Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixida Amir Temur siymosi nafaqat buyuk fotih, balki qadimiy turkiy-moʻgʻul anʼanalarining vorisi sifatida ham namoyon boʻladi. Temuriylar saltanatining mafkuraviy poydevori uning nasabnomasi (shajarasi) bilan uzviy bogʻliq. Barlos qabilasining kelib chiqishi va Chingizxon xonadoni bilan aloqalarini oʻrganish, XIV asrda Movarounnahrdagi hokimiyatning qonuniy asoslarini tushunish imkonini beradi. Qabila tarixi jahon tarixshunosligida hamisha bahsli va qiziqarli mavzulardan biri boʻlib kelgan. Bu borada oʻrta asr manbalaridagi afsonaviy talqinlar va zamonaviy tarixiy-genetik xulosalar oʻrtasida oʻziga xos mutanosiblik mavjud.
Barloslar Movarounnahr, xususan, Kesh bekligi tarixida muhim oʻrin tutgan etnik guruhlardan biri hisoblanadi. Barloslar va ularning etnogenezi, ijtimoiy hayotda tutgan oʻrni xususida Jamol Qarshiyning “Mulhaqot bis-suroh”, Rashididdinning “Jomeʼ ut-tavorix”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi”, Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy”, Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Hofizi Abruning “Zubdat ut tavorix” asarlarida yoritilgan.
Barloslar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar moʻgʻul tilidagi manba –“Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da uchraydi. Unga koʻra, Chingizxonning ajdodlaridan biri Xabichi Bahodirning Manan-tudun ismli oʻgʻli boʻlgan. Mana-tudun esa Xachi-kulik, Xachin, Xachula, Xachuu, Xachiun, Xaranday, Nachin ismli 7 ta farzand koʻrgan. Ularning toʻrtinchisi – Xachuuning yirik jussali, devqomat Barulatay ismli oʻgʻli boʻlib, uning avlodlarini barlos (barulas)lar deb atashgan. Xachulaning oʻgʻillari ham yirik jussali boʻlib, koʻp ovqat yeganliklari uchun ularni katta va kichik barloslar deb chaqirishgan. Erdamchi Barlos va Todayan Barlos nomlari bilan tanilgan barloslar ana shu tariqa paydo boʻlgan, deyiladi manbada.
Mazkur asarning boshqa joyida Chingizxonning dastlabki harbiy yurishlarida qoʻshin safida boʻlgan Xubilay va Xudus ismli ikki barloslar qardoshning nomi ham keltirilgan. 1206-yili Temuchin Chingizxon nomi bilan hoqon deb eʼlon qilingan Onon daryosi boʻyidagi quriltoyda ushbu aka-ukalar qabilasining qoʻshini bilan ishtirok etadi. Shuningdek, qurultoyga barloslarning yana boshqa yirik boshliqlaridan Sugʻu-chechan va Qorachor noʻyon ham oʻgʻillari bilan birga keldi, deyiladi “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da.
Barloslarning ijtimoiy hayotdagi nufuzi Qorachor noʻyon davridan boshlab juda yuqori boʻlgan. Bundan keyingi davrda barlos qabilasi peshvolari, asosan, aynan uning avlodlaridan boʻlgani ham buni isbotlaydi. V.V. Bartold ushbu holni alohida taʼkidlab, “Temur va Hoji (Barlos)ning umumiy ajdodi faqatgina Chingizxon va Chigʻatoy zamondoshi boʻlgan Qorachor edi”, deydi. Rashididdinning “Jomeʼ at-tavorix” asarida esa Chigʻatoy ulusi lashkarboshilaridan Qorachor noʻyonni ulusining toʻla huquqli harbiy boshqaruvchilaridan biri sifatida koʻrsatadi. Xususan, 1238-yildagi Mahmud Tarobiy qoʻzgʻalonini bostirishda ham Qorachor noʻyon boshchiligidagi ulus qoʻshini jalb qilingani manbada taʼkidlanadi.
Qorachor noʻyon xususida oʻrta asr tarixchilari asarlarida uzuq-yuluq qaydlar keltiriladi. Masalan, V.V. Bartold “Ulugʻbek va uning davri” nomli asarida muallifi nomaʼlum “Muizz al-ansob”ga asoslanib, Qorachor noʻyonning “sipohiylikka tobin bir tadbiri” haqida soʻz yuritadi. Shuningdek, Hofizi Abru “Zubdat ut-tavorix” asarida ham Qorachor noʻyon haqida muhim maʼlumotlar keltiradi. Manbada Qorachor noʻyonning oʻn toʻqqizta – (Eldar, Lolo, Quboʻl, Yasoʻnta, Munqo, Iyjal noʻyon, Shargʻo, Munqa, El buqo, El, Bekboʻqo, Kazon, Iyku, Tingiz, Tobon, Mirali, Toʻkal, Choʻron, Alokoʻchal (Alokoʻkal) ismli oʻgʻillari boʻlgani taʼkidlanadi. Mazkur manbada Qorachor noʻyon oʻgʻillarining avlodlari (Amir Temur va Temuriylar davrigacha boʻlgan avlodlar nazarda tutilmoqda – U.S.) xususida ham muhim qaydlar keltirilgan. Manbaga koʻra, Qorachor noʻyonning avlodlari nafaqat Qashqa vohasida, shuningdek, Movarounnahr va Xorazmning turli hududlariga ham tarqalib yashagan.
Amir Temurning bobokaloni Qorachor noʻyonning islom dinini qabul qilgan yoki qilmagani toʻgʻrisida tarixiy manbalarda turlicha qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotlarda, jumladan, “Zafar yoʻli”da shunday qayd bor: “Bizning ajdodlarimizdan birinchi boʻlib Qorajar (Qorachor) noʻyon Allohga toat-ibodat qildi: u dunyo va oxirat toʻgʻrisida fikr yuritganidan keyin islom haqligiga inondi va qarindoshlari bilan birga islomni tan oldi”. Ammo, boshqa manbalarda bu haqda aniq maʼlumotlar uchramaydi. Ayrim maʼlumotlariga koʻra, Qorachor noʻyon hijriy 640/1240-41-yilda vafot etgan. Ammo, bu unchalik aniq maʼlumot emas. Chunki aksar manba va tadqiqotlarda Qorachor noʻyonning vafoti Chigʻatoyning vafoti munosabati bilangina tilga olinadi. Maʼlumki, Chigʻatoyning vafotini muarrixlar ikki xil shaklda koʻrsatgan. Ayrim manbalarda u Oʻqtoydan 7 oy oldin vafot etgan deyilsa, boshqalari, jumladan, Mirxond Oʻqtoydan soʻng, hijriy 640-yilda vafot etgan, deydi. Baʼzi zamonaviy tarixchilar Mirxond aslida Qorachorning oʻlgan yilini adashtirgan, degan fikrni bildirishadi. Hijriy 640-yilda Chigʻatoy vafot etganmi yoki Qorachor noʻyonning oʻlgan yili sanalari yanglishtirilganmi – yoʻqmi, gap bunda emas. Muhimi, Qorachor noʻyon Chigʻatoy bilan tengdosh boʻlgani va u ham shu yillarda vafot etgan boʻlsa, ajab emas. Biroq shunday boʻlsa, Qorachor noʻyonning islom dinini qabul qilgani shubha ostida qoladi...
Barloslar moʻgʻul xonlari Chingizxon, Chigʻatoy davrida qanday nufuzga ega boʻlgan boʻlsa, keyingi Chigʻatoy xonlari davrida ham ana shu obroʻga ega edi. Barlos amirlarining dastlabki vakillari – Qorachor noʻyon, Ijil noʻyon, Alangiz (Ilangiz) noʻyonlar Chigʻatoy, Qora Xulagu, Olgʻuxon, Baroqxon, Duvaxon, Kebekxon va boshqa koʻplab moʻgʻul xonlari hukmronligi davrida ham ulus ijtimoiy-siyosiy hayotida yetakchi siyosiy kuchlardan biri boʻlib qolaverdi.
Amir Temurning otasi va bobosi rasmiy tarixlarda xususiy kishilar tariqasida zikr etiladi. Keshda hokimiyat Hoji barlosning ajdodlariga qachon va qanday oʻtib qolgani haqida esa hech qanday aniq maʼlumotlar keltirilmagan. Shuningdek, barloslar va ularning amirlarini Qashqadaryo vodiysida oʻrnashgan Chigʻatoy xonlari – Kebekxon, Tarmashirinxon va Qozon Sulton bilan qanday munosabatda boʻlgani haqida ham maʼlumotlar topilmaydi.
