Ushbu suhbat taniqli yozuvchi Nazar Eshonqulning “Giryon” romani haqida 3-4 nafar kitobxonlarning fikrlari asosida tayyorlandi. Mualliflarning talab va istaklarini inobatga olgan holda ismlar oʻrniga shartli nomlar tanlandi. Suhbatdagi fikrlar mualliflarning shaxsiy mulohazalari boʻlib, tahririyat nuqtai nazarini ifoda qilmaydi.
Oʻquvchi. “Giryon”ni oʻqidilaringizmi? Oʻzbek adabiyotida yangilik boʻlganga oʻxshaydi.
Yozuvchi. Ha oʻqidik, avvalo, Nazar Eshonqulni oʻzining ogʻir va tinish belgilarsiz uslubidan voz kechib, yengilroq yoza olgani bilan tabriklasa boʻladi.
Tanqidchi. Baribir toʻla voz kecha olmagan, koʻrmadingizmi, ikki yarim betli gaplar ham bor-ku...(148-150-betlar)
Yozuvchi. Ha, ong ostidagi fikrlar yozilgan qismlari shunday. Baribir ancha kam-da. Boshqa joylari oʻqilishi oson, odamni oʻziga tortadi. Yaʼni, haqiqiy veb-roman.
Oʻquvchi. Taʼbimni xira qilgan narsa, asardagi orfografik xatolar koʻpligi boʻldi. Musahhih ishlamaganimi, deb oʻyladim...
Yozuvchi. Shunisi bilan ham veb-romanda. Ijtimoiy tarmoqda kim toʻgʻri yozadi, hozir. Hatto, manaman degan filologlar ham telegramdan xabar yozmoqchi boʻlsa, toʻgʻri yozishga eringanidan ham bir dunyo xato qiladi.
Oʻquvchi. (kulgan smaylik) Bu xatolar ataylab qilingan deb oʻylamayman. Hatto, muallif gaplarida ham bor bunday imloviy qusurlar.
Tanqidchi. Menda ham roman juda shoshib yozilgan va shoshib eʼlon qilinganday taassurot uygʻotdi. Hech boʻlmasa, nuqta-vergulini toʻgʻrilab chiqishsa boʻlardi... Kitob dizayni ham juda nochor. Bekorga muallif asarni oxirigacha oʻqigan odam bilan gaplashishga tayyorman demagan ekan, qora fondagi, kichik matnni oʻqish azob. Bizda SMS va saytlar shaklida yozilgan asarlarni chop etish tajribasi bor edi. Masalan, Xurshid Abdurashidning “Dardisar”ida sayt matni oʻquvchini qiziqtiradi, “Giryon”da ijtimoiy tarmoq matnlari oʻquvchini bezdiradi.
Oʻquvchi. Undan tashqari, ortiqcha tavtologiya ham koʻp uchraydi. Masalan, 283-betda “qishloq” soʻzi 12-marta yozilgan. 131-betda esa “Shu bilan biz shu kuni boshqa yozishmadik”, degan gap keladi.
Yozuvchi. Ha, men ham boshida yozuvchi uslubi shunday boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Ammo ortiqcha “men, men”lar, “itday nola qilish”, (it uliydi!) “ikki orada sukut paydo boʻlishi” (qiziq, sukut qanday paydo boʻlarkan?) tishga botavergach, kitobga yaxshi muharrir kerak ekan, deb oʻyladim...
Oʻquvchi. Ayniqsa, 92-betdagi yozishmalar vaqtida soat orqaga ketib qolganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Chunki suhbat uzilgan yoʻq va davom etayotgan edi.
Tanqidchi. Toʻgʻri, keyin vaqt masalasida chalkashliklar bugina emas. Qahramonlar ijtimoiy tarmoqda juda tez yozishadi. Bir daqiqa ichida yuborilgan xabarni ham oʻqib, ham javob berishga ulguradi. Bu juda ishonarsiz. Ayniqsa, 120-betda Saʼnon Tarso yuborgan bir dunyo xabarlarni oʻqib, xonani kezib chiqib, yana yarim betlik matn yozishga 2 daqiqa vaqt sarflaydi. Ayrim paytlarda kech soat 23:00 dan oʻtib ketsa-da, vaqtga qaramasdan yozishaveradi. Ammo 95-betda hali soat 20:00 ga endi yaqinlashayotgan vaqtda toliqib qolgani, kompyuter oldida koʻp oʻtirganini aytib, yozgʻiradi. Tarso ham “Sizni toliqtirib qoʻymay”, deb yozishdan toʻxtaydi. Saʼnon kompyuterni oʻchirib, uxlashga yotadi (20.00 da-ya...). 201-betda esa “Soat bizning yozishadigan vaqtimizni koʻrsatib turardi”, deganda soat 22 dan 22 daqiqa oʻtgan edi... (soat 18, 19 ni kech deb yozgan joylari ham bor )
Yozuvchi. Balki, muallif bunday juzʼiy xatolarni oʻquvchini asosiy maʼnodan chalgʻitish uchun qilgandir....
