XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib Turkiston tobora globallashib, rivojlanib borayotgan Yevropa taraqqiyoti va sanoatidan ortda qola boshladi. Natijada, o‘lkada an’anaviy musulmon ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, Yevropa ilm-fanini o‘rganish va amaliyotga joriy etish to‘g‘risida bong uruvchi ziyoli taraqqiyparvarlar guruhi shakllandi. Jadid taraqqiyparvarlari Turkistonda oliy ta’lim muassasalarining yo‘qligi va bu borada amaliy tajriba ham pastligi sabab yoshlarni chet elda o‘qitish, ayniqsa, Yevropa ilm-fani yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish orqali Turkistonni erk va ozodlikka olib chiqishni maqsad qilgandilar (Qayd etish kerakki, Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston yoshlarini xorijda o‘qitish to‘g‘risida XX asrning 10-yillaridayoq bong urgan edi). Bu yo‘lda ziyolilar “Ko‘mak” tashkilotini tuzib o‘zbek yoshlarini xorijda o‘qitish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. Ushbu tashkilotning yuzaga kelishida Maorif komissariyati O‘zbek bilim hay’ati qoshidagi o‘rta, oliy maktablarda o‘quvchi o‘zbek yoshlarining “Adabiyot” to‘garagi asosiy o‘zak bo‘lib xizmat qildi. 1922-yil 2-mayda asos solingan “Ko‘mak” uyushmasi tomonidan Germaniyaga jo‘natilgan talabalar orasida Abduvahob O‘qtoy ham bor edi.
Abduvahob O‘qtoy 1904-yilning 10-fevralida Toshkentda tug‘ilgan. Otasi toshkentlik savdogar Is’hoqbek, onasi Obidaxonim bo‘lib, ularning o‘n bir nafar farzandi bo‘lgan. Abduvahob O‘qtoyning oilasini yaqindan bilgan Vali Qayumxon “Professor O‘qtoy Turkistonning kibor, ziyoli va taraqqiyparvar oilasiga mansub edi. Uning oilasi bilan bizning oilamiz o‘rtasida yaqin aloqalar mavjud edi. Abdulvahobning oilasi Toshkentda katta obro‘-etiborga ega edi. U vatanga bo‘lgan milliy tuyg‘uni eng avvalo oilasida oldi” deb ta’kidlagan.
Vali Qayumxon qayd etganidek yosh Abduvahob ilk ta’limni ota-onasidan oladi. Shundan so‘ng u ta’limni Munavvarqorining jadid maktabida davom ettirdi. Toshkentdagi mazkur maktabning ta’lim davri olti yil bo‘lib, O‘qtoy tahsilini 1916-yilda tugatdi. Vali Qayumxon o‘zining “Professor O‘qtoyni eslab” nomli maqolasida “U tahsilini jadidlar tomonidan tashkil qilingan maktabda da’vom ettirdi va bu maktabni 1916-yilda tamomlab o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida 1917-yilda Bakuga safar qildi” deb yozadi.
O‘qtoy 1917-yilda Ozarboyjonga Tohir Chig‘atoy bilan birga keldi. Ozarboyjonga muallimlar maktabida o‘qish niyatida borgan Tohir Chig‘atoy O‘qtoyning kelgusi hayotida nafaqat yaqin do‘sti, balki Turkistonni ozod qilish yo‘lida olib borilgan milliy kurashdagi yaqinlaridan biri bo‘ldi. Ularning nechog‘liq yaqin do‘st bo‘lganligini O‘qtoyning quyidagi bitigidan anglash mumkin: “Tohir bilan do‘stligim juda eskidir. Bu do‘stlik qardosh Ozarboyjonda boshlandi, Germaniyada ildiz otdi, Turkiyada esa rivojlandi”.
