Kino paydo bo‘lgan ilk davrlarda undan shunchaki jo‘n axborot vositasi yoki ko‘ngilochar attraksion sifatida foydalanilar edi. Ammo qisqa fursatlarda kinoning kommunikatsion ta’sir kuchi borligi, undan ommaning aqliy, jismoniy faoliyatini boshqarish uchun o‘tkir qurol o‘rnida foydalanish va ortidan katta daromad ko‘rish mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Aynan mana shu fakt salkam 130 yildan buyon kino san’atining boshqa san’atlar o‘rtasida shohsupadan tushmay kelishiga sabab bo‘lmoqda. Asosiysi, kino nafaqat davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonchli “vakil”, balki mavjud hukmron mafkuralarning turli siyosiy o‘yinlari targ‘ibotchisi ham hisoblanadi. Oyina.uz Turkistonda inqilobgacha va inqilobdan keyin kinodan qanday siyosiy maqsadlarda foydalanilgani xususida so‘z yuritadi.
Turkistondagi ilk qadamlar
Turkistonda kinoning ilk namoyishi 1897-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi. Chor Rossiyasi hukmron bo‘lgan u davrlarda Turkistonga Rossiya orqali yoki Turkiya tomondan kelgan yevropalik sayyohlar kinotomoshalar ko‘rsatganligi haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar bor. Lekin 1897-yildan 1924-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Turkistonda tashkil etilib namoyish etilgan filmlarda mahalliy aholining turmush tarzidan hikoya qiluvchi kadrlar ko‘p bo‘lmagan. “Туркестанские ведомости”, “Туркестанский курьер”, “Самарканд” gazetalarining 1905-1907-yillardagi sonlarida xorijdan kelganlar manzarali kinolavhalar, sayillar suratga olgani, katta pul evaziga ko‘rsatilgan bu filmlarning estetik qiymati yo‘qligi to‘g‘risida qayd etilgan.
Bu vaqtda Turkistonning bir qator qishloqlarini tasmaga tushirish uchun ko‘p harakatlar bo‘lgani haqida ham ma’lumotlar bor. Xususan, 1914-yilda daniyalik Frans Adolf Garder va “Ekler” fransuz kinematografiya jamiyatining vakili Rene Moro kino suratga olish uchun hokimiyatdan ruxsat oladilar. Shu kabi “Туркестанские ведомости” gazetasining 1912-yil 2-avgust sonida rossiyalik A.Xanjonkov va uning firmasi “Kinematograf uchun Turkiston tabiatini, mahalliy aholining turmushi va mashg‘uloti, o‘lkaning mustamlaka sharoitlari..., O‘rta Osiyo qishloqlari ko‘rinishi, turli davlat idoralari, savdo-sanoat korxonalari va boshqalarni aks ettiruvchi suratlarni olish maqsadida...” mahalliy hokimiyat ruxsatini olgani to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
Birinchi jahon urushiga qadar Turkistonda yangi kinoteatrlar ochilishiga yoki turli kinoseanslar uyushtirishga xayrixoh bo‘lmagan hokimiyat urush vaqtida zudlik bilan ko‘riklar o‘tkazishga ko‘rsatma beradi. Bundan maqsad, bir tomondan aholining kinematografga nisbatan cheksiz qiziqishidan foydalanib, O‘rta Osiyo xalqlariga o‘z mafkurasini singdirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘lkaning shahar va qishloqlarida “maxsus kinematograf kunlari”, “hayriya kinematograflar” o‘tkazish orqali ko‘riklardan tushgan mablag‘ni urushda yarador bo‘lgan askarlarga yuborish edi. Asosan, Rossiya kinofirmalarining filmlari namoyish etilgan ko‘riklarda mahalliy tomoshabin mustamlakachilarning siyosatiga xos g‘oyaviy mohiyatga ega filmlarni tomosha qilgan.
Sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilgach, 1919-yilda Turkistondagi barcha dam olish va ko‘ngilochar tomosha maskanlari nazorat ostiga olinib, mamlakatdagi kino ishlab chiqaruvchi korxonalar va ijarachi muassasalar yangi hukumatning mulkiga aylanadi. Shu bilan birga kinodan mafkuraviy g‘oyalarning targ‘ibotida keng foydalanishga uringan sho‘ro hokimiyati yangi-yangi filmlar yaratish, kinoteatrlar ochish, mahalliy xalq vakillaridan kino xodimlari yetishtirishga harakatni boshlab yuboradi. Avvaliga yerlik kinochilar bo‘lmagani uchun, xorijlik kinochilarning ijod namunalari ko‘payadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy aholi hayotidan hikoya qiluvchi filmlarni yaratishga kelgan kinochilar film suratga olish vaqtidagina yerlik aholi bilan tanishganlar. Tayyor bo‘lgan qisman “o‘zbekona” filmlarning mazmun-mohiyati o‘zbek tomoshabinlariga “afsona” sifatida ko‘rinsa-da, kino muxlisi uchun bu filmlar o‘ta qiziqarli tomosha hisoblangan.
Tobora son jihatidan salmoqli, sifati haminqadar bo‘lgan filmlar ko‘paya bordi. 1923-yil iyul oyida Davlat kino trestida 56 ta yangi film tomoshabinga namoyish etilgan bo‘lsa, shu yilning sentabrida 99 ta, oktabrda filmlar soni 119 taga yetgan. Bu filmlarning birortasi aholining turmush doirasiga mos kelmaganligidan 1927-yilda yaratilgan “Ravot qashqirlari” nomli yangi o‘zbek filmidan qoniqqan yozuvchi A.Qodiriy “Qizil O‘zbekiston” gazetasida shunday yozadi: “Shu kungacha o‘zbek hayotidan yoki umuman O‘rta Osiyo xalqlari turmushidan olib o‘ynalgan filmlarning hayotimizga yondoshib kelgan lavhalari, ko‘rinishlari bus-butun deb bo‘lmasa-da, va lekin xayoliy, soxtanamo bo‘ladi... Aksar shunday soxtaliklarga yo‘liqqan o‘zbek tabiiy o‘zini kulgudan to‘xtata olmaydi, yoqa ushlab o‘ziga isnod qilingan “nav ijod hayotni” bir necha vaqtgacha kulgu maqomida o‘rtoqlariga, hazilmandlariga so‘zlab yuradi... Bu hol yolg‘iz kinolardagina emas, yevropaliklarning, hatto O‘rta Osiyoda chiqadigan kundalik gazeta, jurnallarida va adabiyotlarida, bizga bag‘ishlab yozilgan parchalarida, lavhalarida ham shu xayolot yoki rivoyat orqali yozilgan “vahimalarga” ko‘p uchraymiz...”
“Kino tresti”ning risoladagidek ish olib bormayotganligi xususida boshqa qator maqolalar ham e’lon qilingan. Jumladan, “Sharq haqiqati” gazetasining 1929-yil oktabr sonida “Chaynayverib qirpit bo‘lgan bir to‘larsoq” nomli maqola muallifi Gʻ.Gʻulom “O‘zbekiston davlat kino trestini” “karvonsaroy”ga mengzaydi. “Nega kino tresti ravnaqsiz, nega u shuncha terlab-pishib ishchi-dehqon ommasiga qilmoqchi bo‘lgan xizmatlarining natijasini “ayiq do‘stligi” bilan tamomlaydi, nega ko‘pchilik trestni hurmatsiz bir iltifot bilan qarshilaydi?
Yuqoridagi qator savollarning keng moʻjaz javobi: kino trestining haligacha karvonsaroylikdan chiqa olmaganidir. Hozir uning tashkil qilinganiga olti yil bo‘ldi. Shu davr ichida bir necha direktorlar almashindi. Qator-qator mutaxassislar guruhlari qo‘nib o‘tdilar. Birlari endi ishni boshlaganda boshqalari keldi. Umumiy qoidalar bo‘yicha ilgaridagilarning ishlari so‘nggilariga yoqmadi. Qaytadan boshladilar. Bir xurjun chervon, g‘alvir-g‘alvir tashabbuslar havoga uchdilar va hokazo...”.