Tanqidchi. Bunaqasini koʻrmaganman. Jahon adabiyotida ham boʻlmasa kerak... Bundan tashqari, Kafkaning G.Zamzasiga iqtibos berilgan, ammo boshqa asarlar qahramonlariga negadir bunday iqtibos berilmaydi.
Oʻquvchi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, asar juda shoshib yozilgan.
Yozuvchi. Yozilganmikan oʻzi?
Tanqidchi. Nega unaqa deyapsiz?
Yozuvchi. Menga asar yozuvchining kim bilandir haqiqatdan ham yozishmalari va kundalik daftariga yozgan bitiklari shoshib toʻplanganday tuyuldi...
Tanqidchi. Asardagi koʻpgina epizodlar yozuvchining avvalgi asarlarida ham bor. “Taqiq mevasi” romanidagi olmaning ikkinchi tomoni “Giryon”da tasvirlanadi. Odamga aylangan qamish haqidagi hikoya “Sibizgʻa volasi”, Tarsoning qasos olish maqsadida qaychini berkitib qoʻyishi “Shamolni tutib boʻlmaydi” hikoyasidagi Bayna momoni yodga soladi. Hatto, boshqa yozuvchilarning asarlaridagi qahramonlarga oʻxshab ketadi. Masalan, rasadxonaga ketayotib, bir qishloqqa tushib qoladigan va undan chiqa olmay aylanib qoladigan qahramon Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba”sidagi Begonaga juda oʻxshaydi. Goʻyo bu hikoyani davom ettirgandek taassurot qoldiradi. Faqat “Giryon”da etakdagi emas, qishloq qiyasidagi, (quyidagi) “kulba” emas, “hujra” tarzida beriladi. Odam Atoga ishora qilingan Odamboy obrazi Markesdan koʻchirilgani seziladi. Xullas, original syujet topishda yozuvchi anchagina oqsayotganini kuzatish mumkin.
Oʻquvchi. Balki, yozuvchi ataylab shunday yoʻldan borgandir?
Tanqidchi. Bilmadim, roman menga serialbop syujet asosiga qurilganday taassurot uygʻotdi.
Yozuvchi. Adabiyotshunoslar orasida mashhur bir iqtibos bor: “Har qanday yozuvchi umri davomida faqat bitta asar yozadi. Qolgan barcha yozganlari shuning atrofida aylanadi”. Nazar Eshonqulning barcha asarlarining tub mazmuni oʻxshash boʻlishi, mohiyati aylanib kelib bitta narsaga taqalaverishi ham tabiiy jarayon.
Tanqidchi. Bu roman haqida muallifning oʻz izohini eshitganimda hayotdan uzilib qolgan ziyoli haqida degani uchun “Qora kitob“ni roman qilibdimi degan oʻyga borgandim. Oʻqigach, “Tun panjaralari” qissasi asosiga qurilgan ekan deb oʻylab qoldim. Boshqa tomondan, bu ham avvaldan muallifga xos, mavjud katta syujetlarni ixchamlashtirib mohiyatini maʼlum maʼnoda saqlab qolib, oʻzanini oʻzgartiradi, syujetlarni buzadi. Masalan “Godoni kutish”dagi kabi nogiron qiz tushida Xudoni izlaydi. Faqat bunda u endi oʻz ichidagi Animus (ayol ichidagi erkak) bilan birga qidiradi. Ammo Animus oʻzi, kamiga ular qidirib yurib oʻzlari qidirishni boshlagan joyga kelib qoladi. (“Alkimyogar”. Ha, muallif katta kitobxon.) Bu pyesa muallifi aktrisa qiz, boshqalar tomonidan tan olinmagan katta isteʼdod egasi boʻlgan “Tun panjaralari” qissasidagi bechora oʻqituvchi obrazini yodga soladi. (Gul uzgani uchun qatl qilingan odam haqida asar yozgan edi oʻsha oʻqituvchi.) “Tun panjaralari” qissasidagi ikki jumla talabalikda qissani oʻqiganimda esda qotib qolgan ekan.
Oʻquvchi. Qanday jumla?
Tanqidchi. Biri derazadan shayton kirib kelishi, ikkinchisi qahramon Hosilani shahar boʻylab daraxt shoxlaridek tarvaqaylab ketgan yoʻllarda koʻrib qolishi. Ayni jumlalarni qayta qoʻllaydi va qahramoni tilidan yoʻllar haqidagi jumlani umr yoʻllari deb oʻzgartirganini aytadi.