Abduvahob O‘qtoy yoshligidanoq tibbiyotga qattiq qiziqqan bo‘lib, ushbu kasbni mukammal egallashni orzu qilardi. Tohir Chig‘atoyning rafiqasi Saodat Chig‘atoy ham o‘zining “Turk yurti” jurnalida yozgan maqolasida Abduvahob O‘qtoyning tibbiyotni juda chuqur o‘rganish istagida bo‘lganligini qayd etgan. Yana Saodat Chig‘atoyning yozishicha O‘qtoyning tibbiyotni chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishining sababi chaqaloqligida vafot etgan ukasining achchiq xotirasi hamda turkistonliklarning tez-tez turli xil kasalliklardan aziyat chekishi edi. Shu boisdan ham Abduvahob O‘qtoy shifokor bo‘lish yo‘lida harakat qildi. U shu maqsadi yo‘lida bir guruh turkistonlik talabalar bilan XX asr boshlaridagi ilm-fan markazi bo‘lmish Germaniyaga yo‘l oldi.
O‘qtoy 1922-yilda Berlinga kelib tahsil olishga kirishdi. Tahsilning ilk yillarida nemis tilini mukammal o‘zlashtirishga ahd qildi, kutubxonalarda izlandi, nemis oilalari bilan yaqindan tanishdi, do‘stlar orttirdi. Abduvahob O‘qtoy bilan birgalikda 1922-yilda Germaniyaga kelgan toshkentlik yana bir Turkiston farzandi Sattor Jabbor o‘sha yillarning umumiy manzarasini tasvirlab quyidagilarni yozadi: “Biz 1922-yilning so‘nggi oylarida Olmoniyaga kelgach, eng avvalo, nemis tilini o‘rgana boshladik. Buyuk Turkistonni talab, yondirib, ezib kelgan rus monarxistlari, Petr Velikiy Ovrupoga yuborish uchun talaba topa olmagan vaqtlarini eslariga olmasdan “Sartlar Ovrupada nima qiladir?” degan istehzolar bilan matbuotda (Berlinda chiqadirgan “Rur” gazetasida) qichqirishib o‘tgan edilar. U qorni katta janoblar bizni Ovrupo madaniyatiga munosib ko‘rmagan edilar. Rus millatchilarining bu sovuq va qo‘pol qarashlariga qarshi Germanlar tomonidan yaxshi kutib olindik. Matbuot “Turkiston uyg‘ondi, uyg‘onsun!” kabi undovlar bilan qizg‘in maqolalar yozib o‘tdi”.
Abdulvahob O‘qtoy 1929-yil 20-iyunda Geydelberg universitetining tibbiyot fakultetini tamomlab, Darmshtadt kasalxonasining jarrohlik bo‘limida birinchi tibbiy amaliyotini boshladi. Ushbu amaliyot 1929-yil 31-dekabrgacha davom etdi va shu yili Abduvahob O‘qtoy doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, tibbiyot fanlari doktori unvoniga ega bo‘ldi. Abduvahob O‘qtoy 1929-yildan boshlab Germaniyadagi kasalxonalarda faoliyat ko‘rsata boshladi. Uning ilk ish joyi Berlindagi Nevkoln nomli kasalxona bo‘ldi. Bu yerda u bir muddat malakasini oshirgach, 1938-yilga qadar doktor Kaufmanning nazorati ostida Germaniyaning qator kasalxonalarida faoliyat olib bordi. Abduvahob O‘qtoyning Germaniyada yillar davomida duch kelgan eng katta qiyinchiligi nemis shifoxonalari xorijlik shifokorlarga o‘z kasalxonalarida faqat tunda ishlashga ruxsat berganligi edi. Chunki u oliy tibbiy ta’limni tugatgan bo‘lsa-da, mehnat qilishni orzu qilgan yurti Turkistonga qayta olmadi. Bunga Munavvar qori, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqa ziyolilarning, ayniqsa, Germaniyada o‘qishni tugatib vataniga qaytgan talabalarning sovetlar tomonidan mafkuraviy dushman sifatida qamalganligi sabab bo‘ldi. O‘sha yillarning og‘ir manzarasini Abduvahob O‘qtoyning rafiqasi Saida Sherahmedova shunday tasvirlagan edi: “Turkiston va Buxoro Xalq jumhuriyatlari tomonidan amalga oshirilgan yurt farzandlarini Germaniyaga o‘qishga yuborish missiyasi sovet hukumatini qattiq tashvishga solgan edi. Polsha bilan urushning tugashi va keyinchalik Turkistonda milliy istiqlolchilik harakatining nazoratga olinishi Sovet Rossiyasi maʼmuriyatini ancha yengil torttirdi. Endi chekka respublikalardagi mahalliy ziyolilar va davlat arboblari tomonidan amalga oshirilayotgan, ayni damda esa, bolsheviklar hukumatiga yoqmagan masalalarni hal qilish mumkin edi. Shunday qilib bolsheviklar talabalarni Sovet Ittifoqidan tashqariga yuborish loyihalarini to‘xtatishga harakat boshlab, shu kungacha Germaniyaga o‘qishga borgan talabalarni ham tezroq ortga qaytarishga intildilar. Turkiston gazetalarida Germaniyaga oʻqishga borgan talabalarning inqilob davrida bu oʻlkada panoh topgan eski chor tuzumi tarafdorlari, yaʼni oq ruslar bilan aloqada boʻlganligi va ularning ta’sirida talabalarning onggi zararli gʻoyalar bilan zaharlangani haqida maqolalar e’lon qilina boshladi. Hattoki bolsheviklar hukumati Turkiston o‘lkasida yoshlarning ko‘nglida Yevropada ilm olish istagini bug‘ish maqsadida u yerga borgan talabalar nemis maktablariga qabul qilinmagani, ular Germaniyada siyosiy qochoqlar ta’siriga tushganligi haqida mish-mishlar tarqatishdi”.
Abdulvahob O‘qtoy Sovet hukumatining qattiq bosimi ostida 1938-yil 21-fevralda Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ariza yozadi. Ushbu arizada u Turkiya Respublikasi fuqarosi bo‘lishni xohlayotganini bildirgan. O‘qtoy arizaga qo‘shimcha ravishda o‘zi to‘g‘risida quyidagi ma’lumotnomani ham ilova qilib keltiradi: “Abduvahob O‘qtoy 1904-yil 10-fevralda Turkistonda tug‘ilgan. Boshlang‘ich va o‘rta ta’limni 1922-yilgacha Turkiston va Ozarbоyjonda olgan. 1923–1929-yillarda Germaniyada tibbiyot fakultetida o‘qigan. U Germaniyada ikki yillik til kursi davomida nemis tilini o‘rgangan. Turkistonda oʻrta taʼlim davrida rus tilini oʻrgangan. Otasi 1933-yil bahorida, onasi 1908-yilda Toshkentda vafot etgan. Uning Turkistonda o‘z mulki bor. Turkistonlik Saida O‘qtoyga uylangan”.
Abduvahob O‘qtoy rafiqasi Saida Sherahmedovani o‘zidan oldinroq Turkiyaga yuborgan bo‘lib, turmush o‘rtog‘i kelguncha Saida G‘oziy ta’lim instituti va Ankara birinchi o‘rta ta’lim maktabida nemis tilidan dars berish bilan shug‘ullangan. Va nihoyat Abduvahob O‘qtoy ham Turkiyaga kirishga ruxsat olgach, oila jam bo‘lib birga yashay boshlaydilar.
Abdulvahob Oqtay uzoq yillar Istanbulning Lalilidagi klinikasida mashhur akusher jarroh sifatida ishladi. Uning hamkasblari hatto uni “Jamiyat shifokori” deb chaqirishar edi.
