Bu poygada ot choptirib ko‘rganmiz...


Saqlash
15:33 / 03.04.2026 85 0

Ustozimiz Abdulla Orif bir gurungida: “Millat, bir qarasang boboga o‘xshaydi, bir qarasang yosh bolaga o‘xshaydi. Shuning uchun uni svetofordan o‘tayotganda, ehtiyot bo‘lib o‘tkazib qo‘yish kerak. Bo‘masam, moshin urib ketishi mumkin”,  –  degandi hazil aralashtirib. 


Farosat bilan qarasangiz, bizning chekimizga tushgan XXI asrning qaltis, chalg‘ituvchi svetoforlari ko‘p ekan. Ular har qadamda, har xil shaklda  uchraydi. Bu svetoforlarning ba’zida qizil va yashil chiroqlari baravar yonib qoladimi-yey, ba’zida sariqdan boshqa chiroq yonmay turaveradimi-yey, xullas chalg‘ituvchi holatlar ko‘p. 


Xo‘sh,  Abdulla Orif ramziy ma’noda aytgan svetofordan millatni kimlar o‘tkazib qo‘yishi kerak? Birinchi navbatda bu ishga ziyolilar, so‘ng davlat va jamoat arboblari, din peshvolari mas’uldirlar. 


Biz qalamga tortgan mavzu yangi asr tuqqan muammo emas, balki necha-necha  yuz yilliklardan beri kelayotgan, hali svetofor degan yo‘lko‘rsatkich haqida tasavvur ham bo‘lmagan zamonlarda paydo bo‘lib, millatni domiga tortgan, bizning asrimizga kelib yanada “gurkirab” ketgan muammodir. Shuning uchun uni eskidan eski, yangidan yangi muammo desak xato bo‘lmaydi. Zero, bu masala allaqachon yangi yuzyillikning qaltis svetoforlaridan biriga aylanib ulgurdi. 


                       Bu poygada hammamiz ot choptirib ko‘rganmiz


O‘zbek jadidlari rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiyning  “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqolasi yozilganiga bu yil 110 yildan oshdi. Bu maqolada ma’rifatparvar bobomiz to‘y va ma’rakalardagi  millatni tanazzulga eltadigan illatlar haqida bong urgan edi. Lekin o‘tgan 110 yil ichida biz bu borada ortga chekinmadik,  to‘xtovsiz poygalar girdobiga tushib qolib, faqat va faqat “oldinga ketdik”,  bu olatasir kimo‘zarda hammamiz chempionlikni iddao qilib, “kam bo‘lmadik”, garchi ba’zilarimizning orqamiz ochilib qolsa ham. 


Ha, bu masalada hech birimiz, men chekkada edim, deb maqtanolmaymiz, chunki, har birimiz bu poygada ot choptirib ko‘rganmiz. Hatto ba’zilarimiz egnimizdagi yoqasi idragan ko‘ylagimizni almashtirmasak-da, ultoni yemirilgan poyabzalimizni yangilamasak-da, “o‘nta qo‘y nima bo‘ladi, olti yuz shisha aroq nima bo‘ladi” deya dasturxonni daryo qilib to‘y qilganmiz.


Yaqinda bir yig‘ilishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov to‘y va ma’rakalarimizdagi dabdabozliklar va isrofgarchiliklar haqida kuyinib gapirib, muhim bir ma’lumotni qistirib o‘tdi: “O‘rganish va tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda odamlarimiz to‘yxonalarda bo‘lgan to‘ylar uchun jami 30 trillion so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflashgan. To‘y kortejlari, quda chaqiriq kabi boshqa qator tadbirlarning xarajatlari bunga kirmaydi”.

 
Albatta, hammani to‘yga yetkazsin! To‘y tinchlik, farovonlik belgisi. Do‘st-u yorlar, jigarlarning qizg‘in diydorlashuv kuni, araz-ginalar unutiladigan kun. O‘zbek borki, farzandlarimning to‘ylariga yetkazsin, degan ezgu niyat bilan yashaydi. Bu yaxshi. Lekin ko‘pchigan dabdabalar va as’asalar, axmoqona isrofgarchiliklar va topganini bir kunda shamolga sovurish kabi illatlar millat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi. “Salbiy ta’sir” deb kitobiy gap qilmaylik, aslida bu millatning oyog‘idan tortib, chohga sudraydigan illatdir. 


