Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek HASANOV bilan suhbat.
– “Bisyor bo‘lsa agar, bol ham beqadr, / Takror aytilganda – rangsizdir kalom”, deb yozgan edi atoqli shoir Abdulla Oripov. “Ma’naviyat” istilohini huda-behuda istifoda etdikmi, keyingi yillarda nondek aziz bu kalimaning qadr-qimmati yo‘qolayozdi. Jamiyatda ma’naviyat lafzi yangraganda labiga uchuq toshadigan qatlam shakllandi. “Huquqiy-demokratik davlatda qonunlarning o‘zi kifoya, ma’naviyat chikora!” deydigan toifa maydonga chiqdi. Bunda aybni yakkash “ma’naviyatsizlar”ga yuklamay, targ‘ibotda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni ham mardona tan olgan ma’qul, nazarimizda. Otabek Abdurashidovich, ma’naviyatni erkinlik muxolifi, taraqqiyotga tushov deya da’vo qilguvchi zamondoshlarimizga uning taqdirulamal ahamiyatini qay tarzda anglatgan bo‘lar edingiz?
– To‘g‘ri, har qanday yuksak tushuncha alvon shior-u balandparvoz chaqiriqqa aylantirilsa, qadrini, ta’sir kuchini yo‘qotadi. Bu fikrni ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov juda nozik ifodalagan. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, Abdulla akani shoiriMIZ deb atayotirman. Hayot mohiyati, borliq haqiqatini anglashga intilgan odamzod azaldan “Men kimman o‘zi?” degan cho‘ng savolga javob izlagan. Gyotening murakkab va serqirra qahramoni bo‘lmish Faust tilida yangragan “Hayotim ne, mening o‘zim kimman?” degan savol butun asarning mag‘zi, javhari desak yanglishmaymiz. O‘z “meni”ni topmoq ulkan baxt, aslida. Chunki “men”lar birlashib, “biz”ni vujudga keltiradi. Shu tariqa inson ruhidan millat ruhi, inson falsafasidan xalq falsafasi shakllanadi. Sirasini aytganda, biz o‘z onaMIZni, VataniMIZni, uyiMIZni, shoiriMIZni, kecha va buguniMIZni tanishimiz, anglashimiz – MA’NAVIYATdir.
Bu mo‘tabar kalima yangraganda yuzini ters buradigan toifa paydo bo‘lishiga, albatta, o‘zimiz aybdormiz. Olmosni loy ichiga yashirsangiz, u yerda javohir borligini bilmaganlar bepisand, bee’tibor o‘tadi; ammo shu balchiqda qimmatbaho tosh pinhon ekanidan xabar topsalar-chi, ana keyin ko‘ring tomoshani!.. Demak, hamma gap – tanishda, tanitishda. Ne bir sabab-omillarga ko‘ra ma’naviyat uzoq yillar asl ma’no-mazmunidan yiroqlashdi; maishiy tushunchaga, ta’bir joiz bo‘lsa, mutasaddilar qo‘lidagi jazo xipchiniga aylanib qoldi. Oqibatda ba’zilar uni taraqqiyotga to‘siq, erkinlikka zid deb talqin qila boshladi...
Aslida, erkinlik va ma’naviyat mohiyatan yaqin, bir-birini to‘ldiradigan egiz tushunchalardir. Erkinlik insonga tanlash imkonini bersa, ma’naviyat o‘sha tanlovning mezonini belgilaydi. Agar erkinlikni bepoyon sahroda ketayotgan odamga mengzasak, ma’naviyatni unga yo‘l ko‘rsatuvchi qiblanamo – kompas deb atash mumkin. Qiblanamosi bor kishi adashib-uloqib yurmaydi, rohi rostdan aslo toymaydi. Atoqli faylasuf Karl Popper siyosiy falsafaga oid “Ochiq jamiyat va uning dushmanlari” asarida erkinlik va mutlaq erkinlik o‘rtasidagi muvozanat tanlovi ko‘pincha ikkinchisining foydasiga hal bo‘lganini qayd etadi. Vaholanki, mutlaq erkinlik muhitida axloqiy chegara unutiladi, inson insonligidan chekinadi, oxir-oqibat jinoyat jazoga tortilmaydigan muhit vujudga keladi.
