“Tilim-tilim tilingan tilim”. Atoqli shoir Abdulla Oripovning ushbu mashhur satri she’riyat muxlislariga tanish. Muallif “qalam dehqoni” deb ta’riflagan zahmatkash ustoz – Mirtemir domlaga bag‘ishlangan she’rdan olingan bu misra kishini chuqur o‘yga toldiradi.
Sobiq sovet davridagi hukmron mafkura, g‘irrom til siyosati tufayli tilimiz ko‘plab noyob xususiyatlaridan mahrum bo‘ldi. Ko‘hna turkiy ohanglarni ona tilimizda jonlantirishga uringan ne-ne shoir va adiblarimiz, tilshunos va adabiyotshunos olimlarimiz “panturkizm” – turkparastlik va millatchilikda ayblanib, ommaviy qatag‘on qurboni bo‘lgani ham ma’lum. “Panturkizm”ga qarshi kurash kampaniyasi doirasida alifbomiz bir necha bor o‘zgartirildi; tilimiz, ayniqsa, uning tovushlar tizimi tanib bo‘lmaydigan darajaga kelib qoldi.
Sho‘rocha ikkiyuzlamachi siyosat tufayli o‘zbek tili nomiga turkiy tillar guruhiga mansub deb hisoblansa-da, undagi barcha turkiy unsurlar yo‘qlikka mahkum etildi. Jumladan, o‘zbek adabiy tilini unga azaldan xos bo‘lgan singarmonizmdan judo etib, boshqa turkiy tillardan ajratib qo‘yish maqsad qilingan edi. Ushbu lisoniy xusus og‘zaki nutq va shevalarimizda saqlanib qolganiga qaramasdan, ilmiy manbalarda o‘zbek adabiy tili singarmonizmdan xoli ekani qayd etildi.
Hukmron mafkuraning tazyiq va taqiqlariga qaramasdan, millatning tili va taqdiri haqida chin dildan qayg‘uradigan fidoyi tilshunos olimlar, oz bo‘lsa-da, bor edi. Ana shunday ustozlardan biri ko‘p yillar Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining umumiy tilshunoslik kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan professor, filologiya fanlari doktori Xudoyberdi Doniyorovdir. Rahmatli domlamiz murakkab zamonlarda ham ilmiy maqolalari, zamonaviy o‘zbek adabiy tiliga doir darslik va o‘quv qo‘llanmalarida ona tilimizning noyob imkoniyatlariga alohida urg‘u berardi.
Butun ilmiy faoliyatini qipchoq shevalarining boy lingvistik xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlagan Xudoyberdi Doniyorov o‘zbek tilining singarmonizm bilan bog‘liq noyob jihatlari xalqimizning so‘z boyligi, nutq jarayonida nozik ma’nolarni ifoda etish, ayniqsa, mumtoz she’riyatimizda xalqchillik, ohangdorlik va badiiy-estetik go‘zallikni ta’minlashga asrlar mobaynida xizmat qilib kelganini ta’kidlar edi. “Tilimizdagi unlilar 6 ta emas, 9 ta!” deb uqtirishdan charchamasdi ustoz. Barcha turkiy tillarda bo‘lgani kabi o‘zbek tilida ham “i”, “u” va “o‘” unlilari yo‘g‘on va ingichka muqobillariga ega ekani, lekin kirill yozuvidagi alifbomizda ular bir harf bilan ifodalanib qolganini afsus va nadomat bilan aytardi.
Albatta, domlamizning bu fikrlari teran ilmiy va tarixiy asosga ega bo‘lib, o‘tgan asrning 20-yillarida jadid bobolarimiz boshlab bergan ma’rifatchilik qarashlarining davomi edi. Buyuk alloma Abdurauf Fitratning 1923–1930-yillarda o‘zbek maktablarida o‘qitilgan “Sarf” (o‘zbek tilining birinchi grammatikasi) darsligidagi fikrlarni eslaylik: “Bizning tilimiz yalpi turk tilining keng bir tarmog‘idir. Turk tilida bo‘lg‘an asosiy hollarning bizning tilda bo‘lishi tabiiydir. ...ikkinchi raqam bilan ko‘rsatilgan to‘qquz harf esa unli tovishlardir” (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. IV jild. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2006. 142-bet).
