XVI asrning ikkinchi yarmida Turkiston tarixida yangi siyosiy kuch – Abdullaxon II kurash maydoniga chiqdi. U 18 yoshidan boshlab shayboniyzodalar oʻrtasidagi kurashlar natijasida parchalanib ketgan Turkistonni yagona boshqaruv ostida birlashtirishga kirishdi. Uzoq yillik shiddatli kurashlardan soʻng, XVI asrning 80-yillarida butun Turkistonni qoʻl ostiga oladi. Shundan soʻng Shayboniyxon Marv jangida Shoh Ismoil Idan magʻlubiyatga uchrashi natijasida shayboniylar qoʻlidan ketgan Xuroson hududlarini qayta egallashga kirishdi.
Abdullaxon II 1587-yilning bahor fasli avvalida, quyosh hamal burjiga kirgan pallada saralangan askarlardan iborat ulkan qoʻshini bilan Jayhunni kechib oʻtib, Murgʻob daryosi sohillariga qarorgoh quradi. Hirot hokimi, qizilbosh amiri Aliqulixon Abdullaxon IIning harakatidan xabar topgach, Hirot shahriga berkinib, mudofaa holatiga oʻtadi, muhofaza boʻlinmalariga shahar ichiga kirishni buyuradi. Abdullaxon II Hirot sari yurarkan, Qashon yaylovini oʻzbek qoʻshinining qarorgohiga aylantiradi. Shiddatli hujum boshlab, “Qirol” darvozasi yaqiniga yetib keladi va u yerda joylashgan safaviylar boʻlinmasini batamom tor-mor etadi.
Shundan soʻng xonning ulkan qoʻshini Qarubor mavzesiga va nurli Xoja Muhammad Buron maqbarasi tashqarisidagi Alvor qishlogʻi hududiga kelib oʻrnashdi. Ikki kunlik damdan keyin uchinchi kuni Abdullaxon II Mirzo madrasasiga yoʻl oladi va u yerni qoʻshinning bosh qarorgohiga aylantiradi. Shuningdek, u mahalliy aholi, kambagʻallar, ojizlar hamda dehqonlarning mol-mulki oʻzlariga qoldirilishi va ularga hech kim daxl qilmasligi haqida qatʼiy amr beradi. Bundan maqsad Xurosonga bosqinchilik uchun emas, balki Turon hukmdorlaridan meros boʻlib qolgan hududlarni yana egalariga qaytarish uchun kelganini koʻrsatish edi.
Ertasi kuni xonning zafarli qoʻshini shaharni qamal qilishni boshlaydi. Amir Qulbobo Koʻkaltosh xandaqlar va istehkomlarni taqsimlash hamda ularning oʻrnini belgilash vazifasiga masʼul etiladi. Shaharning har bir burji roʻparasida xandaq qazish va mudofaa istehkomi barpo etishga qaror qilinib, ularning muhofazasi nufuzli va oliy martabali qoʻmondonlar zimmasiga yuklatiladi.
Aliqulixon vaziyatning keskinlashganini va ish jiddiy tus olganini koʻrgach, choparlar orqali Safaviylar hukmdori Shoh Abbosga shoshilinch maktub yoʻllab, koʻmak va harbiy yordam soʻraydi. Biroq bu vaqtda Shoh Abbos isyonkor amirlarini boʻysundirish bilan ovora edi. U avval mamlakatni boshqarayotgan qabila yetakchilari, beklar va amirlarni oʻz atrofiga birlashtirishni, soʻngra barchasi birgalikda xavfli dushman – Abdullaxon II ustiga yurish qilishni rejalashtirardi. Hirotliklarga esa voqeaning asl mohiyatini va rejalarini yetkazish uchun Nurali Chegnini yuboradi. Natijada, Hirot hokimi shaharni yolgʻiz mudofaa qilishga majbur boʻldi.
