Ishonch va yolgʻon psixopotologiyasi: ikkiga boʻlinmagan dengiz va bashorat ortidan chorvasini oʻldirgan xosalar


Saqlash
10:09 / 23.04.2026 9 0

Jamoatchilik fikri asosida oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, rossiyaliklarning aksariyati Ukrainada sodir boʻlayotgan voqealarni prezident Putin tomonidan eʼlon qilingan motivlar asosida boshlangan maxsus operatsiya ekanligiga ishonchi komil. Buning boisi ularning qulogʻiga amerikaliklar Ukrainada faqat ruslarga zarar yetkazadigan biologik qurol ishlab chiqarayotgani, Ukraina shaharlarini ukrain aviatsiyasi vayron qilayotgani, banderachi guruhlar kimyoviy, bakteriologik va yadroviy qurollar yaratayotgani hamda keng koʻlamli feyk sahna koʻrinishlarini ishlab chiqarish boʻyicha butun bir Gollivud sanoatini yoʻlga qoʻygani qoʻrgʻoshindek quyilmoqda.

 

Nega odamlar bularning barchasiga ishonadi?

 

Hatto voqelikka mos kelmasa ham, qoʻshnisi ishongan narsaga imon keltirish inson ruhiyatining tizim hosil qiluvchi xususiyatidir. Bu axborot kaskadi deb ataladi. Maqola shu haqda.

 

Memlar

 

XX asrning eng koʻzga koʻringan mutafakkirlaridan biri, genetik Richard Dokinz oʻzining “The Selfish Gene” (Xudbin gen) kitobida insonlar jamiyatida mavjud boʻlgan bir qator oʻz-oʻzidan koʻpayuvchi obyektlarni tasvirlab bergan va ularni genlarga oʻxshatib “memlar” deb atagan.

 

Mem — oʻz-oʻzidan koʻpayish (replikatsiya) xususiyatiga ega boʻlgan har qanday axborot birligidir. Masalan, maqollar, texnologiyalar, mafkuralar va hokazo. Keyinroq, “destruktiv mem” tushunchasi paydo boʻldi. Bu oʻz-oʻzidan koʻpayuvchi shunday axborot birligiki, koʻpayish jarayonida oʻz tashuvchisining halokatiga sabab boʻladi.

 

“Destruktiv mem” tushunchasi bilan deyarli bir vaqtda zamonaviy psixologiya va sotsiologiyada “axborot kaskadi” atamasi paydo boʻldi.

 

Axborot kaskadi inson boshqa odamlarning xatti-harakatlarini kuzatib, ushbu harakatlar uning shaxsiy tajribasi yoki undagi mavjud maʼlumotlarga zid kelishi mumkinligiga qaramay shu harakatlarni takrorlagan paytda yuz beradi. Yaʼni, kaskad odamlar “oʻzlaridagi mavjud maʼlumotlardan voz kechib, boshqa odamlarning harakatlariga taqlidan qaror qabul qilganlarida” sodir boʻladi.

 

Fikrlash — xato qilish ham demak

 

Fikrlash — bu modellar qurish qobiliyati, modellar qurish qobiliyati esa xato qilish ehtimoli bor, degani. Boshqacha aytganda, kim xato qilmasa, u fikrlamaydi.

 

Qadimgi misrliklar quyoshni samoviy ummon boʻylab suzib borayotgan Ra xudosining qayigʻi, osmonni esa oʻz turmush oʻrtogʻi Gebning ustida egilib turgan maʼbuda Nut deb hisoblaganlarida, ular xato qilgan. Ammo xato mavjudligining oʻziyoq ular dunyo modelini qurishga qodir boʻlganining isboti edi.

 

Dunyo modelini qurish va quyosh bu qayiq yoki arava, chana yoxud ot deyish qobiliyati, ushbu modelning xatoligidan koʻra ancha muhimroq edi.

 

Har qanday model ikkita funksiyani bajaradi.

 

Birinchidan, u ishlayotgan ekan — demak yaxshi. Bu maʼnoda, “quyosh — bu qayiq” deb daʼvo qiluvchi dunyo modeli, magnit boʻronlarini bashorat qilish maqsadida quyosh fotosferasining oʻzgarishlarini oʻrganish zarurati tugʻilgunga qadar, oʻz funksiyasini aʼlo darajada bajaradi.

