Yozuvchi yoki shoir asarlari ortidan boyib ketishni istaydimi? Aksaran, ha. Yozuvchi yoki shoir oʻzi bitgan asarlari vositasida boyib keta oladimi? Aksaran, yoʻq. Ayni shu istak bilan voqelik oʻrtasidagi tafovut ijodkorni muallaq umrguzaronlik iskanjasida bandi qilib qoʻyadi. Yevropa mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan koʻp sonli badiiy jamgʻarma va adabiy dasturlar ayni shunday vaziyatlarda ijodkorga boyib ketishni vaʼda qilmasa ham, asarlari mevasidan oʻzi ham totina olish imkonini beradi. Maqolada ana shunday dastur va jamgʻarmalar faoliyati haqida hikoya qilinadi.
Ovro‘pa Ittifoqining “Creative Europe” (Ijodkor Yevropa) dasturi Yevropa mamlakatlarida yaratilgan kitoblarning hududlar osha emin-erkin aylanishini taʼminlash hamda yirik va mayda, turli tillarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan ushbu dastur doirasida badiiy adabiyotlar tarjimasi, nashri va targʻibotiga doir loyihalar moliyalanadi. Bunda alohida mualliflar emas, balki sohaga taalluqli tashkilot va tashabbuskor guruhlarga, xususan, nashriyotlarga moliyaviy dastak koʻrsatiladi. Ayniqsa, kam tarqalgan tillarda bitilgan adabiyotga alohida eʼtibor qaratiladi.
Yevropaning qariyb barcha davlatlarida alohida adabiy jamgʻarma va grant dasturlari boʻlib, ularning aksari, odatda, madaniyat vazirligi yoki madaniy muassasalar koʻmagida faoliyat olib borishadi. Masalan, Olmoniya, Fransiya, Shvetsiya va Ispaniyada grant va subsidiyalar taqdim etish, adabiy rezidensiya va xalqaro ayirboshlash dasturlari faol yoʻlga qoʻyilgan. XVIII asr oxirlarida asos solingan Britaniyaning Qirollik adabiy jamgʻarmasi (Royal Literary Fund) shu yoʻnalishdagi eng keksa tashkilotlardan boʻlib, vaziyat taqozosiga koʻra ogʻir moliyaviy ahvolda qolgan yozuvchilarga bevosita koʻmak koʻrsatadi. Ijodkorlarning universitet, maktab va boshqa maskanlarda amaliyot oʻtashi va ishga joylashuviga sharoit yaratib beradi. Fransiya institutining (Institut Francais) nashriyotlarga koʻmaklashuv dasturi fransuz badiiy adabiyoti namunalarini tarjima qilib, chop etishda xorijiy nashriyotlarga moliyaviy koʻmak taklif etadi. Olmoniyaning DAAD dasturi esa xorijlik adabiyot va sanʼat arboblari uchun har yili 20 ta grant ajratadi. Ushbu grantga koʻra, adiblar, musavvir va rejissyorlar bir yil davomida Berlinda yashab, ijod qilishlari uchun toʻliq sharoit yaratib beriladi.
Niderlandiya adabiyot jamgʻarmasi
Miqyosan kichik, ammo salohiyatan ulkan Niderlandiyada 2010-yilda taʼsis etilgan Nederlands Letterenfonds jamgʻarmasi Yevropaning shu yoʻnalishdagi eng nufuzli tuzilmalaridan biri sanaladi. Tashkilotning faoliyat yoʻnalishlari badiiy adabiyotning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan. Davlatga qarashli va davlat tomonidan moliyalanuvchi ushbu jamgʻarma niderland, friz, papyamento va imo-ishoralar (gung-soqovlar) tilida yaratilgan badiiy adabiyotlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, kitobxon millat, ijodkor jamiyatni shakllantirish, adabiyot va adiblar mavqeyini oshirishga xizmat qiladi. Shaxsning kamol topishida adabiyotning oʻrni beqiyos ekanini bosh gʻoya sifatida eʼtirof etuvchi mazkur tashkilot jamiyat aʼzolarida tanqidiy fikrlash koʻnikmasini shakllantirish birlamchi masala ekanini ham alohida urgʻulaydi.
