Turonning uch ming yillik davlatchilik tarixida yurt himoyasi uchun milliy ozodlik kurashi olib borgan koʻplab tarixiy shaxslar jasoratini koʻrish mumkin. Ular orasida ayollarning borligi esa alohida eʼtiborga loyiq. Jumladan, Eron ahamoniylariga qarshi kurashgan Tomir xotun siymosi Turonning eng qadimgi davrlarida ham ayollar siyosiy-harbiy hayotda yuksak oʻrin egallaganini koʻrsatadi. Afsuski, arablar bosqinidan oldingi davr haqida soʻzlovchi yozma manbalar bugungi kungacha saqlangan emas. Shu sababdan islom davrigacha boʻlgan ulkan muddatli tarixni yoritishida oʻz manbalarimizdan foydalanish imkoniyatini deyarli yoʻqotganmiz. Shu bois, qadimgi davr tarixini oʻrganishda arxeologik moddiy manbalar bilan bir qatorda xitoy, yunon, rim kabi chet el mualliflarining yozma asarlariga tayaniladi.
Qadimgi massaget chorvador qabilasi haqidagi maʼlumotlar yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix” asarida qayd etilgan boʻlib, unda Turonda hukmdorlik qilgan Tomir xotun (Tomyris)ning mardligi va jasorati, bosqinchi ahamoniylar hukmdori Kurushga qarshi olib borgan janglari hamda gʻalabalari hikoya qilingan.
Bundan tashqari, xalqimizning koʻp ming yillik oʻtmishini oʻzida aks ettirgan yana bir muhim manba mavjud: Xalq ogʻzaki ijodi, xususan, tarixiy dostonlar nodir manba sifatida milliy kechmish va donishmandlikni avloddan-avlodga yetkazib kelgan. Qadimgi sak-massaget davridagi Turon ijtimoiy-siyosiy hayotidan darak beruvchi “Oysuluv” tarixiy dostoni voqelik jihatdan Tomir xotunning siymosi bilan muayyan oʻxshashlik kasb etadi. Ushbu dostonni taniqli folklorshunos olim Hodi Zarif 1937-yil elimizning nomdor baxshisi Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan yozib olgan. Dostonning boshqa baxshilar tomonidan kuylangan muqobil variantlari uchramaydi. Folklorshunos olim Shomirza Turdimovning taʼkidlashicha, “Oysuluv” dostoni faqat ayollar davrasida kuylab kelingan. Shu sababdan ham erkak baxshilar tomonidan bu doston keng ijroga tortilgan emas. Sulton kampir, Tilla kampir singari gapga chechan, baxshi ayollar tor doiralarda doston va qoʻshiqlarni ijro etib kelgan.
“Oysuluv” dostonining 1984-yilda “Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi” koʻp jildligi doirasidagi nashrida folklorshunos olim Hodi Zarif Ergash shoir bilan suhbat orqali asarni kunimizga qadar yetib kelish jarayonini quyidagicha qayd etgan: “Yoshlik qildik, Tilla kampirdan gap – qoʻshiq oʻrganmadik. Otam aytar edi: “Tilla kampirning bir dostoni bor, uni men ham bilmayman, Jossoq ham bilmaydi, boshqa shoirlarning ham aytganini eshitmadik. Tilla kampir yosh vaqtida qoʻshiq qilib aytar ekan, qarigan soʻng ertak qilib aytar edi. Men koʻpda quloq solmas, ertak-da deb keta berar edim”. Bir kun “Tilla kampirning ertagini aytib bering”, – dedim otamga. Shunda shoir kulib, “Men momongday aytolmayman-da, bilganimni aytsam, aytib berayin”, deb yonboshlab yotib naql qilib edi, – deb asarning mazmunini Ergash shoir soʻzlab berdi”. Hodi Zarif shoirning ogʻzidan dostonni yozib oldi va unga “Oysuluv” deb nom berdi.
