Kompartiyani titratgan masal, Ibrohim Rahim va Ne’mat Aminovning “Mushtum”dan haydalishi – o‘lganning ortidan tosh otganlarning sharmandali qismati


Saqlash
14:47 / 12.11.2021 2169 1

«Sizning 1986-yili yozilgan «Ko‘ngul ozodadir» qissangizda: «Agar mening so‘zlarimga shubha qilsangiz, masalchining holini, ana, Zohidjon Obiddan so‘rangiz», degan jumla bor, u nimani anglatadi?»

(Bir uchrashuvda menga shunday savol berildi.)

1983-yil noyabr oyida O‘zbekiston SSRga 24 yil rahbarlik qilgan Sharof Rashidov 66 yoshida vafot etdi. Ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni va eng yuksak Lenin mukofotiga, o‘nlab orden-medallarga sazovor bo‘lgan bu atoqli davlat va siyosat arbobi, taniqli yozuvchining xotirasi o‘zi bir umr sadoqat bilan xizmat qilgan kommunistik partiya va sovet davlati tomonidan qanday tahqirlangani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.

Bu jirkanch ishni asosan Markazdan yuborilgan partiya xodimlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat «desantchilar guruhi» amalga oshirdi. Ammo ularning qonli pichog‘ini qayrab bergan mahalliy arboblar ham oz emas edi.

Bularning barchasi, tabiiyki, o‘zbek xalqi, ayniqsa, ziyolilarning g‘azab va nafratiga duchor bo‘ldi.

1984-yil iyul oyida «Mushtum» jurnalida frontchi shoir Zohidjon Obidovning «Arslonning o‘limi» masali bosilib chiqdi va butun O‘zbekistonda g‘uluv qo‘zg‘adi.

Mana o‘sha she’r:

 

Arslonning o‘limi

I

Bir o‘rmonda nogahon yuz berdi og‘ir motam,

Jamiki jondor zotin boshin egib qo‘ydi g‘am.

 

Darrandalar shohi sher – umrin yo‘li uzildi,

Nurab ketgandek olam ko‘plar ko‘ngli buzildi.

 

Sher odil bir sher edi, ko‘plar g‘amin yer edi,

«Tenglikda, totuvlikda yayrab yashang», der edi.

 

Motam bo‘ldi ulug‘vor, ko‘rilmagan bundog‘i,

Jami jondor qatnashdi, xuddi yo‘qdek adog‘i.

 

Chunki chin mehr-u e’zoz qozongandi har yonda,

Shu bois lozim izzat topdi o‘lgani onda.

 

II

Motam ham o‘tdi-ketdi, turmush tushdi iziga,

O‘rnini yosh Sher oldi, hayot to‘xtasin nega?!

 

Besh qo‘l teng emas ekan, past-u baland bor edi,

Qilvirligi pinhona – quvliklar ham bor edi.

 

Sherdan naf ko‘rsalar ham, chekkanmiz deb iztirob,

O‘zin nochor tiygan shum jondorlar yirtdi niqob.

 

Biror mushkullik tushsa, fe’l-u atvor sezilar,

Asl aynimas aslo, pastkashdan dil ezilar.

 

Yuvosh ko‘ringan bo‘ri qilg‘ilig‘i bilindi,

Qabihligi fosh bo‘lib tumshug‘idan ilindi.

 

Sulaymon o‘lib, devlar quturdi degan gap bor,

Shu naqlga o‘xshagan beyuzlik bo‘ldi oshkor.

 

Ayyor tulki marhumning sha’niga otdi toshlar.

Qadrim yo‘q edi, deya, yolg‘ondan to‘kdi yoshlar.

 

Chiyabo‘ri chiyillab artib iflos tumshug‘in,

Halollik da’vo qildi sochib fitna urug‘in.

 

Qilgan bo‘lsa ne shumlik marhumga u ag‘dardi,

Suvdan quruq chiqmoqlik yo‘l-yo‘rig‘in axtardi.

 

Biladiki, tirilib, izza qilmas marhumlar,

Shu bois qo‘rqmay bo‘hton yuklar fe’li mash’umlar.

 

Shunchalar ham beyuzlik bo‘larmi bu jahonda,

Ne ham derdik, shumlar – shum, hayvon – axir, hayvon-da!

 

 

* * *

Qissadan hissa shulkim, bulardan bo‘l ehtiyot,

Ming surkalib kelsa ham qahri qattiq, fe’li yot.

 

Erib ketmasin ko‘ngil tulkilarcha bo‘zlashdan,

Ming o‘rgil, gar qoqilsang, toymas seni tuzlashdan.

 

Agar respublikaning o‘sha paytdagi rahbariyatida ozgina es bo‘lganida edi, bu vaziyatda darhol «tajohuli orifona» degan adabiy usulni qo‘llashi, ya’ni o‘zini masalni ko‘rib-ko‘rmaganlikka, bilib-bilmaganlikka solishi kerak edi. Shunda ko‘pchilik e’tibor qilmagan bu she’r o‘z-o‘zidan unutilib, yoddan chiqib ketgan bo‘lardi.

Ammo tepada o‘tirgan ba’zi rahbarlar yovvoyi hayvonlar timsolida o‘zining qiyofasini tanib qoldi.

«Arslonning o‘limi» Markazkom byurosida g‘oyaviy qo‘poruvchilik sifatida muhokama qilindi. Zudlik bilan tashkiliy choralar ham ko‘rildi.

Jurnal faoliyatida kechirib bo‘lmas siyosiy xatoga yo‘l qo‘ygani uchun bosh muharrir Ibrohim Rahim, bosh muharrir o‘rinbosari Olim Qo‘chqorbekov, adabiyot bo‘limining mudiri Ne’mat Aminov va uning xodimi, asar muallifi Zohidjon Obidov ishdan haydaldi.

«Mushtum»ning o‘sha soni barcha kutubxona va matbuot do‘konlaridan yig‘ib olindi. Bu she’r XX asr «Zarbulmasal»i o‘laroq shuhrat topdi. Kechagina o‘rtamiyona she’rlar yozib yurgan Zohidjon Obidov umummilliy qahramonga aylandi.

Hayotda ijtimoiy adolat doim ham qaror topmasligi mumkin, ammo ilohiy adolat bundan mustasno: Sharof Rashidovning xotirasini oyoqosti qilganlar ko‘p o‘tmay o‘zlari xor bo‘ldi. Qay birlari ishdan olindi, qay birlari qamaldi, yana ba’zilari urilib-surilib, sharmandalikka uchradi.

 

Xayriddin SULTON

Navoiy – 30” kitobidan. “XX asr «Zarbulmasal»i

1 Izoh

Olimjon

12:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum! Albatta, bu kitobni olib oʻqib hiqishga harakat qilaman. InshaAlloh ☺️☺️☺️

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 160
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22053
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//