Jamgʻarma yozuvchi, tarjimonlar, jurnal va nashriyotlarga subsidiya ajratibgina qolmasdan, turli adabiy festivallarga homiylik qilish orqali turfa xillilikka asoslangan boy adabiy muhit yaratishga, adabiy meros namunalarining asrab-avaylanishiga hissa qoʻshadi. Niderlandiya adabiy jamgʻarmasi toʻrtta muhim qadriyatlarga ogʻishmay amal qiladi. Ular: badiiy asarlarning yuqori sifati va turfa xilliligini qayd etish, ish yuritishda halollik va shaffoflik.
Yozuvchi va tarjimonlarga moʻljallangan dastur va subsidiyalar koʻmagida, avvalo, zamonaviy niderland adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshadi. Xorijiy tillarda (asosan Yevropa tillarida) bitilgan badiiy qiymati baland asarlarni kechiktirmasdan oʻgirib, mamlakatda nashr etish, shuningdek, niderland tilida yaratilgan badiiy adabiyot namunalarini boshqa tillarga tarjimasi va nashr etilishini moliyalash ham jamgʻarmaning bosh vazifalaridan hisoblanadi. Taniqli bolalar adibasi Anni Shmidt (Annie M.G. Schmidt) qalamiga mansub “Mushuklar malikasi Minush” qissasi kamina tarjimasida aynan shu tashkilot hamkorligida Oʻzbekistonda nashr etilganini shu oʻrinda tilga olib oʻtishni istardim. “Akademnashr” tomonidan yuqori sifatda chop qilingan ushbu kitob nusxalarini jamgʻarma rahbarlariga taqdim etganimda ular hamkorligimiz natijasidan quvonishgani va nashriyot jamoasiga alohida tashakkur bildirishganini hali-hamon eslayman.
Ushbu qaydlar avvalida aytganimiz – yozuvchi yoki shoir oʻzi bitgan asarlari ortidan boyib ketmasa-da, jillaqursa, shuning vositasida bekami-koʻst tirikchilik oʻtkaza olishi uchun imkoniyat yaratishiga Niderlandiya adabiy jamgʻarmasi yuritayotgan faoliyat misol boʻla oladi. Yaʼniki, nomzodlar koʻngillarida tugib yurgan asarini bitishga sharoit tilab, buning har jihatini toʻla va ishonchli tarzda asoslagan holda, kitobga doir manbalarni oʻrganish-u, buning ortidan allaqayoqlarga safar qilishi lozimligini ham maʼlum qilib, jamgʻarmaga murojaat etadigan boʻlsa, ancha salmoqli miqdordagi moliyaviy koʻmak olishi ehtimoli juda yuqori. Bu esa ijodkor tirikchilik tashvishlaridan birmuncha chetlashib, faqatgina oʻsha asariga diqqatini jamlab, oʻz koʻnglidagiday yakunlab olishi uchun sharoit muhayyo qiladi.
Mustaqillik – barchasidan ustun
Yevropadagi adabiy jamgʻarmalarning aksariyati davlat byudjetidan moliyalanishi odatiy andoza boʻlishiga qaramasdan, jarayonni boshqarish va qaror qabul qilishda ular (mustaqil ekspertlarga tayangan holda) mutlaqo erkindir. Pulini toʻlab qoʻygan odam oʻz nogʻorasiga oʻynatadi, deganday gaplar bu yerda umuman oʻtmaydi. Iqtidorli mualliflarni, ayniqsa, asarlari urfga mutanosib boʻlmagan “noqulay” adiblarni qoʻllab-quvvatlash orqali badiiy soʻzning har qanday siyosatdan ustun ekanini taʼkidlash va adabiyot mafkuraga xizmat qilishi ehtimolini istisno etish asosiy aʼmollardan sanaladi.
Jamgʻarmalar aslan “bozorgir” boʻlmagan va xarajatlarni qoplashi ham dargumon sanalgan badiiy adabiyotga yelka tutib, yozuvchi va shoirlar kutilmagan tajribalar qoʻllashdan choʻchimagani holda yuksak sanʼat asarlari yaratishiga imkon beradi. Aytish kerakki, bu singari yelkadoshliksiz koʻplab ulugʻ asarlar bitilmay yoki bitilsa-da, chop etilmasdan qoʻlyozmalarda qolib ketgan boʻlarmi edi.