Abdullaxon II Hirotni qamal qilgan kundan eʼtiboran, shahar atrofidagi qamal halqasi kundan-kunga torayib bordi. Qamalda qolib, ogʻir ahvolga tushganlarning aksariyati yuqumli kasalliklar tufayli halok boʻladi. Abdullaxon II esa kimda-kim taslim boʻlsa, uning joni va moliga daxl qilinmasligi haqida farmon beradi.Vaziyatning bunday tus olishi natijasida shahar mudofaa chizigʻidagi bir guruh askarlar, hunarmandlar toifasidan yana bir guruh kishilar Abdullaxon II tomonga oʻtishga majbur boʻlishadi.
Qamal muddati uzayib, mudofaa qobiliyati susaygach, Abdullaxon IIning oʻgʻli Abdulmoʻminxon askarlari va aʼyonlaridan iborat bir guruh, Quyosh Hut (Baliq) burjiga kirgan pallada, sahar vaqtida Xush darvozasi bilan Chekan daryosi koʻprigi oraligʻida joylashgan, Mirzajon sulton odamlari tomonidan mudofaa qilinayotgan burjga koʻtariladi. Qisqa olishuvlardan keyin takbir sadolari va nogʻora ovozlari yangray boshlaydi. Zaif nuqtalarni mustahkamlashga masʼul boʻlgan Aliqulixon tarafdorlari bilan darhol yetib boradi. Biroq u yordam berish fursati boy berilganini, Bobo Mahmud burji tarafidan shahar ichiga yopirilib kirayotgan oʻzbek qoʻshinlarining hayqirigʻi koʻkka koʻtarilganini koʻradi. Chorasiz qolgan Aliqulixon sanoqli odamlari bilan Ixtiyoriddin qalʼasiga berkinishga majbur boʻladi. Bu vaqtda oʻzbeklar har tomondan ichkariga bostirib kirib, shaharni butunlay egallashga muvaffaq boʻlishgandi.
Bir necha kundan soʻng Abdullaxon IIga Aliqulixon va hamrohlarining omonlik soʻrab qilgan murojaati yetkazilgach, Amir Qulbobo Koʻkaltosh, Amir Muhammad Boqiybek, Amir Jolti va Amir Shoh Muhammad Olachiyon kabi saroy aʼyonlari Xoja Abulbaqo Aliqulixon va safdoshlarini xon huzuriga olib kelish uchun yoʻlga chiqishadi. Yoʻlda kichik nizo chiqib, ikki oʻrtada boshlangan kutilmagan va shiddatli toʻqnashuv ayovsiz jangga aylanib ketadi. Oqibatda Aliqulixon va safdoshlarining barchasi oʻldiriladi.
Hirot ishgʻolining toʻrtinchi kunida shaharga kirib kelgan Abdullaxon II qirgʻinni toʻxtatish, shahar ahli va safaviylarga zarar yetkazmaslik haqida qatʼiy farmon chiqaradi. Kimda-kim farmonga boʻysunmasa, qattiq jazolanardi. Farmon bilan bir vaqtda ayrim ulamolar safaviylarning oilalarini kofirlarning farzandlari kabi asir deb hisoblash, ularni qul qilib sotish joizligi haqida fatvo beradi. Boshqa bir guruh olimlar esa buni joiz emas deb topishadi, Abdullaxon II ikkinchi fatvoga moyillik bildirib, asirlarning sotilishini taqiqlash uchun keskin choralar koʻrishni buyuradi. Uning bu taqiqi shunchaki harbiy buyruq emas, balki uzoqni koʻzlagan siyosiy qaror ham edi. Mazhablararo ziddiyatlar avj olgan bir davrda Turkiston hukmdorining bunday bagʻrikenglik koʻrsatishi hududda barqarorlikni taʼminlash va davlatning adolatli qiyofasini shakllantirishga xizmat qildi.
Abdullajon USMONOV,
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Til
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q