Kitobning “Fonetika” bobida o‘zbek tilida kuchli singarmonizm borligi ta’kidlanib, ingichka – “kelmak” va yo‘g‘on – “barmaq” tarzida yozilishi, shu sababdan “kelmoq” deb yozish xato ekani uqtiriladi (O‘zbek tiliga bor boyligi va go‘zalligini qaytaraylik. “XXI asr” gazetasi, 2021-yil 1-aprel, №13).
Singarmonizm talabi bo‘yicha “kelmak” shakli to‘g‘ri ekanini asrlar davomida “o‘tmoq” – “o‘tmak”, “kulmoq” – “kulmak”, “bilmoq” – “bilmak” tarzida aytib kelingani ham tasdiqlaydi. Alisher Navoiy aynan shu mezonga amal qiladi:
O‘qub o‘tmak, o‘qub o‘tmak shiori,
Qolib yodida safha-safha bori (ta’kidlar bizniki – M.Q.).
(Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi, 2006. 50-bet).
Fitrat bobomiz ta’kidlagan yo‘g‘on – “barmaq”qa misol sifatida esa mana bu iborani keltirish mumkin: “Ilk sen barg‘il (oldin sen bor)” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘ati-t-turk. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017. 31-bet).
Professor X.Doniyorov singarmonizm turkiy tillarda to‘liq saqlanib qolgani, shevalarda amal qilishi, nutqda, ayniqsa, she’riyatda ohangni, polifoniyani kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlab, Erkin Vohidovning mana bu satrlarini ko‘p takrorlar edi:
Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon,
Ul shirin yolg‘onga lekin aldanib qolg‘on yomon,
Umrimiz aldoq jahonda aldanib o‘tgay vale
So‘nggi qiynalg‘on yomondur, so‘nggi qiynalg‘on yomon.
Ozodlik nafasi esib, XX asr boshlaridagi adabiy merosimiz to‘liq tiklana boshlagach, ayon bo‘ldiki, jadidlarda singarmonizm to‘liq saqlanib qolgan ekan. Buni Cho‘lponning “Kishan kiyma, bo‘yin egma Ki, sen ham hur tug‘ilg‘onsen” degan satrlari ham, ilk o‘zbek romanining “O‘tgan kunlar” emas, balki “O‘tkan kunlar” shaklida bo‘lgani ham tasdiqlaydi.
Afsuski, siyosiy-ijtimoiy hayotimizdagi tub burilishlarga qaramasdan, tilshunos olimlarimizning singarmonizmga munosabati o‘zgarmay qolaverdi. Hatto ilmiy manbalarda ham ushbu noyob hodisaning o‘zbek tiliga daxldorligi xususida ehtiyotkorlik bilan so‘z yuritildi. Mana, bir misol: “SINGARMONIZM (yun. syn – birga va harmonia – ohangdoshlik, uyg‘unlik), unlilar garmoniyasi (ohangdoshligi) – asosan, turkiy tillarda, qisman mo‘g‘ul, tungus-manjur, fin-ugor, paleoosiyo tillarida uchraydigan fonetik hodisa; bunda muayyan so‘z shaklining (ham asos, ham affikslarning) barcha unlilari talaffuz (artikulatsiya) jihatdan bir turli: old yo orqa qatorga mansub (tanglay garmoniyasi) yoki lablangan yo lablanmagan (lab garmoniyasi) bo‘ladi... Umuman, hozirgi o‘zbek adabiy tili S. qoidalariga bo‘ysunmaydi. Eski o‘zbek adabiy tilida esa S. qonuni ancha izchil va ayrim hollarda to‘lig‘icha amal qilgan” (O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. 7-jild. Toshkent, 2004. 628-bet). Bu gaplar e’lon qilinganiga ham 20 yilcha bo‘lib qoldi, orada qancha suvlar oqib ketdi...
