“Bahodirsiz kelar arg‘umoq” – Serjant Otabek Muhammadiyevni xotirlab


Saqlash
11:43 / 24.04.2026 18 0

Taxtaqoracha dovonidan oʻtib, soʻlim Kitob tumani ostonasiga yaqinlashar ekanman, Ochamayli qishlogʻidan shunchaki oʻtib keta olmayman. Bu yerda Vatanning qahramon jangchisi istiqomat qilgan bir xonadon bor. Negadir u eshikka yoʻl solish ogʻir tuyuladi. Oʻgʻil yoʻqotgan ota-ona oldida mulzam oʻtirasan. Koʻz-qoshingga, boʻy-bastingga qaraydi, oʻxshatadi. Hayot boʻlsa yonimda yurmasmidi degich oʻy kechadi.

 

Ochamayli – yuz urugʻining bir boʻlagi. Manbalarda aytilishicha, hoʻkiz yoki qoʻtosga uriladigan yoki bolalar minishi uchun moʻljallangan egar “ochamay” deyilgan. Demak, bu urugʻning tamgʻasi egar shaklida boʻlgan. Yana bir kitobda Ochamayli urugʻi och (ach) degan qadimgi qabila nomi bilan atalishi aytiladi.

 

Bugun 5-6 yil burun qahramon yigit xonadonida kechgan xotiralarimni yana bir qur yodga oldim.

 

***

Darvozani uzoq taqillatdim. Hovli katta, ovozni yutib yuboradi, shundan quloqqa eshitilmas. Yugurib chiqqan qizchadan soʻrayman:

 

– Momong uydami?

 

– Bozorga ketuvdilar.

 

– Unda bobongni chaqir?

 

– Bobom chiqolmaydilar, oyoqlari kasal...

 

Qizcha bilan ichkari kirdim. Qarasam toʻr xonadagi uy eshigidan hassaga tayangan kishi koʻrindi. Hol soʻrashdik. Avaz aka – qahramon yigitning otasi.

 

Jurnalist ekanimni bilgach, jim qotdi.

 

– Oʻgʻlimni yoʻqlabsizmi, xush koʻrdik. Qani, ichkariga... Momongiz bozorga ketuvdi. Keb qolar...

 

– Oyogʻingiz yaxshimi, ota?

 

– Bir navi. “Selsovet”da 33 yil buxgalter boʻlib ishladim. Pensiyadaman. Baribir ogʻir oldim. 2-marta infarkt, bir marta insultdan keyin hassaga tayanib qoldim.

 

        

Avaz ota oʻgʻlining albomini qoʻlimga tutqazdi. Oʻzi esa karavotda xayolchan oʻtirdi. Varaqladim. Otabekning bolaligi, oʻspirinligi... Suratlarda u turlicha gavdalanadi: yuk mashinalari oldida, stadionda, turnikka osilgancha. Atrofida tengqurlari. Aftidan, chayir bolakayning sport bilan shugʻullanishi seziladi. Yoshligidan yoʻl-yoʻl mayka kiyib yurishi esa harbiylikka havasi borligidan. Yana varaqlayman. Yigitcha suratdan suratga ulgʻayib boradi. Birda uning Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan soʻzlashib turgani suratiga koʻzim tushadi.

 

 

– Bir vaqtlar uchrashgan edi, – qistirib oʻtadi ota. – U kunlar oʻtdi-ketdi...

 

Albom soʻngida bir quchoq gul tutgan kelin-kuyov surati. Ota noxos qaradi-yu, hech narsa demadi. Bir achchiq sukunat choʻkdi. Soʻrolmadim, indamadi...

 

Bilishimcha, oʻsha mashʼum kunda u endigina 24 yoshga toʻlgan, uylanganiga esa atigi 8 oy boʻlgandi.

 

Aslida bu inson hayotining toʻlib-toshib yashaydigan farogʻatli davri, ming afsuski, marhum yigit xotiralarining poyoni edi...

 

 

Oʻzim bilan oʻzim

 

...Deraza ortidagi keng hovlida bir zamonlar Avaz otaning oʻgʻillari jon-joʻralari bilan yelib-yugurib yurishgan. Hozir ularning hammasi har yerda: birovi mashinada, birovi amalda, birovi piyoda. Ammo ular bu hovliga tez-tez kelib turishadi. Ammo Otabek oʻz uyiga-da kelmaydi. Uning argʻumogʻi yolgʻiz qaytgan.

 

Ha, shoir Azim Suyun kuylagan qahramon kabi edi u.

 

Maysalar lol egdi boshini,

Qizgʻaldoqlar toʻkdi yoshini,

Koʻk berkitdi shan quyoshini,

Bahodirsiz kelar argʻumoq.

