“G‘arbda aql bilan qabul qilinadi, bizda esa qalbdan o‘tkaziladi” – tanqid anatomiyasihaqida


Saqlash
16:08 / 04.08.2023 735 0

Muqaddima

 

Tanqid yoqadimi sizga?

 

– O‘zgalar, ayniqsa, rahbarlar tanqid qilinsa albatta yoqadi.

 

– Qilinsa deganingiz nimasi, tanqid qilsam deng.

 

– Yo‘g‘-e! Och qornim – tinch qulog‘im. Ana, boshqalar tanqid qilaversin.

 

– Tushunarli. O‘zingizni tanqid qilishsa-chi?

 

– ...

 

 

Doridan-da achchiq

 

Olti muchaldan ziyod yashab, “Meni haqli tanqid qilishibdi, baraka topishsin” degan hammillatni uchratmadim. Aksincha, tanqidga quyidagicha munosabatga har qadamda duch kelamiz: “Bilmagan ekanman, menga dushman ekansan-da”, “Hap senimi!”, “Sen kimsanki, meni tanqid qilasan?”, “Bu qip-qizil bo‘hton-ku!”, “Menda qasding bormidi?!”, “Avval o‘zingga boq!”...

 

Alhosil, tanqid qiluvchi naf ko‘rishi mahol, zarar ko‘rishining ehtimoli esa katta. Boz ustiga, o‘ziga dushman orttirib olishi tayin. Shunday ekan, tanqid deganlari kimga kerak? 

 

Bu savol, chamasi, qadim-qadimdan afkor ahlini o‘ylantirgan. Xalq maqollari shundan shahodat beradi. Masalan, “Gap kelganda, otangni ham ayama”. Maqolmi, demak, hikmat, ibrat mujassam unda. Ammo bolaligimda ham, keyinroq ham tanqid sabab ta’zirimni xo‘b yeganman.

 

“Do‘st achitib gapiradi, dushman – kuldirib”. Bundan chiqadiki, tanqid hamisha achchiq keladi. Ma’lumki, dori achchiq bo‘lsa ham, bolalarga zo‘rlab ichiriladi. Shifo uchun-da. Do‘stning tanqidi achchiq doridan foydaliroq bo‘lgan taqdirda ham “ichilishi” qiyin. Zo‘rlab og‘izga quyilganda ham yutilmaydi, yutilsa – hazm bo‘lmaydi. Bir amallab chiqarib tashlanadi. Undan ko‘ra, kasal bo‘lib yuraverish afzal-da!

 

Bu maqolning ikkinchi qismi yanada teran tagma’noli. Agar kuldirib gapiruvchilar dushman bo‘lsa, katta-yu kichik amaldorlar o‘z atrofiga faqat g‘anim yig‘ar ekan-da! Axir, boshliqni kuldirib, kayfiyatini ko‘tarib, ish bitirib olish qo‘l ostidagilar uchun ayni muddao-ku!

 

Darvoqe, el aro mashhur “Betga aytganning zahri yo‘q” maqoli bois uning ijodkori bo‘lmish xalq tanqidga loyiq: betga aytganning shunaqa zahri borki!..

 

 

Til zahri bitmas

 

Tanqidning bosh quroli – til. Bilib-bilmay tanqid qilib, baloga qolganlarga qarata “Tilingdan top!” deyiladi. Bu mavzuda o‘nlab xalq iboralari bor. Qiziq jihati, odatda tanqid qiluvchining o‘zi tanqid o‘qiga nishon bo‘ladi: “Tilingni tiysang, o‘larmiding?!”

 

Hayvon tanqid nimaligini bilmaydi. Shunga qaramay tanqidchi hayvonga o‘xshatiladi: “Echkining o‘lgisi kelsa, egasini suzadi”, “It egasini qopar ekan-da”.

 

Bu naqllarning aksari tanqid to‘g‘risida emas, ammo shu bobda ishlatilib, tanqid chaquv, haqoratga tenglashtiriladi. Holbuki, sog‘lom tanqid ijobiy, chaquv esa butkul salbiy hodisa. Tanqid achchiq bo‘lar, chaquv esa hamisha zahar. Tanqid – taraqqiyot omili, chaquv esa tanazzul belgisi.

 

 

Tanqidsiz yashab bo‘ladimi?

 

Yo‘q, bo‘lmaydi!