Bugun dunyoda notinchlik hukm surayotgani, umuminsoniy qadriyatlar poymol etilayotgani, halollik o‘rnini g‘irromlik egallagani, mutaraqqiy fikr ahli belgilagan xalqaro nizom-qoidalarning namoyishkorona buzilayotgani... hammasining zamirida insonning o‘z “men”idan uzoqlashuv yotibdi. Aziz-u mukarram deya sifatlangan odamzodga yarashmaydigan qusur-kamchiliklarni ko‘rib, olmon faylasufi Erix Frommning “XIX asrda insonning qul bo‘lib qolish xavfi bor edi, XX asrda esa uning uchun asosiy xavf – robotga aylanmoqdir” degan bashorati yodga keladi. Robotga aylanish bu – insoniy fazilatlar, oliy qadriyatlar, o‘zlikdan ayro tushish demak. Fridrix Nitshe ham “Zardo‘sht tavallosi” asarida odam – hayvon bilan yuksak inson o‘rtasida tortilgan ko‘prik ekani, chin inson mudom o‘zi bilan kurashib, noravo mayllarini yengib borishi lozimligini uqtiradi. O‘zini yenggan inson – o‘zligini inkishof etgan insondir. Ma’naviyatning taqdirulamal ahamiyati ham shunda. Sharq falsafasiga ko‘ra, inson nafsini tarbiyalab, jilovlab kamolot pillapoyalaridan yuksaladi; muhabbat, ma’rifat va ruhiy poklanish manzillariga doxil bo‘ladi.
Barcha sohalar kabi ma’naviyatda ham maqsad va vositani to‘g‘ri belgilash muhim. Agar ma’naviyatni yakkash xulqni tarbiyalaydigan omil o‘laroq talqin etsak, odamda axloqni majburan shakllantiramiz deya vaqtimizni bekor-behuda sarflayveramiz. Biz zamondoshlarga o‘zlikni anglatishimiz, uni topish yo‘llarini ko‘rsatishimiz zarur. Ana shunda oliy mezonlar, mo‘tabar tushunchalar hayot mazmuniga aylanadi. Shoir Rauf Parfi “Odamni qamab qo‘yish mumkin, lekin uning ruhini zanjirlab bo‘lmaydi”, deganda naqadar haq edi. Inson ruhiga oziq berib, uni yuksaltirmoq kerak. Xo‘sh, ruhiyatimiz nimadan quvvat oladi? Milliy o‘zlik, tarix, qadriyat, til, adabiyot, xalq og‘zaki ijodi kabi xazinalarimizdan! Ruhini to‘yintirgan inson o‘zini anglaydi, “men”ini topadi.
Ma’naviyat mavhum tushuncha deya e’tiroz bildirilsa, fransuz yozuvchisi Onore de Balzakning istehzoga yo‘g‘rilgan gapi esimga tushadi: “Agar kitob bir xum musallas bo‘lsa edi, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashardi. Gap toy-toy mahsulot ustida ketganda ham qonun darhol ishga tushadi, ammo masala yozilgan sahifalar, g‘oyalarga taqalsa, qonun ham gung-u soqovga aylanadi”.
Demokratiya faqat institutsional mexanizmlardan iborat emas. U ishonch, mas’uliyat, boshqalar huquqiga hurmat kabi qadriyatlarga tayanadi. Agar jamiyatda ana shunday madaniyat shakllanmasa, eng mukammal qonunlar ham qog‘ozda qolib ketishi muqarrar. Shu ma’noda, ma’naviyatni taraqqiyotga tushov emas, balki taraqqiyotning o‘zani, yo‘nalishini belgilaydigan omil deb bilgan ma’qul. Iqtisodiyot, siyosiy institutlar, texnologiyalar jamiyatga misli ko‘rilmagan imkoniyatlar taqdim etadi; xo‘sh, o‘sha imkoniyatlar xayrga xizmat qiladimi yoki sharrga? Bu zalvarli savolga ma’naviyatgina kiroyi javob bermoqqa qodir.
Qonunlar jism bo‘lsa, ma’naviyat uning ruhidir. Qonun “mumkin” va “mumkin emas”ning chegarasini ajratib beradi, jazo choralarini tayin etadi. Ma’naviyat esa inson botinidagi muhofiz o‘laroq “to‘g‘ri” va “noto‘g‘ri”ning sarhadlarini belgilaydi. Vijdon uyg‘oqligi degani ham shu. Chegaralardagi askarlar-ku doim sergak, hushyor; botinimizdagi qo‘riqbon-chi – u ham uyg‘oqmi, mabodo pinakka ketmaganmi?..
Ma’naviyatni, ahamiyatiga ko‘ra, jamiyatning yuragi degim keladi.
– Ma’naviyat va ma’rifat targ‘iboti shunday nozik yumushki, bu jabhada qilingan ishlarni na gaz bilan o‘lchab bo‘ladi, na tarozida tortib! Ba’zilarning ma’naviyat ishini shunchaki tadbirbozlik deb yanglish o‘ylashi boisi ham shu bo‘lsa kerak. Tizimda yurtdoshlarimiz zehniyati, axloq-sajiyasi, ma’naviy saviyasini o‘rganishga qaratilgan amaliy ahamiyatga molik qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?