Dostonda Turon va Eronning qadimdan oʻzaro kurashi badiiy talqin etilgan. Ikki hududning bunday ziddiyatli munosabatlari nafaqat “Oysuluv”da, balki boshqa dostonlarda ham oʻz ifodasini topgan. Bu toʻgʻrisida Ergash shoir dostonning boshlanma qismida shunday deydi: “Eron bilan Turon qadimdan bir-biri bilan taraf (“taraf” soʻzi bu oʻrinda “dushman” ma'nosida qoʻllanilgan) ekan. Goʻroʻgʻlining ham Eron podsholari bilan taraf boʻlgani qadimdan meros ekan. U zamonlarda Eronda Doro degan podsho boʻlar ekan. Doro Turon mamlakatiga yoʻllab kelib, elni talab, togʻda, yaylovda qoʻnib oʻtgan elga tashvish solib, odamlarni uy-joyi bilan, suri-galasi bilan, echki-takasi bilan, qoʻzi-qoʻchqori bilan – jami davlati bilan oʻlja olib, Eronga haydab ketar ekan. Turon podshosi xabar topganda, ortidan quvib borib, goh choʻlda, goh togʻda urush qilib yengsa, bosgan elni haydagan moli bilan olib qolar ekan; yengilsa, Doroning askarlari Eronga haydab ketar ekan. Odamlarni qul qilib sotar ekan, oʻlja mollarni amal-amaliga qarab boʻlib olar ekan”. Darhaqiqat, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida ham Eron “qizilbosh”lari bilan oʻzaro siyosiy-harbiy kurash hamda jangovar toʻqnashuvlar boʻlgani kuylangan. Toʻgʻri, Goʻroʻgʻlidagi bu jarayon ancha keyin – Turon va Eron xalqlarining munosabatlari davomi sifatida namoyon boʻladi.
“Oysuluv” dostonida Oysuluv, Doro, Kunbotir, Qaysar, Oftoboy kabi bir qator yetakchi qahramonlar tasvirlangan. Doston voqealari Ahamoniylar hukmdori Doro davri bilan bogʻliq tarzda bayon etilgan boʻlsa-da, mazmunan Kurushning Turonga yurishi bilan aloqador tarixiy jarayonlarga toʻgʻri keladi. Unga qarshi ozodlik uchun kurash olib borgan Oysuluv va oʻgʻli Kunbotirning badiiy siymosi esa Tomir xotun hamda Sparangiz (Spargapises)ning tarixiy taqdiri bilan muayyan oʻxshashlik kasb etadi.
Ergash Jumanbulbul oʻgʻli dostonda Oysuluvni quyidagicha tanishtiradi: “Turon mamlakatida Oysuluv degan olp bir xotin podsholik qilar ekan, koʻp suluv ayol ekan. Buning suluvligiga Iram bogʻ parilarining ham rashki kelar ekan. Oysuluvning olp bir oʻgʻli bor ekan, otini Kunbotir der ekan. Oysuluv podshoning lashkarboshisi oʻzining oʻgʻli Kunbotir ekan”. Ushbu maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Tomir xotunning Eron hukmdori Kurushga qarshi ozodlik kurashi ming yillar osha “Oysuluv” va “Doro” badiiy timsoliga koʻchib, ogʻzaki ijodda yashab kelgan.
Shu oʻrinda, “Oysuluv” dostoni Tomir xotun hukmronlik qilgan davrning aynan ifodasi boʻla olmasligi tabiiy hol. Folklorshunos olim Umrzoq Jumanazarovning taʼkidlashicha, tarixiy dostonlar bunday vazifani zimmasiga olmaydi ham. Dostonda Doroning sarkardasi Qaysarning Oysuluvga oshiq boʻlgani aytiladi. Tarixiy haqiqatda esa bunday maʼlumot uchramaydi. Aksincha, Gerodot bergan maʼlumotlarga koʻra, Kurushning shaxsan oʻzi malikaga sovchilarini yuborib, nikoh taklif qilgan. Ammo Tomir xotun uning oʻziga emas, balki massagetlar podsholigiga sovchi qoʻyayotganini anglab, ularning yaqinlashuvini taqiqlagan.
Gerodotning yana bir maʼlumoti eʼtiborni tortadiki, bu Tomir xotunning oʻgʻli Sparangizni hiyla orqali qoʻlga olinish jarayonidir. Ahamoniy podsho Kurush amaldori Krezning maslahati bilan hiyla ishlatishga qaror qiladi. Forslar massagetlarning sharobni bilmasliklaridan foydalanib, harbiy jamloqda sharob va goʻshtdan moʻl-koʻl ziyofat tayyorlashadi. Soʻngra qoʻshinning eng zaif qismini shu yerda qoldirib, daryo tomonga qaytishadi. Koʻp oʻtmay, massagetlar qoʻshinining uchinchi qismi Kurushning orqada qolgan askarlariga hujum qilib, ularning bir qismini qirib tashlaydi. Dushmanni yengib boʻlgach, yoyib qoʻyilgan dasturxonda ovqatlanishadi, biroz oʻtib, ovqat va sharobdan toʻyib, uxlab qolishadi. Shu vaziyatni kutib turgan forslar qaytib kelib, massagetlarning koʻpini oʻldiradi, undan ham koʻprogʻini asir oladi. Asirlar orasida massagetlarga qoʻmondonlik qilgan malika Tomir xotinning oʻgʻli Sparangiz ham bor edi.
Xoʻsh, “Oysuluv” dostonida baxshi bu voqeani qanday bayon etgan? Ergash shoir talqinida ham eronliklarning sharob bilan bogʻliq hiyla qoʻllagani urgʻulanadi. Dostonda Pahlavon Qaysar ayyor Koʻsaning maslahati bilan maston parilarni ishga solishga qaror qiladi. Ayyor Koʻsa oʻzini jabrdiyda qilib koʻrsatib, Dorodan azob chekayotgani xususida Kunbotirga arz qiladi. Kunbotir Koʻsaning soʻzlariga ishonadi va uning makonida askarlari bilan mehmon boʻladi. Baxshi Kunbotir va uning yigitlari qanday qoʻlga tushgani toʻgʻrisida shunday kuylaydi: “Ayyor Koʻsa Kunbotir bilan qirq yigitni mehmon qila berdi, qirq parizod bir-bir alyor aytib, kosa suzib bera berdi, bular birin-ketin mast boʻlib yotib qoldi. Kunbotir boshi aylansa ham sir bermay, takani kabob qilib, oʻrtaga olib kelib qoʻydi. Kunbotir yeb berdi, parilar hali ham koʻhna sharobni kosalarga toʻldirib quyaverdi, yuz nozi bilan, shirin soʻzi bilan alyor, deb Kunbotirga bosib uzata berdi, u ham olib icha berdi. Shunday qilib, Kunbotirning ham boshi gangib, bu ham yiqilib uxlab qoldi. Bari yigʻilib kelib, Kunbotir bilan qirq yigitning ogʻzidan, burnidan tagʻi quydi. Agʻdarib, dumalatib koʻrdi, hech qaysisi hech narsa bilmadi. Doro podsho Kunbotirni zindonga soldi va yigitlarini dorga tortdi”. Albatta, dostondagi “Ayyor”, “maston parilar” kabi toʻqima qahramonlar badiiy ijod mahsuli ekani koʻzga tashlanishi aniq. Biroq, Kunbotirning dushmanlarning hiylasi bilan sharob ichirib qoʻlga tushish jarayoni Sparangizning tarixiy taqdiriga monand tarzda bayon etilgan.
Shuningdek, dostondagi Kunbotirning taqdiri Sparangiz bilan bogʻliq tarixiy haqiqatga mos kelmaydigan jihatlari ham mavjud. Sparangiz sharobdan mast boʻlib, hiyla orqali qoʻlga tushib qolganini anglagandan soʻng, Kurushdan qoʻllarini boʻshatishlarini soʻragani va oʻz joniga qasd qilgani toʻgʻrisida “Tarix” asari maʼlumot beradi. Dostonda esa aksincha, Kunbotir Pahlavon Qaysarning qizi Oftoboy yordamida zindondan ozod boʻladi va omon qoladi. Voqealar tizimining bunday fojiali yakunini qabul qilmagan xalq tomonidan qahramon badiiy toʻqimalar orqali ideallashtirilgan boʻlishi mumkin.
Tomir xotun bilan bogʻliq tarixiy voqealar tahliliga oʻtilganda, oʻgʻlining asir olinishi jarayonidagi elchilik munosabatlari uning jasoratini yanada yaqqol ochib beradi. Bu oʻrinda tarixiy manba va dostonda ikki xil yondashuv borligini kuzatish mumkin. Yaʼni yunon tarixchisining guvohlik berishicha, Tomir xotin oʻgʻli va qoʻshinining boshiga tushgan koʻrgilikni eshitib, Kurushga elchi yuborarkan, ular orqali fors hukmdoriga shunday deydi: “Ey qonxoʻr Kurush! Hozir sodir boʻlgan voqea bilan maqtanma. Axir sen bu gʻalabaga uzumdan tayyorlangan ichimlik – sharob yordamida erishding. Sizlar bu ichimlikni ichganingizda aqlingizni yoʻqotasiz, u tanangizga kirgach, ogʻzingizdan yomon soʻzlar chiqadi. Sen mening oʻgʻlimni jang bilan emas, hiyla bilan qoʻlga olding. Men senga yaxshi maslahat beraman: oʻgʻlimni qaytar va bu yurtni jazolanmasdan tark et. Sen massagetlar qoʻshinining uchinchi qismini sharmandali ravishda halok etding. Agar bunday qilmasang, massagetlar quyoshi nomiga qasam ichamanki, seni qon bilan toʻydiraman!”. Kurush esa bu xabarga eʼtibor bermaydi.
“Oysuluv” dostonida esa elchilarni Oysuluv emas, balki Eron podshosi yuborgani aytiladi. Baxshi malikaning elchilar bilan uchrashuvini shunday kuylaydi: “Elchi boʻlsa, elchiga oʻlim yoʻq – otdan tushsin, darvozada damini olsin, nomasini sizlardan berib yuborsin. Bir mahram chiqib, elchilardan nomani olib keldi, Oysuluvga berdi. Oysuluv oʻqib koʻrsa, xatda aytibti: “Turon Eronga tobe boʻlsin, Oysuluv podsho bizga boʻysunsin. Agar bizning soʻzimizni quloqqa olmasa, zindonda yotgan oʻgʻlini oʻldiramiz, lashkar bilan ustiga yoʻllab boramiz. Oysuluv podshoni bandi qilib, jami eli-xalqini talab, mol-mulkini oʻlja qilib, odamlarini qul qilib Eronga haydaymiz”, – debdi. Doro bilan Pahlavon Qaysar muhrini bosibti. Nomaning bir chetida tagʻi shunday yozilibdi: “Agar Oysuluv podsho urushmasdan mamlakatni bersa, oʻzi menga tegsa, zindonda yotgan oʻgʻlini chiqarib beraman, ham oʻzi, ham oʻgʻli oʻlimdan omon qoladi”. Bunga Pahlavon Qaysar bir oʻzi muhrini bosibdi”.
Xatni oʻqib Oysuluvning juda qattiq jahli chiqadi. Mahramlarga elchilarni chaqirish buyrugʻini beradi. “Oysuluv elchilarga aytdi: – Sizlar elchi ekansizlar, elchi boʻlmaganlaringda, baringizni oʻldirib, kallalaringni bir qopga solib, Doro podshoga sovgʻa-salom qilib yuborar edim. Sizlarga javob, borib Doro bilan Qaysarga aytinglar: Podsholaring qoʻlidan kelganini qilsin! Bor lashkari bilan, qoʻr-u qoʻrxonasi bilan urushga otlansin. Men taraddud qilib turibman, bosib boraman. Yo Doro bilan Qaysarni oʻldirib, Kunbotirning oʻchini olaman, yo shu urushda oʻlaman. Ahmoq boʻlib, elchi yuborib yurmasin! Men Turon mamlakatimni, eli-xalqimni unga bermayman, boʻysunmayman! Mening soʻzimni podsholaringga tayinlab aytinglar, tagʻi armonda qolmasin, – deb elchilarga javob berdi. Elchilar joʻnab ketdi”. Mazkur nutq orqali Oysuluv oʻzining siyosiy irodasi, harbiy qatʼiyati va yurt mustaqilligiga sodiqligini ochiq namoyon etadi; u dushman tahdidiga murosasiz javob qaytarib, shaxsiy fojiasini ham davlat va el manfaatidan ustun qoʻymaydigan hukmdor sifatida gavdalanadi.
Xalq dostonida Oysuluv va Doro, tarixiy manbalarda esa Tomir xotun hamda Kurush oʻrtasidagi harbiy toʻqnashuv voqealar tizimining hal qiluvchi bosqichini tashkil etadi. Gerodot oʻzining asarida: “Menimcha, bu barcha janglardan ham shiddatliroq edi”, – deb qayd etgan. U avval ikki taraf avval bir-biridan uzoq masofada turib, kamonlardan oʻq uzishganini taʼkidlaydi. Oʻqlari tugagach, qilich va nayzalar bilan yaqin jangga kirilgan. Ular uzoq vaqt davomida urishgan va hech biri chekinishni istamagan. Nihoyat, massagetlar ustun keladi va fors qoʻshinining katta qismi qirib tashlanadi, Kurushning oʻzi ham shu yerda halok boʻladi.
Dostonda ham xuddi manbada keltirilganidek, Oysuluvning gʻalaba qozongani madh etiladi. Jang arafasida turgan Oysuluv siymosini baxshi haqiqiy jangchilarga xos tasvirlaydi: uni erkak libosida, olmos qilich va kark teri qalqonni qoʻliga olgan harbiy yetakchi timsolida gavdalantiradi. Ergash shoir Gerodot keltirgan maʼlumotlarga mos ravishda urush jarayonini tasvirlarkan, merganlar piyoda askarlarni boshlab jangga kirgani, urush tobora qizib borgani, devlar bir muddat tin olib, soʻng yana hujumga oʻtganini, shu orada koʻplab maydonlar boʻshab, qon Tajan daryosi tomon oqib, uning suvi qip-qizil tusga kirganini, botirlar esa qilichlarini qonga belab, oʻliklar orasida olishib, maydon izlab yurganlarning xumordan tarqab ketganini taʼkidlaydi. Demak, ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan jangovar toʻqnashuv haqiqatda dahshatli boʻlgan. Kamonchilarning oʻq uzishi-yu, soʻngra piyoda qoʻshinni jangga kirgani doston va tarixiy manba oʻrtasidagi aloqadorlikni aniqlashtiradi.