 

Ikkinchidan, model bir xil madaniyat vakillarini birlashtiruvchi metatil rolini oʻynar ekan, u yaxshidir. Bu maʼnoda, quyosh qayiqmi yoki qayiq emasmi — bu muhim emas. Asosiysi shuki, barcha misrliklar bu tasavvurni baham koʻradi, ayni paytda esa barcha eskimoslar quyoshni chana deb hisoblaydilar.

 

Biroq jamiyat yaxlitligini taʼminlovchi metatil har doim ham ijobiy rol oʻynayvermaydi.

 

Destruktiv mem va axborot kaskadi

 

Misol uchun, juda farqli madaniyatlar va davrlarda sodir boʻlgan bir nechta voqeani koʻrib chiqaylik.

 

1856-yilning aprelida Janubiy Afrikada xosa qabilasiga mansub oʻn toʻrt yoshli Nongkavuze ismli qiz Gsarxa daryosi boʻyiga kelib, bashorat eshitadi. Ajdodlar ruhi unga vaʼda beradi: agar xosalar bor chorvasini soʻyib, barcha ekinlarini yoʻq qilsalar, shundan soʻng toʻkin-sochinlik davri keladi, ajdodlar dunyoga qaytib, oq tanlilarni qirib tashlaydi va yoʻqotilgan narsalar oʻrnini toʻldirish uchun oʻzlari bilan yangi chorva olib keladilar.

 

Qiz “koʻrgan vahiysi”ni amakisiga, u esa dohiyga aytib beradi. Dohiy bashoratga ishonadi va xosalar chorvasini oʻldirishni boshlaydilar. Ular soʻnggi dala yoqib yuborilgan va oxirgi buqa soʻyilgan kuni ajdodlar yerga qaytib, oq tanlilarni haydab chiqarishiga, yangi chorva kelishiga, dalalar esa allaqachon pishib yetilgan boshoqlar bilan qoplanishiga ishonardi.

 

Biroq muammo tugʻiladi. Oddiy xosalarda savol paydo boʻladi: nega chorva paydo boʻlmayapti? Bunga chorvasini soʻyishdan va hosilini yoʻq qilishdan bosh tortgan xosalar aybdor deb topiladi. Maʼlum boʻlishicha, chorvadan tashqari, uni oʻldirishdan bosh tortganlarni ham narigi dunyoga joʻnatish kerak ekan. Shunda hammasi joyiga tusharmish. Shunday qilishni boshladilar. Lekin chorva baribir paydo boʻlmasdi.

 

Bu mental epidemiya tushunarli sabablarga koʻra 1858-yilga kelib tugadi. Lekin bu vaqtga kelib 400 mingga yaqin chorva mollari soʻyilgan, 40 ming kishi ochlikdan halok boʻlgandi.

 

Boshqa bir misol. 1212-yilda Reynlandlik choʻpon Nikolas muqaddas zaminni kofirlardan ozod qilish boʻyicha “maxsus operatsiya rejasi” borligini eʼlon qildi. Reja oʻz puxtaligi va logistik soddaligi bilan hayratda qoldirardi. Unga koʻra, Nikolasning izdoshlari Oʻrta yer dengizini quruqlik orqali kesib oʻtadi, chunki dengiz ular oldida ikkiga boʻlinib yoʻl ochadi. Urushga kelsak, u umuman boʻlmasdi, chunki musulmonlar ozodlik armiyasini koʻrishi bilan darhol katolik dinini qabul qilishi kerak edi. Nikolas oʻz izdoshlari bilan haqiqatan ham Genuyagacha yetib bordi, lekin u yerda maxsus operatsiya rejasi yengib boʻlmas toʻsiqqa duch keldi: dengiz ikkiga boʻlinmadi. Nikolas Alp togʻlari orqali orqaga qaytishda halok boʻldi, uning otasini esa farzandiga qoʻshilib oʻlganlarning qarindoshlari osib qoʻyishdi.