– Maqtanishga yo‘ymasangiz, bir gap aytaman: biz ma’naviy sohadagi ishlarni ilmiy asosda olib borishga allaqachon kirishganmiz. 2021-yilda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Markazimiz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etilgan edi. Institutning asosiy vazifasi jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy jarayonlarni ilmiy tahlil qilish, g‘oyaviy tahdidlarni o‘rganish va ularning oldini olish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Ikki yilki, institut jamoasi jamiyat ijtimoiy-ma’naviy muhitini baholash va uni sog‘lomlashtirish bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda. Jumladan, 378 mingdan ziyod respondent (mamlakatimiz aholisining bir foizi) o‘rtasida 40 ta savoldan iborat sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazildi. Har bir savolga o‘rtacha 8 ta javob varianti borligi hisobga olinsa, ushbu so‘rovnoma orqali 120 milliondan ziyod nuqtayi nazar tahlil etilgani ma’lum bo‘ladi. Shu bilan birga, yillar va hududlar bo‘yicha aholining kayfiyati, islohotlarga munosabati tahlil qilinib, tegishli xulosa va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Ayrim misollarga nazar solaylik. “Qaysi zamondoshimizni o‘zingiz uchun eng ibratli siymo deb tasavvur qilasiz?” degan savolga 37,4 foiz respondent “Hozir ma’naviyat sohasida ibratli shaxs yo‘q” deb javob bergan. Shu xil javob ulushi Buxoro (67,6 foiz) va Andijon (51,9 foiz) viloyatlarida yuqori bo‘ldi. Bu hol jamiyatda ibratga molik zamondoshlarimiz to‘g‘risida ma’lumotlar kamligi bilan izohlanadi. Demak, faqat moziyda o‘tgan bobolarning shon-shavkatiga mahliyo bo‘lmay, bugungi kun qahramonlarini ham tanita bilishimiz lozim ekan.
So‘rov natijasi haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Umuman, tahlillar jamiyatda an’ana va modernizatsiya o‘rtasidagi qarashlar muvozanati hali shakllanish jarayonida ekanini ko‘rsatadi.
Men faqat bir yo‘nalish haqida muxtasar ma’lumot berdim. Shuningdek, fanimiz tarixida ilk bor “O‘zbek falsafasi”, “O‘zbekiston madaniyati tarixi”, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi, ko‘rinishlari” kabi monografik tadqiqotlar yaratildi. Ma’naviyat va ma’rifat markazidagi loyiha ofislarining faoliyati, ijtimoiy tarmoqlar mazmun-mundarijasining sun’iy intellekt yordamida tahlil etilayotgani alohida suhbat mavzusidir. Ma’naviy olamimizni ilmiy asosda o‘rganish targ‘ibot ishlari natijadorligida muhim ahamiyatga ega. Bu borada qilingan ishlardan ko‘ra qilinishi lozim bo‘lganlari ko‘p ekanini ham tan olamiz, albatta.
– “Xayrul umuri avsatuho”, ya’ni “Har bir amalning o‘rtasi durustdir”, deb o‘git beradi jadidlar sardori Mahmudxo‘ja Behbudiy. Ma’rifatparvar bobolarimiz el-yurtni isrofdan qutqarib, insof sari boshlash, dabdabali to‘y, xurofiy aza marosimlariga barham berishga ko‘p va xo‘b urindilar. Mustaqillik davrida ham jamiyat oydinlari bu yo‘lda jidd-u jahd ko‘rsatdi, davlat tomonidan cheklov choralari-da joriy etildi. “Beshikda tekkan – kafanda ketar” degan naql to‘g‘ri ekanmi, harchand urinmaylik, murod hosil bo‘lmayotir. Qarangki, yuz yil o‘tsa-da, hali-hamon xo‘jako‘rsin yig‘in, marosimlarni tartibga sololmay halakmiz...
Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Maromiylik” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Maromiylik deganda mo‘tadillik, “tayoqning uchi emas, o‘rtasi bo‘lish” nazarda tutilgan-da, shunday emasmi? Avvalo, xayrli sa’y-ko‘shish baroridin kelsin deymiz. Ayni choqda, ommani ma’rifatga tayangan hayot tarziga o‘rgatmoq uchun temirdan tish, po‘latdan tirnoq kerak ekanini ta’kidlamoq o‘rinli tuyuladi. Bu galgi urinishda “sut bilan kirgan” illatdan xalos bo‘larmikanmiz?..
