adabiyotni targ‘ib qilish, festivallar va ko‘rgazmalar o‘tkazish, xalqaro auditoriyani jalb etadigan anjumanlar tashkil etish; 2) til ta’limining zamonaviy talablarga javob beradigan va so‘zlashuvchilarga qulay dasturlarini yaratish; 3) tilni kundalik hayotda o‘rganish va undan foydalanishga yordam beradigan ko‘p tilli platforma va ilovalarni ishlab chiqish; 4) tarjima va lingvistik xizmatlarni rivojlantirish, rasmiy va ilmiy materiallarning yuqori sifatli tarjimasiga erishish; 5) tilni muhim muloqot manbai sifatida targ‘ib qilish maqsadida xalqaro anjumanlarda faol qatnashish; 6) qonuniy asoslarni kuchaytirish hamda ularning tizimli ijrosini kafolatlash lozim.
Biz hozir faqat qonuniy asoslarga urg‘u berish, uni talab qilishga odatlanib qoldik. Ilmiy, ta’limiy masalalarga e’tibor esa ko‘ngildagidek emas: imlo va talaffuz me’yorlari bo‘yicha tadqiqotlar deyarli yo‘q. Tilimizning faqat yozma me’yorlari o‘rganilgan, jonli og‘zaki nutq esa tuzuk-quruq tadqiq etilmagan. Bu, ayniqsa, o‘zbek tilini xorijliklarga, adabiy tildan yiroqroq sheva vakillariga o‘rgatishda muammo tug‘dirmoqda. Tilshunoslikda kosmopolitizmdan voz kechib, fanni hayotga, jamiyat ehtiyojlariga yaqinlashtirish kerak. Masalan, kompyuterda o‘zbek tilida harf terayotgan kishi xatolarini “To‘g‘ri yozish” funksiyasi asosida tuzata olsa, qo‘rqmasdan yozadi. Shuning o‘zi o‘zbek tili jozibadorligining bir namunasi emasmi? Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Aslida, til me’yorlarini xorijiy til sifatida o‘rganganlar ko‘proq saqlab qoladi. Bugun keng ommalashgan ingliz tilining ilmiy me’yorlariga, asosan, uni xorijiy til sifatida o‘rganuvchilar rioya etadi. Chunki ular tilni darslik va qo‘llanmalar asosida o‘rgangan. Ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rganuvchi va so‘zlashuvchilar uning asl sohiblaridan ko‘p. Ko‘pchilik esa ozchilikka, odatda, kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda tilimizni xorijiy til sifatida o‘rganadiganlar uchun qulay o‘quv-metodik vositalar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish kerak.
– Shogirdlaringiz bilan birga o‘zbek tilining korpus lingvistikasini shakllantirish, uni internet tiliga aylantirish borasida ilmiy izlanishlar olib boryapsiz. Tilshunoslikka oid zamonaviy ilg‘or konsepsiyalar hamda tadqiqotlaringiz mohiyati, ularning nafaqat ma’naviy, balki iqtisodiy manfaatlari xususida ham so‘zlab bersangiz.
– Til korpuslari – bugungi tilshunoslikning katta yutug‘i. Tilga e’tibor uning korpusiga e’tibor, til nufuzi uning korpusi nufuzi bilan belgilanadigan zamon bo‘lib qoldi. Jahonda bu borada shunday katta hajmdagi ishlar qilinyaptiki, aqlingiz shoshadi. Milliard-milliard so‘zlarni qamragan bir tilli, ko‘p tilli, hatto global korpuslar yaratilyapti.
Zamonaviy axborot texnologiyalari tilning funksional imkoniyatlaridan foydalanishga kuchli dastak berdi. Kompyuter tarjimasi, avtomatik tahrir va tahlil, yozma matnni ovozlashtiruvchi nutq sintezatorlari, og‘zaki nutqni yozma matnga aylantiruvchi dasturlar, elektron lug‘atlar, lingvistik mobil ilovalar, tezauruslar (til xazinasi), til ontologiyasi... Ayniqsa, zamonaviy elektron lug‘atlar tuzish va undan foydalanish madaniyatini shakllantirish til imkoniyatini egallashda samaradordir. Bu borada dunyo miqyosida tez sur’atlarda yaratilayotgan til korpuslarining ham roli beqiyos.
