“Turkiston zaminida qizil maydonlar va Lenin haykallarining turishi millatni qullik sindromiga olib keladi”. Vatanga qaytolmagan Tohir Chig‘atoy hikoyasi


Saqlash
13:09 / 20.09.2023 591 0

Jadid taraqqiyparvarlarining kenja avlodi bo‘lgan Shokir Sulaymon  “Turkiston” gazetasining 1923-yilgi sonlaridan birida “Uchqun” nomli she’rini e’lon qilgan. Unda muallif Germaniyaga o‘qishga yuborilgan o‘quvchilarni uchqunga o‘xshatib, ular bir  kun kelib vatanga yorug‘ nurga aylanib qaytishiga, jaholat, ilmsizlik soyasi ostida zulmatga cho‘mgan Turkiston zaminini yoritishiga umid bildirgan edi. Ana shu “uchqun”larning ichida Tohir Shokir (Chig‘atoy) ham bor edi.

 

Tohir Shokir (Chig‘atoy) 1902-yilning 27-mart sanasida Toshkentda tug‘ilgan. Uning otasi Shokir hoji Roziqboy o‘g‘li Toshkentdagi obro‘li xonadon sohiblaridan biri edi.

 

Yosh Tohir ilk tahsilni Toshkentdagi yangi usul maktabida, keyingisini rus-tuzem maktabida oldi. Tohir Istanbulda o‘qishni istasa-da, shart-sharoit taqozosi tufayli Ufa shahridagi Madrasayi-oliyada ilm olishni davom etdirdi. U yerdagi tahsil davomida Tohirning qalbida Istanbulga borib o‘qish istagi olovlanib turdi. Shu maqsad yo‘lida u 1917-yilda Ozarboyjonga borib Turkiyaning Bakudagi elchisi Mamduh Shavkat Asandal bilan uchrashadi. Tohir Bakuda tahsil olayotgan yillarda ushbu elchi janoblari bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan, elchi ham uning ilm yo‘lidagi tirishqoqligi sabab o‘z bolasidek yaxshi ko‘rib qolgan edi. Tohirning Istanbulda o‘qish istagini eshitgan Mamduh Shavkat unga Yevropada o‘qishni maslahat beradi. Tohir Chig‘atoy keyinchalik o‘z xotiralarida bu to‘g‘rida eslar ekan: “U (ya’ni elchi Mamduh Shavkat – M.Alijonov) doimo menga “O‘g‘lim, sen Istanbulga borib bekor qilgan bo‘lasan. Istanbulning bugungi holi ishga yaramas. Sen yo‘lini topib Ovro‘paga ket” deya nasihat qilardi”, deb yozgan.

 

Tohir Chig‘atoy Idil-Ural mintaqasining Ufa shahridagi Oliya mardasasida bir nechta do‘stlari bilan bir yilcha tahsil olsa-da, bir tarafdan iqlimning noqulayligi, ikkinchi tomondan moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishni davom ettira olmaydi, Bakuga yo‘l oladi. Unga bu safarda Abduvahob O‘qtoy va Sobir Turkistonli hamrohlik qiladi.

 

Tohir Chig‘atoy 1921-yilgacha Ozarboyjonda o‘qish bilan birga, bakulik taraqqiyparvarlarning milliy harakatlarida faol ishtirok etadi, yig‘in hamda majlislarda qatnashadi.

 

1921-yilda Ozarboyjondan Toshkentga qaytgan Tohir Chig‘atoy necha yillak istagi ro‘yobi ustidan chiqadi. Ayni shu dam Turkistonik talabalarni Germaniyaga o‘qishga yuborishga doir da’vatlar boshlangan, ayniqsa, Buxoro bu borada faol ish olib borayotgandi. 1922-yilning kuzida Buxorodan Germaniyaga 70 ga yaqin talaba yuborilib, ular orasida yosh Tohir ham bor edi. Tohir Chig‘atoyning rafiqasi Saodat Chig‘atoy keyinchalik turmush o‘rtog‘ining o‘z hisobidan Germaniyaga o‘qishga ketganini yozgan (Hakan Torun. Tahir Çağatay'ın hayatı ve faaliyetleri. –S. 7). Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra esa, o‘sha paytlarda Turkiston o‘lkasida bosqinchi bolsheviklarga qarshi milliy istiqlolchilik harakatlarini olib borayotgan Anvar Poshsho Tohir Chig‘atoyni Germaniyaga o‘qishga yuborishga homiylik qilgan.

