Respublikani qamrab olgan “Ma’naviyat marafoni” tafsilotlari


Saqlash
19:11 / 10.11.2023 699 0

Avval xabar berilganidek, bugun butun respublika bo‘ylab “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat marafoni” o‘tkazildi. Marafon hududlardagi mas’ul rahbarlardan tortib, tashkilot va korxona jamoalari, adabiyot va san’at namoyondalari, keng jamoatchilik hamda yoshlarni qamrab oldi.

 

Toshkent viloyatidagi muzeylar, ma’naviyat maskanlari, ta’lim muassasalari va so‘lim manzaralar marafon tadbirlari manziliga aylandi. Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumanida “Kitob – bilim bulog‘i” mavzusida ma’rifat soati, “O‘zbekiston Vatanim manim” mavzusida rasmlar tanlovi, “Mehrjon bayrami” hamda ekskursiyalar uyushtirildi. “Mehrjon bayrami” o‘z-o‘zidan mavsum kayfiyatini hamda hududning dehqonchilikka ixtisoslashgan o‘ziga xosligini ifodalaydi.



 

Navoiy viloyatida “Ma’naviyat marafoni” Alisher Navoiy istirohat bog‘ida boshlanib, viloyatning 11 ta tuman va shahrida davom etdi. “Milliy qadriyatlar” loyihasi doirasida maqom va folklor qo‘shiqlari, amaliy san’at namunalari, xalq o‘yinlari, milliy liboslar ko‘rgazmalari, “Kitob – mening eng yaqin do‘stim” loyihasi doirasida taqdimotlar, “Ajdodlar mardona ruhi senga yor!”, “O‘zbekiston – mening Vatanim!” “Onamdayin mehribon Vatan!” loyihalari doirasida o‘quvchilar o‘rtasida ijodiy ishlar, she’r va qo‘shiqlar ijrosi bo‘yicha bellashuv, rasmlar tanlovi, kasb-hunar maktablari o‘quvchilari, to‘garak qatnashchilari, korxona-tashkilotlarning yosh xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ixtiro va kashfiyot”, “Eng yaxshi ijodiy ish” mavzularida ko‘rgazmalar tashkil etildi.

 



Andijon viloyatida ham marafon doirasida o‘nlab loyihalar amalga oshirildi. Marhamat, Xo‘jaobod, Shahrixon, Andijon, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa kabi tumanlarda o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng targ‘ib etildi. Ayniqsa, Marhamat tumanida Yunusjon ota dorboz sulolasining chiqishlari tadbirlarning o‘ziga xosligini belgilab berdi.



Farg‘ona viloyatida ham xalqona va intellektual tadbirlarga asoslangan marafon ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Bu hududdagi yodda qolarli va muhim voqea Farg‘ona tumanida ochilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskani bo‘ldi. Bu yerda kutubxona, ijodkorlar xonasi, maqom, raqs va hunarmandchilik to‘garaklari foydalanuvchilarga xizmat qilishni boshladi.




Namangan viloyatida
marafon markazi Namangan shahridagi uch favvora xiyoboni bo‘ldi. Yuqori saviyada va katta qizg‘inlik bilan tashkil etilgan tadbirlarda viloyatning yuqori mansabli shaxslari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. “Baxtli bolalik”, “Kitob – bilim bulog‘i”, “Mahorat darsi”, “Kasb-hunar olimpiadasi”, “Kasbim – faxrim”, “Yashil kelajak”, futbol bo‘yicha “Ma’naviyat va ma’rifat markazi kubogi”, “Inson qadri”, “Yetakchi ekspress”, “Sport – tinchlik elchisi” kabi aksiya va tanlovlar, kitob yarmarkalari, badiiy-adabiy kechalar, sport musobaqalari hamda konsert dasturlari o‘tkazildi.



Xorazm viloyatida ham marafon katta qizg‘inlik bilan kutib olindi. Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi maydonida start olgan marafon butun viloyat bo‘ylab davom etdi. 20 dan ortiq loyihalar doirasida 200 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazildi. Yakuniy qism viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi.

 


Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab olgan marafon ko‘plab yoshlar, davlat va jamoatchilik vakillari uchun chinakam bayramga aylandi. Jumladan, Ellikqal’a tumanida “Salomni unutish – o‘zlikni unutish”, “O‘zbekiston umumiy uyimiz” mavzularida davra suhbatlari, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, ekskursiyalar va ko‘ngilochar konsert dasturlari tashkil etildi.