Bugungi kunda turkiy olam birligi, uning umumiy qadriyatlarini tiklash masalasiga nafaqat ziyolilar, balki davlat rahbarlari darajasida ham katta e’tibor berilmoqda. Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga a’zo bo‘ldi. Ushbu tashkilotning nufuzli anjumanlari, madaniy tadbirlari yurtimizda ham keng miqyosda o‘tkazilmoqda. Bizda til siyosati butunlay o‘zgardi. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish bo‘yicha tarixiy farmon va qarorlar qabul qilindi. 21oktabr har yili O‘zbek tili kuni sifatida keng bayram qilinadi. OAVda, internetda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, lotin grafikasidagi joriy imlomizni takomillashtirish yuzasidan turli fikrlar, takliflar e’lon qilinmoqda. Bu jarayonda singarmonizm masalasida ham bahs-munozaralar bo‘lib turibdi. Ba’zi filolog olimlarimizning ushbu masalaga hanuz eskicha va yuzaki yondashib, agar nutq jarayonida singarmonizm qoidasiga amal qiladigan bo‘lsak, tilimiz “qozoqcha” bo‘lib qoladi, degan mazmundagi yengil-yelpi nuqtayi nazari kishida xavotir uyg‘otadi. Bundan chiqdi, Navoiy bobomiz va boshqa mumtoz shoirlarimiz nuqul “qozoqcha” yozib kelgan ekan-da!
Albatta, nazariy jihatdan olganda, bugungi o‘zbek tili singarmonizm qoidalaridan ancha uzoqlashib ketgan. Lekin bunga tabiiy, ya’ni obyektiv jarayonlar emas, balki subyektiv – chetdan zo‘ravonlarcha aralashuv holatlari sabab bo‘lgan. Oqibatda tilimizning bir uchginasi g‘oyat ustomonlik bilan bilinar-bilinmas kesib tashlandi, unlilarimiz o‘z “egizak”laridan judo etildi; ular bilan birga nutqda tovushlarni ajib bir uyg‘unlikda talaffuz etish imkonini beradigan singarmonizm hodisasi ham barham topdi – uning-da boshi kesildi. Beixtiyor Sa’dulla Hakim she’ri bilan aytiladigan qo‘shiq so‘zlari qalbimizda aks sado bergandek bo‘ladi: “Tilim-tilim va yana tilim, Ona tilim, jon ona tilim!”
Amaliy jihatdan olganda esa, iste’dodli shoir va adiblarimizning mahorati tufayli singarmonizm ana shunday tilim-tilim qilib kesilgan, kemtik va bemor tizim ichida ham yashab kelmoqda. Ko‘hna turkiy ohanglardan ruh olib ijod qilayotgan shoir-adiblarimiz asarlarida, baxshilarimiz kuylayotgan qo‘shiq va dostonlarda bu nutqiy hodisa bamisoli uzoqlardan charchab-horib kelayotgan o‘tmish elchisidek bo‘y ko‘rsatib qoladi.
Demak, singarmonizm bizdan butunlay uzoqlashib ketgani yo‘q, u sadoqatli do‘stdek yonimizda turib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarib kelmoqda.
Rubobim tori ikkidur...
O‘zbek adabiy tilini singarmonizm amal qilgan XX asr boshlaridagi holatga to‘liq qaytarib bo‘lmasligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Qancha urinmang, maktab ko‘rgan hech bir mardum shaxsiy ma’lumotlar varag‘ini “tug‘ilg‘on yilim” deb to‘ldirmaydi. Ayni choqda, singarmonizmni “eskilik sarqiti” deb mensimaydigan bo‘lsak, u bilan birga, milliy o‘zligimizning bir parchasi qulab, yo‘qlik ummoniga g‘arq bo‘lishi hech gap emas. Deylik, ushbu lisoniy hodisadan xabardor bo‘lmasdan, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ shoirlarimiz g‘azallaridagi injaliklarni, Qodiriydek benazir adib romanlaridagi nozik sirlarni to‘liq anglash imkonsizdir. Loaqal “Qutadg‘u bilik”, “O‘tkan kunlar” kabi mumtoz asarlar, “Avvalgilarg‘a o‘xshamas”, “Yaxshilig‘” radifli mashhur g‘azallar hozirgi adabiy tilimiz me’yorlaridan farqli ravishda nima uchun aynan shunday nomlanganini bilish uchun ham singarmonizm haqida ozgina tushunchaga, tovushlarni farqlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish lozim.