Til korpuslari – til bo‘yicha tadqiqot va amaliy topshiriqlar yechimi uchun zarur ish quroli. U oddiy elektron kutubxonadan farqlanadi. Elektron kutubxonada xalqning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy, iqtisodiy hayotini aks ettiruvchi badiiy va publitsistik asarlar jamlanadi. Elektron kutubxona matnlari til nuqtai nazaridan ishlov berilmagani sababli tadqiqotlar uchun noqulaylik tug‘diradi. Chunki elektron kutubxona ilmiy tadqiqot materiali bazasini tayyorlash emas, balki milliy-ma’naviy merosni to‘plash maqsadida tuziladi. Til korpusi esa elektron kutubxonadan farqli o‘laroq, tilni o‘rganish va tadqiq etish uchun zarur, foydali va qiziqarli matnlarni yig‘ishni nazarda tutadi.
O‘zbek tili korpuslarini yaratish borasida davlatimizning metodologik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari qabul qilingan. Biz o‘shalarga tayanib ish olib boryapmiz.
Milliy til korpusi – elektron qidiruv imkoniyatiga ega tizim, tabiiy tilning raqamlashgan yozma va og‘zaki matnlari jamlanmasi. Tilni tadqiq etish (til birligining o‘zgarishi, eskirishi, yangilarining paydo bo‘lishi, ma’nosining kengayishi va torayishini kuzatish), an’anaviy va zamonaviy lug‘atlar tuzishda uning imkoniyati nihoyatda katta. Milliy korpusni milliy til xazinasi desak ham bo‘ladi. Bunda milliy so‘zi nafaqat tilning, balki korpus tuzilishi va tarkibining ham o‘ziga xosligini anglatadi. Uning boshqa til korpuslaridan farqi ta’limiy korpus, mualliflik, poetik matnlar, ilmiy va rasmiy matnlar, og‘zaki matnlar, badiiy matnlar va gazetalar hamda dialektlar korpusi kabi ichki korpuslarni o‘z tarkibiga qamrab olganida. Shu bois uni yaratishda jamoaviy faoliyat muhim.
O‘zbek tili milliy korpusi hozirda korpus interfeysi, qidiruv tizimi, 75 millionga yaqin so‘zshakl, 1 milliondan ortiq matnlar bazasi va 15 elektron lug‘at manbasidan iborat.
2020-yilda “O‘zbek tilining fe’l shakllari lug‘ati” yaratilgani katta yutuq bo‘ldi. Mazkur lug‘at tarjima, imloviy tekshiruv, morfologik avtomatik analizator va boshqa kompyuter dasturlari yaratishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi. O‘zbek tili morfologik tizimining o‘ta murakkabligi va morfologik shakllar miqdori juda ko‘pligi sabab grammatik lug‘atlar tuzilmagan edi. An’anaviy kartochka usulida bunday dalillarni to‘plash va tartiblashga bir odamning umri yetmaydi.
Darhaqiqat, o‘zbek tilida so‘zlarning morfologik shakllari tizimi murakkab. Ayniqsa, fe’l so‘z turkumi shakllari alohida ahamiyatga ega. Olim Abdumajid Po‘latov “Dunyoviy o‘zbek tili” kitobida bunday yozadi: “O‘zbek tili grammatikasi to‘liq o‘rganilmagan, ilmiy istilohda aytsak, sistemlashtirilmagan. Masalan, o‘zbek tilida birgina ishlamoq fe’lining shakllari taxminan 100 mingdan oshadi, ingliz tilida esa taxminan 150 tagina shakli mavjud, xolos”. Bizning mutaxassislarimiz tuzgan lug‘atda esa bir fe’l 1 milliondan ortiq shaklga egaligi ta’kidlangan. Ko‘rinadiki, o‘zbek tilidagi morfologik shakllar boshqa tillardan boy imkoniyati, kombinatsiyalarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
– Singarmonizm masalasi ham bahsli. O‘qigandirsiz, “Tafakkur”ning o‘tgan sonida shu haqda maqola e’lon qilindi. Bilishimcha, singarmonizm – talaffuz bilan bog‘liq hodisa va u talaffuzimizda hozir ham bor. Demak, o‘zbek tili singarmonizmdan mahrum etildi deyishga asos yo‘qdek, bahslarimiz esa uni yozuvda aks ettirishga qaratilgan bo‘lib chiqadi...