Maqola muallifi sanab o‘tgan “Baxt quyoshi”, “Moxov qiz”, “O‘zbekiston xotinlari”, “Lotinlashtirish” va “It olmas” kartinalarining birortasi talab darajasida emasligi, filmlarning mavzusi “aql korxonasida pishitilmagan”, “allakimlarning bog‘lanishsiz tasavvurlaridan” paydo bo‘lgan ssenariylarning mahalliy xalq hayotidan juda yiroqligi felyeton qilingan. Mahalliy kinomutaxassis, kadrlarning yo‘qligi, shu bilan birga o‘zbek davlat kino tresti buning uchun harakat ham qilmasligi muallifni taajjublantiradi. “Rejissorlik nomiga bo‘yalib kelgan” Averbax, Gertel, Dunayev singari kishilarning bitta kartinani suratga olishda keragidan ortiq pul sarflangani-yu, buning natijasi samarasiz bo‘lganligini yaxshi o‘rgangan Gʻ. Gʻulomning bergan ma’lumotlaridan o‘tgan asrning boshlaridagi kinoning rivojlanish bosqichi keng jamoatchilikning diqqatida bo‘lganligi, barcha muammolarning yechimini yosh adib va jurnalistlar qattiq o‘rganganlari, ammo matbuotdagi to‘xtovsiz “bong urishlar” javobsiz qolganligini bilish mumkin.
Ekrandagi “hayot”
Oktyabr inqilobidan keyin kino san’ati tarixida yetakchi o‘rinda turgan mavzularni shartli ravishda quyidagicha belgilash mumkin: “inqilobning mehnatkashlar ommasini “qullikdan” ozod etishi”, “xotin qizlar ozodligi uchun kurash”, “bosmachilar va ularga qarshi kurash”, “yangi hukumat dushmanlari”.
Sho‘rolarning IX syezdi partiya qarorida mamlakatda mehnat unumdorligini oshirish yo‘lida kinodan foydalanish haqida so‘z yuritilgan. Bu qarorlarning ijrosi uchun mustamlaka mamlakatlar aholisiga ta’sir etishning yo‘llaridan biri mahalliy aholining o‘z turmushidan olib o‘ynalgan filmlarda g‘oyaviy tashviqotni ilgari surish edi.
“Yuksalish” (1931, ssenariy mualliflari N.Klado, N.Gʻaniyev, rejissor N.Gʻaniyev), “Bog‘dodning Amerika paxtasi” (“Американка из Багдада”, 1931, rejissor N.Klado), “Makrli changal” (1932, rejissor V.Kozlov), “Arabi” (1930, rejissor N.Zubova) singari filmlar shunday mafkuraviy tashviqot filmlardandir. Ularning mavzu doirasida “dehqonlarning paxta yetishtirishiga qarshi boylarning kurashi”, “sho‘ro hokimiyati qo‘lga kiritayotgan yutuqlarga milliy burjuaziya vakillarining qarshiligi” kabi masalalar namoyon bo‘ladi. Hukumat qarorlari burjua sinfini batamom yo‘qotish siyosatini olib borishi natijasida teatr, kino, adabiyot asarlarida bu siyosatning tamg‘alari muhrlanib qolgani hozirda aniq ko‘zga tashlanadi. Ammo ekrandagi hayot bilan real hayot o‘rtasidagi tafovut, tabiiyki katta edi. Ayniqsa, xotin-qizlar ozodligi uchun kurash mavzusi yoritilgan “Ikkinchi xotin”, “Chodra” (1927), “Moxov xotin” (1928), “Avliyo qizi”(1930), “Uning huquqi” (1931) kabi filmlarda o‘zbek ayolining inqilobga qadar o‘tkan “og‘ir turmushi” Oktabr inqilobidan keyingi o‘zgarishlar bilan qiyoslangan tarzda ifodalangan.