Bugungi kunda dunyo asarlarining mutlaqo aksar qismi ingliz tiliga toʻgʻri keladi va kitob bozorida ham avvalo shu tildagi asarlarning oshigʻi olchi. Bir tilning shunday yakkahokimligi sharoitida mayda millat adabiyotlarining (masalan, bask, friz, breton va saam) ham ovozi baralla eshitilishiga yoʻl ochishi biz soʻz yuritayotgan jamgʻarmalarning yana bir muhim jihati hisoblanadi. Bu tillarda yaratilgan kitoblar tarjimasini moliyalash vositasida ularning boshqa madaniyatlar aro kirib borishiga imkon beradi.
Jamgʻarmalar ajratadigan grant va subsidiyalar muallif oʻz asari ustida chalgʻimasdan ishlashi uchun unga muhim boʻlgan vaqt va erkinlik beradi. Bu holatda kafolatlangan natija, yaʼni bozori chaqqon asarning vujudga kelishi emas, balki badiiy fikrni izhor eta bilish jarayonining oʻzi va salohiyatiga yotirim qilinadi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, bunday koʻmakni istifoda qilish imkoniga ega boʻlgan biror ijodkor allaqaysi noshirning injiqliklari va davlatning siyosiy mafkurasiga qaram boʻlmaydi hamda muhtamal xatarlardan choʻchimagan holda oʻzi istagan shakl va mazmunda asar bita oladi. Bu esa badiiy soʻz erkinligining aynan oʻzidir.
Madaniyat tijorat oʻzaniga tushib, tez foyda koʻrish talabi va siyosiy qutblashuv bosimi ostida qolayotgan bugungi sharoitda adabiy jamgʻarmalar oʻziga xos madaniy qalqon vazifasini oʻtaydi. Ular badiiy adabiyot isteʼmolga moʻljallangan mahsulot yoki muayyan manfaat egalari qoʻlidagi qurol emas, balki yuksak sanʼat sifatida qolayotgan yoki shunday holda qolishi lozim boʻlgan oʻsha jimirtak muhitni turli tahdidlardan muhofaza qiladi.
Yevropa va Amerika adabiy jarayonlari
Pirovardida, badiiy adabiyotni qoʻllab-quvvatlashga doir Yevropa va Amerika andozalarini oʻzaro qiyoslab boqamiz. Yevropada shakllangan nuqtayi nazarga koʻra, adabiyot jamiyatga xayr keltiruvchi ijtimoiy neʼmatdir. Usiz til taraqqiy topmaydi, madaniy xotira sustlashib, demokratik qadriyatlar va tanqidiy mushohada yuritish salohiyati ham xavf ostida qoladi. Bozorgir boʻlmagan muayyan asarni atigi 300 yo 500 oʻqirman mutolaa qildimi, demak, bu kitob jamiyat uchun baribir kerakli sanaladi. AQSHda adabiyotga shaxsiy tashabbus sifatida qaraladi va bozor talablariga koʻra yondashuv ustunlik qiladi. Davlat tomonidan koʻmaklashuv Yevropadagi singari koʻlamli tusda emas – madaniyat, shuningdek, adabiyot ham xaridlar hisobiga yoki xususiy homiylar yordamida kun koʻrishi qoida tarzida bilinadi. Yaʼniki, kimgadir adabiyot kerakmi, demak, buning uchun davlat emas, boshqalar jon kuydirishi lozim.
Yevropada davlat mablagʻ ajratadi, ammo qaror qabul qilish imtiyozi mustaqil ekspertlar ixtiyorida qoladi. Davlat kitoblar mazmuni qay tarzda boʻlishi kerakligini uqdirmaydi, balki jamiyat va adabiyotning oʻzi uchun manfaatli asarlar yaratilishiga shart-sharoit yaratib beradi. Bu esa senzura va mafkuraviy nazorat oʻrnatilishiga ongli tarzda toʻsiq qoʻyish ehtiyoji bilan izohlanadi. AQSHning Sanʼat Milliy Jamgʻarmasi (National Endowment for the Arts) bu yoʻnalishdagi yagona federal tuzilma boʻlib, Yevropa oʻlchamlariga solishtirganda, byudjeti haminqadar. Muntazam siyosiy bosim ostida ish yuritadi. Amerikada ijodkorni toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllab-quvvatlash kamyob hodisa sanaladi.