Milliy o‘zlikni anglash borasida ancha ilgarilab ketgan mutaraqqiy millatlar bizning o‘rnimizda bo‘lsa, “Hamonki millatimiz faxri bo‘lgan buyuk adib va shoirlarimiz “o‘tgan”ni “o‘tkan” tarzida yozib kelgan ekan, keling, ularning haqqi-hurmati “yetgan”ni – “yetkan”, “ketgan”ni – “ketkan”, “netgay”ni – “netkay” shaklida adabiy me’yorga moslab qo‘yaylik”, degan to‘xtamga kelgan va adabiy tilida ikki xil mezon bo‘lishiga yo‘l bermagan bo‘lar edi. Afsuski, bu darajaga yetish uchun bizga ancha qovun pishig‘i bordek...
Albatta, “qozoqcha” deyilganda, birinchi navbatda qipchoq shevasiga xos holatlar, xususan, tarkibida yo‘g‘on unlilar bo‘lgan o‘zakka shunga mos qo‘shimcha qo‘shish nazarda tutilmoqda. Holbuki, tilimizda ingichka unlilari bor bo‘lgan o‘zakka shunga mos qo‘shimchalar qo‘shish holatlari ham ko‘p. Masalan, Abdulla Oripovning “O‘zbekiston – Vatanim manim”idagi “manim” so‘zini eslang. Yoki Navoiy bobomiz ishlatgan “yibardim”, “yudim”, “dedimki”, “dediki”, “istangiz”, “kelmadi” kabi yumshoq o‘zak, negiz va qo‘shimchalarni o‘zida mujassam etgan so‘zlarni oling.
Buyuk shoirimizning mashhur “Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas”, “Istaganlar, bizni sahroyi baloda istangiz” kabi satrlarida “istamak” so‘zidagi unlilar ingichka talaffuz etilgani uchun “-gon” yoki “-g‘on” emas, “-gan” qo‘shimchasini olgan. Yana bir mumtoz misra – “Tilarmen bir yo‘li buzmoq buzulg‘on ro‘zgorimni” satrida esa aksincha – “buzmoq” so‘zidagi unlilar yo‘g‘on bo‘lgani uchun unga “-g‘on” qo‘shimchasi qo‘shilgan.
Hamonki, shunday ekan, bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz lozim: sozning ikkita – yo‘g‘on va ingichka pardasi bo‘lganidek, turkiy tillarda ham shunga o‘xshash tamoyil amal qiladi; singarmonizm faqat “yo‘g‘on parda”lardan iborat emas, uning “ingichka parda”lari ham bor. Xorazmliklar o‘g‘izcha ohangda sevib kuylaydigan mana bu satrlarga e’tibor bering:
Ishq rishtasi bilan belin bog‘lag‘an,
Hasrat o‘ti bilan bag‘rin dog‘lag‘an.
Necha yilki, yo‘lg‘a qarab yig‘lag‘an,
Sanga kangul barsam anda yor yig‘lar.
Singarmonizmga qarshi qilich qayrayotganlar bu she’riy satrlarni ozarcha yoki turkmanchaga o‘xshab qolyapti desalar ajab emas. O‘zbek tili turkiy tillar guruhiga mansub bo‘lgach, undagi nutq ohangi qardosh tillarga o‘xshamay, xitoy tiliga o‘xshasinmi?!
“O‘ldirmak”ni kim o‘ldirdi?
Tarixda tovushlarni farqlash, his etish bo‘yicha nozik ko‘nikmaning yo‘qligi, ona tilimiz to‘laqonli adabiy til maqomiga ega bo‘lmagani, maktab-madrasalarda yagona ilmiy-adabiy mezonlar asosida o‘qitilmagani tufayli xattotlar boshqa so‘zlar qatori “o‘ldirmak”ni ham g‘alat shaklda – “o‘ltirmoq” tarzida yozib kelgan bo‘lsalar ajab emas. Qadimiy qo‘lyozmalar va ularning joriy imlodagi nashrlari diqqat bilan ko‘zdan kechirilsa, bunga ishonch hosil qilish mumkin. Alqissa, Alisher Navoiy asarlarining bir va to‘rt jildli lug‘atlarida “o‘ldirmak” so‘zining o‘zi ham, izohi ham yo‘q!