Rejissor M.Doronin suratga olgan “Ikkinchi xotin” filmida sharq ayolining xarakteri, yashash tarzi va oilaviy ahvoli qisman bo‘lsa-da, haqiqatdan uzoq bo‘lmagan tarzda ifoda etilgan. 1927-yilda suratga olingan filmda aktyor va rejissorlardan S.Xo‘jayev, N.Gʻaniyev, X.Jalilovlar maslahatchi sifatida ishtirok etdilar. Bu esa filmning tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olinishiga yordam bergan. Film L.Sayfullinaning “Ikkinchi xotin” nomli hikoyasi asosida suratga olingan bo‘lib, hikoya 1925-yilda rus tilida chop etilgan “Ichkari” nomli hikoyalar to‘plamiga kiritilgan edi. To‘plamdagi barcha hikoyalarda o‘zbek ayolining “ichkari”dagi turmush tarzi aks etgan. Ixcham ssenariyga qiyos «Ikkinchi xotin» hikoyasi ekranlashtirilishi jarayonida sho‘rolar hokimiyatining o‘zbek xotin-qizlariga ko‘rsatgan “g‘amxo‘rligi” filmda o‘z aksini topishiga erishildi.
“Chodra” filmida ham inqilobning “kuch-qudrati”, yosh sho‘ro hukumati o‘zbek xotin-qizlarining paranji tashlashlarini targ‘ib etishi aks etadi. Oktabr inqilobining o‘n yilligiga bag‘ishlangan ushbu filmning bosh maqsadi mafkuraviy targ‘ibot edi. Bu filmda ham savdogar – Xaydarboyning rafiqasi Lolaning zolim er qo‘lidan olib chiqish uchun olib borilgan kurash yoritiladi. Ikki qarama-qarshi qutb – bechora o‘zbek ayoli va zolim boy obrazi aks etgan film o‘z vaqtida haqiqatdan uzoq ekanligi mahalliy matbuotda aytib o‘tilgan. “Averbax Maskovdan srochno chaqirildi. U endigina praktikantlikdan chiqqan, tahsil ko‘rmagan xom bir kishi edi. O‘zbekistonga umrida birinchi marta kelganiga qaramay, bir yarim oy mobaynida o‘zbek hayotidan “Chodira” kartinasini ishlab chiqardi. Hozir o‘sha mahsulot davlat kino trestining omborida o‘tmas matoh bo‘lib yotadi... “Chodira” ismiga yarasha “chodiralilar” singari chordevoldan tomoshabin ko‘ziga aks etgani yo‘q. Bu ham mafkuraviy tomondan poyma-poy kavsh. San’at hemiri, natija muammo – bir hurjun. Bu ham trest podvalida endigi asarlarning tomoshabinlarini (chunki kelgusi bo‘g‘inlar, darhaqiqat, kechmishda ahvol shundaydir, deya qo‘ya qolarlar) kutib yotadi.” Maqola muallifi Gʻ.Gʻulom sanab o‘tgan bir necha filmlar davr talabiga javob bermasligidan tashqari ularning yaratuvchilari o‘zbek davlat kino trestining behisob mablag‘ini havoga sovurayotganlari qayd etilgan. Film ijodkorlari (ssenariynavislar – M.Insarov, P.Korotkov, V.Bulax, M.Averbax, rejissor M.Averbax, operator A.Lemberg) mahalliy turmush va sharoitni yaxshi bilmasliklari filmning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga sabab bo‘lgan.
1931-yilda rejissor G.Chernyak “Uning huquqi” nomli filmni yaratdi. Bu film ijodiy guruhining asosiy qismi yevropa millatiga mansub bo‘lgan ijodkorlar edi. Faqatgina yetakchi obraz Tojixonning eri obrazi aktyor R.Ahmedovga topshirildi. Filmda ozodlikka intilgan Tojixonning erini tashlab ketib shaharga kelishi, zavodga ishga kirishi, vaqt o‘tib zarbdor ishchilardan biriga aylanishi hikoya qilinadi. Uning yutuqlari kinoxronika xodimlari tomonidan suratga olinib, ko‘p o‘tmay film kolxozda namoyish etilayotgan vaqtda xotinini tanib qolgan kolxozchi Qosim Yusupov ekrandagi rafiqasiga pichoq o‘qtaladi. Biroq, kolxozchilarning ta’siriga ko‘ra u o‘z xatosini tushunadi va shaharga borib rafiqasi bilan yarashadi...
