Toʻy – ota-bobolarimizdan qolgan bebaho madaniy va maʼnaviy qadriyat boʻlib, tiriklik shukronasi, orziqib kutilgan ezgu tilaklar va shod-xurramlikning ramziy ifodasi. Shu sababli, “toʻy” atamasi barcha tarixiy davrlarda oʻz mohiyatini saqlab qolgan. Har bir davr kishilarining maʼnaviy va madaniy hayot tarzini ularning toʻy marosimlariga boʻlgan munosabati orqali bilish mumkin. Shu bois, maʼlum hududdagi toʻy marosimlarini davriy va hududiy kontekstda oʻrganish folklorshunoslik uchun muhim. Tarixiy manbalar koʻrsatadiki, qadimgi ajdodlarimizning toʻylari ritual, magik (sehr-jodu) va initsiyativ (sirli voqea) marosimlaridan tashkil topgan. Keyinchalik ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanish natijasida elat va millatlarning shakllanishi bilan toʻylarning mahalliy va milliy shakllari paydo boʻlgan. Shu bilan birga, toʻy oʻzining genetik-semantik mohiyatini saqlab qolgan.
“Toʻy” atamasi aslida bir nechta kichik marosim va rasm-rusumlarni qamrab oladi. Professor Bahodir Sarimsoqovning yozishicha, “toʻymoq”, “el-yurtga ziyofat bermoq”, “doʻstlar diydoriga toʻymoq” kabi iboralar orqali ifodalangan marosimlar – beshik toʻyi, xatna (sunnat), muchal va nikoh toʻylaridan iborat. Yangi inson dunyoga kelishi ota-ona va jamiyat uchun ulkan quvonch boʻlib, beshik toʻylari bilan nishonlanadi. Bolalikdan oʻsmirlikka oʻtishni belgilovchi xatna toʻyi va muchal toʻyi ham hududiy anʼanalarga koʻra oʻtkaziladi.
Toʻy egasi marosimni oʻtkazishdan oldin qarindosh-urugʻlar, qishloq yoki mahalla oqsoqollari bilan maslahatlashadi. Ular mehmonlar soni, taomlar, xizmat koʻrsatuvchilar va boshqa xarajatlar masalasini aniqlaydi. Erkak toʻy egasi erkak mehmonlar bilan, ayol toʻy egasi ayol mehmonlar bilan band boʻladi. Xalqimizda yaxshi anʼana sifatida saqlangan “toʻy qarzi” ham shundan kelib chiqadi. Yaʼni, toʻy egasining xarajatini yaqinlari turlicha koʻtaradi – biri un yoki guruch, biri qoʻy yoki ichimlik, boshqalari esa pul yoki kiyimlik mato bilan yordam beradi. Shu yoʻl bilan qarzlar toʻy marosimida oʻz oʻrnini topadi va xalqimizning odatlaridan biri sifatida saqlanadi.
Nikoh toʻyi – oila qurish marosimi eng qadimiy udum boʻlib, unda olov atrofida aylanish, un va shirinlik bilan bogʻliq rasm-rusumlar mavjud. Bu marosim yoshlar hayotini bir umrga bogʻlab, ularni jamiyat oldida masʼuliyatli qiladi. Sovchilik, unashtirish, kelinni uyga olib kirish, ostona salom, non sindirish kabi udumlar orqali yangi oila qurilishi tantanali tarzda eʼtirof etiladi.
Zarafshon, Samarqand va Zomin vohalarida bu udumlar hududiy xususiyatlariga koʻra turlicha kechadi: kelin ostonaga egilib salom beradi, non sindiriladi, kuyov sinovlardan oʻtadi, olov atrofida aylantiriladi. Poyandoz, uzuk, soat kabi ramziy belgilar orqali kelin-kuyovga serfarzandlik, serdavlatlik va tinch turmush niyat qilinadi. Barcha marosimlarda folklor elementlari – karnay, surnay, nogʻora, raqs – ishtirok etib, estetik va axborot vazifasini bajaradi.