 

Tanqid o‘gay bo‘lgan jamiyat taraqqiy etmaydi, tanqidsiz davlat inqirozga yuz tutadi.

 

Ko‘z oldimizga keltiraylik: XIX asr, xonlar davri. Xushomad-u maddohlik avjida. Xonlar, amirlar, to‘ralar, beklar, bekcha-yu amirchalar, boy-u sarvatmandlar, hatto eshon-u xo‘jalarning ko‘pchiligi nima noma’qul ish bo‘lsa qilib yotibdi. Ammo jilla tanqid yo‘q. Illatlarga qarshi so‘z aytgan tirik jon borki, baloga qolgan – darra yegan, zindonga solingan, hatto dorga osilgan, bo‘g‘izlangan. Shu tariqa tanqidni tag-tugi bilan qirib bitirishga harakat qilingan.

 

Vaholanki, adolatsizlik ildiz otib ketgan edi. “Falonchi qirq yil chorakorlik qilsa ham, yer egasidan qarzini uzolmabdi, qizini (o‘g‘lini) qul qilib berishga majbur bo‘libdi” – “Beradi-da. Nima, boy bechora qarzdan kechsinmi?”

 

Iqtisodiy zulm odatiy holga aylanganidan, u hatto aksar tarixiy asarlarda ham qayd etilmagan. Adolatsizliklardan Gulxaniyning “Zarbulmasal”i kabi majoziy asarlarni o‘qib xabar topganmiz.

 

Adolatsizlikning boshqa turi badiiy adabiyotda yaxshi yoritilgan. Kimning chiroyli qizi bor – boshiga balo bo‘lgan. “Ichanqal’a” muzeyida oqposhsho xonga hadya qilgan kareta saqlanar edi. Ko‘y-u kentlarda bu arava g‘ildiraklaridan chiqayotgan taraqa-turuqni eshitgan xushro‘y ojizasi bor oilalar yurak hovuchlab o‘tirgan, chunki u ojizalar haramni to‘ldirish uchun shu karetada olib ketilgan. U davrlarda matbuot-ku bo‘lmagan, shariat bormidi? Muftiy, qozikalon, shayxulislom qayoqqa qaragan?..

 

Charxi falak aylanib, xon-u beklarning qochgani qochib, qolgani pisgan zamondagina fosh qilindi o‘sha qora kunlar. “Mehrobdan chayon”da xonni tanqid qilgan Anvar dorga osishga hukm etiladi. Anvarning prototipi tarixda bo‘lganmi? Bo‘lsa ham, xonni tanqid qilishga jur’ati yetganmi? Pichoq borib suyakka taqalganda aytgandir balki u isyonkor so‘zlarni?! Hayotda Anvar achchiq so‘zlarni xonning yuziga aytganiga ishonish mumkindir, ammo dordan qochib qutulganiga ishongisi kelmaydi kishining.

 

Solihboy xon emas edi, anchayin boy edi. U istagancha xotin ustiga xotin olgan, birovning xasmi bo‘lgan Jamilaga ham uylanishga qasd qilgan. Qulday mute G‘ofir bunga e’tiroz bildirgani uchun haqsiz ravishda surgunga jo‘natilgan. Na qozi, na imom, na ellikboshi boyni tanqid qiladi, aksincha, hammasi bir bo‘lib G‘ofirni qoralaydi. Hamza bo‘rttirgan deysizmi? Unda realist Oybek ham mubolag‘a qilganmi? “Qutlug‘ qon”dagi Mirzakarimboyning Solihboydan farqi kattami?

 

Xulosa shuki, tanqid yo‘q joyda adolatsizlikning kuni tug‘adi. Adolat esa Ollohning omonatidir. Amir ul-mo‘minin Umar Foruqni (r.a.) raiyat ham bemalol tanqid qila olgani haqida rivoyatlar bor.

 

Darhaqiqat, lozim holatlarda tanqid qilmaslik gunoh. “Zolimlar zulmi” degan illatga qarshi haq so‘zdan boshqa dori bormi?  Achchiq deya dori ichilmasa, kasalning holi nima kechadi? Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarining taqdiri bu savolga javob emasmi?!

