Haydar Hayotiy 1902-yil Buxoro amirligining Xatirchi bekligida tugʻilgan. Otasi Hayotbek miroxoʻr Xatirchi beklari xonadonidan boʻlib, keyingi yillarda amirlikning soliq yigʻish xizmatida amin vazifasida ish olib borgan. Otasining vafotidan soʻng, Haydarbek 1912-yil Buxoro amirligida Usmon qoʻshbegining kotibiyatida mirzaboshi boʻlgan amakisi Gʻulomqodir Saidahmedov tarbiyasi ostida ulgʻayadi. 1913-yil eski maktabda savod chiqarib, oʻqishni madrasada davom ettiradi. Soʻng 1917-1920-yillar davomida amir saroyida jevachi unvoni bilan mirzo-kotiblik qiladi.
Keyinchalik Mirzo Haydar Buxoroda “Yosh buxoroliklar” hukumatiga ishga olinib, 1921-yil 25-apreldan moliya nozirligida ish boshqaruvchi, Buxoro Shoʻro Jumhuriyati Bosh militsiyasi rahbari oʻrinbosari, shahar qoʻriqlov xizmati boshligʻi vazifalarida ish olib bordi. 1921-yil 5-oktyabrdan BXR MIKda CHK raisi, shu yil dekabr oyidan Buxoro shahar maorif boshqarmasi mudiri, BXSHJda okrug ijroqoʻmi raisi oʻrinbosari boʻlgan. U 1923-yil Buxoro Maorif noziri Abdurauf Fitrat topshirigʻi bilan Afgʻonistonga vakil sifatida yuboriladi. Qaytib kelgach, 1924-yil yanvar-aprel oylarida Buxoro iqtisodiy kengashi kotibi, BXSHJ hukumat rahbari kotibi, 1924-yil avgustdan Buxoro Nozirlar kengashida ishboshqaruv boʻlimi mudiri kabi masʼul lavozimlarda ish olib boradi. 1924-yil 18-noyabrda uning xizmatlari Buxoro hukumatining 2-darajali sharaf ordeni bilan taqdirlangan.
1925-yil Oʻzbekiston SSR tashkil etilgach, Haydar Hayotiy Fayzulla Xoʻjayevning shaxsiy kotibi boʻlgan. 1925-yil oxirida esa Moskva viloyati, Zaraysk shahriga oʻqishga ketib, uch yil davomida u yerda yashaydi. 1928-yil vatanga qaytib, oʻqishini Samarqanddagi pedakademiyada davom ettirish bilan birga Samarqand pedagogika texnikumida tarix fanidan dars beradi. 1931-yil akademiyani tamomlab, dotsent unvonini qozonadi. Bir muddat Tojikistonda yashab, 1933-yil Toshkentga qaytib keladi. Toshkentdagi Tojik pedagogika institutida tarix fanidan dars bera boshlaydi, ayni paytda Marksizm leninizm institutiga oʻqishga kiradi.
Ammo toʻsatdan 1936-yil 11-fevralda OʻzSSR IIXK Zagvozdin Haydar Hayotiyni aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda ayblab, JKning 66-moddasi, 1-bandi bilan qamoqqa olishga qaror chiqaradi. 1936-yil 12-fevral kuni imzolangan order asosida Haydar Hayotiy hibsga olinadi. Harbiylar nogoh bostirib kirib, oila boshligʻini olib ketarkan, Hayotiyning ayoli Gʻufron chaqalogʻi Raʼnoni quchgancha, 13 yoshli qizi Muzayana bilan 5 yoshli Hayotjonni bagʻriga bosib qaqshab qolaveradi.
1936-yil 13-fevral kuni ilk soʻroqda Haydar Hayotiy Buxoro CHK rahbari Muinjon Aminov bilan birgalikda qoʻrboshi Jabborbek va Mulla Qahhorlarni qoʻllab-quvvatlab, qurollantirganlik hamda oziq-ovqat bilan taʼminlaganlikda ayblanadi. Hayotiy 1936-yil 15-mart kungi soʻroqda 1917-1920-yillar Buxoro amiri qoʻshbegisi kotibiyati mirzaboshisi Gʻulomqodir Saidahmedov qoʻli ostida qorovulbegi lavozimida kotib boʻlib xizmat qilganini, keyinchalik BXSHJ hukumatida masʼul vazifalarda ishlaganini tan oladi. Biroq, hech qanday aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi boʻlmaganini aytadi.
1936-yil 16-iyul kuni Haydar Hayotiyning turmush oʻrtogʻi Gʻufron Yoʻldosheva Oʻzbekiston Xalq Komissarlar Kengashi raisi Fayzulla Xoʻjayev nomiga ariza yoʻllab, erining besh oydan buyon qamoqdaligi, undan hech qanday xabar yoʻqligi, oʻzining esa talabalik stipendiyasi bilan 3 farzandni boqishda juda qiynalayotganini yozadi. Biroq, ariza manzilga yetib bormasidan jinoyat ishiga tikiladi. Haydar Hayotiy 1936-yil 15-17-avgust kunlari OʻzSSR Oliy sudi tomonidan OʻzSSR JKning 66-moddasi, 1-bandi bilan 5-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi.
1937-yil 26-avgustda SAzlagda jazo muddatini oʻtayotgan Haydar Hayotiy ustidan 1920-1921-yillar “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti aʼzosi boʻlgan, degan ayblov bilan qayta jinoiy ish ochiladi. U qayta soʻroqlarda qoʻllangan ayblovlarning birortasini tan olmaydi, birorta isbot dalil ham aniqlanmaydi. Biroq, shunga qaramay, 1937-yil 9-oktyabrda Hayotiy mashʼum “uchlik” tomonidan oliy jazoga hukm qilinadi. Nohaq jazo 27-oktyabr kuni maxsus obyektda amalga oshiriladi. Haydar Hayotiy keyinchalik, 1969-yil 27-noyabrda OʻzSSR Oliy sudi tomonidan oqlanadi.
Hayotiyning kenja qizi, hozirda 90 yoshni qarshilayotgan Raʼno Hayotova oʻzining kechmishi haqida quyidagilarni hikoya qiladi:
Men 1936-yil 30-mayda Toshkent shahrida tugʻilganman. Otam Haydar Hayotiyning bobolari Mirzo Izzatullo BXR hukumatida Iqtisodiyot nozirining oʻrinbosari vazifasida ishlagan. Otam Haydar Hayotiy ham koʻp yillar amir kotibiyatida, keyin BXR hukumatida turli rahbar lavozimlarda ishlagan. Onamning otasi Hoji Hamro Yoʻldoshev (1881-1935) – Hojigadoy ham BXR hukumati rahbari Fayzulla Xoʻjayevning shaxsiy yordamchisi boʻlgan. “Gadoy” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Onamning onalari Rahima Rahmatova (1895-1985) oʻsha zamonlarda koʻrganlari, qizillarning Buxoroi Sharifda amalga oshirgan dahshatli xunrezliklari haqida koʻp hikoya qilar edi.
Otam qatagʻonga uchragach, kattakon oilamizga bobom Hoji Hamro, uning vafotidan soʻng esa togʻam Yahyo Yoʻldoshev rahbarlik qilgan. U kishi “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida siyosiy maqolalarni rus tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilish bilan shugʻullanardi. Togʻamning maslahati bilan enam, onam va men 5 yoshimda Buxoroda qolgan uyimizga yashash uchun ketdik. Onam ish topishga umid qilgan edi. Uyimizni sovetlar allaqachon musodara etgan ekan. Avval qoʻshnilarnikida yashadik, bir muddat oʻtib “Qoʻshmadrasa”ga –qarindoshlarimiz yoniga koʻchib oʻtdik. Onam eski maktabda, soʻng kechki maktabda sovet taʼlimini olgani uchun boshlangʻich sinflarga oʻqituvchilik qila boshladi. Men 1943-yildan tojik maktabida oʻqiy boshladim, soʻng togʻamning taklifi bilan oʻzbek maktabiga oʻtdim.
1954-yil avgustda togʻam partiyadan haydalib, siyosiy tahririyatdan ishdan olindi. Keyin eshitishimcha, 7 yoshida otasi bilan hajga borgani uchun ayblangan ekan. Shundan soʻng Dushanbega koʻchib ketishga majbur boʻldik. Oʻshanda biz bilan xayrlashishga kelgan qardoshimiz – Fitratning turmush oʻrtogʻi Fotimaxonim Burhonova meni “vo-oy, bu Haydar Hayotiyning qizi-ku” deb erkalagan edi. Bu soʻz juda aniq yodimda qolgan. Afsuski, yillar oʻtsa-da otam Haydar Hayotiy haqida shundan boshqa soʻz eshitmadim. 1954-yil Dushanbadagi Tojik davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetiga kirib, 1959-yil tamomlab, mikrobiologiya laboratoriyasida kichik ilmiy xodim sifatida ish boshladim. Soʻng 2004-yilgacha Tojik davlat Pedagogika instituti Metodika va boshlangʻich taʼlim kafedrasida katta oʻqituvchi sifatida dars berib keldim. 1976-yil Xalq taʼlimi aʼlochisi deb topildim. Har doim otam tirik boʻlganida men bilan faxrlanadigan ishlarni qilishga, halol ishlashga urindim, xalqqa foydam tegishi uchun harakat qildim. Ammo otamni eslolmaganim, qaytib koʻrolmaganimning armonini doim koʻksimda toshdek olib yurdim.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Tojikiston oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi ortidan murojaatim bilan 2025-yil – qariyb 90 yoshimda otajonimning otilishi oldidan olingan suratni koʻrdim. Bir vaqtlar F.Burhonova aytgan soʻzlar, bolaligimdagi xotiralarim hammasi bir-bir koʻzimdan oʻtdi. Bu baxtni soʻz bilan ifodalashning imkoni yoʻq... menga shunday quvonchni bergan Oʻzbekiston davlatiga, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ilmiy xodimlariga alohida minnatdorchiligimni izhor etaman. Birdamligimiz bardavom boʻlsin.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Adabiyot
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q