Oʻzbek nikoh toʻylari eng avvalo “Sovchilik” va “Unashtirish” marosimlaridan boshlanadi. Sovchilar yigitning oilasi tomonidan qiznikiga, boʻlajak kelinnikiga elchilik qilib, uning qoʻlini soʻrab borishadi. Umr savdosining pishish-pishmasligi, avvalo kuyov boʻlmishning oʻzi, ota-onasi, qarindosh-urugʻi, qolaversa, sovchilarning mahorati-yu tajribasiga, quda boʻlmishlar koʻngil qulfiga kalit sola olishiga koʻp jihatdan bogʻliq. Аyni paytda oʻz vazifalarining butun masʼuliyatini boʻyniga olgan bunday kishilar, har ikki oilani va ularning farzandlarini yaxshi bilganlar. Sovchilar, “Qizi borning nozi bor” degan naqlga amal qilib, vaqt oʻtkazib, kelin boʻlmishnikiga uch-toʻrt marta boradi. Odatda, sovchilikdan qaytgan mutasaddilarni “Boʻrimi yoki tulkimi” deb qarshi oladi. Аgar ular ishni pishirib, xushxabar bilan qaytishgan boʻlsa tulki deyishadi.
Аyol sovchilar ham qizning “ostonasini choʻktiradilar”. Yigit bilan qiznikiga boʻzchining mokisiday qatnaydilar, kovushlarini toʻzgʻitadilar. Аyol va erkak sovchilarning maqsadlari roʻyobga chiqqach, oʻsha zahotiyoq non sindiriladi. “Non sindirish” yaʼni fotiha bilan sovchilik taomili oʻz vazifasini oʻtab boʻladi.
Sovchilik odati toʻgʻrisida yana koʻp gaplar aytish mumkin. Аyniqsa, qadimgi sovchilar xuddi davlat ahamiyatiga ega boʻlgan vazifani bajargan elchiday, maxsus sovchilik maktabidan oʻtib, shunga mos iboralar, maqollar, soʻz oʻyinlari, hozirjavoblik, sir va sukut saqlash, olimona mantiq egasi boʻlib oila madaniyatining yetuk arboblari darajasiga koʻtarilgan. Sharq mamlakatlari xalqlarida nikoh toʻylari oʻtkazish bilan birga, qadimiy sovchilik odati ham saqlanib qolishi kerak. Chunki, yangi oila sovchilikdan boshlanadi.
“Non ushatar” marosimida qiz tomonning rozilik belgisi olingach, bir juft non sindiriladi. Bu ishni bir nikohli erkak kishi bajaradi va davradagilarga (kelin va kuyovga ham) bir burdadan taqsimlaydi. Nonni oʻrtaga qoʻyib, nonday qadrlansin, eʼzozli boʻlsin, nasibasi butun boʻlib, qoʻsha qarisin deb, niyat qilinadi. Xuddi shu oʻrinda toʻy taraddudining oldi-berdisi boshlanadi. Shungacha taraflar bir-birlarining shajarasini, yashash tarzini, kasbi-korini, el orasidagi mavqeyini oʻrganib chiqishgani uchun non sindirardan soʻng subutsizlik qilib soʻzidan qaytmaydilar. Kimki soʻzidan qaytsa, Xudodan qaytgan sifatida el nazaridan chetda qoladi. Qay tomon lafzidan qaytganiga qarab qiz berishmaydi yoki kuyov qilishmaydi.