– O‘qidim, o‘qiganda ham juda sinchiklab o‘qidim. Haqiqatan ham dolzarb masala bu. Xudoyberdi Doniyorov xalq shevalari, fonetika, singarmonizm bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lganlar. U kishidan qolgan noyob merosdan unumli foydalanishimiz kerak. Muallif Murtazo Qarshiboy ustozning qarashlarini daqiqlik bilan sharhlabdi. Ilmiy merosga ana shunday munosabatda bo‘lishni o‘rganmog‘imiz lozim.
Tillar tovushlar tizimi va grammatikasining boyligi/kambag‘alligi, so‘zlari, ayniqsa, sinonimlarining miqdori bilan baholanadi. Chunki tovushlarning ko‘pligi nutqni ohangdor, grammatik qo‘shimchalar va sinonimlarning ko‘pligi esa tilni mazmundor va noziktabiatli qiladi. Ayniqsa, unli tovushlar qancha ko‘p bo‘lsa, til shunchalik tarovatli bo‘ladi. Turkiy tillarning barchasida (o‘zbek tilidan tashqari) unli tovushlar soni 8 tadan 14-15 tagacha ekani e’tirof etiladi. Turk va qirg‘iz tilida 8, ozar tilida 9, turkman tilida 10, qozoq tilida 12 ta unli tovush va alifboda shuncha unli harf bor. O‘zbek adabiy tili, ulardan farqli o‘laroq, 6 unlidan iborat til sanaladi. Bu borada u boshqa turkiy tillardan bir qarashda kambag‘alroqdek. Aslida ham shundaymi? Nega tilimizning unli tovushlari va shunga muvofiq harflar soni boshqalarnikidan kam?
Adabiy yodnomalar, ilmiy asarlar, lug‘atlar orqali unlilar bo‘yicha aniq xulosa qilib bo‘lmaydi, chunki badiiy, ilmiy asarlar tili umumxalq tili emas. Ma’lum bir davrdagi unlilarni o‘rganish uchun xalq jonli tili bilan tanishish kerak. Afsuski, tarixiy fonetikada buning iloji yo‘q. Shuning uchun qilinayotgan xulosalar taxminga, hozirgi sheva materiallarini o‘rganish hamda qardosh turkiy tillar fonetikasi bilan qiyoslashga asoslangan.
Tilimizga yaqin bo‘lmagan arab tiliga xos aruz vaznidagi asarlar turkiy tillarning tub xususiyatini aks ettira olmaydi. Bunda Abdurauf Fitratning qarashlari e’tiborli. O‘zbek tilining fonetik qurilishi arab tilinikidan tubdan farq qiladi. Aruzda ijod etgan turkiygo‘y shoirlar, Fitrat ta’biricha, “ikki turli ishga majbur”: vaznni tugal qilish uchun shoir arabiy va forsiy so‘zlarni me’yordan ortiq qo‘llaydi. Bu esa oxir-oqibat o‘zbek tilini o‘zga tillar asoratiga solib qo‘yadi. Ikkinchisi shuki, vazn talabi bilan “turkcha so‘zlarning gavdasini buzish”ga majbur bo‘lganlar va bu, Fitrat aytganidek, kulgili holatni yuzaga keltirgan: “Aruzning eng ohangli, eng o‘ynoqi bir vaznida yozilg‘an turkcha bir she’rni qishloqda yashag‘an, o‘z tilining ohangini buzmag‘an bir turkka o‘qutsangiz-u, tinglag‘ani she’rda turkcha so‘zlarning cho‘zulub, tuzatib bemaza etilib aytilg‘anini eshitgach, albatta, kuladir-da, tinglag‘ani she’rning bir turk og‘zidan chiqmag‘aniga hukm qiladir”.