– O‘ta dolzarb, og‘riqli masaladan gap ochdingiz. Xavf-xatardan ko‘z yumib, og‘riqni qo‘lbola dori-darmon bilan bosib yuraversak, jarohat maddalab ketishi aniq. Bobolarimiz ham isrofgarlik illatiga qarshi kurashgan. Maromiylik, vasatiylik masalasi oldingi davrlarda ham jiddiy ma’naviy muammo sanalgan; din, ilm va ijod ahli unga mudom yechim izlagan. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qilayotgan sa’y-harakatlarimiz o‘sha ma’rifiy mujodalaning davomidir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Kim hayotda tejamli bo‘lsa, qashshoqlik ko‘rmaydi”, deganlar (Termiziy rivoyati). Sayyid Sharif Jurjoniyning fikricha, “Isrof arzimagan narsa uchun ko‘p mol sarflashdir”. Sharqning Rumiy, Jomiy, Navoiy singari buyuk mutafakkirlari, mutasavviflari ham “Nafs – insonning azaliy g‘animi, uni kishanband etmoq kerak” qabilidagi g‘oyani ilgari surgan. Dabdabali to‘y, hashamdor hayot, isrofning ildizi ham havoyi nafsga borib taqaladi.
Xalqimizda “Ko‘zing to‘q bo‘lsin” degan ibora bor. Ba’zilarning o‘zini badavlat, serhasham hayot egasi sifatida ko‘rsatmoqqa urinishi – ko‘zining ochligidandir. Boz ustiga, hozir jamiyatda raqobat psixologiyasi kuchaymoqda. Bunda ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri katta. E’tibor bersangiz, baxtni dabdabali to‘y, qimmatbaho sovg‘a deya talqin qilayotganlar ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng qanot yozgan bu sira nag‘malar omma ongiga ham ta’sir etmay qolmaydi.
Dabdababozlik ma’naviy ehtiyoj emas, balki “eldan qolmaslik”, “ko‘pga kelgan to‘y” kabi ijtimoiy bosimlardan kelib chiqadi. Pandemiya davrini eslang, mushkul-murakkab vaziyat sabab mardumko‘rsin illati o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Qarangki, osmon uzilib yerga tushmas ekan: katta-yu kichik o‘ttiz chog‘li mehmon chaqirib to‘y o‘tkazdi. 2025-yilgi sotsiologik so‘rovga ko‘ra, aholining 21 foizi bugun ham oilaviy tadbirlarni pandemiya vaqtidagi kabi kamxarj o‘tkazilishini yoqlaydi. Niyat yaxshiku-ya, amal-chi? Afsuski, birov obro‘ uchun, boshqa birov odamlarning gap-so‘zidan qo‘rqib, baribir o‘z imkoniyatidan ortiq sarf-xarajat qilayotir. Oqibat esa ma’lum – gardanda qarz, oilaviy qo‘ydi-chiqdi, iqtisodiy tanglik... Yana tadqiqotlarga tayanib aytsak, yurtimizda urf-odat, marosimlarning serchiqim ekani 14,6 foiz holatda oilaviy ajrimga sabab bo‘lmoqda.
Marosimlardagi isrofgarlik faqat odob-axloq masalasi emas. Bu – millat salomatligi, iqtisodiy barqarorlik, mamlakat taqdiri masalasi! Bu – ma’naviyat masalasi!
Tarixdan bilamiz, ota-bobolarimiz 1920-yillarda dahshatli ocharchilikni boshdan kechirgan. Yo‘qchilik xalqni ne ko‘ylarga solmagan! Zamondoshlarimizning “to‘qlikka sho‘xlik” qabilidagi qiliqlarini ko‘rganimda, nahot, o‘tmish saboqlari yodimizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, deya taajjubga tushaman.
Holbuki, yaqin tariximizda ham me’yor, mutanosiblik ustuvor bo‘lgan, odamlar ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgan. Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy singari jadid bobolarimiz boylikni ko‘z-ko‘zlamoq uchun emas, balki ma’rifat uchun sarflagan, maktab ochgan, kitob-u majalla nashr etgan, jamiyatni uyg‘otmoqqa intilgan. Bugun esa ayrimlar hoy-u havas uchun davlatini havoga sovurgani holda, farzandining tahsiliga uch-to‘rt tanga sarflamoqqa qorni og‘riydi. Hozir biz tanlov qarshisidamiz: isrof yo‘limi yoinki insof? Dabdababozlikmi yoki me’yor? Agar biz bugun maromni yo‘qotsak – ertaga barqarorlikni boy beramiz, bugun isrofni to‘xtatmasak – ertaga tanqislig-u taqchillikka ro‘baro‘ bo‘lamiz. Shu bois “Maromiylik”ni muvaqqat tashabbus emas, umummilliy harakatga aylantirmoqchimiz. Ezgu g‘oya bitta qaror yoki hujjat bilan hayotga tadbiq bo‘lmaydi. Bu harakatga har bir oila, har bir mahalla va tashkilot qo‘shilishi, butun jamiyat jonbozlik ko‘rsatishi kerak.