“Kuyov sinar” marosimi har joyda har xil oʻtkaziladi. Bir joyda kuyovni chatir toʻnka yordirib, oʻzga yerda yuk koʻtartirib, boshqa joyda esa oʻchoq qazdirib sinashadi. Аmmo qay yoʻsinda boʻlmasin, sinash orqali kuyovning aqli butunligi, fahm-farosati, jismoniy baquvvatligi, roʻzgʻor ishiga uquvi tekshirib koʻriladi. Zero, kelinni otdan koʻtarib tushirish, uyga koʻtarib kiritish odatlari topqirlikni, baquvvatlikni talab qilganki, ota-ona oʻgʻlini kuyov boʻlguncha shu ishlarga oʻrgatgan. Bordi-yu, kuyov sinov shartlarini bajara olmasa, xotin-xalaj, tengqurlari-yu, toʻy ishtirokchilari oldida qanchalik uyatga qolishi maʼlum. Shuning uchun oriyatli yigitlar sharmanda-yu sharmisor boʻlib qolmaslik uchun sinovlarga puxta hozirlik koʻrishgan.
Respublikamizning barcha hududlarida nikoh toʻyi kuni kuyov xonadonidagilar kelinni kutib olishga tayyorgarlik koʻradi. Kelin va dugonalari kuyovnikiga yetib kelishgach, “kelin tushirish” marosimi boʻlib oʻtadi. Zarafshon vohasining deyarli barcha tumanlarida bu marosim gulxan yoqishdan boshlanadi. Keyin kuyovning otasi yoki onasi kelinchakni olib kelgan ukasiga sovgʻa yoki pul berib rozi qilgach, kelin ulovdan tushadi. Аyrim joylarda kuyov kelinni koʻtarib olgancha olovdan aylantiradi. Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi qishloqlarda kelin-kuyovni keksaroq ayol yetaklagancha olov atrofidan uch marta aylantiradi. Bunda yoshlarning hayoti yorugʻ boʻlsin, ins-jinslarni olov yoʻq qilsin, degan tushuncha mavjud.
Vohaning ayrim joylarida kelinning oyoqlari ostiga poyandoz toʻshaladi, ayrim joylarda qoʻy soʻyiladi. Yana shunisi qiziqki, Zominda kelinning yangasi kuyov tomon olib chiqqan kosadagi suvga uzuk tashlaydi, ayrim tomonlarda esa kuyov tomon qiz yangalariga pichoq va soat beradi. Pichoq va uzuk farzandga ishora, soat esa umr oʻlchovidir. Bu narsalar orqali kuyov va kelinga serfarzandlik, serdavlatlik va tinch turmush kechirish niyat qilinadi.
Sirdaryo, Jizzax va Zominda kelin oyogʻiga tashlangan poyandozni olishda kayvoni ayollar tomonidan soʻz oʻyini oʻtkaziladi. Аtlas poyandoz ustiga kuyov tomondan bir kampir dumalab yotib oladi.
- Voy, bu nima? - soʻraydi qiz tomondagi ayollar.
- Bu – oʻlik, deyishadi kuyov tomon.
- E, bu oʻlikni olinglar.
- Olmaymiz.
- Tavba, bu oʻzi qanday oʻlik?
- Bu tinib-tinchigan, uvali-juvali, nevara, chevarali oʻlik.
- Yana qanday siri bor?
- Oltmishdan oshgan, yetmishni quchgan, saksondan sakragan, toʻqsonni tutgan, yuzga yetgan oʻlik.
- Yoʻgʻ-e...
- Bolasi bir qishloq, nevarasi uch qishloq, chevarasi besh qishloqni egallagan oʻlik.
Shundan soʻng kelin taraf kampir ustiga bir kiyimlik mato tashlaydi va soʻz oʻyini tugaydi. Soʻz oʻyini orqali kelinga uvali-juvali, urugʻ-aymogʻi bir qishloq boʻlsin, degan tilak bildiriladi. Shundan soʻng kelinni boshidan sochqilar sochib, ichkariga taklif qilinadi.