Ma’lumki, Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschilaridan biri. Lekin shunday ulug‘ ijodkorning adabiy-badiiy merosida “o‘ldirmak”ning yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, bizga taqdim etilayotgan nashrlarda shunday holga yo‘l qo‘yilgani, nazarimizda, jiddiy muammo. “Nega yo‘q bo‘larkan, o‘sha siz aytayotgan “o‘ltirmoq” “o‘ldirmak” ma’nosini beradi-ku!” degan e’tiroz bo‘lishi mumkin. Unda yana haqli savol tug‘iladi: “o‘ltirmoq” so‘zi “o‘ldirmak” ma’nosini anglatsa, nima uchun lug‘atlarimizda, ilmiy-metodik adabiyotlarimizda shu holatni asoslab, adabiy me’yorga aylantirib qo‘ymaymiz? O‘sha mashhur “Devonu lug‘ati-t-turk”da “o‘ldirmak” va “o‘ltirmoq” fe’llari alohida-alohida so‘zlar sifatida izohlangani-chi – bunga nima deysiz? (Qarang: Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘ati-t-turk. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017. 99-bet.)
Ushbu masalaga professor Xudoyberdi Doniyorovning kitobidan javob topgandek bo‘lamiz: “...agar Alisher Navoiy til oldi “o‘” bilan til orqa “o‘”ning farqini bilmaganida edi, “Ulki, onsiz xasta ko‘nglimning yuz oh-u voyi bor, / Hajridin yuz ming meningdek o‘lsa, ne parvoyi bor” kabi she’riy misralaridagi til oldi “o‘”ning ishtirokida talaffuz etiladigan, “o‘lmoq” ma’nosida kelgan “o‘lg‘ay” fe’llarining har birini o‘z o‘rnida bunchalik katta san’at bilan qo‘llay olmagan bo‘lur edi. Lekin masalaning afsuslanarli bir jihati shundaki, Alisher Navoiy tomonidan bundan 500 yil oldin yaxshi farqlangan bu tovushlarni hozirgi ba’zi bir san’atkor va madaniyat xodimlari to‘g‘ri farqlab, to‘g‘ri talaffuz qilolmaydilar. Ular har ikkala “o‘”ni til oldida bir xil talaffuz etadilar” (Doniyorov X. Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1972. 25–26-betlar). Ustozning bu fikri e’lon qilinganidan buyon naq 50 yil o‘tdi! Lekin bu muammo tilshunos, navoiyshunos olimlarimiz, ilmiy jamoatchiligimiz tomonidan haligacha ijobiy hal etilmagan. Mana, yana bir misol:
Gul emastur otashin, bulbullarin kuydurgali,
Kim, libos etmish qizil ushshoqini o‘lturgali
(Alisher Navoiy. Qaro ko‘zim. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988. 717-bet).
Poetika ilmi, she’riy san’atlar tarixidan ozgina xabardor bo‘lgan odam yaxshi biladiki, “kuydurgali” so‘ziga qofiya sifatida “o‘lturgali”dan ko‘ra “o‘ldurgali” ko‘proq mos keladi. Afsuski, buyuk shoirimiz asarlarini nashr etishdagi noqisliklar oqibatida muallif nafaqat ma’ni, balki shakl, ya’ni qofiya masalasida ham e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lib chiqmoqda. Lekin “Majolis un-nafois” tazkirasida Atoiyning go‘zal baytiga “qofiyasida aybg‘inasi bor” deb o‘ta nozik yondashgan Navoiyning “kuydurgali” so‘ziga “o‘lturgali”ni qofiya qilib, xatoga yo‘l qo‘yishiga ishonish qiyin.
Shoir muxlislariga eng ishonchli manba sifatida taqdim etilgan “Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati”ni varaqlaymiz. Ajabki, bu manbada ham shu holatga duch kelamiz:
La’ling zakoti may tutub, tirguzmasang, ey mug‘bacha,
Dayr ichra men dilxastani ranj-u xumor o‘lturgusi
(“Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati”. 2-jild. Toshkent, “Sharq”, 2016. 267-bet).
Matnshunoslikdagi bunday kamchiliklar ulug‘ mutafakkir asarlaridan olingan satrlarni sharhlash, izohlashda qo‘shimcha savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Bobur Mirzo she’riyati xalqchil ruh, turkona singarmonizm ohangi, muddayilar, ya’ni da’vogarlar aytmoqchi, “qozoqcha” lafzlarga to‘la:
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen,
Ne kun bo‘lg‘ay, visolingg‘a mene* dilxasta yetgaymen.