To‘g‘ri, an’analar ko‘z ochib-yumguncha o‘zgarib qolmaydi, bunga yillar kerak. Ammo oyog‘imizga tushov bo‘layotgan odatlardan dadil voz kechmasak, bir yerda depsinib turaveramiz. Ko‘pchilik barini qonun yo‘li bilan, qat’iy tartib-qoida asosida izga solish kerak, deydi. Bu taklifda ham jon bor, lekin faqat ma’muriy cheklovlar bilan inson dunyoqarashi, ong-u tafakkuri isloh bo‘lmaydi-da. Jamiyatimizga xatti-harakatlarining oqibatini anglaydigan sergak SHAXSlar kerak. Ularni esa ma’naviyat, ma’rifat orqali tarbiyalash mumkin.
Quvonarli jihati, jamiyatimizda madaniy transformatsiya jarayoni kechayotir. Jumladan, to‘y, marosimlarning shakl-u mazmuni o‘zgarib, xayriya, ma’rifat tadbirlari urfga kirmoqda. Bunday tashabbuslar asosan yoshlardan chiqayotgani odamni mamnun qiladi. Masalan, Andijon viloyatidan Qashqadaryoga kelin bo‘lib tushgan qizning sepi ijtimoiy tarmoqlarda duv-duv gap bo‘ldi. Ma’rifatga oshufta singlimiz kelinlik uyiga mo‘jaz kutubxona – sakkiz yuzdan ziyod kitob bilan boribdi. Bunday umidbaxsh o‘zgarishlarni ko‘rganda, “Beshikda tekkan – kafanda ketar” degan naqlning davri o‘tibdi degan xulosaga kelasiz.
Mo‘ysafid tarix shohid: jamiyatda urf-odat, udumlar asta-sekinlik bilan o‘zgaradi. Shu ma’noda jadidlar asos solgan ma’rifat harakati uzoq va tadrijiy yo‘ldir. Biz bu yo‘lda bir yoqa, bir yeng bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Xayrli yumushni Ma’naviyat va ma’rifat markazi qiladimi yoki boshqalarmi, bu muhim emas, asosiysi – bobolarimiz boshlagan kurash zafar bilan yakun topsin.
– “Afsuski, aksar millatdoshlarimiz hamon johiliyat davrindan bir qadam olding‘a bosqan emaslar. Ayni kuchga to‘lg‘an, tog‘ni ursa talqon qiladig‘an yurt o‘g‘lonlari yalang to‘shlarini ochib, belboqqa osib olg‘an pichoqlarini ko‘z-ko‘z qilib, xo‘roz-u bedona urishtirib umr o‘tkaradilar. Boyvachcha yoshlar esa Yangi shahardagi qovoqxona-yu islovotxonalarda sho‘rlik otalarining mol-u davlatini yelga sovurish ila mashg‘ul. Nadomatkim, ularga esiz yoshlik, esiz umr deydirg‘an bir kishi yo‘q”. Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” romanidan olingan ushbu parchada XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi Turkiston yoshlari tasvirlangan. Bugungi navqiron avlodning turli sohalarda erishayotgan ulkan yutuqlaridan quvonamiz, albatta. Ammo guruch qachon kurmaksiz bo‘libdi deng: navqiron avlod orasida ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan, guldek umrini behuda yumush-u befoyda mashg‘ulotlarga sovurayotganlar ham borki, “Esiz yoshlik, esiz umr!” degingiz keladi ularga. Bilim va malakani baholash agentligi (sobiq DTM) tahlillariga qaraganda, 2025-yilda O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonida abituriyentlarning 41,29 foizi eng quyi o‘tish ballini (56,7) ham yig‘a olmagan. Test sinovida jami 614 mingdan ziyod talabgor qatnashgani inobatga olinsa, bilimi qoniqarsiz abituriyentlarning soni-yu salmog‘i nechog‘li ekani oydinlashadi.
Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan kurrai arzda ro‘y berayotgan to‘polonlar ham xavotir uyg‘otadi. “Z avlod” deb atalgan yoshlar Bangladeshdan Peruga qadar – jahonning har burchagida turli-tuman inqilob-u to‘ntarishlarni amalga oshirmoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, katta avlod zumerlar bilan til topishmasa, ho‘l-u quruq baravar yonishi hech gap emas. O‘tgan yili Avstraliya hukumati 16 yoshdan kichik o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifa ochishini man etdi. Fransiya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Germaniya kabi davlatlar ham shunday taqiq joriy qilmoqchi. Daromadi andak cho‘zilib ketgan savol shulkim, yoshlarni ilm-u ma’rifatga oshno qilish, ularning ma’naviyatini muhofaza etish uchun qanday yangi chora-tadbirlarni tavsiya etish mumkin?
