Mustaqillikning dastlabki yillari edi. Hozirgi Matbuotchilar ko‘chasidagi 32-uyning uchinchi qavatida “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyatiga o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, tik qomatli kishi – taniqli jurnalist va muharrir Ibrohim Rahim shaxt bilan kirib keldi. U kishini oldinlari faqat adabiy yig‘ilishlarda uchratganman. Meni yo‘qlab, gazetadagi ishlardan surishtirib ketdi. Bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur haqidagi bitiklarimni o‘qib borar ekan. Juda mamnun bo‘lib, mustaqillik qanday imkoniyatlar ochganini shavq bilan gapirdi va, albatta, 1960-yillari “Temur tuzuklari”ni e’lon qilgandagi tashvishli holatlarni yodga oldi.
Urush ko‘rgan, qalbida saxovat limmo-lim bu inson, so‘zsiz, buyuk muharrirlardan edi. “Guliston” jurnalidan ishdan ketgandan keyin “Mushtum”ga o‘tkazishdi. Bu nashrni ham eng mashhur ma’naviyat minbariga aylantira olgandi.
Ibrohim Rahimdagi mehribonlik, keng fe’llik, iqtidorni qadrlash va rag‘batlantirish fazilatlari ko‘plab yoshlar qalbida o‘chmas iz qoldirgan. Taniqli yozuvchini keyin ham ko‘cha-ko‘yda ko‘p ko‘rdim. Doim qaddini tik tutib, mag‘rur, shaxdam qadamlar bilan yurardi. O‘zbek jurnalistikasi tarixidagi yorqin siymolardan biri bo‘lgan bu zotning hayoti va ijodi o‘rganishga, qadrlashga arziydi.
Ochig‘i, totalitar rejim ijodkorlardan mafkura qo‘shig‘ini aytishni talab qilgan: o‘sha tuzum daholari, nash’-u namolari yuqori pardalarda madh etilishi farz ham qarz hisoblanardi. Ana shunday izdihomda sanoqli adib-shoirlargina o‘z e’tiqodini saqlab qolgan. Maslagi butun kishilardan biri, shubhasiz, Ibrohim Rahim bo‘lgan. Tariximizga yer-u osmondan hujum bo‘lib, hatto Amir Temur nomi “she’rga qofiya qilinishi ham jinoyat hisoblangan” (Abdulla Oripov iborasi) mudhish sharoitda “Temur tuzuklari”ni o‘zi rahbar bo‘lgan jurnalda e’lon qilishga jur’at topgan zotning jasorati chumchuq pir etsa, yuragi shir etadigan hozirgi zamon muharrirlariga katta saboqdir.
Taniqli yozuvchi va jurnalist Ibrohim Rahim 1916-yilning 15-oktabrida Farg‘ona viloyatining Quva tumanida dunyoga kelgan. Uch yoshida ota-onasidan yetim qolib, onasi To‘xtabibi tarbiyasida voyaga yetadi. Adabiyotga ixlos uni 1933-yili Toshkentga yetaklab keladi. Dastlab “Kolxoz yo‘li” gazetasida faoliyat ko‘rsatadi. “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”), “Yosh leninchi” (“Yoshlar ovozi”) gazetalarida she’r, ocherk, hikoyalari bosiladi. U ikki urushda – Finlandiya, Germaniya fashizmi bilan janglarda (1937–1945) qatnashgan.
Ibrohim Rahim o‘zbek tilida chiqadigan front gazetalariga muharrirlik qilgan. Jangchilarning otashin vatanparvarliklarini aks ettiruvchi ocherklar, hikoyalar, xabarlar yozgan.
Harbiy xizmatdan qaytgan adib respublikamizdagi gazeta va jurnal tahririyatlarida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Radio komitetida mas’ul lavozimda xizmat qiladi. Partiya Oliy maktabida tahsil ko‘rgach, “Qizil O‘zbekiston” gazetasi muharriri, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rahbari, “Guliston”, “Mushtum” jurnallarining bosh muharriri vazifalarida ishlaydi.
Yozuvchining ijodiy faoliyati 1938-yildan boshlanadi. Birinchi yirik asari chegarachilar hayotidan yozilgan “Bahodir” dostonidir. 1953-yili “Hayot buloqlari” romanini yozdi. Keyinchalik bu asar adabiy tanqidchilar fikr va mulohazalari asosida qayta ishlanib, “Ixlos” (1958) nomi bilan chop etildi. “Chin muhabbat” (1958), “Fidoyilar” (1972), “General Ravshanov” (1985) kabi romanlarida Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining jangovar hayoti aks etgan.
1966-yilgi Toshkent zilzilasi va uning oqibatlarini mardonavor tugatish yozuvchining “Tinimsiz shahar” romaniga mavzu bo‘lgan. “Taqdir” romani esa yangi shahar qurilishiga bag‘ishlangan. Muallifning “Hilola” qissasi xotin-qizlarning jamoa xo‘jaligidagi o‘rni, ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish, jamoa xo‘jaligi iqtisodiyotini yuksaltirish singari davrning muhim muammolarini badiiy hal qilishga qaratilgan. “Zangori kema kapitani”, “Olovkor” qissalarida ham kishilarimizning mehnatdagi qahramonliklari ifodalangan. “Oqibat” romani uchun yozuvchiga respublika Davlat mukofoti berilgan (1983).
Ibrohim Rahim “Jonim fido” va “Chaqmoq” dramalarining ham muallifidir. “Chaqmoq”da Belorussiya o‘rmonlarida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashgan o‘zbek yigiti Mamadali Topiboldiyev obrazi yaratilgan. “Farhodning jasorati” kinofilmi ssenariysi ham adibning qalamiga mansub.
Ibrohim Rahim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari bilan taqdirlangan. O‘zbekistonning davlat mustaqilligining besh yilligi va tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik”, so‘ng “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
“Adabiyotga har xil iqtidorlar kerak”, degan edi mashhur tanqidchilardan biri Ye.Lixachev. Shu ma’noda Ibrohim Rahimning ijodi ham o‘z qimmatiga ega. Ayniqsa, milliy jurnalistikamizda jadal yangilanish ketayotgan hozirgi pallada jasoratli muharrir va mohir jurnalistning hayotiy ibratlari juda ko‘p o‘rinlarda asqatadi.
Hakim SATTORIY
Ma’naviyat
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q