O‘zbek tilida “kabi” ko‘makchisi bor. Mumtoz adabiyotimizda, ayniqsa, Bobur she’riyatida u ko‘pincha “kibi” tarzida ishlatilgan. “A” tovushi o‘rniga ketma-ket tiloldi “i” unlisining qo‘llanishi “kibi” so‘zi talaffuziga yanada nafislik bag‘ishlaydi:
Lojaram bo‘lg‘ay parishon-u havoyi men kibi,
Zarra yanglig‘ kimki ul xurshid sargardonidur
(Zahiriddin Muhammad Bobur. Nazm durdonalari. Toshkent, “Sharq”, 1996. 61-bet).
Tovushlarni his etib
Navoiy g‘azallarida jannatda o‘sadigan go‘zal daraxt nomi – “to‘biy” so‘zi uchraydi. Mazkur so‘zdagi “o‘” unlisi til oldida bo‘lib, yumshoq talaffuz etiladi. Lekin uni tilorqa “o‘” yoki “u” bilan adashtirib, “to‘p” so‘ziga yaqinlashtirib, “to‘biy” deb o‘qish yoki undan ham yomoni “tubiy” (quyi tarafi) tarzida tushunib, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yish holatlari ham yo‘q emas. Quyidagi baytga e’tibor bering:
Ko‘yung borida qilman jannatqa guzar hargiz,
Qading qoshida solman tubiyg‘a nazar hargiz
(Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2016. 30-bet).
Bu g‘alat misralardan “Senga olib boradigan yo‘l turganda jannatga borib nima qilaman, qaddingni ko‘rsam, tubiga qaramayman”, degan kulgili ma’no chiqib qolmoqda. Aslida, bu satrda “to‘biy” deb yozilishi kerak; shunda “Go‘zal qadding turganda, to‘biy – jannatdagi daraxtga ham qaramayman”, degan latif ma’no anglashiladi.
E’tibor bersak, globallashuv ta’sirida va boshqa sabablar tufayli millatdoshlarimiz orasida ingichka va yo‘g‘on tovushlarni aytishga qiynaladigan, bu borada zarur ko‘nikmaga ega bo‘lmagan, “qo‘mita”ni – “ko‘mita”, “bog‘cha”ni – “bogcha” (yoki undan ham yomoni – “sadik”), “xo‘ja”ni – “xodja”, “haj”ni – “xadj” deydiganlar shundoq ham ko‘payib bormoqda. Agar singarmonizmni inkor qilib yuraversak, ziyolilarimiz orasida “qi”lab, “g‘i”lab, “ji”lab, “ng”lab gapiradigan; “ni” bilan “ning”ning farqiga boradigan odamning o‘zi qolmaydi.
Xalq-ku ming yil oldin qanday gapirgan bo‘lsa, bundan buyon ham shunday gapiraveradi – singarmonizmga qarshi bo‘lganlar harchand urinmasin, uni og‘zaki nutqdan butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Faqat og‘zaki va yozma nutq o‘rtasida tafovut kuchayib boraveradi. Chunki mavjud adabiy til me’yorlari uning jonli tildan to‘liq oziqlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Yozma merosimizning katta qismi arab xatida bitilgan. Qachondir mazkur buyuk ma’naviy boylikni to‘liq o‘rganib, hozirgi yozuvimizga o‘tkazishimiz kerak-ku! Ana shu qadimiy qo‘lyozmalarni to‘g‘ri o‘qish va tabdil etishda ham singarmonizm ilmini bilish g‘oyat muhim. Chunki arab xatidagi qo‘lyozma matnlarda unli tovushlar to‘liq aks ettirilmaydi. Binobarin, qaysi o‘rinda yo‘g‘on yoki qisqa unli tovushni qo‘yib o‘qishda qattiq va yo‘g‘on undoshlar belgi-ko‘rsatkich vazifasini bajaradi. Ya’ni cho‘ziq va qisqa, yo‘g‘on va ingichka tovushlarning farqiga borish, singarmonizm ko‘nikmasiga ega bo‘lish bu masalada juda zarur.
Xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olish va nashr etishda ham singarmonizmni bilish lozim. Ana shunday ko‘nikma yo‘qligi sababli asrlar davomida baxshi va san’atkorlarimiz tomonidan singarmonizm xususiyatlari saqlangan holda kuylanib kelayotgan xalq dostonlari, qo‘shiq va o‘lanlar hozirgi “adabiy me’yor”ga solinib, kitob holida chop etilishi bilan avvalgi ko‘rku tarovatidan judo bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaevaning ijro dasturidan tushmay kelayotgan mana bu satrlar barchamizga yod bo‘lib ketgan:
Go‘rdim iki pari galar,
Galar sollana-sollana.
Oshig‘inin ko‘nglin olib
Galar nozlana-nozlana.
Endi shu satrlarning kitobdagi ahvoliga e’tibor bering:
Ko‘rdim ikki pari kelar,
Kelar sollana-sollana.
Oshig‘ining ko‘nglin olar,
Olar sollana-sollana
(Xorazm dostonlari. Oshiqnoma, 4-kitob. Urganch, “Xorazm” nashriyoti, 2009, 19-bet).
Yana bir misol. Biz bolalikdan eshitib keladigan qo‘shiq varianti:
Bir yor savdosina, yor-a, dushdim-da galdim.
Naqadar go‘zal!
Kitob varianti:
Bir yor savdosiga tushdim-da keldim (o‘sha manba, 25-bet).
Naqadar g‘arib!
Nahotki bundan ming yillar oldin – Oshiq G‘arib va Shohsanam zamonlarida ahli Xorazm shunday ohangda gapirgan bo‘lsa?!
Agar ish shu tarzda ketadigan bo‘lsa, “Xamsa”, “Boburnoma” kabi shoh asarlar ham kelgusida amaldagi adabiy “me’yor”ga solinib, asl ruhi va jozibasidan judo etilishi hech gap emas.
Bejiz emasdirki, atoqli olim, ona tilimizning zukko bilimdoni, akademik Alibek Rustamov Navoiy bobomizning iste’dodli shogirdlaridan biri bo‘lgan Atoulloh Husayniy qalamiga mansub “Badoyi’ us-sanoyi’” asarini forschadan o‘zbek tiliga XV asr adabiy me’yorlariga moslab, singarmonizm talablariga amal qilgan holda o‘girgan. Mana, birgina misol: “Bilmak kerakkim, mazkur so‘zlardagi ho harfi talaffuz etilmas, balki oldidag‘i harfning fathasin bildirur va vaznda e’tiborg‘a olinmas” (Atoulloh Husayniy. Badoyi’ us-sanoyi’. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1981-yil. 10-bet).
Shunday ulug‘ ustozlar tajribasi bizga maktab bo‘lishi kerak emasmi?
So‘ngso‘z
Aziz, jurnalxon, men tilshunos emasman. “Filolog” – “so‘z sevarmani” degan e’tirof muhrlangan dorilfunun vasiqasidan bo‘lak bu sohaga daxldorligimni ko‘rsatadigan hech vaqom yo‘q. Lekin muqaddas insoniy tuyg‘u va fazilatlardan mahrum bo‘lmagan jamiyki odam farzandlari qatori men ham ona tilim sog‘lom, mukammal va sinovlarga bardoshli bo‘lsa deyman.
Ushbu maqolaning yozilishi qirq yil burun – talabalik davrimda bo‘lib o‘tgan voqealar bilan bog‘liq. Samarqand davlat universiteti o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetida o‘qib yurgan kezlarim ustoz Xudoyberdi Doniyorov bilan ota-boladek yaqin, do‘st-u sirdosh bo‘lib ketgan edik. Bir gal “Muhim bir ish bor, – deb yoniga chorladi. – Leningrad davlat universiteti sharqshunoslik fakultetidan taklif keldi. Shogirdlaringizdan birini yuboring, talabalar ilmiy anjumanida o‘zbek tilida unlilar va singarmonizm mavzusida ma’ruza bilan qatnashsin, deb iltimos qilishyapti. Mana, tezislarni tayyorlab jo‘natdik, ularga ma’qul”. Domla ikki varaq matnni uzatdi. Keyin davom etdi: “Buni sendan boshqasi eplolmaydi”. “Men adabiy tanqid kafedrasidaman-ku, domlalarimga nima deyman?” dedim sal o‘ng‘aysizlanib. “Ularga o‘zim tushuntiraman, – dedi ustoz, – gap tilimizning taqdiri haqida ketyapti. Bilasan, zo‘r sharqshunoslar o‘sha yerda. Zora, markazdagi olimlar dardimizni tushunib, yozuvimizdagi muammolarni hal etishda qo‘llab yuborsa!” Juda sodda edi rahmatli...