– Siz sanaganlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoni hadik-xavotirga solayotgan muammolardir. Yoshlar tafakkuri bugun ilgarigidan-da kuchli ta’sir ostida – raqamli muhit, global madaniyat va tezkor axborot girdobida shakllanmoqda. Tanganing ikkinchi tomoniga ham qaraylik. Ilmiy tahlillarga ko‘ra, XVII asrlarda yashagan ziyoli agar 80 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, u hayoti davomida o‘rtacha 40 gegabayt hajmdagi bilimlarni o‘qib-o‘rgangan. XXI asrda esa 17 yashar oddiy o‘smir internetdan bir oyda o‘rtacha 50 gegabayt ma’lumot olyapti ekan. Tasavvur qilyapsizmi, miyaga bir oyda kerak-nokerak shuncha ma’lumot yopirilib kirmoqda! Ayrim yoshlarning kitob o‘qish, ilm olishga xushi yo‘qligini ham ayni shu axboriy zo‘riqish bilan izohlash mumkin.
Nazarimda, bu masalaga faqat taqiq yoki tanqid orqali emas, balki yangi ma’rifiy makon tamoyillari asosida yondashmoq lozim. Donishmand ustoz Erkin Vohidovning “Hozirgi yoshlar” she’ri yodingizdadir: “Aqli kirarmikan bularning bir kun / Kim biladi qachon quyula boshlar? / Og‘ir kun ko‘rmadi, balki shuning-chun / Yengilroq o‘sdimi hozirgi yoshlar?” deya kori dunyodan yozg‘irgan oqsoqol pirovardida navqiron avlodning zehni o‘tkir-u qadami tetikligini tan oladi. Tarixda ham avlodlar ziddiyati ko‘p uchraydi. Yigirma to‘rt asr avval yashab o‘tgan yunon mutafakkiri Arastu ham “Ritorika” risolasida yoshlarning serda’vo, serg‘avg‘o ekanini qayd etgan edi. Haqiqat shuki, har bir davrda yoshlar orasidan yirik olimlar, ulug‘ davlat arboblari, zabardast ijodkorlar yetishib chiqqan. Hammasi ularga yaratib berilajak sharoit, muhitga bog‘liq.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ulkan maqsad o‘laroq belgilagan Uchinchi Renessans ham, avvalo, yoshlarni ma’naviyat havosidan nafas olgan holda, ilm-u ma’rifat muhitida tarbiyalashga qaratilgan. Zero, bu ulkan maqsadni ro‘yobga chiqaruvchi kuch aynan navqiron avloddir. Uchinchi Renessans shunchaki orzu emas, chunki xalqimiz o‘tmishda bir necha uyg‘onish binosiga me’morlik qilgan. Bunyodkorlik qudrati, ijodkorlik iqtidori har birimizning qonimizda bor. Muhimi, yoshlarga zimmasidagi ulug‘vor maqsad-vazifani eslatib turishimiz kerak. Ya’ni, ularning hayotiy maslagini ilm cho‘qqilarini zabt etish, kashfiyotlar qilish, Vatan taraqqiyoti, jamiyat koriga yarash kabi yuksak maqsadlar bilan bog‘lamoq darkor. Ana shunda yoshlikning jo‘shqin quvvati, qaynoq kuchi to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Bunda ma’naviyat bir qolip emas, balki ularning shaxs sifatida kamolga yetishiga ko‘mak beruvchi qadriyat o‘laroq xizmat qilishi lozim. Bu borada Markaz tomonidan o‘tgan yili talay loyihalar amalga oshirildi. Masalan, “So‘z” loyihasi orqali yosh ijodkorlarga minbar berilgan bo‘lsa, “Ishonch maktablari” yoshlarda milliy ruhiyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Z avlod, Alfa avlod (mamlakatimiz aholisining qariyb 22 millioni), albatta, shartli tasnifdir. Ularning qalbiga yo‘l topish uchun avvalo ular yashayotgan raqamli olamni tahlil qilmoq lozim. So‘nggi o‘n yil ichida o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolishi kuchaydi. Common Sense Media tashkiloti (AQSh) tahlillariga qaraganda, 2021-yilda 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar bir kunda o‘rtacha 8 soat-u 39 daqiqani ekran qarshisida o‘tkazgan bo‘lsa, 2025-yilda ijtimoiy tarmoqdan foydalanish vaqti 9 soatdan oshdi. Ularning 75 foizi sun’iy intellektdan muntazam foydalanayotir.