 

Bu keys fanatiklarni toʻxtatmaydi va xuddi shu yili 12 yoshli fransuz choʻpon bolasi Etyen muqaddas zaminni ozod qilish boʻyicha boʻlajak operatsiya haqida jar soladi. Oʻzining haqligini isbotlash uchun u hatto Fransiya qiroliga “shaxsan Iso alayhissalom tomonidan yozilgan” xatni ham koʻrsatadi. Bolalar va kattalar toʻp-toʻp boʻlib uning yoniga kelar va yoʻl-yoʻlakay duch kelgan narsani talon-toroj qilardi. Etyen esa moʻjizalar yarata olishini aytardi. U Marselgacha yetib borishga muvaffaq boʻldi, biroq qoʻshinining bir qismi yoʻlda oʻldirildi, kemalarga chiqqanlari esa shunchaki qullikka sotib yuborildi.

 

Uchinchi misol. XVI asr oxiri — XVII asr boshlarida butun Yevropani jodugarlarga qarshi kurash epidemiyasi qamrab oldi. Ushbu dahshatli jodugarlar shabashga (shaytonlar ziyofatiga) uchib borar, Shaytonga sigʻinar, doʻl, oʻlat va hosilsizlikni keltirib chiqararmish. Bundan oldin dunyoda sehr-joduga ishonishmagan deb boʻlmaydi. Shaman, jodugar, sehrgar, folbin kasblari koʻp madaniyatlarda mavjud boʻlgan va turlicha hurmat qozongan. Ammo 1560-yillardagi voqealarga oʻxshashi insoniyat tarixida boshqa kuzatilmagan.

 

Masalan, 1581-yilda Iogann fon Shonenberg Trirda arxiyepiskop etib tayinlanadi. Ashaddiy katolik sifatida u avval protestantlarni, keyin esa yahudiylarni yoʻq qilishga qaror qiladi. Ular tugab, oʻzi yaratgan zoʻravonlik apparati issiz qolgach, eʼtiborini “jodugarlar”ga qaratadi. Natijada 1587-yildan 1593-yilgacha uning qoʻl ostidagi yerlarda 368 kishi yoqib yuborildi. 1588-yilga kelib Trir yaqinidagi ikkita qishloqda faqat bittadan tirik ayol qolgan edi.

 

Koʻrsatma olishning asosiy yoʻli — qiynoq edi. Ayblovdan himoyalanishning iloji yoʻq edi, chunki ayblanuvchi uni kim va nimada ayblayotganini bilmas, sud esa ayblanuvchining mavjudligini nazarda tutmasdi. Shu bilan birga, sudyalar nuqtayi nazaridan, ular dahshatli qatl va qiynoqlarni amalga oshirmayotgan edilar. Aksincha, jodugarning tanasini olovga berib, uning ruhini qutqarayotgan edilar. “Xalos etilgan” ruhning mol-mulki qutqaruvchilarga oʻtishini hisobga olsak, qutqarish ishlari ancha jonli ketardi. Bunda asosiy qurbonlar, tabiiyki, musodara qilinadigan narsasi bor odamlar boʻlgan.

 

Burgomistrlar, shahar maslahatchilari va boy savdogarlarni yoqishdi. Butun Trir ikkiga boʻlindi: yoqilayotganlar va inkvizitorlar, ayblovchilar, notariuslar, maslahatchilar — xullas, baxtsizlarning ruhlarini qutqarish uchun gulxanga sudrab boradigan va ularning mol-mulkini oladigan butun boshli “inkvizitsiya OMONi”. Shahar jallodi xuddi aslzoda saroy aʼzosidek, tilla va kumushga belanib yurardi, uning xotini esa kiyim va bezaklarda aslzoda xonimlar bilan musobaqalashardi. Xuddi shunday manzaralar Eyxstadt, Vyursburg, Fulda, Bambergda ham takrorlandi.

 

Angliyada esa qirol Yakov VI dengizdagi boʻrondan omon qolgach, bu boʻron uni yoʻq qilmoqchi boʻlgan jodugarlar tomonidan yuborilganiga ishonch hosil qildi, “Demonologiya” kitobini yozdi va jodugarlarni ovlash uchun maxsus komissiyalar tuzdi.

 

Bu hikoyalarning umumiyligi nimada?

 

Destruktiv mem muvaffaqiyatli tarqalishi uchun ikkita tarkibiy qism kerakligini koʻramiz.