Qadimgi turkiy, eski turkiy va eski o‘zbek tillarida unlilar uyg‘unlashuvi (singarmonizm) qonuniyati to‘liq amalda bo‘lgan. Yaqin tarixda ham unlilar miqdori boshqa turkiy tillardagi kabi 8-9 ta bo‘lgan. Singarmonizm hatto ma’no farqlash vazifasini bajargan.
Fonetika – tilning eng kam o‘zgaradigan sohasi. Juz’iy o‘zgarishlar ham ming yillarni talab qiladi. Bu esa tilimizning hozirgi holati haqida xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Ya’ni yaqin 100 yil oldin tilimizda mavjud bo‘lgan singarmonizm qisqa vaqt ichida arxaiklashishi mumkin emas. Texnika rivojlangan bugungi sharoitda eksperimental fonetika bo‘yicha tadqiqotlar olib borish hech ham muammo emas. X.Doniyorov kabi olimlarimizning xulosalarini kompyuter texnologiyalari vositasida aniq dalillash imkoniyatiga egamiz. Tadqiqotlar asosida o‘zbek tilining to‘liq fonetika atlasini yaratish lozim. Bunga faqat ozgina rag‘bat va moliyaviy ko‘mak kerak, xolos. Alifbo bo‘yicha bugungi munozaralarning ham, kelishmovchiliklarning ham bosh sababi – ilmiy asosning yetishmasligi.
Shu o‘rinda alifbo haqida ham fikrimni aytib o‘tsam. Alifbo tilning fonetik mohiyatini to‘liq qamrab olishi kerak. Zotan, u talaffuzning ham milliyligini ta’minlaydi. Kecha Facebookda dog‘istonlik xonandaning o‘zbekcha qo‘shig‘ini tingladim. Ayricha muhabbat, mahorat bilan kuylabdi. Ammo sochlarimni o‘raman degan birikmadagi o‘rmoq so‘zini qalin “o‘” bilan aytibdi. Natijada bu so‘z beda o‘rmoq birikmasidagi o‘rmoqdek talaffuz qilingan. Holbuki, “soch o‘rmoq”da “o‘” ingichka (turk tilidagi ö kabi) va “beda o‘rmoq”da qalin (turk tilidagi o kabi). Bunday noto‘g‘ri talaffuz alifbo bilan bog‘liq. Agar alifbomizda ingichka “o‘” uchun maxsus harf bo‘lganda edi, dog‘istonlik qiz ham so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilgan bo‘lur edi.
Ko‘ryapsizmi, alifboda milliylik to‘liq aks etmasa, talaffuz milliylikdan va pirovardida til milliy koloritdan begonalashib boradi. Sirasi, alifbo, imlo, talaffuz, alifbo va imlo ta’limi bo‘yicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlar olib borilishi zarur va bu ish davlatning jiddiy ta’minoti va nazoratida bo‘lmog‘i lozim.
– Abdulla Qahhor “Bo‘rining tishiga sera kislotasining ta’siri” qabilidagi ilmiy ishlarning keragi yo‘q deb hisoblaydi. “Ilmiy asarning ilmiy asar bo‘lishi uchun olimning mehnati, kitobxonning maroq bilan o‘qishigina kifoya qilmaydi. Ma’lumki, ilm qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin biron haqiqatni tasdiqlar ekan, bundan kishilarning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan bir xulosa chiqarishni ko‘zda tutadi... Zotan, ilm ehtiyojdan tug‘iladi emasmi?” deydi u. Siz ham bir maqolangizda “Najot – amaliy ahamiyatli, maqsadli ilmda. Boshqa yo‘l yo‘q. Aks holda, quruq, balandparvoz va samarasiz minbar gaplari bilan umrimiz o‘taveradi” deb yozgansiz. Achchiq haqiqat shuki, ilm-u fanimizda poyga, son ketidan quvish, plagiatdan xalos bo‘la olmayotirmiz, diplom olish uchungina yozilgan samarasiz tadqiqotlar ko‘p. Turmushimiz ham sanog‘i osmon qadar dissertatsiyalarimizdagi “ilmiy yangiliklar” tufayli jannatga aylanib ketgani yo‘q... Ilm-fan sohasiga javobgar bo‘lsangiz, qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Yana bir jarohatdan so‘z ochdingiz. Men tilshunoslikka amaliy tus berish haqida ko‘p yozganman. Siz o‘shalardan biriga ishora qilyapsiz. Tilshunoslikka oid tadqiqotlar muzey eksponati kabi javonlarda qolib ketsa, uning nima keragi bor?! Qarashlarimni o‘zimizning soha misolida bayon qilsam.