Olimlar ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongi, ruhiyatiga salbiy ta’siridan xavotirda. Ma’lumki, TikTok, Instagram kabi platformalar foydalanuvchining individual ruhiy holatiga mos videomahsulot taqdim etadi. Bu esa yoshlarning real hayotdan uzilishiga olib kelmoqda. 16 yoshgacha bo‘lgan odamning miya neyronlari o‘ta moslashuvchan bo‘lgani bois tashqi muhit signallariga juda tez ko‘nikadi. Deylik, bola kuniga 9 soat davomida qisqa videolarni (rilslarni) ko‘rsa, uning miyasi faqat yuzaki ma’lumotlarni qayta ishlashga moslashadi. Oqibatda bola diqqatni jamlash, murakkab matnlarni o‘qish, ilmiy masalalarni yechish qobiliyatini yo‘qotadi. Bu xastalik fanda “raqamli demensiya” (aqliy zaiflikning yangi turi) deb atalmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflash jonli musohaba ko‘nikmasini cheklaydi, oxir-oqibat bola “muloqotdan qo‘rqish” (social anxiety disorder) xastaligiga chalinadi. Shu tariqa tarkidunyochi toifa – virtual olam “darvesh”lari paydo bo‘ladi. Xotira pasayishi, kognitiv qobiliyat zaiflashishi ham ijtimoiy tarmoqlarga ruju qo‘yishning salbiy asoratlaridir.
Ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlar uchun shunchaki ko‘ngilochar vosita emas, balki biologik qaramlik muhitiga aylangan. Shu bois dunyo olimlari voyaga yetmaganlar uchun cheklov joriy etilmasa, jamiyat kognitiv degradatsiya va ommaviy ruhiy beqarorlikka giriftor bo‘ladi, deya bong urmoqda. Ularga qaramlik siyosiy madaniyat va mafkuraviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy tahdiddir. Tanqidiy fikrlash qobiliyatidan ayrilgan jamiyat axboriy hujumlar, psixologik xurujlar qarshisida jaziramada qolgan navniholdek himoyasizdir. Ijtimoiy tarmoq algoritmlari hukmi ostidagi ommani istagan yo‘riqqa solsa bo‘ladi...
Shu sira tahlil-u tadqiqotlar chindan ham raqamli muhitda qat’iy cheklov joriy etish vaqti yetibdi, degan xulosaga olib keladi. Bu borada OAVda ko‘plab mutaxassislarning fikr-mulohazasini o‘qidim. Ba’zi ekspertlar qat’iy taqiqni yoqlayotgan bo‘lsa, ba’zilari cheklov chorasi “raqamli davr” avlodini kuchli tushkunlikka soladi, deb ogohlantirmoqda. Suhbatimiz mobaynida ma’naviyat tushunchasi siz-u biz muhokama qilayotgan barcha masalalarni qizil ip misoli bog‘lab turibdi; yoshlarni raqamli muhit xatarlaridan himoya qilishda ham ma’naviyat kuchiga tayanmoq darkor. Jumladan, raqamli muhit madaniyati, mediasavodxonlikni shakllantirish, axboriy xavfsizlik choralarini ko‘rish zarur.
Biz hamisha norasida farzandlarimizni uyda yolg‘iz qoldirmaslikka harakat qilamiz. Ularni turli xavf-xatarlardan asragimiz keladi-da. Raqamli olamda ham yoshlarimizni yolg‘iz qoldirmasligimiz kerak. Chunki bu tilsimli muhitda biz bilgan-u bilmagan qancha balo-qazolar bor.
Biz ijtimoiy tarmoqlarni butkul rad etish fikridan yiroqmiz, undan oqilona foydalanish kerakligini ta’kidlamoqdamiz, xolos. Ushbu texnologiya mo‘jizasi odamzodga ulkan manfaat yetkazayotgani haq-rost. “Internet bamisli dudama pichoq. Birovning qo‘lida u olma po‘stini chiroyli aylana qilib archadi, birovning qo‘lida go‘dak joniga qasd etadi”, deydi shoir Xurshid Davron. Biz shu “dudama pichoq” faqat yaxshilikka xizmat qilsin deymiz.
– Otabek Abdurashidovich, jamoatchilik Sizni nafaqat ma’naviyat va ma’rifat jonkuyari, zukko siyosatshunos olim sifatida ham taniydi. Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib, mamlakatimizda rahbar kadrlarni tayyorlashga hissa qo‘shgansiz. Shuningdek, “Liderlar kitobi”ning muallifisiz.
Internet va matbuotda bot-bot so‘kong‘ich hokimlar, mushtumzo‘r rahbarlar bilan bog‘liq noxush xabarlar tarqaladi. Xalq va davlat ishonch bildirgan amaldorlarning xurmacha qiliqlari qonunga ham, axloqqa ham to‘g‘ri kelmasligi kundek ravshan. Bizni qiziqtirgan jihat bo‘lak: o‘sha mansabdorlar Yangi O‘zbekistonning boshqaruv falsafasini hali ham tushunib yetmagani sababi nimada? Xato qaysi nuqtada: tayyorlovdami yo tayinlovda? Forobiy bobomiz orzu qilgan fozil yetakchilarni tarbiyalash uchun, sizningcha, yana nimalarga e’tibor qaratmoq lozim?
– Davlatimizning yangilanayotgan boshqaruv falsafasida “Inson qadri uchun” tamoyili alohida o‘rin tutadi. Bunga ko‘ra, davlat boshqaruvi faqat ma’muriy emas, balki jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi adolatli mexanizmdir.
Yurtboshimiz ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan g‘oya hammada katta umid va ishonch uyg‘otdi. Davlatning vazifasi nazorat emas, balki imkoniyat yaratishda namoyon bo‘la boshladi. Ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot yo‘liga o‘tildi. Qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini ta’minlab, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish birlamchi vazifaga aylandi. Xalq og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish maqsadida davlat xizmatlari raqamlashtirildi. Shu tariqa siyosiy islohotlar jarayonida davlat va jamiyat munosabatlariga doir yangi madaniyat shakllanmoqda.
Islohotlar davlat xizmatchilarining xatti-harakatlari orqali hayotga ko‘chadi, xalq yuragiga yetib boradi – ularni shu ma’noda hokimiyat va xalq o‘rtasida ko‘prik deyish mumkin. Besh barmoq barobar emas, qonun va halollik sarhadlarini buzayotgan, fidoyilik o‘rniga boqibeg‘amlikni odat qilgan, tili botir-u qo‘li yugurik mansabdorlar ham uchramoqda. Afsuski, ular xalqning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazayotir.
Ba’zan nomzodlar egallayotgan lavozimiga kasbiy jihatdan tayyor-u, boshqaruv madaniyatidan bexabar bo‘ladi. Yangi davr talablarini anglab yetmaganlar eskichasiga ish yuritadi. Bu – tafakkur o‘zgarishi bilan bog‘liq. Ong-u tafakkuri o‘zgarmagan davlat xizmatchisi Yangi O‘zbekistonning boshqaruv falsafasini anglay olmaydi. Eskicha qarashlarni Yer sayyorasining tortishish kuchiga o‘xshataman. Koinotga parvoz qilayotgan raketa kurrayi arzdan uzilishi uchun katta tezlik, ulkan quvvat kerak bo‘ladi. Eskicha fikrlashdan xalos bo‘lish uchun ham kuchli iroda kerak.
“Tafakkur”da chop etilgan bir fiqrangizda “Xijolatdan qizara bilgan banda naqadar g‘olib!” deb yozgan edingiz. Davlat xizmati uchun ham shunday g‘oliblar kerak. Ular halol-pok, fidokorona mehnat qiladi, shaxsiy manfaat ortidan quvmaydi, mansab-martabani boyish vositasiga aylantirmaydi, o‘zini xalq xizmatidagi oddiy inson deb biladi. Mabodo xatoga yo‘l qo‘ysa, xijolatdan yuzi lovullab ketadi... Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir video ko‘rdim: Yaponiya iqtisodiy xavfsizlik vaziri hukumat yig‘ilishiga besh daqiqa kechikib kelgani bois jamoatchilikdan kechirim so‘radi. Holbuki, uning kechikishiga yo‘ldagi baxtsiz hodisa va tirbandlik sabab bo‘lgan ekan. Kunchiqar o‘lkada mansabdorlarning uzr so‘rashi ko‘p kuzatiladi. Amaldorning o‘z nojo‘ya harakatidan uyalishi xatolarni takrorlamaslik yo‘lidagi ilk qadam, nazarimda.
Bugun davlat xizmatida halollik, xalqparvarlik, birdamlik, fidoyilikni qadriyat darajasiga ko‘tarish, buning uchun shaxs tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratish zarur. Davlat xizmatchilari milliy o‘zlikni anglash, tarix, ona tilimiz va madaniyatimizga hurmat jihatdan ham tayyorgarlikdan o‘tishi kerak. Bu borada Ma’naviyat va ma’rifat markazi amaliy harakatni boshladi; har juma kuni “Siyosiy ma’rifat soati”da vazirlik va davlat idoralari xodimlariga boshqaruv san’atidan saboq berilmoqda. Joriy yilda “O‘zlik” darsini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Zamonaviy formatdagi ma’ruza va muloqotlar yangi boshqaruv falsafasini anglashda ko‘makchi bo‘ladi degan umiddamiz.
Davlat xizmatini takomillashtirish yo‘lidagi chora-tadbirlar davomli, izchil bo‘lmog‘i shart. Chunki islohotlarning natijasi birinchi navbatda shu jabhaga bog‘liq. Siz suhbatimizni Abdulla Oripovning misrasi bilan boshlagan edingiz, men ham xotimada ulug‘ shoirimizning “Vatanni sevmoqlik – imtihondir bu” degan satrini eslagim keldi. Zotan, davlat xizmatchisining faoliyati ham ona yurtga muhabbatni isbotlash yo‘lidagi imtihondir. Bu sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tganlar qanchalar saodatli!..
Erkin SOBIR suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qiblanamomiz mili raso bo‘lsin” suhbati
Mafkura
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q