 

Birinchisi — ushbu mem natijasida imtiyozli mavqega ega boʻladigan bir guruh shaxslar. Uning hisobiga ular oʻz ijtimoiy maqomini mustahkamlaydi va moddiy ahvolini yaxshilaydi. Nongkavuzening bashorati uning tarafdorlarini xosalarning mutlaq hukmdoriga aylantirdi. Bu odamlar — memning benefitsiarlari (foyda koʻruvchilari) — Trir arxiyepiskopi kabi hokimiyat tepasida boʻlishlari shart emas, lekin mem ularning hokimiyatini kuchaytiradi. U maʼlum vaqtga hokimiyatni mutlaq qilib qoʻyadi.

 

Bir nuqtani alohida taʼkidlash kerak: hokimiyat tomonidan voqelikning inkor etilishi hamisha hokimiyatni maʼlum vaqtga cheksiz kuchaytiradi.

 

Ikkinchi tarkibiy qism — bu xafa boʻlgan, frustratsiyaga tushgan, baxtsiz odamlar boʻlib, ularga bu mem ruhiy taskin beradi. U ularning hozirgi azob-uqubatlarini kompensatsiya qiladi. Siz hayotidan mamnun odamning oldiga borib: “Leksusingni yoqib yubor, shunda senda oldingidan yaxshiroq Leksus boʻladi”, deya olmaysiz. U: “Menga shu Leksus ham yetadi”, deydi. Lekin agar siz biron daydining oldiga borib: “Latta-puttalaringni yoqib yubor, shunda yer ostidan Leksus chiqib keladi”, desangiz, uning past intellekti va yuqori darajadagi frustratsiyasi sizga imkoniyat beradi.

 

Demak, mem yuqori kontagiozlikka (yuquvchanlikka) ega boʻlishi va soʻzlar bilan, yaʼni “havo-tomchi yoʻli” orqali tarqalishi uchun ikkita guruh mavjud boʻlishi kerak:

 

1. Uning hisobiga oʻz maqomini oshiradigan faol tarqatuvchilar guruhi;

2. Mem ular uchun psixologik jihatdan qulay boʻlgan passiv retsipiyentlar (qabul qiluvchilar) guruhi.

 

Postfaktum

 

Yuqorida atayin shunday voqealar tanlab olinganki, ularning xato ekaniga hozir hech qanday shubha yoʻq.

 

Bugun kimdir ogʻzidan koʻpik sochib, Etyenning yonida boʻlgan Iso alayhissalomning maktubi haqiqiy ekanini isbotlashga kirishishi yoki agar xoinlik boʻlmaganida, Nongkavuze vaʼda qilgan moʻl-koʻl chorvaning yer ostidan albatta chiqib kelishini ilmiy asoslab berishi tasavvur qilib boʻlmaydigan holat.

 

Bu memlar ortga qaytmas darajada halokatli boʻldi. Ular juda virulent, butun jamiyatni qamrab olgan va qarshi turish foydasiz edi. Ularning tashuvchilariga voqelikni eslatishga jurʼat etgan har qanday odam darhol yer yuzidan supirib tashlanardi: jodugar sifatida yoqib yuborilardi, sabotajchi sifatida oʻldirilardi, Shayton elchisi sifatida qoziqqa oʻtqizilardi. Chunki ular aniq haqiqatni — dengiz taqvodorlar oldida ikkiga boʻlinishini, Muqaddas zamin aholisi esa ularni koʻrishi bilan darhol katolik diniga oʻtishini inkor qilishga jurʼat etgan boʻlardi.

 

Biroq aynan oʻzlarining oʻta yuquvchanligi tufayli ular oʻz tashuvchilarining omon qolishiga yoʻl qoʻymadi. Ular Marburg virusi kabi haddan tashqari oʻlim sochuvchi edi.

 

Voqelikni inkor etish

 

Shuni taʼkidlash joizki, voqelikni inkor etish destruktiv memning tizim hosil qiluvchi xususiyati hisoblanadi. Har gal mem oʻziga zid keladigan voqelikka duch kelganda, mem emas, balki voqelik aybdor boʻlib qolavergan. Chorva soʻyilgani, ammo ajdodlar yangi chorva keltirmagani maʼlum boʻlganda, bunga chorva soʻyishga chorlaganlar emas, balki hali chorvasini soʻymaganlar aybdor boʻlib chiqqan.