Bugungi an’anaviy filologiya tadqiqotlari asosan amaliy ahamiyatsiz, ijtimoiy-iqtisodiy samaradan xoli, faqat “Fan – fan uchun”, “Fan – ilmiy daraja va unvonlar uchun”, “Fan – ko‘ngil zavqi uchun” kabi tamoyillarga asoslanmoqdaki, buni inqiroz deyish mumkin. Bu – filologiya doirasidagi davlat grantiga da’vogar istalgan mavzudagi loyihani, himoyaga qo‘yilgan har qanday dissertatsiyani, dolzarbligidan qat’i nazar, o‘zaro shaxsiy yoki boshqa munosabat asosida to‘liq ma’qullash yoki osongina rad etish mumkinligida ko‘zga tashlanadi. Filologiyada ilmiy yangiliklar emas, shaxslar va shaxsiy munosabatlar muhim rol o‘ynayotir. Mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda-ku-ya, ammo til-adabiyot sohasida burgutlarga chumchuq, kitlarga baliq sifatida munosabatda bo‘lish, pashshaga fil, sirtlonga esa sher tusini berish tendensiyasi kuchaymoqda. Bunday xavfli holat, ayniqsa, baholash mezonlari murakkab bo‘lgan ijtimoiy fanlarda ko‘zga yaqqol tashlanayotir. Bu ketishda biz fanda arzirli bir ish qilmaganlarni avliyo darajasiga ko‘taramiz, yetuk olimlar esa soyada qoladi, olim va ilmning qadri tushib ketadi. Suv keltirgan xor-u zor bo‘lib, ko‘za sindirganning to‘rga o‘tishi insofdan ham, adolatdan ham emas, albatta.
Sobiq sho‘ro tuzumi davrida filologiya bo‘yicha ilmiy ishlar tadqiqotchilarning tashabbusi bilan, asosan, ilmiy daraja olish maqsadida olib borilar, soha xarajatlari aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablag‘ hisobidan qoplanar edi. Maqsadli talab va taklif munosabatiga e’tibor qaratmaydigan “sotsialistik” filologiya fani to‘la-to‘kis inqirozga yuz tutdi. Aniqrog‘i, almisoqdan qolgan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish ko‘rayotgan, natijalari jonsiz va tatbiqsiz filologiya fani to‘liq boqim sohaga aylanib qoldi. Dissertatsiyalarga OAK tomonidan bildirilayotgan asosiy va haqli e’tiroz ham natijalarning amaliyotga tatbiq etilmagani, aniqrog‘i, tatbiq etib bo‘lmasligidir. Demak, yo tadqiqotlardan butkul voz kechish, yo davr talablariga mos izlanishlar olib borish zarur.
Bozor iqtisodiyoti filologiyaning aniq maqsadli, iqtisodiy foyda ham keltiradigan yo‘nalishlari rivojini qattiq taqozo qilmoqda. Bunda, birinchidan, tegishli soha mutasaddilari yordamida filologik tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalar aniqlanib, muammolar bankini yaratish, ularni tasniflash va ilmiy ish bajaruvchi tashkilot-korxonalarga yuborish lozim. Albatta, ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalarning ko‘magi zarur. Ular fundamental, innovatsion, amaliy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqadi, amaliy xizmatlarini taklif etadi. Yangi asrda faqat hayotiy-amaliy tatbiqqa ega va iste’molchilarga ijtimoiy-iqtisodiy samaraga yo‘l ochadigan filologiyagina yashashga haqli!