Ammo, dostondagi bir farqli jihat shuki, Oysuluv va Kunbotir lashkari bilan Doro hamda Qaysarning ortidan quvlab Eron shaharlarigacha yetib boradi, Eronni oʻziga tobe oʻlkaga aylantiradi. Tarixiy manbalarda esa Tomir xotunning Eronni egallagani haqida maʼlumotlar uchramaydi. Bu yakun aslida xalq orzu-istaklarining natijasi sifatida yuzaga chiqqan. Chunki, xalq dushmanni shunchaki yengish bilan kifoyalanib qolmasdan, uning ustida toʻla hukmronlikni oʻrnatganini kuylagan.
Baxshi dostonni yakunlarkan, Eron poshdosini qochgani hamda Kunbotir Doroni oʻldirish sahnasini quyidagicha bayon etgan: “Bularning quvib kelayotganini Eronning lashkarlari bilib, har qaysisi chekka-chekkaga qochib, har kim oʻz boshini olib har qayoqqa ketdi. Oysuluv bilan Kunbotir Doroning shahriga kirib bordi. Doro buni eshitib, saroydan chiqib, boshpanasini qilib qoldi. Doroning qochgan xabari Kunbotirga yetishdi. Enasidan javob olib, quvib izidan tushdi. Shahardan chiqmay Doroga yetishdi: olmos qilich bilan Doroning kallasini olib, enasining qoʻliga tutdi. Eron odamlari buni koʻrib, bari: – Omon-omon! – deb Eron Oysuluv podshoga tobe boʻldi. Eli-yurtda tinchlik boʻlib, omon-omonlik boʻldi”.
Ushbu jarayon haqida Gerodot “Tarix” asarida aniq maʼlumotlar berib oʻtgan. Massagetlar ustun kelib, fors qoʻshinining katta qismini qirib tashlagani va Kurushning ham aynan shu jangda halok boʻlgani taʼkidlanadi unda. Shundan soʻng Toʻmaris inson qoni bilan toʻldirilgan mesh keltirish va halok boʻlganlar orasidan ahamoniy hukmdorning jasadini topish buyrugʻini bergan. Uni topgach, Kurushning boshini oʻsha meshga tiqib, shunday dedi: “Sen oʻgʻlimni hiyla bilan qoʻlga olib, meni tirik qolganim holda ham halokatga uchratding. Endi vaʼda berganimdek, seni qon bilan toʻydiraman!”
Koʻrinib turibdiki, tarixiy dostondagi voqealar rivoji Gerodot keltirgan maʼlumotlar bilan muayyan darajada uygʻunlashadi. Biroq, bu oʻrinda Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining Gerodot asarlaridan bevosita xabardor boʻlganini taxmin qilish qiyin. Bu holat mazkur ikki manbaning oʻzaro mustaqil shakllangan boʻlishi ehtimolini koʻrsatadi. Yana bir ehtimolga koʻra, Gerodotning oʻzi ham Turon hududiga kelmaganini inobatga olsak, xuddi shu doston unga rivoyat tarzida yetib borgan boʻlishi mumkin. Turon hududida esa bu voqealar ogʻzaki ijod orqali avlodlarga oʻtib kelgan.
Bizgacha Ergash shoirning otasidan oʻrgangan dostoni yetib kelgani bois, asar qahramonining Oysuluv ekani haqidagi qarash shakllanadi. Biroq, biz Tilla kampirning burungi zamondagi baxshi ayollaridan qolgan ijrosi haqida maʼlumotga ega emasmiz. Shu sababli doston qahramonining nomi dastlab Oysuluv emas, balki boshqa nom bilan atalgan boʻlishi ehtimolini ham inkor etib boʻlmaydi. Ammo shunisi ayonki, Turon hududida ahamoniylarga qarshi kurash olib borgan ayol hukmdor boʻlgan va uning siymosi xalq xotirasida saqlanib qolgan.
Muxtorjon QOSIMJON OʻGʻLI,
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Jarayon
Falsafa
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q