 

Har qanday yaxshi qurilgan destruktiv mem oʻz tashuvchilarining ongida voqelikni yoʻq qilishni biladi. U voqelikni anglash vositasi emas. U voqelikni rad etish vositasidir.

 

Yana bir nechta misollar

 

Axborot kaskadlariga oid yana bir nechta misollarni koʻrib chiqaylik.

 

Miloddan avvalgi IV asrda buyuk Aristotel oʻzining “Fizika” asarida ikki jismning yerga tushish tezligi ularning vazniga toʻgʻri proporsional ekanini taʼkidlagan. Vazni ogʻirroq boʻlgan jism tezroq tushadi. Aslida esa bunday emas. Buning notoʻgʻri ekaniga ishonch hosil qilish uchun ikkita toshni oyoq bilan tepib yuborish va ular pastga bir vaqtda yetib borishini koʻrish kifoya edi. Ularning qulash tezligi faqat vaznga bogʻliq emas. Biroq Aristotelning iddaosi XVI asr oxirida Galileo Galiley tomonidan inkor etilgunga qadar, ikki ming yil davomida mutlaq haqiqat deb hisoblab kelindi.

 

XIX asrda Avstriya shifoxonalarida tugʻruqdan keyingi isitma (sepsis) epidemiyasi avj oldi. Tugʻayotgan ayollarning 10 foizidan 40 foizigacha uning qurboniga aylanardi. 1847-yilda Vena shifoxonasida ishlovchi vengriyalik shifokor Ignas Semmelveys oddiy yechim taklif qildi: u shifokorlarga qoʻllarini yuvishni va xonalarni xlor bilan dezinfeksiya qilishni ilgari surdi. U koʻrgan choralar tufayli shifoxonadagi oʻlim koʻrsatkichi 1 foizgacha tushdi. Biroq Semmelveysning gʻoyalari hukmron ilmiy nazariyalarga mos kelmaydi deb topildi va u masxara qilinib, firibgar (sharlatan) sifatida rad etildi. Hayotini ruhiy kasalliklar shifoxonasida yakunladi. Faqat Pasterning kashfiyotlaridan keyingina bu tavsiyalar oʻz-oʻzidan maʼlum haqiqat deb tan olindi.

 

Ming yillar davomida insoniyat jarohatlar, infeksiyalar va ifloslanishlar bilan toʻqnash kelgan, ammo Semmelveysgacha biror marta ham jarohatni dezinfeksiya qilish kerakligi haqida oʻylab koʻrmagan.

 

Xuddi shunday, qadimgi Yunonistonda shifokorlar kesarcha kesish orqali tugʻdirishni bilgan. Shu bilan birga, jarrohlarning tasavvuriga koʻra, bachadonni tikish mumkin emas edi. Natijada, hatto XIX asrda, anesteziya ixtiro qilingan taqdirda ham, kesarcha kesish ayollarning 100 foizlik oʻlimi bilan tugardi. Tugʻayotgan ayollar 100 foiz holatda vafot etardi, lekin bachadonni tikish mumkin emas edi. Faqat 1882-yilda Maks Sanger ismli jarroh tavakkal qilib, bachadonni tikib qoʻyadi. Oʻshandan beri kesarcha kesish tugʻayotgan ayol uchun deyarli xavf tugʻdirmaydigan oddiy operatsiyaga aylandi.

 

Bu holatlarning barchasi bir qarashda dahshatli tuyulishi mumkin. Qanday qilib olimlar 2 ming yil davomida Aristotelning jismning tushish tezligi vazniga bogʻliqligi haqidagi iddaosini, har soniya, har daqiqa va har kunlik tajriba buni inkor etib turganda ham takrorlashlari mumkin? Antiseptiklar oʻlimni 35 baravar kamaytirgan boʻlsa, Semmelveysni qanday qilib jinnixonagacha olib borishgan? Ayolning 100 foiz oʻlimini kafolatlaydigan operatsiyani qanday qilib davom ettirish va shu bilan birga bachadonni tikish mumkin emas deb hisoblashgan?

 

Aslida, bu holatlarning barchasi, gʻalati boʻlsa-da, ilmning “destruktiv memlar”ni kesishdagi kuchini eʼtirof etadi. Yaʼni, ilm-fan, mayli, 2000-yildan keyin boʻlsa ham, hatto Aristotel kabi katta avtoritetga tegishli boʻlsa-da, amalda notoʻgʻri boʻlgan iddaodan voz kechishga qodirdir.

 

Bozor kaskadning dushmani

 

Yana bir misol — “Theranos” kompaniyasi tarixi.

 

Bu kompaniya tarixi Stenford universiteti talabasi Elizabet Xolms — bir tomchi qon orqali tashxis qoʻya oladigan qurilma yaratishga qaror qilganidan boshlandi. Elizabet ikkinchi Stiv Jobs boʻlishni juda xohlardi va muvaffaqiyatli startapning barcha atributlariga ega boʻlgan kompaniya tuzdi. Jobsga oʻxshash uchun Elizabet Xolms doim bir xil kiyinardi: qora vodolazkada. Elizabet, shuningdek, qatʼiy parhezga amal qilardi. U faqat yashil rangli sharbatlarni va faqat kunning maʼlum vaqtlarida ichardi.

 

Unga doimo toʻrtta tansoqchi hamrohlik qilar va ular oʻz boshliqlarini “Burgut-1” deb atashardi. Kompaniya korporativ birdamlik va maxfiylikka mukkasidan ketgan edi. Unda oʻz rahbariga sigʻinish (kult) hukm surardi va xodimlar maʼlumotni ozgina boʻlsa ham oshkor qilgani uchun ham jazolanardi. Kompaniyaning yetakchi olimlaridan biri Yan Gibbons kompaniya tomonidan boʻlgan bosim tufayli oʻz joniga qasd qilganida, kompaniya yuristlari qilgan birinchi ish — uning bevasiga qoʻngʻiroq qilib, barcha maxfiy hujjatlarni qaytarishni talab qilib, tahdid qilish boʻlgan.

 

“Theranos” kompaniyasining yagona muammosi shunda ediki, muvaffaqiyatning yashil sharbatlar, qora vodolazka va Elizabet Xolms shaxsiga sigʻinish kabi muhim tarkibiy qismlariga qaramay, uning texnologiyasi ishlamas edi. Chunki, texnologiyaning oʻzi yoʻq edi. Biroq bu kompaniyaning kapitalizatsiyasi eng yuqori nuqtada 9 milliard dollarga yetishiga, Elizabet Xolmsning esa Kremniy vodiysining megayulduzi boʻlishiga va “Times” hamda “Fortune” muqovalarini bezashiga toʻsqinlik qilmaydi.

 

Bularning barchasi 2015-yil oktyabr oyida “Wall Street Journal” jurnalisti Jon Karreyra “Theranos” haqida fosh etuvchi maqola eʼlon qilganidagina chil-parchin boʻldi. Kompaniya, tabiiyki, inkor etadi. Miss Xolms xodimlarni yigʻib, “Theranos” dunyoni oʻzgartirayotgani, jurnalistlar esa unga hujum qilishga qaror qilgani haqida nutq soʻzlaydi. Maʼruza tugagach, xodimlar bir ovozdan: “Karreyra goʻrga kirsin!” deb hayqiradi.

 

Bir qarashda dahshatli manzara. Qanday qilib Amerika kapitalizmining qoq markazida, qayerdadir emas, balki Kremniy vodiysida sektaga oʻxshagan, yashil sharbatlari, qora vodolazkalari va mavjud boʻlmagan texnologiyalari bor kompaniya gullab-yashnadi? Texnologiya yoʻqligi dohiyga sigʻinish, miyalarni yuvish va xodimlarni qoʻrqitish bilan qoplandi. Va shuncha qoʻrqinchli belgilarga qaramay, jiddiy investorlar bunga pul tikdi. Ehtimol, bozorda biror narsa notoʻgʻri boʻlgandir? Balki kapitalizmda biror narsa notoʻgʻrimi?

 

Aslida “Theranos” kompaniyasi voqeasi butunlay boshqa narsadan dalolat beradi: ilm-fandan tashqari bozor — axborot kaskadi va destruktiv memga chek qoʻyishga qodir boʻlgan yagona mexanizm.