Oʻquvchi. Bunday oʻxshashlikni payqash qiyin emas. “Tun panjaralari” qissasi boshida shunday jumlalar bor: “Shayton ham xonamda mana shunday yoz kechalarining birida, hali Sulaymon bilan tanishmasdan oldin, jurnaldan ishdan ketgan, bekorchilikdan kun boʻyi shishib uxlab, kechalarni esa yo koʻcha kezib, yo kitob oʻqib yoki shunchaki shiftga tikilgancha, tush boʻlib — tushga, oʻng boʻlib — oʻngga oʻxshamaydigan apoq-chapoq xayollar bilan oʻtkazadigan, kitoblarda juda kelishtirib yozilgandek, “beorom oʻtgan” tunlarda paydo boʻlgan edi”. Endi “Giryon”ning boshlanishidagi tasvirga qaraymiz: “U hayotimda yoz chillasidagi momaqaldiroqdek toʻsatdan paydo boʻldi va bu yoz yomgʻiri avval jimirlab turib, keyin selga aylanib, hammasini ostin-ustun qilib, yoʻlida uchraganni vayron qilib, bosib-yanchib, bagʻriga tortib, mening oʻzimni ham oʻzani boʻylab oqizib ketdi”. Qay darajada oʻxshashligini oʻzingiz qiyoslab olavering.
Yozuvchi. Yuqorida aytganimday, yozuvchi oʻzini takrorlashi bor gap.
Tanqidchi. Yozuvchi Freyd nazariyasining muxlisi, buni asarda ham ochiqcha aytadi. Bu yolgʻon nazariyaning puchligi allaqachon isbotlangan boʻlsa-da, negadir buni tan olgisi kelmaydi va zoʻr berib isbotlashga urinaveradi.
Oʻquvchi. Hammaning oʻz haqiqati bor-da. Nohaq boʻlsang ham oʻz fikring boʻlsin, deyishadi-ku...
Tanqidchi. Yozuvchining deyarli barcha asarlaridagi bosh qahramonlarning ruhiyatida bolalik bilan bogʻliq “travma”, yaʼni jarohat bor. Ana shu ularning butun hayotiga taʼsirini oʻtkazaveradi.
Oʻquvchi. Asar oʻzi nega “Giryon” deb atalgan?
Tanqidchi. Yozuvchining “Giryon” nomli dostoni ham bor. Unda ham Odam Ato va Momo Havo qissasi asos qilib olinadi.
Oʻquvchi. “Taqiq mevasi” “Sharq yulduzi” jurnalining 2020-yil 3-sonida chop etilganda jurnali mundarijasida asar “Giryon” deb beriladi. Demak, bu asarning ham dastlabki varianti “Giryon” boʻlgan boʻlishi mumkin.
Yozuvchi. Nima boʻlganda ham asarga nom yaxshi tanlangan, deb oʻylayman.
Tanqidchi. Yozuvchi umri davomida mana shu asarni yozishga tayyorlangan ekan-da...
Yozuvchi. Mayli, bularni qoʻyaturaylik. Faraz qilinglar, “Giryon” eng talabchan muharrir tomonidan tahrirlandi. Imloviy, punktuatsion va uslubiy, dizayn bilan bogʻliq xatolardan holi boʻldi. Xoʻsh, uning mazmuni, qurilishi, yozuvchi uslubi qay darajada boʻlardi?
Tanqidchi. Ha, bu tomonlariga endi kelyapmiz. Albatta, mazmuni borasida ham fikrlarimiz bor.
Yozuvchi. Boʻlmasa, ayting-chi, asarning bosh gʻoyasi qanday?
Tanqidchi. Asarning asosiy gʻoyasi – inson azal va abad yolgʻiz va azob ichida yashashga mahkum!
Oʻquvchi. Asarda mantiqsiz taqqoslar orqali har qanday dinga qarshi gʻoyalar ilgari surilgan. Dostoyevskiy haqida gapirganda ham uni Xudo bilan solishtirishi menga juda gʻaliz tuyuldi. Asarda keltirilgan pyesada Xudoni izlab yurgan Yaldo ibodatxonaga kelib, “Bu yer qayer?” deb soʻrayapti. Nahotki necha yildan beri Xudoni izlab yurgan boʻlsa-yu, ibodatxona nimaligini, ruhoniy kimligini bilmasa... Mantiqsiz emasmi? Ruhoniyning tanishtiruviga nisbatan javobi yanada kulgili: “Unda men toʻgʻri kelibman. Men Xudoni koʻrishim kerak. U qayerda oʻtiribdi? Qaysi xonada?” Bu aqli bor odamning savoli emas, yana kimsan, umri boʻyi Xudoni izlab yurgan odamning... Bundan tashqari, asarda ruhoniy juda qoʻpol, imom esa yosh qizlarga koʻz olaytiradigan muttaham qilib tasvirlanadi. Bu ham xolislik emas, nazarimda...