Darslar tig‘izligi, zimmamda jamoat ishlari bilan bog‘liq ko‘p tashvishlar borligiga qaramay rozi bo‘ldim. Ustoz-shogird rus tilida ma’ruza matnini tayyorladik. Umrida Samarqand sarhadidan nari qadam bosmagan odam qanday qilib “shimoliy poytaxt” – Neva daryosi bo‘yida paydo bo‘ldim, qadimiy binoda joylashgan sharqshunoslik fakultetiga qanday borib qoldim – hanuz tasavvur qilolmayman. Bir jihati aniq: Yaratganning o‘zi qo‘llab, yaxshilarni yo‘limga tizib qo‘ydi!
– Tonggi soat to‘rtga taksi chaqirib qo‘ydim, tag‘in uxlab qolma! – dedi Samarqanddagi ijara uy egasi – yahudiy Rafael bobo.
– Yashka, ti molodes, yedesh zashishat svoy yazik! – dedi uning kampiri Sara momo ishning mohiyatini to‘g‘ri anglab.
Hozirgi kunda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, fakultetimizda uch yil ta’lim olgach, o‘qishini Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetiga ko‘chirib ketgan Akbar Nurmatov Talabalar shaharchasidan joy topishga yordamlashib, ertasi kuni “Inqilob beshigi”ga kuzatib yubordi.
Ma’ruzaga munosabat qanday bo‘ldi, dersiz. Bilasiz, u yurtning odamlari sal dangalroq keladi.
– Bu masala barcha turkiy xalqlarda hal etilgan-ku! Sizlar nega uxlab o‘tiribsizlar? Biz faqat omad tilaymiz! – dedi anjuman raisi.
Qadrli o‘quvchi!
Sizning e’tiboringizga havola etilgan ushbu maqolaning xamirturushi o‘sha paytdayoq xotira suprasining bir chekkasiga tashlab qo‘yilgan edi. Barcha fikrlar ustozim Xudoyberdi Doniyorovniki (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin!), kamina faqat u kishining vasiyatini bajarib, siz – “Tafakkur” muxlislariga maqola tarzida havola etdim, xolos. Xato va o‘xshamagan o‘rinlari bo‘lsa, uzr so‘rayman. Bola ismim arabiy, bobo ismim (familiyam) “qozoqcha” – chin o‘zbakiy ekanidan bexijolat imzo chekdim:
Murtazo QARShIBOY
1985 – 2023-yillar
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Tilim-tilim tilingan tilim. Koshg‘ariydan qolgan til sadolari” maqolasi
* Kirill yozuvidagi nashrlarda, xususan, “Shoh va shoir” turkumida 1996-yil “Sharq” nashriyoti chop etgan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Nazm durdonalari” to‘plamida ushbu so‘z “meni” tarzida noto‘g‘ri yozilgan (47-bet) – bunda lirik qahramon subyekt emas, obyektga aylanib qoladi. Xalqimiz ham rahmi kelgan odamiga “Sen-e, bechora, ko‘p qiynalding-da!” deya hamdard bo‘ladi, “bor-e”, “yo‘g‘-e” deb biror narsadan hayratini ifoda etadi. Yuqoridagi satrda ham o‘ziga achinish, kuyunish, g‘amzadalik bor. Alisher Navoiy bobomiz ham “Men-e dardnok” deya cheksiz alam va sitamlarga oshino ekanidan faryod etadi. Xullas, “e” unlisi – “yo”i vahdat” (yoki “yo”i nakira) ma’noni kuchaytirib, oshiqning un tortish, oh urish, xastalik va bechoralikda ham qiyosi yo‘q, tanho ekanini bildiradi.
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q