Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i


Saqlash
11:32 / 24.04.2026 17 0

Qadimgi jamiyatlar ma’naviy hayotining shakllanishi va rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat turlari, xususan, chorvachilik muhim o‘rin tutgan. Turon sivilizatsiyasining ilk bosqichlaridayoq hayvonlar xo‘jalik hayotining ajralmas qismi bo‘libgina qolmay, diniy-mifologik dunyoqarashlarni ham aks ettirgan. Arxeologik topilma va marosim an’analari tahlili qadimgi turonliklar hayvonlarga, ayniqsa, sigir, ot, tuya, ilon, burgut kabi jonivorlarga alohida hurmat bilan qaraganini ko‘rsatadi.

 

Turon hududida yashagan qadimgi aholi orasida hayvonlarga sig‘inish (zoolatriya) va ularni ilohiylashtirish ilmiy jihatdan o‘rganilishi lozim. “Avesto” va qadimgi yozma manbalarda uchraydigan hayvonlarga oid tasvirlar bu dunyoqarashning mifologik ildizini yoritishga xizmat qiladi. Shular orqali chorvachilik qadimiy turon aholisi tafakkurida faqat moddiy madaniyat unsurigina emas, balki ma’naviy-axloqiy qadriyat sifatida shakllangani, diniy e’tiqodlar bilan bog‘liqligini asoslash mumkin.

 

Qadimgi turonda chorva hayvonlarini ilohiylashtirish moddiy ashyolarda in’ikos etadi; u zoolatriya, totemizm va teroteizm ko‘rinishida bo‘lgan. Yakkaxudolik yoyilmagan hududlarda zoolatriya odatlari uzoqroq davom etgan.

 

Sigirning zoolatrik xususiyat kasb etganini “Avesto”da ham kuzatish mumkin. Unga ko‘ra, dastavval erkak va urg‘ochi buzoq, so‘ng barcha turdagi hayvonlar juft-juft bo‘lib yaralgan.

 

Zoolatrik hayvonlardan biri – “baqtriyaliklar tuyasi” deb atalgan ikki o‘rkachli tuyadir. Uning terrakota, sopoldan yasalib, sirlanmagan va rang berilmagan haykallari mavjud. “Avesto”da tuya kuchli, badjahl hayvon deya tilga olinadi. Zardushtiylik dini asoschisining ismidagi (Zaraoustra) “ustra” so‘zi tuyani anglatishi bu hayvonning ilohiylik belgisidan darak beradi.

 

“Massagetlarda ulug‘langan yagona xudo bu – Quyoshdir. Quyoshga otni qurbonlik qiladilar. Chunki xudoga dunyodagi eng chaqqon, tez chopar jonliqni qurbon qilish lozim deb o‘ylaydilar” deb yozadi tarixchi Herodot (Геродот. История в девяти книгах. Книга I. Ленинград, 1972. стр. 216).

 

Jarqo‘ton ibodatxonasining mudofaa devorlariga o‘rnatilgan burjlarni ochish davomida faqat Yevrosiyoning ko‘chmanchi xalqlariga xos ot suvlug‘i topilgan (Шайдуллаев Ш., Дитрих Х. некоторые результаты работ Узбекско-Германской экспедиции на городище Джаркутан. // ИМКУ. вып. 30. самарканд, 1999. стр. 25). U yirik hayvon shoxidan aylana shaklida yasalgan, diametri – 13, qalinligi – 1 sm. Markazida diametri 1,5 sm keladigan teshik, suvluq chekkalarida ham diametri 7 mm bo‘lgan to‘rtta teshikcha joylashgan. Suvluqning yuza qismida to‘rtta tish shaklidagi bo‘rtiq ham bor.

 

Suvluq Yevroosiyo mintaqasida, Andronovo madaniyati yodgorliklarida, xususan, ot qo‘shib ko‘milgan boy aholi qabrlarida ko‘plab topilgan. Jarqo‘tondan janubda joylashgan jez davri yodgorliklarida esa bu buyum uchramagan.

 

Suv havzalariga yaqin aholida baliqqa oid e’tiqodiy qarash shakllangan (Azizov A. O‘zbek xalqining hayvonot olamiga oid qarashlari. Toshkent, 2024. 62-bet). Masalan, Xorazmdagi Jonbosqal’a arxeologik materiallari orasidan turli hayvon qoldiqlari bilan birgalikda baliq suyaklari topilgan. Baliq qiltanog‘idan tumor sifatida foydalanilgan. Xususan, yosh bolalarning bosh kiyimiga osib qo‘yilgan.

 

Xorazmda qadimdan it bilan dafn etish marosimi mavjud bo‘lgan. Buning uchun alohida it boqilgan. Itga oid qadimdan shakllangan ijobiy tasavvurlar shuni ko‘rsatadiki, zardushtiylik jonivorlarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishni targ‘ib etgan.

 

Turonning shimolida odamni ot, qolgan hududlarida esa qo‘y va echki bilan dafn etish odat tusiga kirgan (o‘sha manba, 63-bet). Ot bilan dafn etish dunyoning boshqa xalqlari, jumladan, slavyanlarga ham xos edi. Ularning tasavvuriga ko‘ra, ot ham aslida inson bo‘lgan. Uning insonga aylanishi uchun esa maxsus marosim o‘tkazilib, otning boshi olingan va shu holda dafn etilgan (Пикалов Д. Мифология и космогония ираноязычных кочевников Евразии. Москва, 2011. Cтр. 22).

 

Gonurtepa yodgorligida ot yoki tuya bilan dafn qilingan qabrlar aniqlangan. Enasoy daryosi havzasidagi qadimiy ko‘chmanchilar manzilgohlariga oid eski qabrlar ochilganida ulardan qo‘y, ot va buqa suyagi qoldiqlari topilgan (“O‘zbek xalqining hayvonot olamiga oid qarashlari”, 64-bet).

 

Turk xoqonligi davrida marhumni sevikli oti yoki egar-jabduqlar bilan birga qo‘shib ko‘mish an’anasi bo‘lgan. O‘rxun vodiysi, Oltoy va Yettisuv mozor-qo‘rg‘onlarida keng yoyilgan bu odat bilan bog‘liq topilmalar Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham aniqlangan.

 

Demak, qadimgi Turon xalqlarining diniy-falsafiy qarashlarida hayvonlar alohida o‘rin tutgan. Chorvachilikning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ahamiyati ularni e’tiqodiy ramzga aylantirgan. Sigir, tuya, ot, ilon, baliq, qush, it va boshqa jonivorlar qadimiy dunyoqarashda turli timsollar – hayot, o‘lim, himoya, serhosillik, ma’naviy kuch va marosimiy poklanish bilan bog‘langan. Ayniqsa, Gonurtepa,Jjarqo‘ton, Tillaqazg‘an, Jonbos, Sopollitepa, Paziriq va boshqa yodgorliklar topilmalari hayvonlarga sig‘inish amaliyoti keng tarqalganini ko‘rsatadi.

 

Qadimgi odamlar yon-atrofidagi hayvonot olamini nafaqat kundalik hayot uchun foydali resurs deb bilgan, balki ularni diniy-ma’naviy tizimning ajralmas qismiga aylantirgan. Mazkur qarashlar hozirgi kungacha xalq og‘zaki ijodi namunalari, marosimlar va madaniy qatlamlarda yashab qolgan. Bu esa Turon hududida diniy tasavvurlar evolyutsiyasi va tabiat bilan uyg‘unlikda shakllangan diniy e’tiqodlar tizimini anglashda muhim manba hisoblanadi.

 

Ahrorjon ABDUG‘ANIYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//