Tanqidchi. Muqovada romanga “Eski afsonaning yangi talqini” deb taʼrif berilgan. Demak, Shayx Saʼnon qissasi yozuvchi nazdida bir eski afsona boʻlib chiqyapti. Lekin Saʼnon va Tarso obrazlari oʻrniga tushmagan, yaʼni yetarlicha asoslanmay qolgan. Ular xohishlariga koʻra yoki yoshlaridagi farqqa koʻra oʻzlarini shunday nomlashadi.
Oʻquvchi. Qiz bilan unga muxlislik qilgan va yoqtirib qolgan yigit sevgisi ham juda chalkash ketgan, nazarimda. Ular shuncha payt gaplashib, sevishib yuradi-yu, qiz yigitning qanday yashashi, turmush tarzini bilmagani ishonchsiz. Va oqibatda yigitning uyiga borib, uning kambagʻal ekanini bilib qolgach, unga nisbatan sevgisi soʻnib, nafratga aylanishi qanchalik mantiqli? Axir, u yigitni puli, mol-dunyosi uchun sevmagan-ku. Mehri va eʼtibori uchun yaxshi koʻrgan emasmidi? Bir oʻrinda yigitni 17-yil oldingi navqiron otasiga oʻxshatsa, bir oʻrinda keksa qiyofada tasvirlaydi. Oʻziga qarab oppoq kostyum-shim kiyib, har kuni qimmat gullar sovgʻa qiladigan odam xarobada yashaydigan kambagʻal boʻlib chiqadi...
Yozuvchi. Bu asarni siz bunday oddiy tushunmang, ramzlariga kiring, mohiyatiga eʼtibor bering.
Oʻquvchi. Kitob boshida bu asarning keng oʻquvchilar ommasini nazarda tutgan holda yozildi, degan izoh berilgan. Demak, yozuvchi avvalgi asarlari singari xos odamlar uchun emas, oddiy oʻquvchilar, asosan, yoshlar uchun bir roman yozibdi, degan xulosa qilish mumkin.
Yozuvchi. Xoʻsh, oddiy oʻquvchilar asardan nima tushunadi?
Oʻquvchi. Oddiy oʻquvchilar asarni shunday tushunadi: Bugungi kunda jamiyatimizda oilalarda yemirilish, milliy qadriyatlarimizda sinish kuzatilyapti. Ota-onalarning farzandlariga zugʻum qilishi, ajrimlar, oqibatsizlik bolalarning ham ruhiyatida buzilishga olib keladi. Ayniqsa, qizlar yoshligida otasidan yetarlicha mehr koʻrmasa, ulgʻaygach, oʻsha mehrni boshqalardan izlaydi va topa olmagach, oʻzini oʻldirish darajasiga yetadi. Bu dunyo faqat sinovlardan, azoblardan iborat, qancha aylanmaylik baribir undan chiqib keta olmaymiz, hayot bemaʼnilikdir.
Tanqidchi. Aynan, Freyd nazariyasiga ergashish yozuvchini shunday xulosalar qilishga chorlagan. Freydizm ham aslida bir kasallikka oʻxshaydi...
Oʻquvchi. Oddiy oʻquvchilar Freydni tanimaydi, asardagi voqealardan kelib chiqib, xulosalari shakllanadi. Roman soʻngida qurilgan yoʻlaklardan yurishga mahkumlar singari yozuvchiga ergashadi, eng dahshati ham shunda...
Jurnalist. Demak, asar bu jamiyatga begonami?
Yozuvchi. Ja, unchalik deb boʻlmaydi. Oddiy oʻquvchi asarni silliq oʻqiydi, kerak boʻlsa, qiziqib mutolaa qiladi. Undagi qorongʻilikni koʻrmaydi. Ammo chuqurroq tahlil qilishga oʻtsa, unda asarning asl mohiyati ochiladi.
Oʻquvchi. Tarsoning fikrlari jamiyat uchun xavfli deb oʻylayman. Yaʼni, uningcha, Xudoning adolati yoʻq, baxt hammaga teng taqsimlanmagan. “Tasavvur baribir odamning dushmani. U Xudo kabi odamni aldaydi. Axir Xudoni ham tasavvur qilamiz. Lekin u bizga kerak boʻlgan joyda hech qachon paydo boʻlmaydi. Biz faqat uni hamma joyda bizga madad beradi, qutqaradi deb oʻylaymiz. Lekin hamisha pand yeymiz. Xudoning biz bilan ishi yoʻq...” (182-bet) “Balogʻatga yetganda bolaligimdagi hayotga, Xudoga, ezgulikka ishonchdan faqat bir quchoq alamlar qoldi”.(194-bet) “Xudo bizni maʼnisizlikdan yorilib oʻlsin deb surgun qilgan va hammamizni rol oʻynashga mahkum etgan”. (229-bet). Ammo asardagi voqealarning oʻzi ham Ollohning qizni va onasini qoʻllayotgani, otasining shuncha qilgan zugʻumlariga nisbatan jazolab, bir necha yil toʻshakka mixlab qoʻyganini koʻrsatadi. Taassufki, muallif bu tomonlariga eʼtibor ham qaratmaydi, onasining jabrdiydaligini, faqat adolatsizliklarni taʼkidlashdan charchamaydi.
Tanqidchi. Menimcha, asarning asosiy gʻoyasi 243-betdan boshlanadigan saytdagi suhbatda toʻlaroq aks etadi. Raqobilning Tolstoyning “Hazrat Sergey” qissasini misol keltirishi, Mavlononing “Maʼnaviy inqirozga uchragan odam qalb hamisha oʻziga Xudodan boʻlak hamdardni topolmaydi”, degan gaplari, yoki Tablitning Navoiydan misol keltirib, “Komillik – bu eng avvalo, axloqiy goʻzallikdir”, deyishi va suhbat soʻngida Jablitning “Inson biologik jihatdan baribir hayvon. U komillikka erishishi mumkinmi?”, kabi xulosa yasashi – bularning bari butun asar davomida yuz bergan voqealarning asosiy oʻq tomiri boʻladi, nazarimda. Bu juda katta gʻoya, lekin...
Oʻquvchi. Yana qanday lekini bor?
Tanqidchi. Mahmud Gʻaznaviyning tushini mazmunan bir xil taʼbir qilganlarning biri jazoga, yana biri mukofotga sazovor boʻlgani haqidagi rivoyatni eshitgandirsiz. Unda shohning tushida barcha tishlari tushib ketadi. Shunda kelgan birinchi munajjim: “Sizning barcha qarindoshlaringiz qirilib ketadi, yolgʻiz oʻzingiz tirik qilasiz”, desa, ikkinchisi: “Siz barcha qarindoshlaringiz, xesh-u aqrabolaringizdan-da uzoqroq umr koʻrasiz, olampanoh, deya taʼbir beradi. Shunda Gʻaznaviy birinchi bashoratgoʻyni oʻlimga hukm qilib, ikkinchi taʼbirchini mukofotga loyiq koʻradi. Aslida, ikkalasi ham bir xil gapni aytayotgan edi. Xuddi shunday, qanday yetkazib berish uslubida ham katta gap bor. Har qanday yozuvchi ulkan ezgu gʻoyani aytmasin uni birinchi munajjim “tilida” aytmasligi kerak.
Yozuvchi. Jahon adabiyotiga chiqishda din va ijodga alohida-alohida qarash kerak. Axir dunyoda dinlar, nazariyalar koʻp. Adabiyot esa ularning barchasini umumlashtirishi mumkin. Shu bois yozuvchi yoki oʻquvchini eʼtiqodiga qarab ajratib boʻlmaydi. Eʼtiqodiy jihatdan asarni barchaga manzur qila olish esa faqat daholarga nasib etadi. Masalan, asar asos qilib olingan Saʼnon va Tarso qissasi ham yaratilgandan beri koʻpchilik tomonidan toʻgʻri tushunilmay, xurofot deb qabul qilingan. Nima uchun? Islom dunyosidagi eng katta shayx darajasiga yetishgan, 500 dan ortiq shogird yetishtirgan Shayx birgina Tarso qizning muhabbatini deb, dini-yu amalidan kechadi, choʻchqaboqarlik qiladi, beliga zunnor bogʻlaydi.
Tanqidchi. “Telbadurman, telbaga yoʻqtur qalam” ...
Yozuvchi. Bu telbalik emas. Shayx Saʼnon oshiq boʻlgan Tarso ham aslida, dindor, faqat boshqa dindagi ayol boʻlgan. Ularning muhabbati esa oddiy sevgi emas, ilohiy ishq edi. Endi, oʻsha Saʼnon bilan Tarsoni bitta odam deb olsak-chi? Unda nima boʻladi? Saʼnon oʻzi izlayotgan muhabbatni topdi, Tarsoni koʻrdi. Shu darajaga yetdiki, uning xatti-harakatlari odamlarda oʻzgacha taassurot uygʻota boshladi. U rostdan ham choʻchqa boqmagandir, zunnor bogʻlamagandir, ammo atrofdagilardan oʻzgacha boʻlib, oʻzini ming pora qilib, dunyoni unutish, dinidan voz kechish darajasiga yetgan boʻlishi mumkin. Ikkalasi bitta odam boʻlib, qissaga aylangan paytda ular ajralgan, odamlarga aniqroq ifoda qilib berish uchun ikki din vakili qilib koʻrsatilgandir, ehtimol.
Oʻquvchi. Asl qissada shunday boʻlsin, “Giryon”dachi?
Yozuvchi. Bu asardagi Saʼnon va Tarso ham bitta odamning ikki menidir, balki...
Tanqidchi. Bunga ayrim ishoralar ham bor. Masalan, asardagi pyesadagi Yaldo bilan Daydi obrazi oxirida bir odam boʻlib chiqmaydimi? Men oʻsha paytdayoq sezganman va yozuvchi sirni tez ochib qoʻydi, deb hisoblaganman.
Yozuvchi. Asar davomida berilgan saytdagi muhokamalar ham oxiriga borib-borib, aynan “Giryon” haqidagi bahslar ekani aniq boʻlib qoladi. Bu bilan nima demoqchiman. Bu asarda lirik qahramon faqat oʻzi bilan oʻzi. Boshqa hech kim yoʻq. Tasavvur qilyapsizlarmi, hech kim...
Oʻquvchi. Bu tomonlarini chuqurroq oʻylab koʻrish kerak.
Yozuvchi. Ammo Saʼnon qissasini qoʻllashda bir xatoga yoʻl qoʻyilgan.
Tanqidchi. Qanday xato?
Yozuvchi. Tarso bir umr Saʼnonni izlaydi. Yozuvchi bugungi zamon ruhini beraman, ayol psixologiyasini koʻrsataman degan maqsadda boʻlsa kerak, shunday qilgan. Ammo, oʻylashimcha, Tarso hech kimni izlamasligi kerak edi. Asosiy qahramon Saʼnon boʻlgandan keyin Xudoni izlaydigan ham, azal va abad javobsiz savollar atrofida aylanib yuradigan ham u boʻlishi kerak edi.
Oʻquvchi. Bunday oʻzgartirishga nima sabab deb oʻylaysiz?
Yozuvchi. Fikrimcha, yozuvchi Saʼnon boʻlib, asosiy rolga kirishishdan qoʻrqqan. Yaʼni uni ichki egosi cheklab turgan. Agar Tarso tilidan berilgan savollar, qizning xayolidan oʻtgan mulohazalar Saʼnon tilidan ketganda edi, oʻquvchilar buni yozuvchining fikri sifatida qabul qilar va unga taʼna toshlarini yogʻdirishi aniq boʻlardi.
Tanqidchi. Ikkisining nima farqi bor?
Yozuvchi. Saʼnon tashqi men, Tarso esa ichki men. Bu yerda Saʼnonning Tarsoni izlashi koʻproq mantiqli. Ammo eʼtibor qiling, ichki menning ichida ham yana bir ichki men bor-da. U yerda ham tinimsiz kurash ketadi.
Oʻquvchi. Tarsoning sevgilisini oʻldirishi nimani anglatadi?
Yozuvchi. U Xudoni oʻldirdi. Yaʼni, asar boshidan oxirigacha takrorlanadigan bir gap bor: “Sanʼat – bu isyon”. Qiz Xudoni dastlab otasida koʻrdi, ammo undan hafsalasi pir boʻlib, nafratlana boshladi. Keyin otasiga oʻxshash qiyofadagi boshqa odamni topdi. Unga ishona boshladi, qayta-qayta yoniga bordi. Ammo oxirida u ham qiz oʻylagandek boʻlib chiqmadi. Sevgilisining kambagʻal va xarob boʻlib chiqishida ham ramziy maʼno bor. Yaʼni qiz uni hamma narsaga qodir deb oʻylagan edi, ammo “Xudo” hatto yashash uchun tayinli joyga ham ega emas ekan. Shundan hafsalasi pir boʻlib, uni oʻldirishga qaror qiladi. Oʻsha otasi sochini kesgan qaychini olib, qurol sifatida foydalanadi. Yaʼni, yoshlikda qalbida qolgan oʻsha “travma” — jarohat unga qurol vazifasini oʻtaydi. Eʼtibor qiling, qiz uni oʻldirganda qanday tasvirlaydi: “Uning tanasi sovigan sayin yosharib, qandaydir ilohiy bir siymoga aylanib borardi”. U aslida, qalbidagi Xudoni oʻldirgan edi...
Tanqidchi. Bayna Momo ham qurolini ana shunday saqlagan edi.
Yozuvchi. Qizil matoga oʻralgan qaychi bu yerda sanʼat va adabiyot ramzi. Yaʼni, Gʻarb tafakkurining ayrim oqimlari nazdida – isyon. Ammo Sharq tafakkurida sanʼat va adabiyot – izhor. Yanayam aniqroq aytsak, Xudoni topish yoʻli. Mana shu joyda ikki xil tafakkur tarzining tafovuti koʻrinadi.
Oʻquvchi. Asarda dinlar ham aralash keladi. Boshida pyesada Yaldo ruhoniyning oldiga boradi. Tarso esa musulmon qiz sifatida koʻrinadi...
Yozuvchi. Buning ham sabablari bor-da. Yozuvchi Sharq rivoyatini Gʻarb eʼtiqodiga moslab qorishtirib bermoqchi boʻladi. Xristian dinidagi Ota va Oʻgʻil motivi. Hamma qahramonlar otadan zulm koʻradi, aziyat chekadi. Lekin harakatlar u qadar ishonarli chiqmagan.
Oʻquvchi. Men ham yozuvchi asar davomida qahramonlarni oʻzi boshqargan, degan fikrdaman.
Tanqidchi. Romanda qandaydir saytda muhokama olib boradigan odamlarning ismlariga eʼtibor qildingizmi? Hammasi “Qissasi Rabgʻuziy”dan olingan.
Oʻquvchi. Ha, men ham izlab koʻrdim. Rabgʻuziy asarida shunday joyi bor: “Ilk qavat osmon yashil zumraddandir, uni Rafiq derlar. Farishtalari dovon suratida, ulugʻlarning oti Ismoildir. Ikkinchi qavat osmon kumushdandir, uni Ruqʼa derlar. Farishtalari burgut suʼratida, ulugʻlarning oti Raqobildir. Uchinchi qavat osmon yoqutdandir, uni Qaydam derlar. Farishtalari sigir suratida, ulugʻlaorning oti Koʻkboildir. Toʻrtinchi qavat osmon oq injudandir, uni Moʻun derlar. Farishtalari ot suratida, ulugʻlarining oti Nubyoyildir. Beshinchi qavat osmon oltindandir, uni Ratqo derlar. Farishtalari hur suratida, ulugʻlarining oti Siftboildir. Oltinchi qavat osmon sariq yoqutdandir, uni Aribo derlar. Farishtalari odamiy suratida, ulugʻlarining oti Nurboildur”. Jablit va Tablit haqida esa quyidagicha keltiriladi: “Xabarda kelishicha, Olloh taolo jahannam ichida ikkita mahluq yaratdi: biri erkak arslon suratida, oti Jablit, ikkinchisi esa urgʻochi boʻri suratida — oti Tablit. Jablitning quyrugʻi dumi ilonga oʻxshash, Tablitning quyrugʻi chayonga oʻxshash. Ollohning farmoni bilan ikkovining quyruqlari doʻzax ichiga tushdi. Bunga qadar doʻzax ichida na ilon va na chayon bor edi”. Bularning asarga nima aloqasi bor?
Yozuvchi. Bu muhokamalar “Giryon” haqida edi. Demak, shu asar – Xudoni izlayotgan odam haqida gʻayb olamining muhokamasi deyish mumkin. Chuqur tahlil uchun kitobning hech boʻlmasa oʻsha qismlarini takror oʻqish kerak. Bunga esa yomon tahrir sabab yurak betlamaydi...
Oʻquvchi. Yana ramzlarga qaytaylik. Asarga qishloqqa borib qolib, undan chiqa olmagan odam haqidagi epizod nega kiritilgan?
Yozuvchi. Bu qishloq – dunyoning maketi. Inson dunyoga kelishi bilan hukm qilingan dumaloq Yerdan chiqib ketish imkonsiz. U yerdan chiqish yoʻllari yoʻq qilingan. Hatto, boshqacha shakllar haqidagi arxiv sahifalari ham qirqib olingan. Bu ishni kim qilganini surishtirganda, shu qishloqning bir otaxoni boʻlib chiqadi. Yaʼni Xudo bizni ataylab qamab qoʻygan, yuqoridan tomosha qilib oʻtiradi, degan xulosaga kelish mumkin.
Oʻquvchi. Undan ham dahshati, Xudo bizni qamagan, ammo mavjud dinlar u yerdan chiqish yoʻllarini taqiqlagan, yashirgan. Kim uni topmoqchi boʻlsa, taʼqib ostiga tushadi, degan maʼno ham borga oʻxshaydi.
Yozuvchi. Bu asosan, Gʻarb falsafasi. Ijodkor agar shu motivlarni Sharqdan olganda, “Avesto”dan yoki undan oldingi va keyingi sharqona taʼlimotlardan taʼsirlanganda, boshqacha yozgan boʻlardi.
Tanqidchi. Menimcha, har ikki qutb falsafasini aralashtirmoqchi boʻlgan.
Yozuvchi. Aslida, Tarsoni Shaytonning oʻzi deb aytsak ham boʻladi. Shayton necha yillab ibodat qilib, oxirida Odamga sajda qilmagani uchun tavqi laʼnatga uchraydi va isyon qiladi. Tarso ham Xudoni tinimsiz izlab, unga ishonishga koʻp urinadi, talpinadi, ammo oxirida hechlikka yuz tutgach, Uni oʻldiradi. Bir oʻrinda buni ochiqcha yozadi ham: “Xudoga baribir mening orzularim yetib bormasligini bilgach, ichimda Iblis boʻlaman degan kufrona qahr va qaror paydo boʻldi” (175-bet). Bu ikki voqeaning mohiyati bitta.
Oʻquvchi. Bu fikr ham biroz bahsli. Chunki, bir oʻrinda qiz agar men Momo Havoning oʻrnida boʻlganimda, shaytonni oʻldirgan boʻlardim, deganga oʻxshash gap aytadi.
Yozuvchi. Bu odamlarni chalgʻitish uchun qoʻshilgan. Yozuvchi oʻzini biroz cheklagan. Agar oʻzini toʻla ochvorganda edi, asarda Shayton eng baxtli obraz sifatida maydonga chiqib qolardi...
Jurnalist. Xoʻsh, alqissa, asarning bosh gʻoyasi nima ekan. Yozuvchi nima demoqchi?
Yozuvchi. Bu asar soʻnggidagi “Ong oqimi”da toʻla namoyon boʻladi.
Tanqidchi. Ha, bu qismda shaharda koʻzi ojizlar uchun taktil qoplamali yoʻlaklar qurish bilan shugʻullanuvchi ishchi brigadaning faoliyati aks etadi. Ular buyurtmani yakunlab, ishboshini yana ish olarmikan, degan qoʻrquv ostida kutib turishadi. Ishboshi ham ularni biroz kuttirib, qaytib kelgach, “shahardagi barcha piyodalar yuradigan yoʻlaklarni taktil yoʻlaklarga almashtirish topshirigʻi boʻldi. Butun shahar yoʻllarini shunday yoʻlga almashtirib chiqamiz endi”, deydi.
Oʻquvchi. Bu juda ayanchli xulosa. Yozuvchi butun jamiyatga yoʻl koʻrsatmoqchi boʻlyapti, yaʼni oʻz gʻoyalariga ergashtirmoqchi. Omma esa uning nazdida soʻqir.
Yozuvchi. Menimcha, teskarisi. Jamiyatning aksar qismi soʻqirlardan iborat. Dindan pul ishlaydiganlar (yoʻlsozlar)ning davri keldi, deydi.
Tanqidchi. Bu takabburlikmi? Yozuvchining uslubimi?
Yozuvchi. Asarning yana bir diqqat qaratilishi kerak boʻlgan tomoni, uning yakunigacha bir tola ham yorugʻlik yoʻqligi. Asar insondagi barcha umidlarni chilparchin qiladi. Tarso ham, Saʼnon ham maqsadiga yetolmadi, Xudoni topolmadi. Aylana shaklidagi qishloqdan chiqish imkonsiz. Eng soʻnggi chora oʻlim, undan boshqa najot yoʻq. Olomon soʻqir, koʻzi ojizlar uchun quriladigan yoʻlakdan yurishga mahkum. Bular juda dahshatli xulosalar. Adabiyot bunday boʻlmasligi kerak. Hech boʻlmasa, salgina umid qoldirishi kerak. Qiz shuncha suhbat va “muolajalar”dan soʻng tuzalishi, izlaganini topishi, qishloqdan chiqish yoʻli boʻlishi, yoʻqotilgan arxiv varaqlari qayergadir yashirilishi, soʻqirlar orasida koʻzi ochiq kimdir boʻlishi shart. Ana shunda hayotiy haqiqatlarga mos va insoniylikka xos asar deb, muallifni tabriklasak boʻlardi.
Tanqidchi. Asar toʻla absurdizm targʻibotiga xizmat qilib qolyaptimi?
Oʻquvchi. Unchalik emasdir.
Yozuvchi. Muhokamamiz eʼlon qilinsa, yozuvchi oʻzini turli yoʻllar bilan oqlaydi. Yaʼni, asar kinoya usulida yozilgan edi, bugungi kun talabidan kelib chiqib yozildi, deb qoʻyaqoladi...
Jurnalist. Unda bu suhbatni chiqarmay qoʻya qolaylik...
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q