Hoy-u havaslar va dabdabalarni ishlab chiqishda dunyoda bizga yetadigani yo‘q, bu ishda har birimiz “qudratli” bir fabrikaga aylanamiz. Har to‘yga, har ma’rakaga bir yangilik qo‘shmasak ko‘nglimiz tinchimaydi. Bunday paytlarda otini to‘g‘ri yozolmaydigan go‘lvoylarimiz ham birdan kashshof bo‘lib ketadilar.


                Bir kunlik to‘y va to‘rt yillik ta’lim


Mayli, haliberi hoy-u havaslardan tiyilishga ko‘zimiz yetmasa, hech bo‘lmaganda, yuqorida aytib o‘tilgan trillion-trillion mablag‘ning ellik foizini bolalarimizning ilm o‘rganishiga, fanga qiziqishlariga, ma’rifatli bo‘lishiga sarf qilaylik. Shunda ham ko‘p narsa yutamiz. Ota-ona uchun eng katta to‘y farzand kamoli emasmi, o‘g‘li va qizining oliy ma’lumotli bo‘lishi, olim bo‘lishi, el ko‘rguday oqil inson bo‘lib yetilishi emasmi? Albatta, bir kunlik to‘y, qanchalik dabdabali bo‘lsa ham, baribir bu natijani berolmaydi. Aksincha, to‘y-u ma’rakalardan orttirib, farzandlarni hayotga tayyorlash, ilm-fanga tayyorlash, tarbiyalash uchun yillar davomida qilingan xarajatlar va harakatlar beradi bu natijani. 


Ba’zan  dabdabali bitta  to‘yning  puli talabaning universitetdagi to‘rt yillik kontrakt pulidan oshib ketadi. Axir dunyoni kaftdagiday ko‘rib turibmiz-ku, hayotni faqat ilm-fan, tafakkur o‘zgartirar ekan. Ilm  rivojlanmagan joylarning odamlari hamon omochini sudrab yurgani ham ayon. 


Hashamatli restoranlarda minglab odamlar yig‘ilib, o‘tkaziladigan katta-katta to‘ylar bilan millat bolalarining qaddini ko‘tarib bo‘lmaydi (garchi bu to‘ylar shu bolalar uchun qilinayotgan bo‘lsa ham). Ular allaqanday ko‘lmak davralarning xizmatchisiga aylanib qolmasligi uchun, qaylardadir mardikor bo‘lib yurmasliklari uchun ularning tanglayini adabiyot bilan, manglayini ilm-fan bilan ko‘tarishimiz kerak. Farzandlarimizga mayda-chuyda hoy-u havaslar va o‘tkinchi dabdabadlar emas, ilm-fan qiziq bo‘lishi kerak. Ularni o‘zimizga o‘xshatib, soxta hashamatlarga o‘rgatib qo‘yishimiz o‘zimizga choh qazish bilan barobar. 


Endi quyidagi ma’lumotlarga diqqat qiling. 2024-yilda 271 ming 776 ta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, ajrimlar soni 45 ming 135 taga yetgan, shundan 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.  


Bir yil, ikki yilga bormay “aza”ga aylangan  45 mingdan ko‘p to‘y uchun necha sandiq pul ketgan. Qolaversa, 45 ming 135 ta buzilgan oilani bir joyga to‘plab, ularning holini tasavvur qilib qilib ko‘ring. Qancha g‘urbat, qancha musibat...


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston bo‘yicha 95,3 mingta nikoh holatlari FHDYO organlarida qayd etilgan. Shu davrda 23 ming 300 ta ajrim bo‘lgan. 


Bu ma’lumotlarga ko‘ra, bir yarim yil ichida 68 ming 435 ta oila buzilyapti. Bu raqamga sharh yozaman desangiz bir kitob bo‘ladi. Lekin kichik bir mulohazani qistirib o‘tish joiz. Bu buzilishlarning  asosiy sababi  hayotga yengil-yelpi qarash, ilmsizlik, saviyasizlik, fikrsizlik, quruq dabdaba-yu hashamatlarga  o‘chlik, ma’nan ochko‘zlik kabi  illatlardir. 