Real hayot sirlari
Inqilobdan keyin mamlakatda sodir bo‘layotgan jiddiy va dahshatli hodisalarning aksariyati xotin-qizlarning erklikka intilishi bilan bog‘liq edi. Film ijodkorlari yuqorida aytib o‘tganimizdek, masalaga faqat sho‘ro mafkurasini targ‘ib etish yuzasidan yondoshganlar. Ma’lumotlarga ko‘ra bu vaqtda xotin-qizlar ozodligi uchun tuzilgan “Hujum” tashkilotining tashviqotchilik faoliyati juda keng tarqalgan, mamlakatda ozodlikni istagan necha-necha ayollarning o‘z akalari, erlari, otalari, umuman, yaqin kishilari tomonidan o‘ldirilgan, yo‘llari to‘silgan bir shavqatsiz davr edi. Haqiqiy hayotdan uzilgan filmlarda esa paranji tashlagan ayollarning achchiq qismati ro‘y-rost aks etmadi. Aksincha, yuzi ochiq bo‘lgan o‘zbek qizining farovon turmushi ekran orqali madh etildi. Ammo 20-30-yillarda mamlakatda aynan sho‘ro hokimiyatining shoshma-shosharlik bilan olib borgan siyosati juda ko‘p ayollarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan edi. Bu hodisani faqatgina mamlakat aholisining siyosiy ongi davr o‘zgarishlarini to‘laqonli anglab yetmaganligi bilangina bog‘lash mumkin emas. Ayni sho‘ro hukumati davrida badiiy ijodda aks etgan tarixiy voqe’lik ozodlikka intilgan kuch (o‘zbek ayollari) va unga qarshi bo‘lgan yovuz kuchlar (hurofotchilar)ning o‘zaro kurashi sifatida bayon etib kelindi. Aslida, sovet davlatining tezlik bilan oyoqqa turishida mamlakatda ayollar kuchidan ham foydalanish davr talabi edi. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo xotin-qizlarini mehnatga safarbar etish uchun avval ularni ichkaridan ozod etish va huquqlari teng ekanligini tasdiqlab olish shart edi.
Nazarimizda, Moskvadan O‘zbekistonga film suratga olish uchun kelgan kinochilar ma’lum ko‘rsatmalar asosida faoliyat yuritganlar. Ularning asosiy maqsadi xotin-qizlarni zudlik bilan jamiyatning faol ishchisiga aylantirish, yangi hokimiyatga nisbatan aholining ishonchini uyg‘otish (garchi bu to‘qima syujetlar asosiga qurilsa ham), shuningdek, go‘yo mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy ahvolning bosh sababchilari bo‘lgan mahalliy boylar, eshonlar va bosmachilarga xalqning cheksiz nafratini qo‘zg‘atishda kinoning ta’sirini oshirish edi. Bu masalalarni to‘qima syujetlar asosida yoritgan rejissorlar mahalliy tomoshabinning filmni qay tarzda qabul qilayotgani bilan mutlaqo qiziqmaganlar. Ular belgilangan reja bo‘yicha ish olib borganlar va mafkuraviy tashviqot yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida hisobot to‘ldirganlar. Ekran tashqarisidagi hayotda esa filmlardagidek erkaklar xotin-qizlar yo‘rig‘iga osonlik bilan ergashmagan. Agar 20-yillarda xotin-qizlar o‘rtasida olib borilgan tashviqot ishlari asta-sekinlik bilan olib borilgan, bir emas, bir necha marta o‘tkazilgan ommaviy mitinglar yoki xonadonlar aro o‘tkazilgan tushuntirish ishlari o‘zbek ayollarining paranji tashlashga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘ota borib, ularning ishonchini qozona boshlagan bo‘lsa, keyingi harakatlar keskin va shiddatli kecha boshladi.
1926-yilda O‘rta Osiyo partiya komitetlarining xotin-qizlar bo‘limlari xodimlari ishtirokida kengash o‘tkazildi. Kengashda xotin-qizlarni tezroq sovetlar jamiyatining faollariga aylantirish uchun qaror qabul etildi. Qarorga asosan O‘rta Osiyolik ayollarni ishlab chiqarishning barcha jabhalariga jalb etish, birinchi navbatda o‘zbek ayollarining paranji tashlashga nisbatan barcha choralarni kuchaytirish muhim vazifa etib belgilandi va bu tadbir “Hujum” deb ataldi. Tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, faqat ayollar o‘rtasida olib borilgan tashviqotlar natijasida mamlakatdagi ko‘p sonli yosh xotin-qizlar o‘z erkini sho‘ro hokimiyatidan talab qilib chiqqanlar va paranji tashlashdan tashqari ajralish uchun sud organlariga arizalar berganlar. Bu harakatda erkaklar orasida ham ruhiy-mafkuraviy ta’sir o‘tkazish yoki tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yilmagan. Aksincha, ayollar o‘z eri, otasi, birodarlariga qarshi qo‘yilgan. “Agar erking bo‘g‘ilsa seni himoya qiluvchi Sho‘ro hokimiyati bor, paranjini tashla”, qabilidagi da’vatlar bechora ayollarni zudlik bilan qaror qabul qilishga olib kelgani sir emas. Ma’lumotlarga qaraganda, 1927-yilga kelib 100 ming ayol paranjisini tashlagan, 5 ming ayol savodsizlikni tugatish kurslarida tahsil olgan, 5202 nafar ayol xalq maslahatchiligiga saylangan. (Alimova D. “Hujum”ga zarurat bormidi?// O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. - 1992, 11-sentabr № 37.)
Bu yutuqlarga erishishning barchasini “Hujum” yoki boshqa targ‘ibot ishlari bilangina bog‘lab bo‘lmaydi. Teatr va kino asarlari ham o‘z tomoshabiniga bevosita ekran yoki sahna orqali ta’sir etganligi tabiiy. Zotan kinematografiya san’ati aholini moʻjizalar ro‘y berishiga ishontira olar edi va XX asr boshida yashagan tomoshabin ekrandagi voqealarni haqiqiy hayotning aksi, deb tushungan bo‘lishi ham mumkin. Lekin mamlakat ayollarining o‘z erki uchun bo‘lgan kurashi keskin to‘siqlarga uchraganini quyidagi ma’lumotlardan bilib olish mumkin: “Rasmiy hujjatlarda 1927-1928-yillari birgina O‘zbekistonda 2,5 mingdan ortiq faol xotin-qizlar, qishloq, rayon kengashlarining a’zolari, xotin-qizlar klublari va kutubxonalar mudirlari hayotdan judo bo‘lgani raqamlangan. Albatta, bu ko‘rsatkich to‘liq emas. “Hujum”ning oddiy ishtirokchilaridan qanchasi o‘lgani yoki mayib-majruh bo‘lgani, bu fojialar uchun mas’ullikni va javobgarlikni kim o‘z zimmasiga olgani noma’lum”. (Alimova D. “Hujum”ga zarurat bormidi?// O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. - 1992, 11-sentabr № 37.)
Tarixchi olimaning masalani chuqur o‘rgangan jihatlaridan yana biri shundaki, o‘zbek xotin-qizlarining yuzlarini ochib ijtimoiy hayotda erkin faoliyat yuritishlarida milliy urf-odatlar, an’analar poymol etilish darajasida faoliyat yuritilgan. Ya’ni, tashviqot ishlariga dindorlar, garchi bu harakatni qo‘llab quvvatlasalar ham jalb etilmagan. Aksincha, dinga va ruhoniylarga nisbatan “Kurashchan xudosizlar” uyushmasi tuzilib, ruhoniylar va ularning e’tiqodiga nisbatan ham jiddiy kurash yo‘li boshlangan edi. Shu tariqa, 1930-yillarga kelib dindorlarning salbiy qiyofalari ham o‘z-o‘zidan badiiy ijod turlariga kirib kela boshladi. Natijada, xotin-qizlar o‘limida ham dindorlar, sho‘ro hukumatiga qarshi ham avvalo dindor va boy, mamlakatdagi iqtisodiy tanglikni keltirib chiqarayotganlar ham aynan mana shular, degan yorliq sho‘ro hokimiyatining tashviqotchilari uchun juda qo‘l keldi. Lekin, 30-yillarda yaratilgan badiiy ijod namunalaridagi aksar boy, bek va ruhoniylar obrazlarining faqat salbiy qiyofada tasvirlanishi haqiqatga mutlaqo zid bo‘lganidek, inqilobga qadar o‘zbek ayolining ichkarida zulm ostida yashaganligi, ko‘p xotinlilik jafosini chekkani ham barcha Turkiston ayollariga xos emas edi. Turkiston boylari va ruhoniylariga yoppasiga yopishtirilgan bu tamg‘a deyarli yetmish yil davom etib keldi.
Agar o‘zbek kinosining 20-30-yillarda yaratilgan asarlarini tahlil etib borsak, “oq” bu yo‘qsil, mehnatkash dehqon, “qora” bu jadid, eshon, boy va bosmachilardir, degan tendensiyani ko‘rish mumkin... Tarixiy ma’lumotlar esa o‘zbek xalqi o‘z ahli ayolini behudaga xo‘rlamaganini, balki o‘zbek ayollari ham har bir xalq kabi tinch-totuv hayot kechirganlari to‘g‘risida aytadi: 1886-yilda Qozon nashriyotida bosmadan chiqqan “Farg‘ona tuzem aholisi ayollarining turmushidan ocherklar” nomli kitobda XIX asr oxirida Farg‘ona viloyatida ma’lum muddat yashab, mahalliy ayollarning turmush tarzini sinchiklab kuzatgan va o‘z kuzatuvlari asosida hujjatli asar yozgan er-xotin Nalivkinlarning o‘zbek ayollari turmushiga xolis munosabati aks etgan (Asarning inqilobdan avval nashr etilganligini qayd etamiz). Kitobda farg‘onalik ayollarning ko‘rinishi, milliy xarakter xususiyatlari, shu jumladan oilaviy er-xotin munosabatlari ham batafsil yoritilgan. Inqilobdan keyingi badiiy ijod namunalarida ustun turgan o‘zbek ayollari obrazining bir taraflama talqinidan farqli tarzda Farg‘ona ayollarining anchayin erkli bo‘lganlari ushbu kitobda dalillar bilan ifodalanadi. “...Bu yerda erkak ayolga nisbatan zulmini Yevropaga qaraganda kamroq o‘tkazadi. Ayol moddiy sabablarga ko‘ra ajralish huquqidan foydalana olmagan taqdirgina erkak ayolga zulm qilishi mumkin. Har qalay, ayrim hollarda musulmon ayollarining ahvoli yevropaliklarnikiga qaraganda durustroq. Ular shaxs sifatida ham kengroq huquqqa ega bo‘lib kelganlar”. Demak, inqilobgacha Turkiston ayollarining “xo‘rlik” va “zo‘rlik”dan iborat hayot kechirgani sho‘ro mafkurasi targ‘ibotiga xizmat qilgan badiiy asarlarda bir tomonlama o‘z ifodasini topgan.
Sho‘rolar siyosiy mafkurasining mavjud voqe’likka bir tomonlama murojaat etishni san’at va madaniyat xodimlariga dasturilamal sifatida belgilab berganligi, ayni paytda muammolar va ularni bartaraf etishga bo‘lgan harakat ham bir tomonlama yoritilib kelinganligi, bunday yo‘ldan yurmagan ijodkorlar esa ijtimoiy-siyosiy maydondan yo‘qotilganligi bugun kundek ravshan.
Shohida ESHONBOBOYЕVA.
Oyina.uz
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
1 Izoh
RUSTAMJON Khudayberganov
21:11 / 19.11.2023
Bu maqola bugungi Sovetcha yani biryoqlama fiklovchi yurdoshlarimizni o'zligini anglashiga xissasi bor deb umid qilaman . Voqiylikka samimiy yondashuv , uni hissiyotdan chetda adolatli tahlil qilish madaniyat, marifatni ravnaqidagi muhum omil. Siz qo'l urgan mavzu juda dolzarb .