 

Tohir Germaniyaga kelgach bir muddat nemis tilini o‘rganadi, bu masalada shu yerlik do‘stlari Sombart va Bernhard katta yordam beradi.

 

Tohir Chig‘atoy nemis tilini puxta o‘zlashtirgach, dastlab Berlin universitetida, keyin esa Heidelbergdagi Ruprecht-Karls universitetining Falsafa fakultetida o‘qiydi hamda doktor Philning ilmiy rahbarligi ostida oliy ta’limni tugatadi.

 

Qahramonimiz dastlab Berlinda Geh Shumaher, professorlar Sumbart, Bernhard, Dessoir, Dietze kabi olimlardan ilm o‘rgangan bo‘lsa, Heidelbergda esa A.Veber, Brinkman, Lederer, Altman, Gumbel, Salin, Sommerfeld, Ekkard, Manheyim, Salz, Bergstrasser kabi olimlarning ma’ruzalarini tingladi. Professor Lederer Tohirning kelgusida yetuk sotsiolog olim bo‘lib yetishishida katta hissa qo‘shgan bo‘lib, u universitetda talabalarga dars bergan ayni paytda Vashington shahridagi Sotsilogiya institutining direktori sifatida ham faoliyat olib borar edi.

 

Tohir Chig‘atoy huquqshunoslikga ham qattiq mehr qo‘ygan bo‘lib, bu fanni o‘zlashtirish yo‘lida u professorlar Tomas, Jellinek, Heinsheymer, Perels, Gailer kabi olimlardan dars olgan. Shuningdek, u falsafa borasidagi ilmlarni Geh Rikkert, Jaspers, Hoffman, Bubnoff, Faus kabi olimlardan o‘zlashtirgan.

 

 

(Chapdan: Tohir Chig‘atoy, Mustafo Cho‘qay va Abduvahob O‘qtoy. Berlin)

 

XX asrning 20-yillari ikkinchi yarmidan boshlab Germaniyada tahsil olayotgan talabalarni Turkistonga qaytarish vazifasi faol tarzda amalga oshirila boshlandi. Natijada 1927-yilning yozgi ta’til vaqtida yurtga qaytgan Solih Muhammad va Nasriddin Sherahmad qayta Germaniyaga qo‘yib yuborilmadi. Hatto, bunga chiday olmagan Nasriddin Sherahmad o‘z joniga qasd qiladi va tasodifan o‘lmay qoladi (Sh.Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. –T.: Akadem-xizmat. –B. 18).

 

Bolsheviklar qatag‘on siyosatini oldindan his qilgan Fayzulla Xo‘jayev Germaniyaga maktub yo‘llab, qolgan talabalarga qanday qilib bo‘lsa ham o‘qishni bitirishni va yurtga qaytib kelmaslikni buyuradi. Tohir Chig‘atoy Berlinda tahsilni davom ettirgan holda, keyinchalik Turkistonning iqtisodiyoti va sotsioligiyasi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqqiyatli himoya qiladi.

 

Tohir Chig‘atoy 1932-yilda Berlinda istiqomat qilayotgan qozonlik tatar taraqqiyparvari, gazetachi va siyosat arbobi Muhammad Ayoz Is’hoqiyning qizi Saodat bilan turmush quradi. Qayd etish lozimki, Saodat Chig‘atoy ham kelgusida yetuk olima sifatida nom qozondi.