– Mehnat faoliyatingiz asosan oliy ta’lim bilan bog‘liq. Ikki-uch yil oldin shu sohaga oid takliflar bilan chiqib, “Ortiqcha qog‘ozbozlikdan qutulib, raqamli boshqaruv tizimini takomillashtirish kerak” degan edingiz. Men ham ta’limning turli bo‘g‘inlarida ishlab, asosiy e’tibor natijaga – talabaning bilimiga emas, jarayonga – o‘qituvchi faoliyatini tekshirishga qaratilganiga guvoh bo‘lganman. Takliflaringizdan keyin oradan o‘tgan vaqt mobaynida OTM tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Qog‘ozbozlik, byurokratizmdan qutulishning nazariy yo‘l-yo‘riqlari-ku ko‘p, lekin amal-chi?
– Siz bilan avvalgi suhbatlarimizda ham aytganman: men davlat oliy filologik ta’limi mazmunidan hech qoniqmadim, rosti, shu sohada ishlayotganimdan xijolatda yuraman. O‘qitish emas, kun o‘tkazish bu! Ta’lim sifati va jarayoni xarob ahvolda. Modul-kredit tizimiga to‘liq o‘ta olmayapmiz. Shuncha davlat hujjatlari yetmaganday, bu borada ham Prezidentimizning alohida og‘zaki topshiriq berishini kutyapmiz shekilli.
Har bir soha bo‘yicha innovatsion guruh tuzib, xorij tajribasini o‘rganib kelib, o‘quv reja, fan dasturlari va darsliklarni tubdan yangilashimiz kerak. Bizda dars mashg‘ulotlari hamon o‘tgan asrning 70–80-yillari darajasida olib boriladi. OTM o‘qituvchilarining ish haqi oshirilgani yaxshi bo‘ldi, lekin quyi bo‘g‘inda talab kuchaymadi-da. Aslida, ta’lim borasida takliflar tanlovi o‘tkazib, eng ilg‘or g‘oyalarni ommalashtirish kerak.
Bizda talaba bilan yakka tartibda ishlash ham yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, mustaqil ta’lim deganimiz shunga qaratilgan. Mustaqil ta’lim uchun byudjetdan mablag‘ ajratilmaydi, u pedagoglar ish yuklamasiga ham kirmaydi. Shu sabab o‘qituvchiga mustaqil ta’limning umuman qizig‘i yo‘q. Bunda uni ayblab ham bo‘lmaydi. Bu borada aniq takliflarimiz bor: 80 daqiqalik ma’ruza psixologik jihatdan o‘zini oqlamaydi, hozirgi talabaning diqqatini shuncha muddat jalb qilib bo‘lmaydi, demak, uni 50 daqiqaga tushirish kerak. Seminar va amaliy mashg‘ulotlar ham ish bermay qo‘ygan, eskirgan. Ma’ruzadan tejalgan 30 daqiqani, seminar va amaliy mashg‘ulotlarga ajratilgan vaqtni, o‘qituvchiga beriladigan ustama haqni mustaqil ta’limga yo‘naltirish kerak. Chunki ilmiy tadqiqotlar, darajalar, til bilish sertifikatlari uchun berilayotgan ustama har doim ham ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilyapti deb bo‘lmaydi.
Sifat uchun o‘qituvchini mas’ul va javobgar qilish – muammo yechimining tayanch nuqtasi. O‘qituvchi ish staji, diplomi (til bilish darajasi va malaka sertifikati) asosida emas, talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi asosida ish haqi olishi, rag‘batlantirilishi, zarur hollarda esa jazolanishi kerak. Talabaning bilimi tizimli va avtomatik ravishda (qo‘l boshqaruvi asosida emas) mehnatga haq to‘lash, moddiy va ma’naviy rag‘batlarga yagona asos bo‘lishi lozim. Barchasining, shuningdek, bilimni baholashning mustahkam qonuniy asoslari ishlab chiqilishi, ularning aniq ishlashi va ayniqsa nazorati yuritilishi shart.