 

Xuddi oʻsha. Samoda qushlar unsiz qoldi, latif, sarin shabbodalar tindi, togʻlar tundlashdi. Sheʼrni toʻlaligicha oʻqib ham navqiron yigit koʻz oldimdan ketmadi.

 

 

Adash qismat

 

Ota oʻgʻlimning ismini “Oʻtkan kunlar” filmini koʻrib, Otabekka havas qilib qoʻyganman, degan edi. Bekning oʻtkir zehni, madaniyati, tarbiyasi sabab koʻplar unga havasmand boʻlgani tabiiy. Karomati keng Xudo, ism ortidagi taqdirga serjant Otabek Muhammadiyevni ham sherik qilganiga nima deysiz?

 

 

Ismdoshlik bir yon, qismatdoshlik esa bir taraf boʻldi. Asardagi bekning hayot xotimasini bir eslang:

 

“...1277-yilning kuz kezlarida boʻlsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi. “Oʻgʻlingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qoʻshunda edi. Olmaota ustidagi oʻrus bilan toʻqunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid boʻldi. Men oʻz qoʻlim bilan ikkisini dafn etdim...”

 

Otabekning hayoti ham, goʻyo taqdir bitigida yozilganidek, dushman bilan kechgan kurashlar bagʻrida yakun topdi. U ham yovga qarshi mardona turib, qurolini soʻnggi nafasigacha yerga qoʻymadi.

 

 

Kitob sahifalaridagi Otabek navqiron 24 yoshli yigit sifatida gavdalansa, bizning Otabek ham ayni shu yoshda – kuchga, orzularga toʻla pallada edi.

 

Avaz ota buni yaxshi biladi. Otabekdan Yodgor qolgan edi. Oʻz oʻgʻlidan esa zurriyot qolmadi. – Armonim shu boʻldi, – deydi u.

 

Otabek yozgan xatlar

 

Otabek Muhammadiyevning harbiyda yozgan maktublarini bir-bir oʻqib chiqdim. Xat tiliga koʻra  yigitcha “Oʻtkan kunlar”ni suv qilib ichgan. Bekning noma bitmoq yoʻsini shundoq seziladi.

 

Birinchi sogʻinchnomani Otabek dadasi Avaz otaga yozadi:

 

“...Ushbu xatim tez va qisqa kunlar ichida yetib borib, maʼlum boʻlsinki, ul goʻzal Ochamayli qishlogʻida oʻynab-kulib, sogʻ-salomat, charchamasdan ishlab yurgan dadajonimga!

 

Endi mendan soʻrasangiz men yaxshi, sogʻ-salomat xizmat qilib yuribman. Qiyinchiliklar yoʻq. Nima uchun qiyinchilik boʻladi? Hammaga soʻzini oʻtkazgan odam hech qachon qiynalmaydi. Kallani ishlatish kerak ekan, dadajon. Xuddi uyda yurganday yuraman. Lekin uy, uyda...

 

Sana: 25.01.1996-yil.”

 

 

Ikkinchi xat akasi Ozod Muhammadiyevga yozilgan boʻlib, unda Otabekning ichki tiynati teranroq ochiladi:

 

“...onam faqat yangiliklardan yozmaysan deydilar. Yangiliklar unchalik yoʻq. Boshqalarday yolgʻondan yozgim kelmaydi. Toʻgʻrisini aytaman, uyni juda sogʻindim.”

 

Voqea

 

...Bozordan qaytgan Toshbibi aya suhbatimizni boʻlmay eshitdi. Xoʻjayinining gaplariga boshini silkib-silkib turdi. Oxiri bir xazin ovozda soʻz qotdi:

 

– Oʻgʻlim 45 kun muttasil jang qildi. Hatto telefondan urush tugab qolganini, erta yo indin uyga qaytishini ham takror-takror aytgandi. Kelar chogʻini bir mahalla boʻlib kutib oʻtirgandik...

 

 

Onaning boshqa gapirishga jurʼati yetmadi. Qolganini qahramonning akasi Ozod Muhammadiyev harbiycha vazminlik bilan tushuntirib berdi. Baribir tafsilotlar kishiga ogʻir botadi.

 

– Ukam 2000-yilning 16-sentyabr kuni safdoshlari bilan razvedka qidiruv ishlarini, desant-ishgʻol harakatlarini bajarayotgan vaqtda jangarilar bilan boʻlib oʻtgan jangda mardlik namunasini koʻrsatib halok boʻldi.

 

Ozod Muhammadiyev ukasining vafotidan soʻng aynan u xizmat qilgan harbiy qismda shartnoma boʻ­yicha xizmat qilib, nafaqaga chiqdi. Ukasi kapitan Jonibek Muhammadiyev ham Qurolli Kuchlarimiz safida. U Otabekdan yetti yil oʻtib tugʻilgan ekan.

