Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.
Loyihaning 59-kuni shoira Tillaniso “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
Mazkur tavsiya – shartli. Chunki bu dunyodagi hamma odamlar emas, zamonaviy dunyoning har bir oʻzbegi ayni paytda oʻqishi kerak boʻlgan kitoblar roʻyxatini keltirib oʻtaman.
1. Adib Xolid, “Oʻzbekiston tavalludi” kitobi. Hozirgi Oʻzbekiston qanday paydo boʻldi? Biz jadidlar deb ataydigan qatlam nimalarni orzu qilgan edi-yu, nega oʻsha davr muammolari hozirgacha yashab kelyapti? Hammasiga javob mana shu kitobda bor. Mening undan topgan javobim esa madaniy ongda islohot oʻtkazilmagani, qoloqlik sabab jamiyat jadidlarni qabul qilmagan, degan xulosa boʻldi. Hozirgacha taraqqiyot yoʻliga o‘tolmasligimiz va liberal islohotlar oʻtkazolmasligimizning sabablarini ham shu kitobdan topasiz. Toʻgʻrirogʻi, darsliklarda tushirib qoldiriladigan, olimlarimiz ataylab xaspoʻshlab ketadigan juda koʻp boshqa maʼlumot va manzaralarni ham oʻqish mumkin asarda.
2. Choʻlponning 2-jildlik tanlangan asarlari. (Sheʼrlar. “Kecha va kunduz” romani) “Oʻzbekiston tavalludi”ni oʻqirkansiz, oʻz-oʻzidan Choʻlponni oʻqishga ehtiyoj sezasiz. Agar ikkalasini birga oʻqisangiz, voqelik sizga yanayam yaxshiroq tushunarli boʻladi.
3. Simon de Bovuar, “Ikkinchi jins” asari. Bugun jamiyatimizda ayollar muammosi eng dolzarb muammolardan biri ekani hech kimga sir emas. Iqtisodiy va ijtimoiy hayotda ayollar tengligiga erishmas ekanmiz, bizning har qancha erkinlik, yaxshi va toʻq kelajak haqidagi gaplarimiz quruq soʻzligicha qolib ketaveradi. Eng qizigʻi, ayollarning chinakam teng kuchga, boshqaruvning yarmiga aylanishi demokratiyani olib keladi. Buning qanday sodir boʻlishini bilmoqchi boʻlsangiz, avvalo, butun dunyo jamiyatlarida ayolning roli tarix davomida qanday supurib tashlanganini oʻqib koʻrishingiz kerak. Afsuski, bu kitob oʻzbek tilida yoʻq. Oʻzbek tilida xuddi shu turdagi oʻqish shart boʻlgan boshqa kitob bor: “Koʻrinmas ayollar”.
4. Karl Gustav Yung, “Mif va qalb: 6 asosiy arxetip” kitobi. Kitob oʻzbekchaga tarjima qilinmagan. Agar faqat oʻzbek tilida oʻquvchi qatlam boʻlsangiz, shu turdagi “Ozodlikdan qochish” (Erix Fromm), “Odamlar oʻynaydigan oʻyinlar” (Erik Bern) kitoblarini tavsiya qilaman. Tashqaridagi koʻrib turgan reallikni baholay olamiz, ammo miyamizdagi dunyo-chi? Miyamizdagi dunyo va tasavvurlarimiz, ishonchlarimizning oʻzi qanchalik yolgʻon, qanchalik rost? Shuni tushunishga yordam beradi bu kitob. Undan tashqari siz koʻkka koʻtarayotgan ideal qadriyatlar, hatto milliylik deb alqaydigan xususiyatlarimiz ham bir tomondan kapitalistik dunyo axloqi, ikkinchi tomondan odamzodning ming yillardan beri kelayotgan kollektiv ongiga tegishli boʻlishi mumkin. Va kollektiv ong tasavvurlarining qanchasi yolgʻon, qanchasi rost? Oʻzingizni aldamaslik uchun oʻqib chiqing.
5. Chexovning barcha hikoyalari. “Oltinchi palata”ni hikoyachilikning choʻqqisi deb bilaman.
6. Nitshe, “Zardusht tavallosi” asari. Oʻz qadriyatlaringizni elakdan oʻtkazib olish muhim. Kitobni tushunib, anglab oʻqishingiz uchun Jamshid Muslimovning You tubedagi “Subnazar” kanaliga joylangan kitob tahliliga oid 50 qismlik podkasti yordam beradi.
7. Knut Hamsun asarlari (Ayniqsa, “Ochlik”, “Pan” romanlari, “Tom Glanning o‘limi” hikoyasi)
8. Lavkraft, “Ktulxu chaqirigʻi” asari. Adabiyotda yangi janr yaratgan kitoblar biri. Nega aynan bu kitob? Chunki bizda ham yozuvchi-shoirlar, ham oʻquvchi didida bir xillik kuzatiladi. Biz ilmiy fantastika, fentezi, mistika, horror janriga kam qoʻl uramiz, kam oʻqiymiz va kam eʼtibor qaratamiz. Lekin shu janrdagi asarlar dunyoga juda koʻp taʼsir qilishini unutmaslik kerak. Jumladan, lavkratcha horror Gollivudni butunlay oʻzgartirib yuborgan va Gollivud u sabab oʻzining yangi bosqichiga chiqqan.
9. Bitnik shoirlar asarlari, jumladan Bukovskiy va Ginzberg she'rlari. 20-asrning soʻnggi mashhur shoirlari. Oʻz davrining kino, moda, din, ijtimoiy hayotiga juda yuqori taʼsir koʻrsatgan, inqilob qilgan postmodern sheʼriyat va anderground shoirlar ijodiga moʻralab qoʻyish zarar qilmaydi.
10. Salomat Vafo, “Nomsiz kema”, “Ovvoraning koʻrgan-kechirganlari” asarlari. Yozuvchi ijodida Tagor hikoyalariga xos yuksak bayon uslubini topganman. Mahorat borasida ham bu yozuvchidan oʻrganadigan narsa koʻp.
Shoir, yozuvchi Tillaniso 1993-yili Buxoro viloyatida tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD). “Dilxat”, “Olovrang tugʻyon”, “Qon” kabi sheʼriy, “Sunbula” nomli nasriy asarlari chop etilgan.
Oyina.uzni Telegramda kuzating
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
4 Izohlar
Leila
20:02 / 17.02.2024
Don Kixot buni oʻqish shart arzigulik kitob.Oʻgay ona asarini ham oʻqinglar juda taʼsirli asar.
Jakhongir
15:11 / 17.11.2023
Royhatdagi 4chi Va 6chi kitoblar haqiqatda qayta qayta o'qishga arziydi.
Mmm
12:11 / 15.11.2023
Tavsiya soʻraganlar Tillanisoni sheʼrlarini oʻqiganmi
Zebuniso Xayrullayeva
19:11 / 14.11.2023
Ajoyib tavsiyalar!