Koʻrganlarim haqiqiy qirgʻin edi – urush qatnashchisi xotiralari


Saqlash
10:42 / 24.04.2026 398 0

Urush – inson xotirasida asrlar oʻtsa ham oʻchmaydigan, qalblarda chuqur iz qoldiradigan ogʻir sinov. Bugun u haqda bemalol gapira olamiz, lekin dimogʻni kuydiradigan porox, oʻq-dorilarning isini, hayot bilan oʻlim oʻrtasida qolgan askarning yuragidagi titroqni faqat oʻsha manzarani oʻz koʻzi bilan koʻrganlargina chindan his qiloladi...

 

Ikkinchi jahon urushida qatnashchisi Akmal Akromov 1924-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. 17 yoshida koʻngillilar qatorida frontga kelgan, hech qachon tankning quloqni qomatga keltiradigan ovozini eshitmagan oʻspirin uchun juda katta sinov edi urush. Qahramonimiz urushning ilk kunlarida okopda oʻtirganicha, Toshkentning tinch koʻchalarini, oilasini sogʻinar, ammo tushunardiki, bu yoʻldan endi qaytish yoʻq. Oldinda faqat burch, faqat masʼuliyat bor. Shu tariqa, 17 yoshli yigitchaning hayotidagi eng dahshatli, biroq eng sharafli yoʻl boshlanadi. U yomgʻirdek yogʻayotgan oʻqlar ostida tinchlik uchun kurashdi, vazifalarni aʼlo darajada bajardi.

 

“Urush haqida birinchi marta eshitganimda qanday sarosimaga tushib qolganim yodimda. Dushmanni osonlikcha taslim qilamiz, deb oʻylagandim. Ammo gʻalabaga erishish uchun toʻrt yil kerak boʻldi. Oʻsha vaqtda Toshkentdagi Voroshilov zavodining metall quyish sexida ishlardim. Muhandis-konstruktorlik boʻyicha oʻqishga kirib, yangi stanoklar yasash haqida orzu qilardim, taqdir esa meni piyoda qoʻshinlari safiga olib borib qoʻshdi”, deya eslaydi Akromov oʻsha yillarini.

 

Stalingraddagi qonli toʻqnashuvlardan soʻng Akmal Akromovlarning guruhi yangi front yoʻnalishiga koʻchiriladi. U yerda butunlay boshqa vazifa – hujum jarayonlarida ishtirok etish, muhim strategik punktlarni qoʻlga kiritish va yoʻl-yoʻlakay aholini evakuatsiya qilish aytiladi:

 

“Koʻrganlarim haqiqiy qirgʻin edi. Qurol ishlatishga oʻrgatilgan, bunga maʼnan tayyor ham edik, ammo u yoqda duch kelganlarimiz… Biz bunaqasiga tayyormasdir. Tinmay sodir boʻlayotgan portlashlar, sal avval hazil-mutoyiba qilgan safdoshlaring yoningda jonsiz yotishi… Oʻshanda halok boʻlgan yigitlarning sanogʻi yoʻq edi”.