 

 

Qudrat omili

 

Tanqid   kuch-qudrat, taraqqiyot omilidir.   Xonlar   davrining ham, sho‘ro davlatining ham inqirozi tanqidsiz boshqaruv sabablidir.  Zotan, boshqaruv    mohiyatan    dolzarb    muammoni to‘g‘ri qo‘ya olish, yechim izlash va muqobil-u maqbul yo‘lni tanlashga asoslanadi.

 

Tasavvur qilaylik, 10 kishidan iborat hay’at qaror qabul qilishi kerak. Odatda, hay’atga bir necha yechim varianti tayyorlab beriladi.  Xo‘sh, ular orasida muqobil (optimal) yechim bormi? Ravshanki, shu savolning o‘zi – tanqidiy yondashuv. To bunday savol qo‘yilmas ekan, muqobil yechim chetda qolishi aniq.  2000–2010-yillarda kadr siyosatida bu hol muntazamlik kasb etganiga shohid bo‘lganman – mas’ullar undan mahorat bilan foydalangan.

 

Yechim variantlari imkon qadar keng doiradan saralandi ham deylik; ulardan muqobilini tanlash-da oson bo‘lmaydi. Ko‘pincha bir qarashda yaroqsiz tuyulgan yechim alaloqibat eng maqbul bo‘lib chiqishi va aksincha, avval jozibali tuyulgan taklifning pirovardida misi chiqishi mumkin. Amir Temur o‘z tuzuklarida muhim qarorlarni mashvarat bilan qabul qilganini aytgan. Buning natijasi butun dunyoga ma’lum. Afsuski, Sohibqiron mashvaratlari bayonnoma tarzida qayd etilmagan, ammo aminmizki, ular ancha erkin ruhda o‘tgan. Bizningcha, hukmdor avval mashvarat ishtirokchilarining fikrini so‘ragan. Nosamimiy, xushomad yo‘sinida fikr bildirganlar nazardan qolgan.

 

Agar eng martabali ishtirokchi birinchi bo‘lib o‘z fikrini bildirsa, mashvarat ofarinbozlik ruhida o‘tadi. Buning yorqin misoli KPSS Siyosiy byurosining 1980-yillardagi majlislari. Mamlakat iqtisodiy botqoqqa botib boryapti, armiya Afg‘onistonda sharmanda bo‘layotir, davlatning xalqaro miqyosda ham, xalq oldida ham obro‘si to‘kilgan... Siyosiy byuro majlislarida esa ofarinbozlik, “oltin­yulduz”bozlik. Tanqid “borsa-kelmas”ga ketgan. Avvalroq o‘zbekistonlik davlat arbobi, qisqa muddat Siyosiy byuro a’zosi bo‘lgan Nuriddin Muhiddinov “makkajo‘xorisevar” sarkotibga “Boshqa ekinlarni nima qilsangiz ixtiyoringiz, ammo paxtani o‘zimizga qo‘yib bering” degani uchun surgunga – elchilikka yuborilgan edi.

 

Hegel ochgan dialektik logikaga muvofiq, har qanday voqelikda qarama-qarshi jihatlar ajralmas birlikdadir. Xususan, qabul qilinayotgan yechimning ko‘zga yaqqol tashlanadigan ijobiy jihatlari bilan birga ilg‘ash qiyin salbiy qirralari qorishiq bo‘ladi. Vaqt o‘tib salbiy qirralar ijobiy jihatlarni bosib ketishi mumkin. Bir misol, 40 yilcha avval oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari baholariga attestat baholarining o‘rtachasini qo‘shib mandat o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Bu taklifni ilgari surganlar faqat ijobiy jihatni ko‘rgan: maktab o‘quvchilari yuqoriroq baho olish uchun yaxshiroq o‘qiydi. Xullas, niyat yaxshi. Amalda esa natija teskari bo‘ldi: o‘quvchilar bilimi zig‘ircha ham ko‘tarilmadi, ammo attestat baholari o‘sha yildayoq o‘sib shiftga yetdi. Oqibatda “yaxshi niyat” ta’limda korrupsiya kuchayishi, yuqori bahoning obro‘sizlanishiga olib keldi. Tanqidlardan keyin ta’limdagi bu islohot bekor qilindi. Achchiq gaplar o‘z vaqtida aytilganda, talafot katta bo‘lmas edi. 

 

Bunday misollarni yana keltirish mumkin.