Abduvahob O‘qtoy Berlin va Istanbulda tibbiyot bilan shug‘ullanishdan tashqari xorijda turib Turkistonning erki va ozodligi yo‘lida ham faol harakatlarni amalga oshirgan. Jumladan, u o‘zining “Yangi Turkiston”, “Yosh Turkiston” jurnallarida chop etilgan maqolalarida Turkistonning erk-u ozodligini kuyladi, mustamlakachi hukumatga qarshi bor qahr-u g‘azabini matbuot orqali sochdi.
Abduvahob O‘qtoy jurnal sahifalarida e’lon qilgan maqolalarini “Iltar”, “O‘qtoy”, “Janay”, “Tuyg‘un” kabi taxalluslar ostida e’lon qilib borgan. Abduvahob O‘qtoy tomonidan jurnallarda yozilgan maqolalar asosan bolsheviklar tomonidan Turkistonda amalga oshirilgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy siyosatni tanqid qilishga bag‘ishlangan. Bulardan tashqari Vatan sog‘inchi, millatparvarlik tuyg‘ulari bilan she’rlar ham ijod qilgan. She’rlarini “Tuyg‘un” imzosi bilan yozgan.
O‘qtoyning yozishicha, bolsheviklarning Turkiston hududida olib borgan siyosatining nomi shovinistlikdir. Ushbu siyosatning natijasi o‘laroq Turk nomi millat nomi sifatida, Turkiston nomi esa mamlakat nomi sifatida yo‘q qilindi va bu yerlar Oʻrta Osiyo deb atala boshlandi. Chor Rossiyasi bir paytlar boshlab bergan assimilyatsiya siyosatini kommunistik Rossiya to‘xtagan joyidan davom ettirmoqda. Sovet ruslari bu assimilyatsiyani amalga oshirish uchun ko‘p usullardan foydalanmoqdalar. Ana shunday yo‘llardan biri muhojirlik siyosatidir. Bolsheviklar hukumati rus dehqonlarini Turkiston yerlariga vaqt o‘tishi bilan joylashtirish orqali o‘zbek aholisi sonini kamaytirishni hamda dehqonlarni butunlay Moskvaga qaram qilib qo‘yishni maqsad qilgan. Haqiqatdan ham O‘qtoyning yuqorida keltirgan fikrlari bor haqiqat edi. Jumladan, taraqqiyparvar adib, toshkentlik G‘ozi Yunus ham “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 245-sonida e’lon qilgan “Ho‘l balo” maqolasida bolsheviklar tomonidan amalga oshirilayotgan muxojirlik siyosatining dahshatli oqibatlari xususida to‘xtalib “Bu kun mamlakatimizda bo‘lib turg‘on buzg‘unchiliq va yaramasliqlar to‘g‘risida kundalik matbuotda yozilib turg‘on dod-hasratni bir yerga to‘plasangiz es ketar darajada bir dahshat ko‘z oldingizga kelib bosadir. Atrofni tamom har xil banditlar, o‘g‘rilar, jinoyatchilar bosqon” deb yozgan edi.
Abduvahob O‘qtoy Berlinda chop etilgan “Yosh Turkiston” jurnalida ham o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etgan. “Yosh Turkiston” jurnalining jami bo‘lib, 117 ta soni nashr qilingan. Ushbu jurnal “Yangi Turkiston” jurnalidan keyin turkistonlik muhojirlar tomonidan chop etilgan ikkinchi jurnaldir. Abduvahob O‘qtoyning ushbu jurnalda jami 84 ta maqolasi e’lon qilingan bo‘lib, ulardan 20 tasini “Abdulvahob”, 20 tasini “Janay”, 25 tasini “To‘qtamish o‘g‘li” va 19 tasini esa “Iltar” taxalluslari ostida chop ettirgan.