 

Buni qarangki, Ozod akaning oʻgʻli Zuhriddinjon rahmatli amakisiga havas qilib Qurolli Kuchlar akademiyasi (Hozirgi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti)ga oʻqishga kirgan ekan.

 

Ota xotiralari

 

Oʻgʻil yoʻqotib, yarim jon boʻlib qolgan Avaz otaning harbiylikdan-da koʻngli qolgandir, deb oʻyladim. Balki farzandlariga jahl ustida: – Tamom, hech biring harbiy boʻlmaysan. Huzur-halovatda ishlab, yashaydigan kasblar kammi dunyoda, – degandir ehtimol. Ammo oʻsha lahza ikki oʻgʻilning harbiyligi, otaning nevarasini “Temurbeklar maktabi”da oʻqitayotganini eshitib, taxminlarim tarqab ketgan edi.

 

– Har kuni urush boʻlmaydi-ku, oʻgʻlim. Vatanni shular qoʻriqlab yotibdi-ku. Mana, meni olaylik. Hassaga tayanib qolgan yarim jon odamning qoʻlidan nima kelardi...

 

Shu kez ota oʻgʻli bilan boʻlgan qisqa suhbatini esladi:

 

– Dada, armiyada qolaman, – degandi oʻgʻil. – Udda qilsang qol, – degandi ota. Shu-shu,  Otabek harbiy boʻldi.

 

 

Bolamning falon xarakteri bor edi, deb maqtamayman, odam edi. Kimdir yiqilsa, qoʻltigʻiga kirib eltadigan, ochiq yuzli, joʻralariga sodiq edi. Oshnalari haliyam yoʻqlab turadi. 14-yanvar va boshqa bayramlarda ham kelib, xabar olib ketishadi. Har zamon “chast”dan ham kelishadi.

 

Oʻlimning turi koʻp. U tenglarning ayrimlari roʻzgʻoriga yaramayapti-ku. Xudoning ishi-da. Kerak payti sevintirib berdi – xursand boʻldik, yigʻlatib oldi – chidaymiz.

 

Loqaydlikdagi jarohatlar

 

– Maktab, mahalla yoʻqlab turadimi?

 

– Mahalla tez-tez yoʻqlaydi, sogʻligim uncha koʻtarmaydi. Momongiz maktablardagi uchrashuvlarga borib turadi.

 

Otabek Muhammadiyev nomini abadiylashtirish uchun tugʻilib oʻsgan mahallasi va u oʻqigan maktabga uning nomi berilgan hamda yodgorlik oʻrnatilgan. Vatan uchun jon bergan oʻgʻil jasorati qanchadan qancha bolani botir qilib ulgʻaytirmaydi deysiz. Akamday dovyurak boʻlaman deb harbiyga ketganlar, oʻqiyotganlar bor...

 

Avaz ota va Toshbibi ayani uzoq tingladim. Ularning armonlari menga-da ogʻir botdi. Shu uydan qahramon yigit hammadan balandda, yelkadan yelkaga oʻtib chiqib ketayotgani koʻz oʻngimda gavdalandi. Uy sohiblari bilan xayr-xoʻshlashdim. Darvozadan chiqar ekanman, shoirning otashin va dardli satrlari tilimda aylanaverdi:

 

Qonxoʻr gʻanim, qonxoʻr qotil kim?..

Havo boʻgʻiq, badqovoq va dim,

Chopib chiqqan el, xaloyiq jim,

Bahodirsiz kelar argʻumoq.

 

Bobur ELMURODOV

 

Tarjima qilinmagan hol

 

Serjant Otabek Muhammadiyev 1976-yil 8-yanvarda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, “Ochamayli” qishlogʻida ishchi oilasida tugʻilgan. 1993-yilda 11-umumtaʼlim maktabini aʼlo baholar bilan tugatgan.

 

1993–1995-yillar tumandagi ip yigiruv fabrikasida ishchi boʻlib faoliyat yuritgan. Otabek maktabni bitirgach, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtiga hujjatlarini topshiradi. Biroq kerakli ballarni toʻplay olmaydi. Bundan ruhi choʻkmay, yigitlik burchini oʻtashga chogʻlanadi. U 1995-yilning may oyida Kitob tumani mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shu-shu faoliyatini milliy armiyamiz safida shartnoma boʻyicha davom ettiradi. Otabek Muhammadiyev 1999-yilning noyabr oyida Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Yangiobod shahrida bir guruh terrorchilar bilan boʻlgan janglarda faol qatnashdi.

 

2000-yil 16-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining chegara hududlaridagi jangarilar bilan boʻlgan toʻqnashuvda qahramonlarcha halok boʻldi.

 

PS: Bu maqola qogʻozga tushganida marhum qahramonning ota-onasi hayot edi. Bugun ular oramizda yoʻq...

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:04 / 24.04.2026 0 18
Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//