 

 

“Siyosiy hammom”

 

Dunyo tarixida eng uzoq davr poydor bo‘lgan davlatlardan biri bu Rim respublikasidir (mil. avv. 509–527-yillar). Manbalarga ko‘ra, Rim senatorlari hammomni yaxshi ko‘rgan, majlisdan chiqa solib yuvinishga yo‘l olgan. Hammomda badan poklanadi. Rim respublikasi senati esa “siyosiy hammom” vazifasini o‘tagan – siyosat kirdan tozalangan. Oliy hokimiyat bo‘lmish senat majlislari bahs ruhida o‘tgan. Bahslar hammomda ham davom etgan. Mustaqil sud majlislari ko‘chada o‘tkazilgan: “Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich”. Sud jarayonini qoralovchi va oqlovchilarning o‘zaro bahsi tarzida o‘tkazish o‘shanda joriy qilingan.

 

Darvoqe, “Rim huquqi” AQSh konstitutsiyasining mag‘zini tashkil etadi. Unda respublika tuzumi yanada takomillashtirilgan. Xususan, so‘z erkinligi o‘z mulkini qurol bilan himoya qilish huquqi darajasida muqaddaslashtirilgan. Qudrati hokimiyatning boshqa tarmoqlaridan kam bo‘lmagan “to‘rtinchi hokimiyat” Franklin, Jefferson kabi Amerika “millat otalari”ning ixtirosidir. Erkin matbuot “siyosiy hammom” vazifasini naqadar samarali o‘tab kelayotgani ma’lum-u mashhur. 

 

 

Subyekt va obyekt

 

Tanqid tushunchasi subyekt (tanqid qiluvchi), obyekt (tanqid qilinuvchi), predmet va maqsaddan tarkib topadi. Subyekt hamisha odam bo‘ladi, albatta. Tanqid partiya yoki boshqa ijtimoiy guruh tomonidan bildirilganda ham, zamirida shaxs turadi. Sho‘ro davrida jamoaviy murojaat, shikoyat yo‘llash urfga kirgan edi. Naqadar g‘aroyib o‘nta-yigirmata odamning kallasida xat yozish fikri bir paytda tug‘ilsa-ya?! Yo‘q, unday emas, albatta. Aslida, subyekt bitta – xat tashabbuskori.

  

Tanqid obyekti esa turlicha, hatto tanqid qiluvchining o‘zi bo‘lishi ham mumkin – bu o‘z-o‘zini tanqid deb ataladi. Namuna: ushbu maqola muallifi yalqovlikdan hozirgacha yozishi lozim risolaga qo‘l urmay keladi. Bir zamonlar tanqidning bu turi keng tarqalgan edi, biroq u samimiy bo‘lganiga ishonish qiyin. Odam yolg‘iz qolganda, masalan, oynaga qarab o‘zini o‘zi tanqid qilishi, o‘ziga “Men farishta emasman-ku” deb turishi koni foyda...

 

Subyektdan farqli ravishda tanqid obyekti guruh, jamoa, xalq bo‘lishi mumkin. Deylik, sport sharhlovchisi hakamni ham, futbol jamoasini ham, stadionga jam bo‘lgan ishqibozlarni ham tanqid qilishi mumkin unisini sotilganlikda ayblaydi, bunisini otning kallasiday maosh olsa ham eplab to‘p tepa olmayotgani uchun, yarim stadionni esa odobsizligi sababidan. Alisher Navoiy butun xalqni tanqid qilgan:

 

Turfa ko‘rki, xalq komi birla umrim bo‘ldi sarf,

Turfaroq buki, biravga yoqmadi bir xizmatim.

 

(Butun umrimni xalq manfaati yo‘lida o‘tkazdim, ammo, ajabki, hech kim xizmatimdan qoniqmadi. Hazrat demoqchiki, noshukur xalq yaxshilikni qadrlamadi.)

 

Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining XVI bobida so‘zga va uning ma’nosiga bepisand shoirlarni ham qoralaydi, ammo bu xudparastlikka o‘xshab qolganidan seskangan kabi o‘zini tanqid qilishga o‘tadi:

 

Arbada ko‘p bo‘ldi, magar mast men,

Yoki junun qaydig‘a pobast men.

 

(Bema’ni gaplarni yozib chunon g‘avg‘o qildimki, bu yo mastlikdan, yo telbalikdan.)  

 

Tanqidning maqsadi barcha unsurlar ichida eng muhimidir. Maqsadiga ko‘ra tanqid konstruktiv (bunyodkor) va destruktiv (vayronkor) turlarga bo‘linadi. Konstruktiv tanqidning maqsadi obyektning foydasiga, destruktiv tanqidniki esa zarariga qaratiladi. So‘zlarning ma’nosiga qaralsa, birinchisi ijobiy, ikkinchisi salbiy hodisa bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa tanqidning yaxshi-yomonligi boshqa mezon – ezgulik va yovuzlik nuqtai nazaridan baholanishi lozim. Shunga ko‘ra maqsadi bo‘yicha tanqid to‘rt guruhga bo‘linadi:

 

Ezgu maqsadga qaratilgan konstruktiv tanqid (ushbu maqolamiz shu siraga kiradi);

 

Ezgu maqsad yo‘lida destruktiv tanqid (Bugun iqtisodiyotdagi monopolizm, siyosatdagi despotizm kabi salbiy hodisalar tanqidi shu toifaga mansub);

 

Yovuz maqsad ko‘zlangan konstruktiv tanqid (Bunga misol – “Amal tekkan ekan, foydalanib qolsang-chi” degan “dono” maslahat);

 

Nihoyat, yovuz maqsad yo‘lida destruktiv tanqid (Ayrim xorij ommaviy axborot vositalarida uchinchi dunyo davlatlariga nisbatan shunday tanqid namunalari ko‘p uchraydi).

 

Felyeton, pamflet, karikatura – destruktiv tanqid janrlari. Ulardan ezgu maqsad yo‘lida ham, yovuzlik maqsadida ham foydalanish mumkin. Aslida, tanqidning konstruktiv yo destruktivligi emas, muallifning maqsad-maslagi muhimroq.

 

        

Sinchi

 

Ozod Sharafiddinov adabiy tanqidchini otlarning uchqurligini aniqlaydigan sinchiga mengzar edi. Adabiy tanqid aslida tahlildan iborat, uni tahliliy tanqid degan ma’qul. U hamisha predmetga – ijod mahsuliga, lozim bo‘lsa, uslubiga qaratilishi lozim. Stalin qatag‘onlari davrida esa badiiy asar tanqid qilinib, uning muallifiga “burjua yozuvchisi”, “xalq dushmani” kabi tamg‘alar bosilganki, u tanqid emas, ig‘vo bo‘lgan.

 

Fikrimizcha, tahliliy tanqidning oliy navi – iste’dodni kashf etuvchi tanqid, jamiyat uchun foydalisi – plagiatni fosh qiluvchi tanqid, eng muhimi – yovuzlikka xizmat qiladigan asarlarga qarshi kurashuvchi tanqid.

 

Tahliliy tanqid ijodni yuksaltiradi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqotlar uchun tanqidning bu turi muhim. Ilmiy tadqiqotdan maqsad – obyektiv haqiqat izlashdir. Olim tadqiqotini e’lon qilishdan avval o‘zi, e’lon qilingach esa ilmiy jamoatchilik bunday savol qo‘yishi va unga javob izlashi lozim: “Tadqiqotda obyektiv haqiqat bayon qilinganmi? Muallif jillaqursa shunga intilganmi?” Shu maqsadda asar taqrizdan o‘tkaziladi. Dissertatsiyalar uchun opponentlar belgilanishining boisi ham shu.

 

Afsuski, bugungi kunda opponentlar madhiyabozlik bilan mashg‘ul. Ilmiy yangiligi tarozida zig‘ircha ham yuk bosmaydigan ishlarga, natijalari haqiqatdan yiroq dissertatsiyalarga ijobiy xulosa berish – olim uchun uyat. Sinchi eshakni zinhor “duldul” deya atamaydi, axir...

 

 

Tanqidning “millati”

 

Ajablanmang, tanqidning millati bo‘ladi. Masalan, bir mamlakatda ommaviy axborot vositalarida tanqidni obyektning shaxsiy hayotiga qaratish nomus hisoblanadi, boshqa birida esa bunday tabu yo‘q.

 

Ingliz tilida sizlash yo‘q, arabchada esa sensirab bo‘lmaydi. Har ikki grammatik kategoriya ham bor tillardan birida farzand ota-onasini bemalol sensirayveradi, ikkinchisida aka ukasini ham sizlashi lozim. Alhosil, tilning xususiyati xalqning mentalitetiga, u esa tanqid tarziga ta’sir qiladi. O‘zbek tilida “siz” o‘rnida “sen” deb ham, “sen” o‘rnida “siz” deb ham odamning ko‘nglini og‘ritish mumkin.