Jumladan, Abduvahob O‘qtoy jurnalning 1930-yil 3-4-sonlarida “Janay” imzosi bilan e’lon qilgan “Bosmachiliq to‘g‘risida” nomli maqolasida Turkistondagi kommunistik davriy matbuotda “bosmachilik” atamasi qo‘llanilayotganligiga e’tiroz bildirib, asl bosmachilar bolsheviklar hukumatining o‘zidir degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. Xususan u ushbu maqolasida “Bosmachi” so‘zi yaxshi so‘z emas… urush vaqtida har bir tomon qarshisidagi dushman askarini “talovchilar to‘dasi” deb atag‘ani kabi, bolsheviklar ham “rus proletariyati diktaturasi”ga qarshi chiqg‘on birinchi Turkiston ixtilolchilarig‘a yuqoridag‘i bosmachi ismini beradilar. Biroq o‘shal davrlarda Turkistondagi sovet hukumatiga kimlar boshliqlik qilar edilar? O‘g‘rilik uchun qamoqda o‘tirgan Feodor Kolesof komissarlar sho‘rosiga rais edi. Bosmachilarg‘a qarshi urush ishlarini idora etgan sovet harbiy komissari Parfilov paxta tozalovchi zavodlardag‘i ishchilar tarafidan berilgan o‘n ming so‘mdan oshiq aqchani o‘z kissasiga solib ketgan bir o‘g‘ri odam edi. Umumiyat-la Toshkentdagi bolshevik firqasi o‘g‘rilar bilan to‘la edi” deb ta’kidlagan.
Ayniqsa Abduvahob O‘qtoyning ustozi Munavvarqoriga bag‘ishlangan maqolasi muhim ahamiyatga egadir. Abdulvahob ushbu maqolasida XIX asr turk xalqidan to‘rt buyuk shaxsiyat yetishib chiqqanligini qayd etib, ularning biri Munavvarqori ekanligini ta’kidlagan. Muallif ushbu maqolasini 1931-yilda bolshevik jallodlari tomonidan otib tashlangan milliy ziyoli Munavvarqorining xotirasiga bag‘ishlagan. U Munavvarqoriga ta’rif berar ekan, “Jaholat uyqusina botmish turklarni uyg‘otibdir va millatga najot yo‘lini ko‘rsatibdir”, deb yozadi va Munavvarqorini Ismoil Gaspiralidan keyingi eng mashhur siymo o‘laroq keltiradi. Xususan u ushbu mo‘tabar shaxs haqida quyidagilarni yozadi: “Munavvarqori bizning Turkistonda milliy maorif, milliy nashriyot va milliy mafkurachilikning sog‘lom urug‘larini sochg‘on va ming turli og‘irliq va to‘sqinliqlarg‘a qaramasdan bularni ko‘kartirishg‘a muvaffaq bo‘lg‘on bir zotdir. Uning ochg‘on milliy maktablari Turkistonning minglarcha bolalarig‘a milliy ruh bergan va ularni yurt ham millat sevgisi ila qurallantirg‘ondir. Ushbu satrlarni qoralovchining o‘zi ham Munavvarqorining Toshkentdagi “Na’muna” maktabida 6 yil o‘qig‘ondir. Shuningchun men, ustozimiz Munavvarqorining Turkistonimizning har tomonig‘a yoyg‘on jadid maktablarining ich-yuzini yaxshiroq taniyman desam, yanglishmasam kerak. Bizning o‘z Turkiston bolalari, turk bolalari, Chingizxon va Temur o‘g‘illari ekanligimizni ilk topqir zehnimizga o‘runlashtirg‘on va bizga yurt ham millat sevgisini bergan maktablar shul “Na’muna” kabi milliy o‘choqlar bo‘lg‘ondir… Munavvar, o‘z ismiga yarashaturg‘on nodir bir xilqat edi. Uning fitriy zakovatidan sochilg‘on nurlar Turkistonning qora muhitini ko‘pdan yorug‘lantirib, xalqimizning yumuq ko‘zlarini ochmishdir. Uyg‘ongan xalqimiz o‘z yo‘lini aniq belgilab, o‘z milliy a’moli orqasidan yugurmakdadir. Dushmanning qilichi, to‘pi uni bu yo‘ldan to‘xtata olmadi… Buyuk ustozimiz Munavvarqorining pok ruhiga fotihalar…”. Abduvahob O‘qtoyning yuqoridagi so‘zlaridan yaqqol ko‘rinib turibdiki, uning o‘z ustozi bo‘lmish Munavvarqoriga nisbatan bo‘lgan mehr-muhabbati, hurmati cheksiz bo‘lgan. Buni biz ushbu maqolasi ostiga “Burung‘i “Na’muna” maktabi o‘quvchilaridan: Abdulvahob” deb imzo qo‘yganligidan ham bilishimiz mumkin.