 

Tasavvur qilaylik, agar Elizabet Xolms texnologik kompaniyani emas, balki odamlarga transsendent (mistik) bilim berishni daʼvo qiladigan sektani boshqarganida, nima deb oʻylaysiz, “Wall Street Journal”dagi maqola unga xalaqit bera olarmidi?

 

Tasavvur qiling, u kompaniyani emas, balki atrofini dushmanlar oʻrab olgan davlatni boshqarganida, bunday davlatning mafkurasini “Wall Street Journal”dagi deylik 1067 ta maqola bilan inkor qilib boʻlarmidi?

 

Biz faqat diqqatimiz qaratilgan obyekt va detallarnigina koʻramiz

 

Inson — jamoaviy mavjudot va u koʻpincha toki unga nimani koʻrayotganini aytishmaguncha, oʻzining nima koʻrayotganini bilmaydi. Masalan, 90-yillarda DNKni aniqlash texnologiyasining rivojlanishi AQSHda koʻplab jinoiy ishlarning qayta koʻrib chiqilishiga olib keldi. Ushbu ishlar boʻyicha chiqarilgan ayblov hukmlarining 75 foizi faqatgina guvohlarning koʻrsatmalariga asoslangan edi.

 

1902-yilda Berlinda taniqli kriminalist Lits maʼruza oʻqiyotgan edi. Maʼruza paytida toʻsatdan janjal chiqadi. Bir yosh yigit oʻrnidan turib, maʼruza mazmunining xristian axloqiga qanday aloqasi borligini aytib baqira boshlaydi. Boshqa bir tinglovchi unga eʼtiroz bildiradi. Mushtlashuv boshlanadi, toʻpponcha chiqariladi. Bularning barchasi diqqat bilan rejalashtirilgan sahna koʻrinishi edi. Janjaldan soʻng tinglovchilarni guruhlarga boʻlib, sodir boʻlgan voqeani tasvirlab berishni soʻrashadi. Eng aniq hisobotlarda 26 foiz, eng notoʻgʻrilarida esa 80 foiz xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan edi.

 

1951-yilda Solomon Ashning mashhur eksperimentlari eʼlon qilindi. Professor talabalarga ikkita kartochka berardi. Birida bitta chiziq, ikkinchisida esa uchta chiziq tasvirlangan edi. Talabalarga eksperimentdan maqsad — koʻrishni tekshirish ekani aytilardi. Ular ikkinchi kartochkadagi uchta chiziqdan qaysi biri birinchi kartochkadagi chiziq bilan bir xil uzunlikda ekanini aniqlashlari kerak edi. Aslida eksperimentning asl maqsadi konformizmni tekshirish edi. Har bir talabalar guruhida ataylab notoʻgʻri javob beradigan “maxfiy ishtirokchilar“ bor edi. Natijada, sinaluvchilarning 75 foizi kamida bir marta koʻpchilikning ataylab berilgan notoʻgʻri fikriga boʻysungani maʼlum boʻladi. Ular uzun chiziqqa qarab turib, uni kaltaroq deb aytadi, chunki ulardan oldin “yollanma troll“ aynan shunday javob bergan edi-da.

 

1999-yilda ikki psixolog — Deniyel Saymons va Kristofer Chabris bir guruh odamlarga qora va oq formadagi ikki jamoa basketbol oʻynayotgan filmni koʻrsatishadi. Tomoshabinlardan oq formadagi jamoa toʻpni necha marta uzatganini (pas berganini) sanash va eslab qolish soʻraladi. Film taxminan bir daqiqa davom etadi va uning oʻrtasida kamera qarshisiga gorilla (uning rolini kiyim almashtirgan aktrisa oʻynagan) chiqib keladi. Maymun kameraga yaqinlashib, koʻkragiga urdi va chiqib ketadi. Bularning barchasi taxminan 9 soniya davom etadi. Filmni koʻrib boʻlgach, ishtirokchilardan biror gʻalati narsani sezgan-sezmaganini soʻrashadi. Maʼlum boʻlishicha, tomoshabinlarning yarmiga yaqini gorillani umuman koʻrmagan. “Biz faqat diqqatimiz qaratilgan obyekt va detallarnigina koʻramiz va payqaymiz“, — degan xulosaga keladi Saymons va Chabris.

 

Ayni eksperimentlarning natijalari shunisi bilan hayratlanarliki, bu holatlarda guruh fikridan farq qilish hech qanday jazoga olib kelmas edi. Oʻzgacha fikr uchun odam qamoqqa tushmasdi, otib tashlanmasdi yoki hatto ishdan ham haydalmasdi. Uning uchun vafot etganidan keyin doʻzaxga tushish, ruhini halok qilish, inkvizitsiya sudiga duch kelish yoki jamiyatdan ajralib qolish xavfi yoʻq edi. Shunga qaramay, yuqoridagi tajribalarda odamlarning qariyb 70 foizi oʻz koʻzlari bilan koʻrgan narsani emas, balki boshqalar koʻrgan (aytgan) narsani koʻrganligini chin dildan “eslagan“.

 

Iqtisodchilar Susil Bikchandani, Devid Xirshleyfer va Ivo Velsh oʻz maqolalarida axborot kaskadini shunday taʼriflagan: “Bu shunday vaziyatki, unda oʻz oʻtmishdoshlarining harakatlarini kuzatayotgan shaxs uchun eng maqbul strategiya — oʻzidagi maʼlumotlardan qatʼi nazar, oʻtmishdoshining harakatlariga ergashishdir“. Agar axborot konformizmi insoniyatda shu qadar keng tarqalgan boʻlsa va 70 foiz odam hech qanday jazo tahdid solmaydigan paytda ham oʻz shaxsiy fikrlaridan jamoa foydasiga voz kechishga tayyor boʻlsa, demak, axborot kaskadlari faqat xosa qabilasi yoki choʻponcha Etyen bilan sodir boʻlgan noxush voqealar bilan cheklanib qolmaydi.

 

Destruktiv memlarning intihosi

 

Memning tashuvchisi boʻlmaganlar tomonidan unga nisbatan koʻrsatiladigan hurmat nimaga bogʻliq? Juda oddiy narsaga. Uning qanchalik zafarli (gʻolib) ekaniga. Bu borada Gitler fashizmi klassik misol boʻla oladi. Agar Gitler magʻlubiyatga uchramaganida va uning partiyasi shu kungacha Germaniyada muhim siyosiy kuch boʻlib qolganida edi, natsizm bu qadar mutlaq taqiqqa (tabuga) uchramasdi va biz “hamma narsa ham biryoqlama emas” degan mazmundagi koʻplab tadqiqotlarni koʻrgan boʻlardik.

 

Memning halokatiga yana bir misol — Xitoydagi taypinlar qoʻzgʻoloni. 1850-yilda avj olgan bu isyon turli hisob-kitoblarga koʻra 20-30 million kishining hayotiga zomin boʻlgan. Taypinlar harakati tepasida “Isoning ukasi” turardi. Agar yevropaliklarning pozitsiyasi boʻlmaganida, ular gʻalaba qozonishlari ham mumkin edi. Gʻarb esa ancha zaifroq, ancha shafqatsizroq va ancha korrupsiyalashgan manjur hukumatini qoʻllab-quvvatladi.

 

Lekin tasavvur qiling, agar taypinlar gʻalaba qozonganida, hozir dunyoda taypinlar dinini oʻrganadigan butun boshli institutlar, unda oʻziga xos teranlik topadigan koʻp jildli monografiyalar boʻlardi, taypinlar ibodatxonalari esa xuddi cherkov va masjidlar kabi butun dunyo boʻylab qad rostlagan va xuddi shunday ehtiromga sazovor boʻlardi.

 

Destruktiv memlar, xuddi viruslar kabi, bitta umumiy xususiyatga ega. Ular bilan kasallangan guruh maʼlum bir vaqt davomida kuchliroq ijtimoiy jipslik, yakdillik va tajovuzkorlikka ega boʻladi. Bunday yakdillik va tajovuzkorlik, aslida, xuddi shishlar oʻlatning belgisi boʻlganidek, kasallik alomatlaridir.

 

Yaʼni, bunday mem bilan zararlangan jamiyat vaqt oʻtishi bilan — yo memning voqelikka mos kelmasligi sababli halokatga yuz tutadi yoki iqtisodiy mavqeini sogʻlomroq va kuchliroq raqobatchilariga boy beradi.

 

Yuliya Latinina.

Dilshod Nurulloh tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//