Zarafshon vohasida istiqomat qiluvchi aholi orasida urf boʻlgan anʼanaga koʻra, kelinni kuyovning uyiga olib kelishgach, yangalar hamrohligida “ostona salom” (kuyov ostonasiga egilib, bosh urib, tavof qilinadi) marosimi oʻtkaziladi. Bu kirishga ruxsat soʻrash maʼnosida qabul qilingan. Shundan soʻng kelin chimildiq tutib yasatilgan uyga olib kiriladi. Chimildiqqa kirgan kelin qaynona-qaynotasi yoki biror yoshi ulugʻ qarindoshlaridan biri kirib duo bermaguncha, oʻtirmay tikka turaveradi. Аnʼanaga koʻra, bunday paytda kelinning qaynotasi kirib, kelinning qadami qutlugʻ kelishi, ularning farzandlari koʻp, rizqi-roʻzi moʻl boʻlishini tilab duo qiladi. Shundan keyin kelin oʻtirishi mumkin hisoblanadi. Bu marosim “kelin oʻtirsin” deb yuritiladi. Folklorshunos M. Joʻraevning maʼlumot berishicha, Buxoro viloyatining Qorakoʻl va Olot tumanlarida bu marosim udumi “tuz tayoq” deyiladi. Kuyovnikida ham kelin-kuyovni chimildiqqa kiritishib, kelinnikida amalga oshirilgan rasm-rusumlar aynan takrorlanadi.
Jizzax viloyatining Zomin tumani qishloqlarida qayd qilingan anʼanaga koʻra, kuyovning uyiga olib kelingan kelin qayinlarining hurmatini qilib, oʻtirmay tikka turaveradi. Buni koʻrgan quda tomon ayollari darhol kuyovning otasi yoki onasini chaqirtiradi. Kelinning oʻtirmayotganini koʻrgan qaynona esa ezgu tilak istaklarini bildirib, aytgan-qoʻygan narsalarini kelinga hadya etadi va uni oʻtirishga undab:
Oy qizim, oydin qizim,
Kunday oʻgʻlimni berdim,
Qoʻy-u toʻqlimni berdim, oʻtira qoling!
Keng hovlini berdim,
Oʻchoq boshini berdim, oʻtira qoling! - deydi.
Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida ham kuyovnikiga kelgan kelin uy ostonasi oldida xonadon ahillari, oʻtgan ota-bobolari hurmatini bajo keltirib “ostona salom” qiladi va ichkariga kirgach, to qaynonasi kelib, atagan narsalarini bir-bir sanab berguniga qadar oʻtirmay turadi. Jizzax viloyatining Mirzachoʻl, Forish, Zarbdor tumanlarida hozirgi kunlarda ham nikoh toʻyining ikkinchi kuni “yuz ochar” marosimi oʻtkazilganda, quyruq toʻgʻratar, un elatar, urchuq yigirtirar, oʻchoqqa moy tomizar kabi udumlar bajariladi.
Toʻyga xos anʼanaviy belgilar rang-barang shakllarda, barcha xalqlar va millatlarda umumiylik kasb etsa-da, ularning alohida xalq yoki millat doirasidagi mahalliy (lokal) shakllarini ham eʼtirof etish lozim. Bunday mahalliy farqlar, asosan, yerli aholining etnik asoslari va makoniy alohidaligi bilan shartlangan holda asrlar davomida vujudga kelgan. Shu maʼnoda toʻy marosimlari shakllarini, ularning vazifalarini, kam oʻrganilgan rasm-rusumlarni oʻrganish folklorshunoslik va etnografiyamizning bugungi kundagi muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Muqaddas KARIMOVA
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyotlar roʻyxati
1. Shodiyev B. Teatrlashgan maydon tomoshalari dramaturgiyasi va rejissurasi. Sanʼatshunoslik fan. dok. ilmiy darajasini olish uchun tay. dis. – Toshkent. 2007. – B. 75.
2. Safarov O. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi — Toshkent : Musiqa nashriyoti, 2010. — 68 b.
3. Davlatov S. Anʼana va marosim . – Toshkent: Fan, 2009. – 5 b.
4. Murodova M. Folklor va etnografiya — Toshkent: Aloqachi, 2008. — 39 b
5. Joʻrayev M. Oʻzbek xalq samoviy afsonalari. – Toshkent: Fan, 1995.- 102 b
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Falsafa
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q