 



Surxondaryo viloyatida ham marafon doirasidagi tadbirlar qizg‘in tus oldi. Sho‘rchi tumanida “Onamdayin mehribon Vatan” mavzusida rasmlar tanlovi, Bandixon tumanida “Zakovat” intellektual o‘yini, Termiz shahrida “Sport – do‘st, sport – hamroh” shiori ostida shaxmat va stol tennisi musobaqasi, Sherobod va Oltinsoy tumanlarida “Bu kitobni har bir inson o‘qishi kerak” loyihasi asosida taqdimot va ko‘rgazmalar, Denov tumanida “Odob – adabiyotning asosisidir” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

 


Qashqadaryo viloyatida ham marafon tadbirlari faol o‘tdi. Koson tumanidagi o‘quvchilar “O‘zbekiston – mening Vatanim” mavzusida insholar yozgan bo‘lsa, Dehqonobod tumani yoshlari bilimlarini turli viktorinalarda sinab ko‘rdilar. Muborak tumanida yangi kitoblar taqdimoti, Shahrisabzda hunarmandchilik ko‘rgazmalari, G‘uzor tumanida rassomlar tanlovi, Qarshi shahrida sport musobaqalari o‘tkazildi.

 

 

Jizzax viloyati ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmalari joylarda qator loyihalar va yoshlarbop tadbirlarga boshchilik qildi. Masalan, Mirzacho‘l tumanidagi asosiy tadbirlar Qozoq drama teatrida bo‘lib o‘tgani ahamiyatli. Boisi, bu marafon zamirida millatlar aro do‘stlik g‘oyasiga ham e’tibor qaratilgan.

 


Sirdaryo viloyati ham boshqa hududlardan qolishgani yo‘q. Xususan, “Kitob – mening eng yaqin do‘stim”, “Assalomu alaykum”, “Odamdayin mehribon Vatan”, “Yosh ijodkor”, “Targ‘ibotchining bir kuni” loyihalari doirasida qator tadbirlar ishtirokchilarda ajoyib taassuriot qoldirdi. Yangiyer shahrida “Zakovat” intellektual o‘yini yuqori saviyada tashkil etildi.




Buxoro viloyati
dagi eng yorqin manzara 5000 qadam yurish marafoni bo‘ldi. Buxoro davlat universitetidagi 100 dan ortiq sport ixlosmandlarini birlashtirgan marafonda  professor-o‘qituvchilar, davlat va jamoatchilik faollari qatnashdilar. Buxoroning har bir tumanida “Men odobning o‘gʼliman”, “Fazilatli avlod”, “Hayo – qiz bolaning ziynati”,  “Or-nomus – yigitning ko‘rki”, “Odamiylik mulki”, “Аlpomishlar o‘tgan bu diyor!”, “Vatanim bayrog‘ini baland ko‘taraman” kabi o‘ndan ortiq yirik loyihalar doirasida tadbirlar o‘tkazildi.

 


Samarqand viloyati. Markaziy harbiy okrug Ma’naviyat-ma’rifat markazida start olgan marafonda viloyat hokimligi vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat xodimlari, harbiylar va yoshlar faol ishtirok etdi. Marafon doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy loyihalar hamda konsert dasturlari qizg‘in o‘tdi.

 

 

Toshkent shahridagi “Ma’naviyat marafoni” esa Adiblar xiyobonidan start olgan edi. Kun davomida poytaxtning turli manzillarida marafon tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti hovlisida shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar ishtirokida gulxan atrofi mushoirasi bo‘lib o‘tdi.



Keyingi navbatda “Yashil kelajak” loyihasi doirasida taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, ziyolilar tomonidan ko‘chatlar ekildi.



Nihoyat marafonga musiqiy konsert dasturi bilan yakun yasaldi. Konsertda el ardog‘idagi san’atkorlar va ma’naviyat faollari ishtirok etdilar. Shuningdek, bir guruh yurtdoshlarimiz “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. 




Butun respublika bo‘ylab “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan “Ma’naviyat marafoni” minglab yurtdoshlarimizda unutilmas taassurot qoldirgani, yuraklarda vatanparvarlik tuyg‘usini jo‘sh urdirgani shubhasiz.

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19356
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16489
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi