Zakovat va yuksak madaniyatning mustahkam ildizlari


Saqlash
17:13 / 21.03.2026 30 0

“Yangi O‘zbekiston” gazetasida yangi — “Tamaddun tafakkuri” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda har haftaning juma kunida gazetada “Tamaddun tafakkuri” nomli maxsus qo‘shimcha sahifalar taqdim etib boriladi.

 

Ro‘znomaning 20-martdagi 54-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi “Zakovat va yuksak madaniyatning mustahkam ildizlari” nomli maqolasi chop etildi.

 

Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda.

 

Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’­rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’ri­fatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqa­dar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqi­ga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no- mazmun mujassam.

 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yur­timizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy et­moqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiya­si markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘li­shiga iymonimiz komil.

 

Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’­rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tu­tadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga be­qiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy me­rosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhad­dis Imom Termiziy, aqida ilmining zabar­dast namoyandasi Imom Moturidiy, shuning­dek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qol­dirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak av­lodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qa­dam bo‘ldi.

 

Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldir­gan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozisiya­lar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi fao­liyatimiz uchun fundamental baza bo‘la­di. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy may­don bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mo­hiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazi­fasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy man­balar jamlangani yurtimiz zaminida kech­gan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun- mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari su­rilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

13:03 / 18.03.2026 0 273
Fayzulla Xoʻjayevning nohaq otilgan kotibi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//