Yevropa adabiy jamgʻarmalari davlat byudjetidan barqaror moliyalanadi. Kitob yozish, tarjima ishlari, “bozorgir” boʻlmagan asarlarni chop etishga yoʻllanadigan jamgʻarma mablagʻlari yozuvchining ijodiy mashgʻullik jarayonidagi erkinligini taʼminlab, uning matn yaratuvchi-xizmatchi emas, balki aynan hur adib ekanini eʼtirof etadi hamda xarajatlarning qoplanishi asosiy mezon sifatida koʻrilmaydi. AQSHda xususiy fondlar, universitetlar, homiylar xayriyalari va adabiy sovrinlar asosiy moliya manbalari sanaladi. Ammo bu qoʻllovga erishish oʻta darajada qiyin, koʻpincha allaqachon tanilib boʻlgan va kitoblari bozorgir mualliflar saralab olinib, qoʻllanadi.
Mahalliy adiblar qalamiga mansub asarlarni boshqa tillarga tarjimasini yoʻlga qoʻyish va boshqa tillarda yaratilgan kitoblarni mahalliy tillarga oʻgirish masalasi Yevropada tizimli siyosat darajasiga koʻtarilgan. Bu jarayonda tarjimonlarga munosib qalam haqi toʻlanadi, ichki va xorijiy nashriyotlar subsidiya bilan taʼminlanadi. AQSHda esa boshqa tillardan tarjima qilingan badiiy kitoblar ulushi arzimas darajada kichik. Mamlakat kitob bozorida bunday asarlar atigi 1 foizni tashkil qiladi, qolgan 99 foizi esa asosan amerikalik adiblar yoki boshqa ingliz-zabon mualliflar kitoblaridan iborat. Amerikada tarjima yoʻnalishidagi davlat dasturlari yoʻq hisobida, bu yoʻnalish asosan ayrim noshirlar va sanoqli universitetlarning xususiy tashabbusi hisobiga tutib turiladi. Shu tariqa, noshirlik koʻlami va darajasi, umuman olganda, yuqori boʻlishiga qaramasdan, Amerika adabiyotini oʻz qobigʻida qolayotgan mahdud adabiyot deb atashimiz mumkin.
Har ikki jamiyatda yozuvchining tutgan oʻrni haqida aytadigan boʻlsak, Yevropada adib ehtiromga sazovor ijtimoiy shaxs deb koʻriladi. Ijodkor boy-badavlat boʻlmasligi, feʼl-atvori ham oʻziga yarasha devonasifat va chatoq koʻrinishi mumkin, ammo uning mehnati qoʻllab-quvvatlanadi, asarlari ham jamiyat uchun qadrli sanalib, eʼtirof etiladi. AQSHda boʻlsa, yozuvchining oʻz manfaatini koʻzdan qochirmas ishbilarmon boʻlishi tabiiy qabul qilinadi. Uning uchun adabiyot – asosiy mashgʻulot emas, balki mashgʻulotlarining bir boʻlagi, xolos.
Bir soʻz bilan aytganda, Yevropada adabiyotning turli koʻrinish va boʻyoqlarda bardavom boʻlishi har taraflama qoʻllab-quvvatlanadi. Amerikada esa choʻntakdan pul chiqarishga birovni ishontira olsagina, yaʼni bozorgirlik sifati ayon boʻlsagina, adabiyotga koʻmak koʻrsatiladi. Bu har ikki yondashuv yuksak asarlar tavalludiga hissa qoʻshishi mumkin, ammo bu asarlar mohiyati va ularni yaratgan adiblar ham har ikki qitʼada oʻzaro keskin farqlanadi.
Sharifjon AHMAD,
Yozuvchi, tarjimon
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Falsafa
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q