Shu o‘rinda ma’rakalar haqida ham ba’zi mulohazalarimni aytib o‘tsam.  Qator  viloyatlarimizda  marhumning vafot etgan kuni keksaroq bo‘lsa, “tuproq bosdi” marosimiga jonliq so‘yilib, janozaga kelgan elga taom tortiladi. Uch kundan so‘ng kir yuvish marosimiga yana jonliq so‘yiladi. So‘ng yettisi katta marosim sifatida o‘tkazilib yuzlab odamlarga taom va noz-ne’matlar, hatto pista-bodomgacha tortiladi. Yettisidan so‘ng to qirqigacha har hafta payshanba kuni kamida 10-12 kg guruch damlanib, katta dasturxon qilinib, is chiqarib turiladi. So‘ng qirq marosimi ham ancha dabdabali tarzda o‘tkaziladi. Oxirida yili beriladi. Endi marhumning xonadonida yetti-sakkiz oy ichida bu ma’rakalar uchun ketadigan xarajatlarni o‘zingiz bir cho‘tga tashlab ko‘ring.  Bu jarayonda boy-u kambag‘alni, ya’ni, hammamizni  faqat bir o‘y qiynaydi: “Ma’rakani boshqalardan kam qilsam, odamlar nima deydi? Otasining (yo onasining) qadriga yetmadi, xotirasiga munosib ish qilmadi, farzandlik burchini bajarmadi deyishmaydimi?”. Xuddi shu andisha niqobidagi qusur ko‘p ovoragarchiliklarga sabab bo‘ladi.  Oqibatda boy borini sochadi, kambag‘al esa ketini ochadi.


Bir gal hayit kunida onasi qazo qilgan bir birodarimizning uyiga fotihaga kirib o‘tdik. Qaytib chiqqanimizda shu yerda turgan ikki-uch kishining “Yaxshi ish bo‘lmadi. Falonchi onasining hayitiga qo‘y so‘yib taom tarqatishi kerak edi” degan gapini eshitdim. Holbuki, qo‘l uchida zo‘rg‘a kun ko‘radigan o‘sha “falonchi” yillab kasal yotgan onasini davolataman deb do‘xtirma-do‘xtir yugurib, bor-budini sarflab, qarzga o‘tirib, ham moli, ham jonidan ayrilib bo‘lgandi. Buning ustiga yetti, is, qirq kabi ma’rakalarini o‘tkazgan edi. Endi yana qo‘y so‘yib, pista-bodomli dasturxon yoysinmi? Bu kimga va nimaga kerak? Shuncha narsaning o‘rniga marhum uchun bir hovuch fotiha afzal emasmi? Bu masalada muhtaram din peshvolarimiz qattiq turishlari kerak bo‘layapti.


Men bu o‘rinda to‘ylar va ma’rakalarga ketayotgan sarf-xarajatlar, uvol bo‘layotgan tonna-tonna noz-u ne’matlar, keraksiz ashqol-dashqollar-u, paydo bo‘layotgan yangi, betayin rasm-u rusumlar haqida gapirib o‘tirishdan tiyildim. Chunki bu narsalarning shunchaki ro‘yxatini bersam ham o‘n qog‘oz kamlik qiladi. Qolaversa, bu ro‘yxatni hammamiz yaxshi bilamiz, illo har birimiz (shu jumladan o‘zim ham) bu jarayonning ishtirokchisimiz. Chunki, to‘y  va ma’raka bizda katta oqimga aylanib bo‘lgan. Bu oqimga kirdingizmi, qanchalik qarshi suzmang, chiqib ketishingiz qiyin bo‘ladi. Xohlaysizmi, xohlamaysizmi ko‘p keraksiz rasm-u rusumlarni bajarishga majbur bo‘lasiz. Shuning uchun bu oqimni faqat el bo‘lib birlashib, to‘xtatish mumkin. 


Pandemiya davrida 30 kishilik to‘ylarni ko‘rdik. Ba’zilarida men ham qatnashdim. 30 kishilik to‘y qilganlarning birovdan kam bo‘lib qolganini ko‘rmadik, obro‘siyam tushib ketgani yo‘q. Aksincha, katta to‘yga ketadigan pulga birovi kelin-kuyovga uy olib bersa, birovi farzandi uchun do‘kon ochib berdi, birovi bolasini xorijda nufuzli universitetda o‘qitdi. Shuni alohida aytib o‘tishim kerak, men taniydigan, ixchamgina to‘yi bo‘lgan o‘sha yoshlar baxtli bo‘lib ketishdi. To‘yi kichik bo‘lgani bilan nasibasi qisiq bo‘lmadi, aksincha baxti butun bo‘ldi. 


Me’yor buzilganda...