Manbalarda moʻgʻul xoni Tarmashirinxon davrida barlos amirlarining mavqei juda koʻtarilib ketgani taʼkidlanadi. Islom diniga qattiq mehr qoʻygan Tarmashirinxon mahalliy dindorlar, amaldor va qabila boshliqlari, shuningdek, amir Taragʻay bahodir bilan ham yaxshi munosabatda boʻlgan. Gʻiyosiddin Ali Yazdiyning “Roʻznomayi gʻazovoti Hinduston” asarida keltirilishicha, Amir Temur Tarmashirinxonga yuksak baho berib, “Biz uchun podshoh Tarmashirin salaf va ajoyib hukmdor. Harholda, ulugʻ kishilarning fazilatlarini faqat ulugʻ hukmdorlar va shukuhli sultonlargina yeta oladi”, deydi. Demak, Amir Temur oʻziga qadar Turkistonda hukm surgan moʻgʻul xonlarining siyosiy faoliyatini chuqur oʻrgangan. Qolaversa, otasi amir Taragʻay bahodir unga Tarmashirinxon haqida soʻzlab ham bergan. Unga berilgan taʼrif ijobiy boʻlgani bois Amir Temur ham Tarmashirinxon haqida yaxshi fikrlar bildirgan.
“Zubdat ut-tavorix” asarida keltirilishicha, Taragʻay bahodirning toʻrt oʻgʻli (Temurbek, Suyurgʻatmish, Olamshayx, Joʻgi noʻyon) va ikki qizi (Qutlugʻ Turkon ogʻa va Shirinbek (Sherbek) ogʻa) bor edi (ammo, Hofizi Abrudan boshqa Temuriylar davri manbalarida Taragʻay bahodirning bir oʻgʻli – Amir Temur va ikki qizi borligi taʼkidlanadi). Manbada Taragʻay bahodir va oilasi haqida shunday qaydlar mavjud: “Tangri belgilagan taqdir azaldan shundayki, u jahongirlik maydonini chavondozi, farmon bermoqlik koʻshkining asoschisi boʻlish ulugʻ, shavkatli va buyuk savlatli bir sohib davlatga, muayyan bir vaqtda yaratish xilʼati va vujudga keltirish libosini kiygizmoqchi hamda uni kavi va fasod olamida podshohlik taxti uzra jilvalantirmoqchi boʻlsa, tangri qudratining quli ilohiy hikmat taqozasiga koʻra, uning zoti gavharini otalarining pushti kamarlari va onalarining bachadonlarida asta-sekin, bosqichma-bosqich zohir etmoq uchun parvarishlab, yetishtirishga yaqinlashtirib beradi. Davlat beklarining zohir boʻlish zamoni va uning sirlarining oydinlashishi vaqti yetib kelgach, ul tong otishining dastlabki nurlari yaratilishi ufqning chiqish joyidan tarala boshlaydi, ul orziqib kutgan vujudga kelishining boshlanishi uchun koʻmak uzluksiz va davomli boʻladi”.