 

G‘arb dunyosida tanqid qilinadigan obyekt ayab o‘tirilmaydi, Sharqda esa bunday tanqid g‘ayurlik qo‘zg‘aydi, nizo keltirib chiqarishi ham hech gap emas. So‘z erkinligi deganda jurnalistlar aslida tanqid erkinligini nazarda tutadi. Ushbu satrlar muallifiga o‘xshagan, ovro‘pocha hayot tarzi bilan tanish bir chimdim ziyolilar bizda ham chek-chegarasiz so‘z erkinligini, ya’ni tanqid erkinligini orzu qiladi. Aslida, ko‘knorixayol bu. Balki og‘udir...

 

Tamsil. 2001-yil. Ta’limda “ikki”dan “besh”gacha bo‘lgan baho tizimidan reyting tizimiga o‘tildi (bu qaysidir yurtdagi tizimga ko‘r-ko‘rona taqlid edi). Birov hamma fan 100 ballgacha baholanishi kerak desa, boshqa birov qaysi fanga qancha soat ajratilgan bo‘lsa, shuncha ballgacha, deya tortishdi. Bahsda “yuzball”chilar yengib chiqdi.

 

O‘quvchi va talabalar har bir darsda muayyan ball yig‘ib borishi, bu esa ularning darsdagi faolligini oshirishi lozim edi. Biroq bu o‘qituvchidan ballarni jurnalga yozib borish uchun ancha vaqt talab etar, qaysi javob 12 ball, qaysinisi 13 ball deb baholanishi ham mujmal edi (hozir ham).  

 

Kamina ta’lim tizimini yaxshi biladigan shogirdim bilan an’anaviy to‘rt balli baholash asosida 100 balli reyting loyihasini tayyorlab, oliy idoradagi ta’limga mas’ul tanishimga taqdim qildim. U shoshib turgan ekan, “Qoldiring, keyin ko‘raman” dedi-yu, lekin birinchi sahifasini ko‘zdan kechiriboq qiziqib qoldi, o‘qishga tushib ketdi. O‘qish davomida “bunisi to‘g‘ri emas”, “mana bunisi mutlaqo bo‘lmaydi” deya izohlab borardi. Men “ma’qul”, “qo‘shilmayman”, “o‘ylab ko‘rish kerak ekan” qabilida javob berib turdim. Mutasaddi psixologiya fanlari doktori edi. Matnni o‘qib bo‘lib, “G‘alati odam ekansiz” dedi. Ajabsindim.

 

– Xorijda o‘qiganmisiz? – deb so‘radi dabdurustdan.

 

– Shunday desa bo‘ladi.

 

– Sezilib turibdi. G‘arbda tanqid (boshga qo‘lini qo‘yib) aql bilan qabul qilinadi, “o‘rinlimi, o‘rinsizmi?” deya fikrlab, ma’quli olinadi, noma’quli – yo‘q. Bizda esa tanqid (qo‘lini yuragining ustiga qo‘yib) qalbdan o‘tkaziladi. Sizni yo‘l-yo‘lakay tanqid qilib bordim, xafa bo‘lmadingiz.

 

O‘rinli, yana ishning foydasiga qaratilgan tanqiddan nega xafa bo‘lish kerak? Aksincha, xursand bo‘lish kerak-ku!

 

Xolis tanqidchi – eng yaxshi maslahatchi. Bunday tanqidchisi bor ijodkor baxtlidir.

 

Albatta, tanqidni qabul qilishgina emas, tanqid yo‘sini ham ehtirosli va ehtirossiz bo‘lishi mumkin. Birinchi tur tanqidga javob ham ehtirosli bo‘lishi tabiiy. (Ehtiros, umuman olganda, ijobiy hodisa. Xususan, ehtirosli tanqid kuchliroq ta’sirga ega bo‘ladi.)

 

Biz tariximizda ehtirosli tanqidga rosa to‘yganmiz.  O‘tgan asrning 20–30-yillarida gazetalarning har bir sonida qaysidir arbob “do‘pposlangan”, majlislar esa salkam duelga aylangan. Gazetadagi har bir tanqid uning obyekti ustidan jinoiy ish ochilishiga sabab bo‘lgan. Balki o‘sha tanqidiy chiqishlar ichida o‘rinlilari uchrar, ammo yuzta o‘rinli tanqidning samarasi bitta tuhmat-u ig‘vodan iborat tanqid tufayli kimningdir qamalib ketishiga arzimaydi. Bitta insonning umriga zomin bo‘lgan tanqid qarshisida foydali tanqidning milliontasi bir pul.  Sirasi, biz milliy tanqid yo‘sinini isloh qilib borishga muhtojmiz. Binobarin, tanqid tuhmat vositasiga aylanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

 

Yovuzlikni tanqid qiluvchilar millat boyligidir. Bu yo‘lda fido bo‘lgan odam Buxoro amiri Nasrullohni hajv qilgan shoir Junaydulloh Hoziq kabi milliy qahramonga aylanadi. Qo‘qonda Nodira va uning oila a’zolarini qilichdan o‘tkazgan amir shoirdan madhiya o‘qishni so‘raganda u:

 

Buridi bar qadi xud az malomat

Libose to ba domoni qiyomat, –

 

degan baytni o‘qiydi (ma’nosi: o‘z ustingga shunday malomat libosini yopdingki, uni qiyomatgacha yecholmaysan). Shoirning xalq o‘rtasidagi obro‘sidan hayiqqan amir alamini ichiga yutadi. Biroq keyinroq qotil yollab, quvg‘indagi shoirning boshini kesdiradi (batafsil ma’lumot uchun q.:  Qayumov P. Hoziq. Toshkent, “O‘zfanakadnashr”, 1957; Jabborov R. Ikki bayt uchun kesilgan bosh. https://oyina.uz). 

 

 

Navoiyona tanqid

 

Biz uchun eng ma’quli, maqbuli – betgachoparlik bilan emas, balki vazminlik bilan, nafsoniyatga tegmaydigan yo‘sinda, pand-nasihat ruhida aytilgan tanqiddir. Millat tarbiyachisi Alisher Navoiy ijtimoiy-siyosiy faoliyatida tanqidning ana shu shaklidan samarali foydalangan. “Hayrat ul-abror”, “Saddi Iskandariy” dostonlari deyarli to‘liq, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor” dostonlarining bir necha bobi tanqid ruhida. “Majolis un-nafoyis” tazkirasi tahliliy tanqid, “Mahbub ul-qulub” esa ijtimoiy tanqid bo‘yicha risolalar deyish mumkin. “Xazoyin ul-ma’oniy”da, ayniqsa, qit’alarda o‘tkir satira bilan yo‘g‘rilgan navoiyona tanqid namunalari ko‘p. Hamma biladigan, ammo amal qilavermaydigan “Odamiy ersang, demagil odami / Oni, ki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” bayti ana shulardan biri. Hazratning tanqid formulasi bunday: “Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l!”

 

Buyuk mutafakkir asarlarida quyidagi xususiyatlarni kuzatish mumkin: tanqidiy gapni pand-nasihat tarzida, “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” qabilida bayon qilish; obyekt hurmatini joyiga, hatto o‘zidan yuqoriga qo‘yish; fikrni Qur’oni karim va hadis, tarixiy va badiiy adabiyotdan ta’sirchan misollar bilan dalillash; nasihatni sabr-qanoat bilan davom ettirgan holda samaraga erishish.

 

Hamma zamon, hamma makonda ham hokimiyat sohiblarining yaqinlari, farzandlari va a’yonlar mavqedan foydalanib, noma’qul ishlar qilishga moyil bo‘lgan. Abulg‘ozi Sulton Husaynning baxtiga Alisher Navoiydek munaqqid bor edi. Sultonning o‘g‘illari Navoiyning tanbeh va tanqididan hayiqib, o‘zini tiyib yurgan. Zotan, bu tabarruk zotning yumshoqqina qilib aytgan o‘giti ancha-muncha jarroh tig‘idan o‘tkirroq bo‘lgan.

 

Navoiy samimiy do‘st sifatida sultonga ham o‘z munosabatini   bildirib turgan. “Hayrat ul-abror”ning Badiuzzamon mirzoga bag‘ishlangan bobida valiahdga keskin pand so‘zlab, bunday xulosa qiladi:

 

Kofiri odil ani (mamlakatni) obod etib,

Mo‘mini zolim ani barbod etib. 

Hukmdorga so‘zi o‘tishiga ham umid bildiradi:

Shahg‘a so‘zumdin bor esa e’tibor,

Gar sanga ham pand desam, yeri bor.

 

Sulton Husaynga Navoiyning so‘zi e’tiborli degani – do‘sti nima desa darhol qabul qilgan, degani emas. Sulton Xorazmni obod qilmoq niyatida uch ming xonadonni ko‘chirish to‘g‘risida farmon qabul qiladi. Navoiy yuzlab oilaga aziyat yetishini o‘ylab, do‘stini bu qarordan qaytarmoqchi bo‘ladi. Bir necha marta takrorlasa ham (bu mohiyatan tanqiddir!), sulton o‘z aytganida turib oladi. “O‘zingiz menga bir gapni o‘n ikki martagacha takrorlash huquqini bergansiz, shuning uchun takrorlayveraman”, deydi Navoiy. Sulton yumshab, ko‘chiriladigan xonadonlar sonini mingtaga tushiradi.

 

 

Tanqid madaniyati qanday shakllanadi?

 

Navoiyona tanqid uslubi hamisha dolzarb bo‘lib qolishiga shubha yo‘q. Qayd etish lozimki, biz monarxiya emas, huquqiy demokratik boshqaruvni tanlaganmiz. Shunday ekan, bu tuzumning ajralmas unsuri bo‘lgan raiyat tomonidan tanqidiy fikr bildirish huquqi hurmat qilinmog‘i darkor. Bu huquq tanqid qilish va tanqidni qabul qilish madaniyati bilan uyg‘un kelsagina, millat birligi va taraqqiyotiga omil bo‘ladi.

 

Xo‘sh, mazkur madaniyat qanday shakllantiriladi? Oiladami? Murakkab masala bu. Farzandlarning ota-onani tanqid qilishi o‘zbek xalqi mentalitetiga yot. Shuning uchun bu borada ta’lim muassasalarining roli katta.

 

ToshDU Matematika fakulteti birinchi kursida tahsil olgan kezlarimiz “Matematik tahlil” fanidan sochlari kumush, urushda yaralangani uchun bilinar-bilinmas oqsaydigan Muhammadjon Xoliqov ismli dotsent saboq bergan. Birinchi mashg‘ulotni domlamiz shunday so‘zlar bilan boshlaganki, hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: “O‘g‘illarim, qizlarim, bu fan matematikaning asosiy ustuni. Cizlarga o‘zlashtirish, menga dars berish oson emas. Men uzoq yillar kimyo fakultetida oliy matematika kursini olib bordim. Bu yil shu fanni matematiklarga o‘qiyin, deb so‘rab oldim. Yordam berib turinglar, tushunmasangiz, darhol so‘rang. Agar xato qilsam, albatta ko‘rsatinglar”. Darslarning birida ustoz yozgan formulada ishora almashib qoldi. Xatoni aytsak, qandoq bo‘lar ekan deya istihola qilib o‘tirgan edik, birinchi qatorda o‘tirgan qizlardan biri dadillik qildi. Shunda biz kutmagan voqea ro‘y berdi: ustoz formulani to‘g‘riladi-da, o‘sha kursdoshimiz oldiga kelib “Rahmat, baraka toping!” deya chunonam alqadiki... (Ustoz bu bilan boshqalarni ham ma’ruzalarni tanqidiy ruhda tinglashga rag‘batlantirgan. Olloh rahmat qilsin!) Har bir pedagog shu taxlit o‘quvchi va talabada tanqid madaniyatini tarbiyalasa, jamiyat taraqqiyoti jadallashajak.          

 

        

Xotima

 

– Obyekt, subyekt, predmet kabi ajnabiy so‘zlarni qo‘lladingiz. Shu durustmi?

 

– Avval o‘zingizga boqing, “so‘z” ajnabiy emasmi? “Tanqid” so‘zi-chi?

 

– Darhol jahl otiga minmang-da. Bu ikki so‘z tilimizda qadimdan qo‘llanadi.

 

– Ma’qul.

 

...Alqissa, chin tanqid – egrini to‘g‘rilamoqqa xizmat qiladigan tuzlov. Vallohu a’lam bissavob.

 

Abdulla A’ZAM

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Tanqid anatomiyasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 36
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar

Mafkura

10:05 / 07.05.2024 0 42
Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19350
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16465
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi