Asl qiyofasi yashirilgan hokimiyat, xaspo‘shlangan siyosiy o‘yinlar – Turkiston filmlarida bosmachilik mavzusi


Saqlash
17:03 / 13.11.2023 935 0

Kino san’ati tarixan estetik ijod namunasi bo‘lish bilan birga mavjud hukmron mafkuralarning turli siyosiy o‘yinlari targ‘ibotchisi ham hisoblangan. Bir muddat oldin Oyina.uz Turkistonda inqilobgacha va inqilobdan keyin kinodan qanday siyosiy maqsadlarda foydalanilgani xususida so‘z yuritgan edi. Aynan mana shu mavzuning mantiqiy davomi sifatida e’tiborimizni sho‘ro hokimiyati ta’siri bilan bog‘liq “Bosmachilik harakati” aks etgan filmlarga qaratamiz.

 

Ma’lumki, yetmish yildan ortiq vaqt mobaynida sho‘ro hokimiyatiga qarshi kurashgan mahalliy xalq vakillarining qurollangan guruhlariga nisbatan bosmachilik atamasi qo‘llanilgani bois, bosmachilar obrazi ko‘plab o‘zbek, tojik, rus badiiy filmlarida turlicha talqin etib kelindi. Bu mavzudagi “Ravot qashqirlari” (1927,  rejissor K.Gertel), “Yigit” (1935, rejissor N.Gʻaniyev), “So‘nggi bek” (1935, rejissor Ch.Sabinskiy) kabi filmlar mualliflari  mavzuga hukmron mafkura siyosati yuzasidan yondashganlar.

 

Mustaqillikdan keyin “milliy ozodlik harakati” sifatida tilga olinayotgan bu hodisaning asosida sho‘ro askarlari va sho‘ro hukumatining mamlakatda olib borayotgan noto‘g‘ri siyosati yotganligini tarixchi olimlarimiz ilmiy izlanishlari orqali matbuot sahifalarida bayon etdilar: “Buxoroda milliy ozodlik harakati 1920-yil oktabr oyi o‘rtalaridan boshlangan”, – deb yozadi buxorolik tarix o‘qituvchisi Rajab Qilichev. “Xuddi shu paytda Buxoro amiri “kofirlarga qarshi g‘azovot” e’lon qilgan edi. 1920-yil dekabrida amir o‘z atrofiga 15000 dan ortiq vatanparvarlarni to‘plab ulgurgan edi. Bolsheviklar xalq harakatidan qo‘rqib Moskva, Toshkentga harbiy madad berish to‘g‘risida ketma-ket telegrammalar jo‘nata boshlaganlar”. Ko‘rinadiki, bosmachilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Bunda shaxsan amir Olimxonning buyrug‘iga asosan qurolli kuchlar yig‘ilgan va qizil askarlarga qarshi jangga otlanilgan. Bosmachilik harakati aks etgan badiiy filmlarda esa “bosmachilar” shunchaki xalqni talash va yovuz maqsadlarini amalga oshirish uchun qurollanganligi ssenariylarga kiritildi va ekranlashtirildi. Vatanparvarlarning asl maqsadi o‘z yurtini kelgindi asl bosmachilardan qutqarish ekanligi tabiiyki,  sho‘ro mafkurasi targ‘ib etilgan filmlarda yoritilishi  mumkin emasdi. Manbalarda keltirilishicha, 1922-yilda “qizil askarlar, CHK xodimlari uyma-uy yurib, “kim bosmachi”, deb bugunoh aholiga jabr-zulm o‘tkaza boshladilar. Qishloqlarga o‘t qo‘yilib, yer bilan yakson qilib tashlandi, musulmonlarning eng muqaddas joylari hisoblangan madrasa-masjidlar otxonalarga, kazarmalarga, omborxonalarga aylantirildi. Oziq-ovqat razvyorstkasining joriy qilinishi aholi boshiga amirlik davrida solingan jabr-zulmdan ham oshib tushdi... Qishloqlarda ochlik dahshatli tus olgan, odamlar uy-joylarini tashlab boshlari oqqan tomonga qarab qochganlar. Butun aholidan tortib olingan don-dunlar vagonlarga yuklanib Rusiyaga jo‘natilgan...”.