 

 

(Tohir va Saodat Chig‘atoy (1932-yil).

        

Tohir Chig‘atoy ilmiy faoliyat bilan birga “Turkiston paxta xo‘jaligi (Berlin, 1934-yil), “Turkiston milliy adabiyoti va adiblar fojiasiga doir” (Berlin, 1934-yil), “Turkiston milliy harakati va Mustafo Cho‘qay” (Istanbul, 1950-yil), “Turkistonga doir ba’zi jarayonlar haqida qarashlarimiz” (Istanbul, 1952-yil), “Qizil imperalizm” (Istanbul, 1958-yil) va shu kabi qator asarlar yaratdi.

 

O‘z paytida Abduvahob O‘qtoy maslakdoshi va darddoshi Tohir Chig‘atoy to‘g‘risida quyidagilarni yozgan edi: “Doktor Tohir Shokirbek yigitlikning eng qizg‘in chog‘ini o‘z yurti va xalqining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy turmushiga sarf etib yurgan g‘ayratli yoshlarimizdan biridir. Essizki, uning maslagi orqasindan ketish bir qancha Turkiston yoshlarig‘a muyassar bo‘lmag‘on. Ovro‘pada falsafa va iqtisodiyot tahsil etmakchi bo‘lg‘on Turkiston yoshlari to 1922-yildayoq Sovet hukumatining rahmsiz hujum va tadbirlariga giriftor qiling‘onlar. Biz Tohir Shokirbek tuvg‘onimizni muvafaqqiyatli odimlari bilan olqishlarkanmiz, undan yanada buyuk vazifalar kutamiz”.

 

Ayniqsa, Tohir Chig‘atoyning Berlinda turkistonlik talabalar va muhojirlar tomonidan tashkil etilgan “Yosh Turkiston” jurnalidagi faoliyati ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. U ushbu jurnal sahifalarida “Bir Turkistonlik”, “Chig‘atoy”, “Eson Tursun”, “Tohir Shokir”, “Toshbolta”, “Temur o‘g‘li” kabi taхalluslar ostida maqolalar e’lon qildi. Shu bilan birga, Tohir Chig‘atoy “Oltoy No‘yon”, “Yosh turkistonlik”, “Turkiston istiqlolchisi”, “M.N.”, “N.M.”, “Boysung‘ur”, “Bilgin”, “Otkeltir”, “Turkistonlik turk” kabi taxalluslarning ham o‘ziga oid ekanligini qayd etib o‘tgan (Hakan Torun. Tahir Çağatay'ın hayatı ve faaliyetleri. –S. 50).

 

Tohir Chig‘atoy “Yosh Turkiston” jurnalida “Turkistonda maktab siyosati”, “Hindiston-Turkiston”, “Turkistonda Rusiyaga qarshi isyonlar”, “Unutilmas tarixiy vahshiylik”, “Andijon qo‘zg‘oloni haqida”, “Turkistonda 1916-yil isyoni”, “Turkistondagi yer osti boyliklari”, “Turkistondagi sovet matbuotiga bir qarash”, “Turkistonda ochlik”, “Turkistonda maorif ishlari” kabi qator maqolalarni e’lon qildi.

 

Jumladan, u o‘zining “Turkistonning yer osti boyliqlari” maqolasida o‘lkaning nihoyatda boy konlarga hamda ma’danlarga ega ekanligi qayd etib: “Turkistonning ko‘p tog‘larida vulqoniy toshlar ko‘p uchratilgani sababli u tog‘larning ma’danlarga boy bo‘lishi kutilgan bir hol edi. To eski zamonlarda Turkistonda oltin ham tosh-tuz konlaridan heyli miqdorda oltun va tuz chiqorilg‘oni tarix ila isbotdir. Samarqanddan o‘tadirgan nahrning (daryo – M.Alijonov) “Zarafshon” (oltin sochuvchi atalashida kechmishda uning xususida oltin koni bor bo‘lg‘ondan bo‘lsa kerak. Faqat, o‘tmishda u konlar yerli aholi tarafidan ibtidoiy usullar ila ishlatilgandir)” deb yozdi.