Shu bilan birga O‘qtoyning “Turkiston kultur asarlarining oqibati” deb nomlangan maqolasi ham dolzarb ahamiyatga egadir. Muallif ushbu maqolasida Sovet hukumati tomonidan o‘lka xalqining milliy-madaniy merosiga nisbatan vahshiyona xiyonatlarini ochiq-oydin tanqid qilgan. Jumladan, u “XII–XV asrlardan hozirgi kungacha saqlanib kelingan tarixiy binolar dinamit vositasi ila xarob etilib, havog‘a uchirilmakda va Turkistonning xonsaroylari devorlari ostidag‘i marmar toshlar qo‘porilib, ko‘priklar uchun ishlatgani olib ketilmakdadir. Masalan, Xiva shahrindagi “Go‘runushxona”ning marmar bezaklari mahalliy xo‘jaliq bo‘limi tarafidan ko‘chirilib, ko‘prikka ishlatilgan bo‘lsa, Ho‘qanddagi Muhammad Alixon madrasasi buzilib uning ham derazalari ko‘prikka ishlatilgandir” deb yozib, millatning madaniy merosiga nisbatan bolsheviklar tomonidan ko‘rsatilayotgan varvarlarcha munosabatga keskin noroziligini bildirgan.
Abduvahob O‘qtoy 1962-yilning 12-iyulida Istanbul shahrida cheksiz vatan sog‘inchi bilan vafot etdi. Garchi u yurtga qaytolmagan bo‘lsa-da, doimo qalbida Turkistonga nisbatan chuqur muhabbat bilan yashadi, o‘zining butun hayot faoliyati davomida ustozi Munavvarqoriga bergan va’dasiga sodiq qoldi. Uning yuragi doimo Turkiston deb urdi, yoshlarni yurt uchun jon berishga tayyor turishga, dushmandan qo‘rqmasdan mardlarcha kurashishga chorladi. U o‘zining “Yigitlarga” nomli quyidagi she’riy misralarini yozganida qanchalik haq edi:
Erk maydonida otlar o‘ynatib,
Shon tarixig‘a qoniy-la yozib,
Ketdi dodamiz meros qoldirib,
Istiqlolli yurt bizga, yigitlar!
Merosimizni zo‘r ila olg‘on,
“Sir”ingni nohaq qonga bo‘yag‘on,
Erk o‘g‘risi vahshiy qoratoldan,
O‘ch olmoq uchun yur, yigitlar!
Beshotaringni o‘qla to‘ldirib,
Bayzo qilichini qindan chiqarib,
Saman otingni safda o‘ynatib,
U istiqlolni qutqar, yigitlar!
Menlik karnayi chalindi yurtning,
Arafasidur bu, iydi millatning.
Hirpirag‘usi bayrog‘i yurtning
Otni qamchila, Temur yigitlar!
Kursi, chirvong‘a jon otqonlarni,
Rusla birlashib qon emganlarni,
U nomusfurush otasizlarni
Kesib parchala-da gar, yigitlar!
Muslimbek ALIJONOV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat
muzeyi katta ilmiy xodimi
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Толибжон
10:11 / 09.11.2023
Millatimizning haqiqiy o'g'onlaridan yana biri haqida ma'lumot olishga muvaffaq bo'ldim.Rahmat!