Qozon Sulton davrida ham barlos amirlarining nufuzi yuqori edi. Forsiy va turkiy “Temurnoma”larda taʼkidlanishicha, Qozon Sulton davrida Chigʻatoy ulusi xoni Bayonqulixon Qarshi hokimi boʻlgan amir Joku (Jokuy, Chokuy – U.S.) barlosni amaldagi vazifasidan olib tashlab, oʻrniga barloslarga raqobatchi boʻlgan qabila sardori amir Muso Jaloyirni qoʻygan. Manbalardan maʼlumki, Bayonqulixon amir Qazogʻon va uning oʻgʻli amir Abdulloh davrida nomiga xon boʻlib turgan. Barcha farmonlar uning nomidan chiqarilgan. Shu bois, amir Joku barlosni Bayonqulixon emas, amir Qazogʻon vazifasidan bekor qilgan boʻlsa kerak. Bu yerdagi maʼlumotning muhim jihati barloslarning bir shahobchasi Qarshi viloyatini boshqarib kelgani bilan bogʻliq. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida amir Jokuning shajarasi Qorachor noʻyonga borib taqalishi haqida muhim maʼlumot keltiriladi: “Amir Joku bin Muborak bin Toʻgʻon bin Qodon bin Shirgʻa bin Qorachor noʻyon”. Bundan koʻrinib turibdiki, amir Joku barlos ham Qorachor noʻyonning naslidan boʻlgan. Hofizi Abruning yozishicha ham u Qorachor noʻyonning avlodi boʻlgan. Manbada shunday deyiladi: “Qorachor noʻyonning yettinchi oʻgʻli – Shargʻo boʻlib, uning Qozon ismli bitta oʻgʻli bor edi. Qozonning Toʻgʻon ismli oʻgʻli boʻlib, Toʻgʻonning Muborak otli oʻgʻli bor edi. Muborakning ikkita oʻgʻli boʻlib, biri amir Gʻiyosiddin, ikkinchisi amir Joku”.
Qorachor ® Shargʻo ® Qozon ® Toʻgʻon ® Muborak ® Gʻiyosiddin + Joku
Amir Jokuning uchta oʻgʻli bor edi. Birinchisi – Qoratemur, u moʻtabar amirlardan edi. Qoratemur Amir Temur zamonida gunoh ish qilib, Moʻgʻuliston tomonga ketadi va oʻsha yerda vafot etadi. Ikkinchi oʻgʻil – amir Jahonshoh Amir Temur davrida amir ul-umaro edi. Kenja farzand – amir Mirzo Bahodir ham moʻtabar amir boʻlib, Qatlon ulusi uning ixtiyorida edi. Shohruh Mirzo Fors mamlakatini boshqarishni unga ishonib topshirgan edi. Amir Jokuning koʻplab nabiralari ham Amir Temur va Temuriylar davrining yirik amirlaridan hisoblangan.
Qazogʻon amalidan bekor qilgach, amir Joku Qozon Sulton qasri atrofidagi mulklarida yashay boshlaydi. Bu joy hozirgi Muborak tumanining Koʻxna shahar hududiga toʻgʻri keladi. Jokuning Qorachor noʻyonga borib ulanuvchi shajarasiga qaraganda, bu yerlar avvaldan uning ota-bobolariga tegishli boʻlgan. Amir Jokuning otasining ismi amir Muborak boʻlgani “Zafarnoma”da alohida taʼkidlangan. Hozirgi paytda bu joyning “Muborak” deb atalishi ham, ehtimol, shu bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Barloslar bu yerlarda uzoq vaqt yashab, chorvachilik bilan kun kechirishgan.
Qozon Sulton bilan amir Qazagʻon muxolif boʻlgan. Qozon Sulton zulmi haddan oshgach, unga yaqin boʻlgan barlos amirlari, jumladan, Hoji Barlos ham undan uzoqlashadi. Amir Qazagʻon esa oʻzini qoʻllab-quvvatlagan barloslar bilan dastlab yaxshi munosabatda edi, ammo hokimiyatining soʻnggi yillarida munosabatlar keskinlashadi. Natijada Hoji Barlos hamda Bayon Sulduz amir Qazagʻon halokatidan koʻp oʻtmay, uning oʻgʻli amir Abdulloh ustiga qoʻshin tortadi va barloslar yetakchisi Keshning mutloq hukmdoriga aylanib oladi. Ammo bu uzoqqa choʻzilmaydi, sharqiy Chigʻatoy ulusi xoni Tugʻluq Temurning Movarounnahrga yurishi oldidan Hoji Barlos Keshni tashlab, Xuroson tomonga qochishga majbur boʻladi. Bu vaqtda uning oʻgʻli Jugʻom barlos jangda halok boʻladi. Xurosonga oʻtib olgan Hoji Barlos esa Sabzavor viloyatidagi bir guruh isyonchilar tomonidan oʻldiriladi. Fasih Havofiyning asarida Hoji Barlos oʻldirilgan joy Xuroshod Joʻyin nomli qishloq edi, deyiladi. Oradan yigirma yil oʻtgach, Amir Temur bu qishloq aholisidan Hoji Barlos va uning yaqinlari uchun qattiq oʻch oladi. Shuningdek, mazkur qishloq va uning atrofidagi katta hududni Hoji Barlosning avlodlariga suyurgʻol qilib beradi va ular uzoq yillar davomida shu yerlarda hukmronlik qilishgan.
Amir Hoji Barlosning shajarasi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida shunday shaklda koʻrsatiladi: “Hoji Barlos bin Burlaʼy bin Namula bin Yasu Munqo bin Qorachor noʻyon. Demak, Hoji Barlos Qorachor noʻyonga toʻrtinchi avlod sanaladi. Amir Hoji Barlos va Amir Temurning yoshi oʻrtasida, chamasi, unchalik katta farq boʻlmagan. Buning Qorachordan boshlanuvchi shajara mutanosibligidan ham anglash mumkin. Negaki, tarixiy manbalarda Amir Temur ham Qorachor noʻyonga toʻrtinchi avlod (“Amir Sohibqiron Amir Temur Koʻragon ibn amir Taragʻay ibn Burqul ibn Ilangiz ibn Ijil (yoki Iyjal) ibn Qorachor noʻyon”) ekani taʼkidlanadi.
Qashqa vohasi, xususan, Kesh (Shahrisabz) Amir Temur va Temuriylar davrida va undan keyin ham barloslar qoʻlida qoldi. Barloslarning keyingi avlodlari ham bugungi kunda Shahrisabzning ayrim qishloqlarida istiqomat qilib kelmoqda. Ularning aksariyati oʻz etnografiyasini, etnik nomini hozirga qadar saqlab kelayotgani soʻzimizning isbotidir. Barloslar bugungi kunda yuqori Qashqadaryo vohasining togʻlik hududlarida – Sayot, Hasantepa, Taragʻay, Honaqo qishloqlarida boshqa oʻzbek urugʻlari bilan aralash holda yashab keladi. Barloslar oʻzlarini olti ogʻa-ini deb yuritadilar. Ular “Tolibbachcha”, “Qozibachcha”, “Poʻlatbachcha”, “Neʼmatbachcha” va “Shoshbachcha”lardir. Yuqori Qashqadaryoda ularning uchtasi “Tolibbachcha”, “Qozibachcha” va “Neʼmatbachcha”lar yashaydi. Mahalliy aholining aytishicha, yuqori Qashqadaryo hududidagi barloslar “Kattakal” va “Kichikkal” deb nomlangan ikki katta guruhga boʻlingan .
XV-XVI asrlarda barloslarning katta guruhi Movarounnahrdan boshqa hududlarga ham koʻchib oʻtgan. Jumladan, ularning bir qismi Temuriylar va Boburiylar hukmronligi davrida Afgʻoniston va Hindistonga ketgan. XIX asrda birgina Dehli shahri atrofida oʻn besh ming barlos yashagani tarixiy manbalarda taʼkidlanadi. Mazkur maʼlumot barloslarning keyingi avlodlari Hindiston va Afgʻonistonda hozirgi kungacha yashab kelayotganini koʻrsatadi. Bundan tashqari baʼzi maʼlumotlarga koʻra, barloslarning ayrim guruhlari Yevropa hududlariga ham koʻchib oʻtgan.
Xulosa oʻrnida aytganda, barloslar moʻgʻul xonlari va undan keyingi davrlarda ham katta mavqeiga ega boʻlgan qabilalardan sanalgan. Qorachor noʻyon va uning ajdodlaridan boshlanuvchi mazkur urugʻ-qabila moʻgʻullarning asosiy harbiy tayanchi sanalgan. Erdamchi barlos, Sugʻu-chechan va Qorachor noʻyon davrida barloslar ancha kuchayadi va Chingizxon davlatining asosiy harbiy qabilalaridan biriga aylanadi. Chigʻatoy ulusi davrida esa Qashqa vohasiga oʻrnashib, mazkur hududlarni oʻz nazoratiga oladi. Ayniqsa, Kesh bekligi barloslarning muhim strategik makoni boʻlib qoladi.
Sevinch ULASHOVA,
Alfraganus universiteti dotsenti, PhD
Adabiyot
Jarayon
Falsafa
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q