 

Shu bilan birga Tohir Chig‘atoy ushbu maqolasida konlarning o‘rganilishiga doir muhim tarixiy ma’lumotlarni ham keltirib o‘tgan. Xususan muallif: “Turkiston yer osti boyliqlarining ilmiy tadqiqi XIX asrning 80-yillaridan e’tiboran Mushkatov ismli tekshiruvchining sayohatlari ila boshlangan. Bu olim Turkistonni tekshirib ko‘rar ekan ko‘mir va yer moyi (neft) konlarini axtarar edi. Mushkatovdan keyin bir qancha rus va ovro‘palik olimlar va sayyohlar ham Turkistonda fanniy tadqiqotlarni olib bordilar. To‘plagan ma’lumotlari asosida bir qancha asarlarni ham yozdilar. Hozirg‘acha olib borilg‘on tekshirishlarning natijasi va to‘plang‘on ma’lumotlar Turkistonda mana shu ma’danlarning konlari bor ekanligini ko‘rsatadir: oltin, tirik kumush (simob), boqir, to‘tiyo, kumush, qo‘rg‘oshin, temir, mang‘on, surma, mis, toshko‘mir, yemak tuzi, gugurt, achchig‘ tosh, neft…” deb ta’kidlaydi, ushbu yer osti boyliklaridan Turkiston xalqi hech bir manfaat ko‘rmayotganini afsus bilan qayd etib, maqolani quyidagicha tugatgan: “Essiz, bu boyliqlar ham boshqa boyliqlari bugungacha Ayniqsa Rusiyaning obodlig‘i va ruslarning rohati uchun (Turkistonning) bag‘rindan qazib chiqarilmoqdadir”.

 

Tohir Chig‘atoyning “Yo‘lboshchimiz Munavvarqori” maqolasi “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 50-sonida chop etilgan, unda muallif Munavvarqorining o‘lka taraqqiyparvarlik harakatida tutgan o‘rni to‘g‘risida mulohazalar yuritgan. Jumladan: “Turkiston xalqi ichidagi yangi uyg‘onish harakatiga har tarmog‘ini tekshira boshlasangiz unga Munavvarqorining ismisiz kirib bo‘lmaydir. Xalqimizning kirib qoldig‘i falokatini, bu falokat yo‘lining xatarlarini to‘g‘ri ko‘rib, unga qarshi choralarni qidira boshlag‘on kishi Munavvarqori edi. Ichida bo‘lib turdig‘imiz asrning boshlarida yurtimizg‘a kirib kela boshlag‘on “Usuli-jadid” maktablarining haqiqiy shaklini Munavvaqori maydong‘a qo‘ydi. U hech bir vositasiz boshladig‘i bu ishni xoh rus hukumati, xoh mutaassiblar tomonidan ko‘rsatilgan qarshiliqlar, og‘irliq, haqorat, yegan tayoqlarig‘a qaramasdan davom ettirdi. U o‘z matonati, o‘z e’tiqodi orqasinda oz vaqt ichida bu oqimni (jadidchilikni – M.Alijonov) yoqlovchi bir xalqni va uni qalbida tashuvchi yoshlar dastasini yetishtira bildi… Toshkentdagi Munavvaqorining o‘zi tarafidan idora etilgan ibtidoiy, rushdiy namuna maktabi boshida bo‘lg‘oni holda yildan yilg‘a ortib mamlakatning har tarafina yoyilg‘on jadid maktablari, bir tarafdan eski maktablar, ikkinchi tomondan hukumatning yerli xalq uchun tashkil qilgan maktablarga qarshi bir tahlika shaklini olmishdir” deb, yangi usul maktablari uchun Munavvarqorining o‘zi darsliklar tuzganligini e’tirof etadi.