OTMda yana bir katta muammo bor: kafedralar boshqaruvi. Kafedra mudiri sho‘ro davridan beri ham ilmiy, ham tashkiliy ishlarni boshqarib keladi. Mazkur lavozimga yetakchi olimlar tayinlov/saylov asosida qo‘yilgan. U zamonlarda kafedralarning ishi ta’lim va ilmdangina iborat bo‘lgan. Bugun mudirning faoliyat qamrovi shu qadar kengayib ketganki, kun bo‘yi kafedrada o‘tirib ishlasa ham yumushlarini nihoyasiga yetkaza olmaydi. Rahbariyat uchun esa ilmiy faoliyat, xohlaymizmi-yo‘qmi, ikkinchi darajada. Yetakchi olimni kafedradagi tashkiliy va hujjatbozlik ishlari uchun tanqid qilish, jazolash rahbariyatning o‘ziga ham noqulay. Agar kafedra ishlarini to‘la-to‘kis bajaraman desa, mudir ilmiy faoliyatni yig‘ishtirishiga to‘g‘ri keladi. Lekin kafedradagi yetakchi professor (akademik) mudir lavozimiga tayinlanmasa ham norozi bo‘ladi. Albatta, bunda u o‘zicha haq. Chunki mudirlik olim uchun “muqaddas lavozim” bo‘lib kelgan. Hozirgi holatda tashkiliy (o‘quv jarayonini boshqarish, hujjatlarni tayyorlash, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishini nazorat qilish kabi) ishlar kafedra a’zolarining zimmasiga tushadi. Bu siradagi ishlar lavozim majburiyatiga kirmagani uchun ko‘p hollarda mas’uliyatsizlarcha bajariladi. Bu o‘zimning uzoq yillik kafedra mudiri va professor sifatidagi tajribamdan ma’lum.
Taklifim shuki, mudir lavozimini bekor qilib, o‘rniga tashkiliy-boshqaruv ishlariga mas’ul kafedra menejeri hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan yetakchi professor lavozimini joriy qilish kerak. Menejerlikka tashkilotchi biror xodim tayinlanadi. Yetakchi professor esa jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi, u ilmiy salohiyatni ko‘tarish, grant loyihalarini boshqarish, o‘quv adabiyotlarini yaratish singari vazifalarni bajaradi. Kafedra menejeri rektor tomonidan tayinlanadi. Albatta, o‘z qadrini bilgan har qanday yetakchi olim endi menejerlikka intilmaydi, natijada ularning kuchi “o‘tin yorish”ga sarflanmaydi. Yetakchi professorlik tanlov asosida amalga oshirilishi va lavozim majburiyatlari aniq belgilanishi maqsadga muvofiqdir. Bu OTMlarda ta’limning ham, ilmning ham yuksalishiga xizmat qiladi.
– Yaqinda qiziq bir maqola o‘qib qoldim. Zamonaviy rus adiblaridan biri dunyo bo‘ylab sayohat qilibdi. U uzoq vaqt “Taraqqiyotga olib boradigan asosiy yo‘l – texnologiyalarda” deb yurgan ekan. Lekin Madagaskardagi turmush darajasi buning aksini ko‘rsatibdi. “Taraqqiyot tabiiy resurslarga bog‘liq” degan xulosasini esa olmos va oltin konlariga boy JARning Yohannesburg shahridagi manzara chilparchin qilibdi: naqd markazdagi oynalari sinib ketgan, gaz va suv tarmog‘idan uzilgan 40 qavatli bino, asfaltsiz yo‘llar, bozordagi chirigan mevalar-u Xitoyning sifatsiz mollari, hojatxonaga aylantirilgan lift shaxtalari... Xullas, jinoyatchilik avj olgan bir shahar. “Gap ta’limdadir?” deb o‘ylabdi. Qaydam! Fidel Kastro 1959-yilda Kuba hukumatiga kelishi bilan ta’limga ahamiyat qaratadi. Orol – davlat savodxonlik borasida dunyoning eng boy mamlakatlaridan qolishmaydi: 96 foiz! Byudjetning 10 foizi ta’limga sarflanadi. “Siz buni Kubaga kelishingiz bilan his etasiz, deyarli har bir o‘tkinchi ingliz tilida yaxshigina gaplashadi, har qanday mavzuda bahslashadi... Keyin me’moriy jihatdan muhtasham, lekin deyarli butunlay vayron bo‘lgan binolarga e’tibor berasiz. Ha, demak, bu yerda sivilizatsiya bo‘lgan! Xo‘sh, u nega fatarotga yuz tutdi?” deya savol qo‘yadi yozuvchi. Sayohatchi adibning ayrim bahsli qarashlarini istisno etsak, fikrlaydigan odamni o‘ylatadigan gaplar. Yangi O‘zbekistonning ilg‘or ziyolisi o‘laroq jamiyat va millat taraqqiyotini nimalarda deb bilasiz?