Gap kelganda, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan har jihatdan ibratli bir voqeani havola qilib o‘tish joiz deb o‘yladim. Bu voqea shunday:


“Germaniyaga o‘qishga borgan bir arab yigit hikoya qiladi:


“Germaniya sanoatlashgan, o‘ta rivojlangan davlat. U yerda turli sohalarga oid mahsulotlarning eng saralari ishlab chiqariladi. Ko‘pchilik, bu mamlakat aholisi nihoyatda to‘kin-sochin, o‘ta dabdabali yashaydi, deb o‘ylaydi. Safarimdan oldin men ham shu fikrda edim. Hamburg shahriga kelib tushganimda, u yerdagi tanishlarim bir restoranda ziyofat uyushtirishdi. Restoranga bordik. Qarasak, restoranda odam kam. Bir nechta yoshi katta ayollar bor xolos. Bir chetdagi stolda yosh er-xotin o‘tiribdi. Oldilarida ikkita tarelkada ovqat va ikkita ichimlikdan boshqa narsa yo‘q. Biz ham bir stolga o‘tirdik. Qornimiz ochqab ketgandi. Shunga sherigim ko‘proq ovqatga buyurtma berdi. Restoran tinch ekan, ovqat ham tezda keldi.


Ovqatlanib bo‘lib, turib ketayotganimizda ovqatning yarmi tarelkada ortib qolgan edi. Restoran eshigiga yetib bormagan ham edik-ki, kimdir bizni chaqirdi. Qarasak, yoshi ulug‘ xonimlar restoran boshlig‘iga nimalarnidir uqtirishyapti. Bilsak, bu ayollar stolda ko‘p ovqat qoldirib ketayotganimizdan norozi ekanlar. Sherigim: “O‘zimiz buyurtma bergan ovqat, pulini to‘lab qo‘ydik, sizlarga daxli bo‘lmagan narsaga nega aralashasizlar?!”, dedi. Xonimlardan biri bizga qattiq g‘azab bilan qarab turdi-da, telefon oldiga borib kimgadir sim qoqdi.


Ko‘p o‘tmasdan, rasmiy kiyimda bir kishi kerib keldi. U o‘zini Ijtimoiy ta’minot muassasasining zobiti deb tanishtirdi. Bizga 50 marka jarima soldi. Biz javob qaytarolmadik. Sherigim uzr so‘rab 50 marka to‘ladi. Zobit samimiy ohangda: “Isrof bo‘lmasligiga ko‘zingiz yetgan taomga buyurtma beringlar, pul o‘zingizniki, lekin resurslar barchaniki. Dunyoda ko‘plab odamlar resurs, oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda, sizlar esa isrof qilayapsizlar”, dedi.


Biz rosa xijolatda qoldik. Uning gaplari haq edi. Sherigim o‘sha jarima qog‘ozini suratga olib, har birimizga esdalik sifatida bittadan nusxa berdi. Biz bu qog‘ozni uvol va isrofning zararini doim eslatib tursin deb, xonamiz devoriga osib qo‘ydik!
“Pul o‘zingizniki, lekin resurslar barchaniki!”. Alloh taolo marhamat qilgan:  “Yeb-iching, (lekin) isrof qilmang! Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas!”  (A’rof, 31).

 

Butun olamni, koinotni ham, quyosh tizimini ham, Yer sayyorasini ham muvozanatda tutib turgan yagona bir qonun bor. Bor-yo‘g‘i bir so‘zdan iborat bu qonun – Me’yor! Agar ularning harakat tezligida yo aylanishida yo boshqa bir faoliyatida ozgina me’yor buzilsa, butun koinotga, buyuk tabiatga xatar xavf soladi. Holbuki, jamiyatda ham shunday. Har bir oilada ham, har bir odamning xatti-harakatlarida ham bu qonun ustuvor bo‘lishi kerak. 


Maqola boshida eslatib o‘tganimizdek, jamiyatimizdagi qaltis svetoforlardan biri dabdabali to‘ylar va ma’rakalarimizdir. Millatning bu svetofordan o‘tishida doimiy muammolar bor. Hatto ba’zilarni “moshin urib ketgan”i  ham rost.  


Xullas, el-yurtimizni to‘ydan ayirmasin, shu bilan birga, me’yordan ham ayirmasin. 


                                                                                 Eshqobil SHUKUR


“Jadid” gazetasi, 2026-yil 3-aprel, 14-son.

“Qaltis “svetofor”lar” maqolasi

                

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

15:04 / 03.04.2026 0 24
Soxta darveshning Turkiston sayohati. 1-maqola

Jarayon

18:03 / 27.03.2026 0 247
Dunyoni ayollar boshqarsa, nima o‘zgaradi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//