 

 

(“Yosh Turkiston” jurnalining 1933-yil 42-sonida chop etilgan Munavvarqorining surati)

 

Tohir Chig‘atoy “Istilo timsoli” nomli maqolasida Turkiston shaharlarining ko‘pida ba’zi eski tarixiy binolar, xususan, madrasalar buzilib, o‘rnida qizil maydonlar qurilganini, Leninning ko‘plab haykallari tiklanganini ta’kidlaydi. Muallif Sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan bu ishlar bekorga qilinmayotganini uqtirgan holda, Turkiston zaminida qizil maydonlar va Lenin haykallarining turishi millatning tafakkurida qullik sindromining yanada chuqurroq singgishiga olib kelishini aytgan. Tohir Chig‘atoy “Toshkentda Leninning Sovetlar ittifoqining hech bir yerida qiyosi bo‘lmagan eng yuksak bir haykalini qo‘ymoq haqinda qaror chiqarildi va o‘tgan yil (1936-yil nazarda tutilmoqda – (M.Alijonov) sentabr oyining 17-sanasidan boshlab hukumat binosig‘a yaqin qizil maydonda haykal qo‘yuv hozirlig‘ina kirishildi. Toshkentda qo‘yilmoqchi bo‘lg‘on Lenin haykali loyihasi Moskov haykaltaroshlaridan Kruliyuf tarafindan tuzilmishdir. Loyiha bo‘yicha yuksakligi 12 metr bo‘lishi ko‘zda tutilg‘on edi. Biroq Lenin nomi Toshkentda “Lain” (Iblis, shayton – M.Alijonov) shaklida aytilar edi” deb yozib, bunday haykallar toshkentlik “qizil afandilar” aytgandek, o‘zbek xalqiga ilhom bag‘ishlamasdan, aksincha, xalqda bolsheviklarga nisbatan ma’naviy qaramlikni  kuchaytirishini urg‘ulagan.

 

Uning Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Turkiston milliy mafkurasi va Alisher Navoiy” asari muhim tadqiqotlardan biri hisoblanadi.

 

 

(“Turkiston milliy mafkurasi va Alisher Navoiy” asari muqovasi (1939-yil, Berlin)

 

Tohir Chig‘atoy shubhasiz, Alisher Navoiyning asl muxlisi, muhibi edi. Muallif ushbu asarida Alisher Navoiyning tarjimayi holini bayon qilib, uning yoshligidanoq ulkan iste’dod sohibi ekanligini qayd etadi: “Alisher Navoiy 844-hijriy yilda Hirotda dunyog‘a kelmishdir. Otasi kichik Bahodir Xuroson hukmdori Sulton Abulqosim Bobur yonida muhim bir ma’muriyatda edi. Bu suvrat-la yosh chog‘indayoq saroy ahlina hatto Sulton Boburning o‘ziga ma’lum bo‘lg‘on Alisher maktab hayotini mustaqil Xuroson hokimi Sulton Husayn Boyqaro bilan birga kechirmishdir. Hatto, Sulton Husayn bilan Alisher orasinda shu bola chog‘laridayoq bir-birina yordamda bo‘lmoq ustida ahd-u paymon yasalg‘onlig‘i hikoyat qilanadir. U bu jihatdan yolg‘iz oilasi doirasidagina emas, hatto shaxsan sultonning taqdirlovlariga sazovor bo‘la boshlag‘on edi. Shaxsan milliy adabiyotimizning muhim bir siymosi sanalg‘on Sulton Abulqosim Bobur yosh Alisherning milliy iste’dodini tezgina kashf etmish va uni har turli yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlay boshlamishdir”.

 

Tohir Chig‘atoy Alisher Navoiyning ijodiy va ilmiy merosini o‘rganish o‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy turmushining negizini tashkil etishi kerak deb hisoblagan, shu boisdan ham u o’zbek xalqini Navoiyni o‘rganishga, har narsadan avval ushbu masalani o‘z o‘rniga qo‘yishga da’vat etadi.