– Chindan... nahotki taraqqiyotga erishishning aniq formulasi bo‘lmasa?.. Men oddiy ziyoli, Yangi O‘zbekiston istiqboli qayg‘usida yashayotgan vatandosh o‘laroq jamiyat va millat taraqqiyotini bir necha jihatda ko‘raman. Ulardan o‘zim muhim sanaydigan ayrimlariga to‘xtalsam.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya – eng birinchi masala. Inson oliy qadriyat deya ulug‘lanadi-yu, lekin uning asl mohiyati bo‘lgan ma’naviy qiyofani shakllantirish muammosi hali umuminsoniy miqyosda tadqiq etilmagan. Milliy ma’naviyat haqida durust gaplar aytilyapti, ammo shaxsni ma’naviy takomillashtirish bo‘yicha deklarativ va populistik amallardan, kosmopolitik yondashuvlardan nariga o‘tilmayapti. Umuman olganda, dunyodagi barcha illat, jinoyat, urush va ijtimoiy-siyosiy, ekologik inqirozlarning ildizini shaxs ma’naviyatidan qidirish, jamiki muammolarning yechimi ana shu nuqtada mujassamligi e’tibordan chetda qoldi. Dunyoda bu masala go‘yo eskirgan, o‘rta asrlarga xos daqqi tushuncha degandek tasavvur shakllanib bo‘ldi. Sirasi, shaxsning ma’naviy dunyosi uning iqtisodiy va moliyaviy o‘pqoniga tushib ketdi. Yangi asr kishisi butun borlig‘i bilan global iqtisodiyot hamda insoniyat uchun yagona hukmdor bo‘lmish bozorning quliga aylanib qoldi. Bu – eng xatarli global muammo!
Men uchun ta’lim va ilm-fan ham ahamiyatli. Boya aytganimdek, har ikki jabhada amaliy natijalarga e’tiborni kuchaytirish kerak. Ijtimoiy-gumanitar fanlar amaliy tatbiqdan kundan-kun uzoqlashib borayotganiga tomoshabin bo‘lmoq noravodir.
Uchinchisi – ekologiya va tabiatni himoya qilish. Mamlakatimiz atrof-muhitni muhofaza etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga faol kirishmog‘i darkor. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida obihayotni tejash, suvga tejamkor mahsulotlar yetishtirish, qisqa muddatda tomchilatib sug‘orishga to‘liq o‘tish lozim. Tomchilatib sug‘orishga o‘tish asosida hozir iste’mol qilinayotgan suv bilan butun O‘zbekistonni bo‘stonga aylantirsak bo‘ladi.
Alqissa, shaxs ma’naviyati, amaliy ilmlar, ta’lim va ekologiya muammolari yechilmas ekan, zohiran taraqqiyot deganimiz botinan tanazzul bo‘lib qolaveradi.
Nodira OFOQ suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Zohiran taraqqiyot, botinan...” suhbati
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Mahliyobonu
22:01 / 10.01.2024
Maqolada zoʻr masala koʻtarilibdi.OTMda ishlayman,shiddat bn rivojlanayotgan davrda bugunning talabasi uchun 80 daqiqalik maʼruza lar ortiqchalik qiladi.Haqiqatdan 50 + 30(mustaqil taʼlim)ga ajratilsa sifat samaradorligi balki oshardi.
Abdullo
21:01 / 09.01.2024
👍👍👍👍👍👍