 

Qurollangan to‘dalar bilan sho‘ro armiyasining o‘zaro kurashi 1925-yilda olib borilgan ochiq jangda Ibrohimbekning yengilishi bilan tugaydi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1927-yilda yosh sho‘ro davlatining bosmachilik harakatiga qarshi olib borilgan kurashi  tasvirlangan ilk  film “Ravot qashqirlari” yaratildi. Filmning mazmun mohiyati haqiqiy tarixiy faktlardan tamomila farq qiladi. Ssenariy muallifi V.Sobberey so‘nggi bosmachilar to‘dasining qizil askarlar tomonidan qo‘lga olinishi hamda o‘zbek ayoli Karomatning o‘z eridan qochib ketishida sho‘ro faollarining yordam berganlarini ssenariyda aks ettirgan. O‘z vaqtida “Ravot qishqirlari” filmiga matbuotda e’lon qilingan taqrizlarga qaraganda, bu asar ko‘plab tomoshabinlarning e’tiborini tortgan. Xususan, yozuvchi A.Qodiriyning taqrizida quyidagicha fikrlar keltiriladi: “O‘zbekning uyatsiz boyi, kambag‘al dehqoni, Karomat bibisi, Sodiqi, Jalili, to‘y-hashami, yersiz kambag‘al dehqonning ongsizligidan foydalanib, o‘zi kabi qashqirlar to‘dasi tuzgan bosmachisini ko‘rdim. Bularni ko‘ribgina qolmadim; Ravot tog‘ining “boy aka” ismida yurguvchi qashqirlarini jonlik, kambag‘al dehqonning chorasiz, g‘arib va ehtiyoj orqasida qizini qashqirga baholab berguvchini ko‘rdim... Ayniqsa Jalil – bosmachilikning tomir yoyishi manbaining jonli timsoli. Jalil ongsiz, savodsiz, o‘ylab netib turish yo‘q. Karomat qo‘lidan ketdi. Abdunabi boydan o‘ch olishi kerak! – otig‘a mindi, chovuga qamchi berdi, ot shataloq otdi, ketdi – bosmachi!

 

Darhaqiqat, qo‘rboshi akalar nima bilan bir necha kun jon saqlay oldilar? Sho‘ro qonunlari endigina yo‘lga qo‘yila boshlagan yangi davrda, uyatsiz Abdug‘ani boylar va qo‘y terisiga yashiringan qishloq arboblari va boshqalarning o‘z tilagilaricha ish ko‘rib, Jalil kabi ixtiyorsiz, zaif batrak, kambag‘allarni jonidan to‘ydirganliklaridan keldi. Ular o‘zlarining qoraliklari  orqasidan, “qordan” qutulib, “amiralmo‘minin” qo‘rboshilarga yana yem bo‘ladilar.”

 

Ushbu taqrizdan taxmin qilish mumkinki, 1925-yildan keyin ham bosmachilik butkul tugatilmagan edi. Endigi qurollangan guruhlar mahalliy dehqonlar va sho‘ro hokimiyatidan jabr ko‘rganlarni o‘z to‘dalariga jalb etishar va butun xalqni sho‘rolarga qarshi oyoqqa turg‘izishga behuda urinishar edi. Bu harakatda A.Qodiriy ta’kidlaganidek “shayxulislom, qozi, mufti kabilarning bosmachilikka din nomidan fatvo berishlari, qo‘rboshidan in’om-ehson ko‘rib, yigitlarni g‘azotga da’vat qilishlari” bo‘lgan gap. “Ravot qashqirlari”da bosmachilikning ayni shu tomoni aks etmaganini tilga olgan yozuvchi “holbuki, bosmachilikda eng zo‘r rol o‘ynaganlar shu ulamolar edilarki, bularga ko‘zim tushmadi”, deb yozadi.

 

Bu mavzuga aloqador keyingi filmda esa ayni “Ravot qashqirlari”da  yoritilmagan bosmachilikning kengayishida muhim ahamiyat kasb etgan ruhoniylar obrazi aks etdi. 1930-yilda yaratilgan “So‘nggi bek” filmida Farg‘onadagi bosmachilar harakatiga qarshi  dehqonlarning kurashi namoyon bo‘ldi. Ssenariy muallifi M.Ruderman, rejissor Ch.Sabinskiy, rejissor asisstenti N.Gʻaniyevlar filmda bosmachi obrazining va unga qarshi kurashganlarning xarakterini yoritishga harakat qildilar.



“Bosmachilik harakati” boshlanmasdan o‘n yetti yil avval mahalliy beklardan biri unga tegishli suvdan o‘z yerini sug‘organ dehqon Abdurahmonni qishloqdan haydab, moxovlar yashaydigan yerga jo‘natadi. Farg‘onada sho‘ro davlati o‘rnatilgandan so‘ng bek qishloqdan qochib, “bosmachilar” to‘dasini tashkil etadi. Abdurahmonning o‘g‘li Botir esa dehqonlardan iborat guruhga bosh bo‘lib “bosmachi”larga qarshi kurashadi. Uning g‘alaba qilishida qizil armiya askarlari yordamga keladilar. Film saqlanmaganligi tufayli uning mazmuni haqida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin film haqidagi taqrizlardan kelib chiqib (“Kino”, M., 25.05.1930; “Кино и жизн”, М., 1930, № 19; “Вечерняя Москва”, 21.04. 1930) uning g‘oyaviy yo‘nalishi haqida ma’lum fikrga kelish mumkin. Taqrizlarga ko‘ra, filmda Botir eshonning gaplariga ishonib, bosmachilarga borib qo‘shiladi. Lekin ularning xalqqa ko‘rsatayotgan behad jabr zulmini ko‘rib, bosmachi, eshon va mullalarning aslida dehqonlarning dushmani ekanligini tushunib yetadi.

 

“Sosrealizm” metodining o‘zbek kinosidagi aniq timsoli sifatida baholangan filmlardan yana biri “Yigit” filmidir. Uning rejissori birinchi o‘zbek kinorejissorlaridan biri Nabi Gʻaniyev edi. Ssenariy muallifi va bosh rol ijrochisi Ergash Hamroyev.



1935-yilda yaratilgan bu film aniq dramaturgik syujet qurilishiga ko‘ra rivojlanib borishi va kuchli xarakterlar to‘qnashuvi namoyon bo‘lishi bilan diqqatga sazovor. Film g‘oyaviy mohiyatidan qat’iy nazar o‘zbek kinosining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan asarlar qatorida tilga olinadi. Diqqatni tortadigan tomoni shundaki, mahalliy xalq turmush tarzini yaxshi bilmaydigan rejissor va ssenariynavislardan ma’lum ijodiy tajribani o‘zlashtirgan yosh o‘zbek kadrlari ham ilk ijod namunalarida  aynan mafkuraviy mavzularga murojaat etadilar. Taassufki, mamlakatda tarafkashlik avj olgan 20-30-yillarda san’at va madaniyat ahli ham umumiy oqimda suzar edi. “Bosmachilik”ning asl kelib chiqishidan bexabar bo‘lgan yoshlar sho‘ro hokimiyatiga umid va ishonch bilan mafkuraviy tashviqotda faol ishtirok etdilar. “Bosmachi”larning qiyofasini ekran va sahnadan ko‘rib turgan va mamlakatdagi ocharchilik va talon-taroj aynan ularning ishi ekanligiga ishongan xalq ularga nisbatan qo‘rquv va nafrat bilan kun o‘tkazardi.



“Вестник Просвещения и коммунистической културы” jurnalining 1920-yil 5-6-sonida shunday satrlar bor: “15-iyunda Andijonda birinchi bosqich maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika kursi ochildi. Kurslar yaxshi fursatda ochildi, deb aytib bo‘lmaydi. Tepangga kelib turmasa ham, lekin doim xavf-xatar solib turadigan bosmachilik ayni vaqtda ko‘p odamlarda allaqanday vahima solib turardi, bu esa odamlarni chakana ham qo‘rqitmaydi. Obivatellarning har kuni yangidan-yangi vahimalar tarqatib turadigan yolg‘on-yashiq gaplari bu yerda juda yomon rol o‘ynaydi.

 
Ilk sho‘rolar hukumati o‘rnatilgan davrlarda badiiy ijodning yetakchi mavzulari qatorida “reja”ga kiritilgan bu siyosiy g‘oya qariyb 50-60-yil mobaynida tomosha san’atlarining yetakchi mavzularidan biri bo‘lib qoldi. Aslida, haqiqatning ildizlari faqat mustaqillikdan keyin ochila boshladi. Lekin, bu mavzu ko‘plab bir tomonlama o‘rganilgan masalalar qatori hamon  o‘zining aniq tarixiy nuqtasini topganicha yo‘q. Ayniqsa, o‘zbek kinofilmlarida ifodalangan “bosmachi”larning qora  rangdagi qiyofasi o‘zbek xalqining avlodlariga mash’um ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Biz esa qo‘limizda bor manbalar misolida masalaga oydinlik kiritish niyatidamiz.

 

Har qanday keskin kurashlarga qaramay “bosmachilik harakati”ning 30-yillar oxiriga qadar cho‘zilishiga sabab yerlik aholining milliy qadriyatlaridan bexabar sho‘ro askarlari hokimiyat qo‘lga olingandan keyin xalqni talash va zo‘ravonliklar qilish yo‘liga o‘tkanliklaridan boshlangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Ф.Р.-17. оп.45” raqami bilan saqlanayotgan hujjatda “Samarqand oblastini(ng) bosmachilarni yo‘q qiladigan favqulodda troykasi” deb nomlangan muvaqqat qo‘mitasining bayonnomasi saqlanadi. Unda bosmachilikning kelib chiqishi maxfiy tarzda bayon etilar ekan, shunday jumlalarni o‘qiymiz: “Chinakam qimmatli xodimlar bilan bir qatorda  bu tomonlarga ongi yetilmagan, umuman tarixdan, shu jumladan, Turkiston tarixidan, tajribasidan mutlaqo bexabar ishchilar, qizil askarlar va matroslar keldilar, o‘zlari tashkil etgan maxsus bo‘limlar va cheka organlari orqali, ehtimolki, Ryazan gubernyasida tadbiq qilish mumkin bo‘lgan, biroq Turkistonda qo‘llash mutlaqo mumkin bo‘lmagan usullar vositasida qishloqda inqilobni amalga oshirishga kirishdilar. Agar ularning aholiga qilgan qabih zo‘ravonliklari faktlariga batafsil to‘xtalgudek bo‘lsak, inqilobga mutlaqo daxli bo‘lmagan “jasorat”lari haqida uyum-uyum qog‘ozlarni to‘ldirishga to‘g‘ri keladi. Hech bir gunohi yo‘qlar ikki-uch kishining til biriktirishi bilan otilavergan-u, ashaddiy aksilinqilobchilar hech kimga ma’lum bo‘lmagan sabablar bilan bo‘shatib yuborilgan. Samarqandda, masalan, jazo otryadlari o‘rtasida bir kecha davomida mahbuslarni kim ko‘p otish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilgan. Kelgindi xodimlar ushbu mamlakatning odatlarini oyoq osti qilib, eski mutaassibdan, chamasi biror yil ichida baynalmilalchi chiqarish xayoli bilan uning diniy tuyg‘ularini toptagan holda musulmon turmush tarzining asriy daraxtini tagidan qo‘pormoqqa kirishdilar”. (Bu ko‘chirma olim B.Qosimovning “Jadidchilik” maqolasidan olindi: Milliy uyg‘onish va o‘zbek filologiyasi masalalari. T., 1993. B. 26-27.)

 

Ba’zi manbalarda esa bosmachilik sifatida tarixga kirgan bu milliy-ozodlik harakatining kelib chiqishi sho‘ro askarlari tomonidan Qo‘qon muxtoriyatining vahshiylarcha tugatilishi bilan bog‘lanadi: “Qisqa vaqtda ro‘y bergan vayronagarchilik, talon-taroj va vahshiyliklar butun Turkistonga yoyildi. Insoniy huquqi, e’tiqodi, oriyati toptalgan xalq qo‘zg‘aldi. Bu holat xalq harakatiga, xalqning ommaviy qarshilik harakatiga, o‘ziga xos yo‘sindagi xalq noroziligiga va qo‘zg‘olonga aylanib ketdi. Biz bu milliy ozodlik va qarshilik harakatini bosmachilik harakati, davrni esa bosmachilik davri deb atadik.”

 

Endilikda “bosmachi” sifatida atab kelingan milliy ozodlik harakati ishtirokchilarining to‘qima obrazlari aks etgan filmlarni  ilmiy nuqtai nazardan o‘rganar ekanmiz, hodisaga xolis yondoshish masalasi asosiy mezondir. Zotan, mamlakatda sho‘ro hokimiyatiga qarshi kurashganlarning barchasi yo‘q qilib yuborilgunga qadar Turkistonda xalq og‘ir iqtisodiy ahvolni boshdan kechirgan edi. O‘z oilasi, qishlog‘i, yashash joyini tashlab, tog‘larga chiqib ketgan va kurashga otlangan qurolli kuchlar oziq-ovqatlar va kiyim-kechaklarga hamisha ehtiyoj sezganlari tabiiy.  Shu bois vaqti-vaqti bilan bu qurollangan to‘dalar qishloqlarga bosmachilik harakatini uyushtirganlari va aholini qo‘rqitib, talonchilik qilganlarini inkor etib bo‘lmaydi. Tinchini yo‘qotgan, hamisha xavotirda yashagan xalq sho‘rolar hokimiyati tarqatgan to‘g‘ri-noto‘g‘ri axborotlar ta’sirida qurollangan to‘dalarning asl maqsadi  yangi ishchi-dehqonlar hokimiyatini yo‘qotish, eskicha boshqaruv tizimini qaytadan joriy etish deb tushunganlari va ularni “bosmachi”,  deb ataganlari ham haqiqat. Masalaning nozik jihati shundaki, qurollangan to‘da boshliqlarining aksariyati kechagi boshqaruv tizimining nufuzli ayonlaridan bo‘lgan kishilar edi va haqiqatan ham ular sho‘ro hokimiyatiga qarshi edilar. Biroq, ular orasida dehqonlar ommasi vakillari  ham borligi – ilk sho‘rolar davrida qizil askarlarning mahalliy aholiga ko‘rsatgan jabr-zulmi, xalq mulkini talon-taroj qilish, don-dunning urushdan och-nahor chiqqan aholiga berilmay, Rossiyaga jo‘natilishi bilan bog‘liq. Ko‘rinadiki, 20-30-yillarda yaratilgan bosmachilar kurashiga bag‘ishlangan kinofilmlarining g‘oyaviy yechimi sho‘ro hukumati mafkurasiga xizmat qilishi va ijtimoiy voqe’lik bor bo‘yicha emas, yuzaki, bir tomonlama ifoda etilganligi bilan xarakterlidir.

 

Tadqiq etilayotgan davrda odim tashlagan o‘zbek kinosining tabiiy rivojlanish yo‘liga to‘g‘anoqlar  qo‘yildi. XX asrning 30-yillariga qadar ma’lum muddat qalam tebratib turgan jadidlar 40-yillarga kelib siyosiy maydondan butkul olib tashlandi. Turli siyosiy o‘yinlar natijasida XX asr boshidagi xalqning turmush tarzi, qiziqish va imkoniyatlari badiiy ijod namunalarida buzib talqin etildi. Endilikda oradan yuz yilcha vaqt o‘tib, o‘zbek  kinosining shakllanish davrida yaratilgan filmlarga ilmiy nazar tashlar ekanmiz, yetmish yil mobaynida sho‘ro hokimiyatining asl qiyofasi yashirilib, mavjud  mafkuraning “siyosiy o‘yinlari” qanchalik   xas-po‘shlanganligidan kino san’atidan ustalik bilan foydalanilganligini ko‘rsatadi.

 

Shohida ESHONBOBOYЕVA.

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Falsafa

10:10 / 15.10.2024 0 15
Global ruhiy stress oddiy voqelikka aylandi

Ma’naviyat

15:10 / 14.10.2024 0 202
Har qanday “poyezd”ning “so‘nggi bekat”i bor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20472
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//