 

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1939-yilda Berlindan Turkiyaga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan Tohir Chig‘atoy bir muddat ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi. 1948-yildan boshlab Anqara universitetida til, tarix va geografiya fakultetida sotsiologiyadan ma’ruzalar o‘qidi. Ilm-fan sohasidagi ishlari e’tirof etilib, Tohir Chig‘atoyga 1953-yilda dotsent, 1962-yilda professor ilmiy unvonlari berildi.

 

Tohir Chig‘atoy haqida akademik Ergash Fozilovning quyidagi xotiralari ayniqsa diqqatga sazovor: “Men 1969-yili Anqarada bo‘lib o‘tgan xalqaro turkiyshunoslar konggresida professor Tohir Chig‘atoy, uning rafiqasi mashhur tilshunos olima Saodat Chig‘atoy va professor Ibrohim Yorqinlar bilan birinchi bor uchrashdim. O‘shanda men u yerda “XI–XIV asrlardagi turkiy yozma yodgorliklar tilining tasnifiga doir” degan mavzuda ma’ruza qildim. Ma’ruzamdan so‘ng oldimga professor Tohir Chig‘atoy va uning rafiqasi Saodatxonim Chig‘atoylar birinchi bo‘lib kelib tabriklashdi va ular ko‘zlariga yosh olib, o‘zlarining birinchi bor o‘zbek olimi bilan uchrashayotganlaridan xursandliklarini izhor qildilar, uylariga mehmonga taklif etdilar. O‘sha konferensiyada Tohir Chig‘atoy ham, Ibrohim Yorqin ham o‘zlarining asl toshkentlik bo‘lib, 20-yillarning boshlarida Buxoro va Turkiston respublikalari rahbarlari tomonidan Germaniyaga o‘qishga yuborilganlari, lekin keyinchalik o‘qishni bitirib, u yerdan vatanlariga qaytgan do‘stlarining qatag‘on qilinganlarini eshitib, O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqib, xorijda qolib ketganliklari, hozir esa Toshkentda qavm-qarindoshlari bo‘lishiga qaramay, hamon bu yerda o‘zlarining hayot ekanliklari haqida xabar yetkazishni va salomlarini topshirishlarini so‘radilar. Men O‘zbekistonga kelgach, ularning qarindoshlarini topib, Tohir Chig‘atoy va Ibrohim Yorqinlarning Turkiyada hayot ekanliklari xabarini yetkazgan va sog‘inchli salomlarini ham topshirgan edim” (Sh.Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. –T.: Akadem-xizmat. –B. 156-157).

 

Ergash Fozilov 1972–1979-yillarda Turkiyaga borganda Tohir Chig‘atoyning uyida mehmon bo‘ladi. E’tiborli jihati shundaki, 1979-yilgi Chig‘atoylar xonadoniga qilingan tashrifdan so‘ng Ergash Fozilovga Turkiyadagi Sovet elchixonasi rahbari tomonidan dakki ham beriladi. Tasavvur qilayapsizmi, hatto o‘tgan asrning 80-yillariga kelib ham, ustiga ustak SSSR chok-chokidan so‘kilib ketayotgan bir davrda ham Germaniyada tahsil olgan talabalar to‘g‘risida gapirish, ularning hayoti va faoliyati borasida izlanishlar olib borish qat’iyan taqiqlangan edi.

 

XVIII asrda yashab o‘tgan fransuz notig‘i va siyosatchisi Jorj Jak Danton o‘z qaydlarida “Siz oyoq kiyimingiz tagida vatanni olib ketolmaysiz” deb yozgan edi. Biroq Tohir Chig‘atoy o‘z yuragida vatanni olib keta olishni uddalay oldi. Buni esa u xorijda o‘tgan butun hayoti davomida isbotladi. Tohir Chig‘atoy 1987-yil  27-iyunda Bursada vafot etdi.        

 

Muslimbek ALIJONOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari

bo‘yicha falsafa doktori

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19293
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16365
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi