O‘zbekiston xalq yozuvchisi, mohir jurnalist, bag‘rikeng va samimiy rahbar Ibrohim Rahim adabiyotimizda yaxshi asarlari bilan birga beg‘araz va insoniy yaxshiliklari bilan ham nom qoldirgan ijodkorlardan biri.
O‘z davrida “Ixlos”, “Chin muhabbat”, “Fidoyilar”, “Taqdir”, “Hilola”, “Oqibat” asarlari mehr bilan o‘qilganiga guvoh bo‘lganmiz. Garchi adibning kitoblarida sho‘ro davri odamlari, ularning orzu-o‘ylari, turmush-tarzi ko‘proq aks ettirilgan bo‘lsa-da, ayrim qahramonlari hayotdan olingani bilan ajralib turadi.
Ibrohim Rahim iste’dodli jurnalist va publitsist sifatida o‘z davri qahramonlarining yorqin obrazlarini yaratish bilan bir qatorda ayrim muammolarni ham dadil qalamga olgan.
Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yozuvchi 1946-47-yillari O‘zbekiston radio qo‘mitasida, 1950–61-yillari hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasida, 1960–66-yillari “O‘zbekfilm” kinostudiyasida, 1966–1970-yillari “Guliston” va 1976–82-yillari “Mushtum” jurnalida mas’ul lavozimlarda samarali ishlagan.
Qayerda va qaysi vazifada ishlamasin, o‘sha jamoada ibratli ishlari bilan yaxshi rahbar hamda yaxshi inson sifatida nom qozongan. Ibrohim akani yaqindan bilganlar uning yaxshi odamligini va qilgan yaxshiliklarini hamon eslaydilar. Eslab bu ulug‘ insonning ruhi pokiga duo qiladilar.
Ibrohim Rahim bosh muharrir bo‘lgan paytda “Guliston” jurnalida “Temur tuzuklari”, “Mening Dog‘istonim” singari mashhur kitoblardan parchalar e’lon qilinishi katta shov-shuv ko‘targan. Davr siyosatiga to‘g‘ri kelmagani bois jurnalda chop etish darhol to‘xtatilgan. Bosh muharrir esa boshqa ishga o‘tkazilgan.
Ibrohim akaning “Mushtum”dagi rahbarlik vaqtida taniqli shoir Zohidjon Obidovning “Arslonning o‘limi” masali 1984-yil 13-sonda nashr qilinishi yana bir to‘polonni boshlagan. Ushbu masaldan jiddiy darg‘azab bo‘lgan O‘zbekistonning sobiq komfirqa rahbarlari “Mushtum”ni Byuro yig‘ilishida muhokama qilib, jurnalning besh xodimi qatorida Ibrohim Rahimni ham ishdan bo‘shatishgan.
Esimda, o‘sha yillari “Mushtum” jurnalida mas’ul kotib lavozimida ishlagan ustozim, taniqli adib Ne’mat Aminovni bir davrada “jangari” yosh yozuvchilar o‘rtaga olib, shunday g‘alati savol berishgan edi:
– Ne’mat aka, Ibrohim Rahim bilan qanday ishlaysiz? U kishi yaxshi yozmaydi-ku!
– Qanday yozish – yozuvchining ishi, ukalar. Men Ibrohim akadan insoniylik va yaxshilik qilishni o‘rganyapman, – deb dangal javob qilgan edi.
Ibrohim Rahimni qadamlarida yaxshilik gullagan inson deb atasak juda to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki yaxshilik qilish har kishining qo‘lidan kelmaydi. Bu uchun insonda shijoat va jasorat kerak. O‘rni kelganda aytib o‘tay, kamina ham Ibrohim akaning yaxshiliklaridan bahramand bo‘lganman. Iloyo, oxiratlari obod bo‘lsin! Bu yaxshi va yaxshilikparvar insonga jannatning jannatiy joylaridan nasib etsin, iloyo!
Ashurali JO‘RAYEV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q