180yil ilgari o‘zbek shoirlaridan biri hukmdorga haq so‘zni aytgani uchun qatl qilingan edi.
XIX asr o‘zbek mumtoz adabiyotida ko‘plab shoir-u shoiralar yetishib chiqdi. Ulardan biri Junaydulloh Hoziqdir. U o‘z davrida Markaziy Osiyodagi uchta davlat – Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonligida bo‘lib, u yerdagi madaniy muhit bilan yaqindan tanishgan, har uchala o‘lkadagi ijtimoiy-siyosiy voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan haqgo‘y alloma, nozikta’b shoir bo‘lgan.
Junaydulloh Hoziq asli hirotlik bo‘lib, XVIII asrning 80-yillarida tavallud topgan. Amir Haydar hukmronligi yillari Buxoroga kelib tahsil olgan, tibbiyot ilmini o‘rgangan, shu bois o‘ziga “Hoziq”, ya’ni “Tabib” taxallusini tanlagan.
Buxoroda saroy a’yonlari bilan kelisholmay qolgan Hoziq keyinchalik Qo‘qonga, Amir Umarxon saroyiga boradi. Buxoroda yozishni boshlagan “Yusuf va Zulayho” dostonini tugallab, xonga tortiq qilgan. Qo‘qon adabiy muhiti vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Uning g‘azallari Nodirabegimning she’r majlislarida ham bot-bot o‘qilgan. Xususan, Fazliy Namangoniy o‘zining “Majmat ush-shuaro” tazkirasida Hoziqni alohida ta’rif-tavsif bilan tilga oladi.
Junayd on hakimi bilodi suxan,
Ki shahri Hirot ast o‘ro vatan.
Mudaqqiq ba tahqiqi ilm-u sifot,
Buvad ibni Islomshayxi Hirot.
(Junayd so‘z mamlakatining hakimidir. Uning vatani Hirot shahridir. Ilm va sifatlarni aniqlashda juda nozik yondashadi. U hirotlik Islomshayxning o‘g‘lidir.)
Ma’lumotlarga ko‘ra, u keyinchalik Xorazmga ham borgan, Ogahiy, Munis singari buyuk shoirlar bilan hamsuhbat bo‘lgan, Xiva xoni Olloqulixon topshirig‘i bilan Mirxondning “Ravzat us-safo” asari birinchi jildini o‘zbek tiliga tarjima qilgan, keyin yana Qo‘qonga qaytib kelgan.
1842-yilda Amir Nasrulloh Qo‘qonni bosib olib, qonga botiradi. Nodirabegimdek nozikta’b shoira va uning oila a’zolarini qilichdan o‘tkazadi. Xon saroyidagi juda ko‘p ahli ilmlar qatori Hoziqni ham olib Buxoroga qaytadi. Tabiatan o‘ta rostgo‘y, haqiqatparvar bo‘lgani uchun Hoziq Movarounnahrdagi har uchala hukmdor saroyida ham qadr topa olmagan edi. Amir Nasrullohning zulm-u bedodligiga ham jim qarab turolmaydi. Zotan u Qo‘qonda yuz bergan qatl-u qirg‘inlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, bu nohaqliklarga nisbatan qalbida nafrati to‘lib toshgan edi. Bu esa Hoziqning hayoti erta yakun topishiga sabab bo‘ladi.
Tarixchi Mushrif qalamiga mansub “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” asarida Hoziqning o‘limi batafsil bayon qilingan. Mushrifning yozishicha, Amir Nasrulloh Qo‘qondan qaytishida, Buxoroga yaqinlashib qolgach, mashhur shoir sifatida tanilgan Junaydulloh Hoziqdan erishilgan g‘alaba sharafiga she’r aytishini so‘raydi. Hoziq hamon ro‘y bergan fojialar ta’sirida edi. U beixtiyor amirga qarab turib shu baytlarni o‘qiydi:
Buridi bar qadi xud az malomat,
Libose to ba domoni qiyomat.
(O‘z qaddingga la’natlardan shunday bir libos tikib kiydingki, u libos ustingda qiyomatgacha qoladi.)
Bu she’rni eshitib amirning g‘azabi qaynab toshadi. Rangi oqarib ketadi. To shaharga yetib, Arkka kirguncha hech kim bilan so‘zlashmaydi.
Albatta, shohga tik boqib, bunday o‘tkir so‘zlarni aytish har qanday shoirning qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun juda katta yurak, jasorat, dadillik kerak. Chamasi, shoir bu baytdan so‘ng amir uni tirik qo‘ymasligin bilgan, hatto o‘limni bo‘yniga olib turib shu baytni aytgandir. Ammo negadir amir bu qatlni kechiktiradi. Bundan foydalangan Hoziq Buxoroga qaytgach, o‘sha kuni kechqurun Shahrisabzga qochib ketadi.
Ma’lumki, o‘sha paytda Shahrisabz yarim mustaqil tarzda kenagas beklari tomonidan idora qilinardi. Shahrisabz hukmdorlari amirga bo‘ysunmay qo‘yishgandi. Amir Nasrulloh bir necha bor Shahrisabzga qo‘shin tortib, uni ololmay qaytgandi. Odatda, Qo‘qon yoki Buxoro hukmdorlari saroyidan qochganlarning ko‘pi har ikki mamlakatga tobe bo‘lmagan Shahrisabzdan panoh topishardi. Hoziq ham xuddi shu yo‘lni tanlagandi. Qolaversa, o‘sha paytlarda shoirning yaqin do‘sti, tarixchi va shoir, Qo‘qon shahzodalaridan biri bo‘lgan Hakimxon to‘ra Shahrisabzda istiqomat qilardi.
Shoirni Shahrisabz hokimi Xo‘jaqulbiy o‘z panohiga oladi. Shaharda unga alohida hovli-joy ajratiladi, uning hovlisini qo‘riqlash uchun maxsus soqchilar biriktiriladi. Hakimxon to‘ra ham har taraflama unga yordam beradi.
Amir Nasrulloh shoirning gunohidan kechganligi to‘g‘risida Shahrisabzga inoyatnoma va uch marotaba ahdnoma bitib, maxsus odam yuborganida ham Hoziq Buxoroga qaytmaydi. Hatto bir gal Hoziqning Buxoroda yashab turgan, Muhtasham taxallusi bilan she’rlar yozgan o‘g‘lini ham otasining yoniga yuboradi.
Hoziq ehtimol o‘shanda his-tuyg‘ularini jilovlay olmay aytgan ikki qator she’ri uchun keyin biroz qo‘rquvga tushgan, tabiatan qasoskor va shafqatsiz amir uning gunohidan kechmasligini bilardi. Shu bois, u biroz uzrxohlik, biroz kinoya yo‘g‘rilgan navbatdagi baytni bitib, o‘g‘li orqali yuboradi:
Chun huzuram sababi ranjishi tab’at gardad,
Megurezam, ki malulat nakunam bori digar.
(Mening huzur-halovatim sizning ta’bingizni xira qildi. Yana bir bor sizni ranjitib qo‘ymasligim uchun qochib yuribman.)
Bu bayt amirning unga nisbatan xusumatini yanada o‘t oldiradi. Amirning vaziri Rahmonberdi Maxdum amirga “zindonda yotgan uch-to‘rtta kallakesarni chiqarib, katta pul va’da qilib, Hoziqning boshini keltirishni buyursangiz” deya maslahat beradi. Amir uning aytganidek yo‘l tutadi.
Amir Nasrulloh Dushaboy degan o‘g‘rini zindondan ozod qilib, unga Hoziqni o‘ldirish vazifasini yuklaydi. Dushaboy uch nafar sherigi bilan Shahrisabzga borib, mirshablar qo‘riqlayotgan Hoziqning uyiga yarim kechasi yashirin yo‘l bilan kirib boradi. Uxlab yotgan Hoziqning boshini tanidan judo qilib, o‘zi bilan Buxoroga, amir huzuriga olib ketadi.
Bu mash’um voqea bundan roppa-rosa 180 yil avval, 1843-yilning 13-yanvar kuni yuz bergandi.
Shoirning janozasi ertasi kuni “Ko‘k Gumbaz”da o‘qiladi. Masjid hovlisiga odam sig‘may ketadi. Hamma sho‘rlik shoirga yaratganning rahmatini tilab, uning qonini to‘kkanlarga la’nat o‘qiydi. Dafn marosimida uning yaqin do‘sti Hakimxon to‘ra mavlononing shahid ketganini aytib, unga atalgan marsiyani o‘qiganda hamma uvvos solib yig‘laydi.
Mavlononing boshsiz jasadini “Mullo Oxund” qabristoniga dafn qiladilar.
Shoirning o‘limi bilan bog‘liq boshqa fikrlar ham bor. Ba’zi tarixchilarning yozishicha, Amir Nasrullloh “tili zaharxanda shoir Hoziqqa dastlab hech qanday jazo choralarini ko‘rmaydi”. Hoziq Shahrisabz kenagaslari ichida yashab, markaziy hokimiyat va Amir Nasrullohga qarshi turli ig‘volarni avj oldiradi. U va uning hammaslak sherigi Eshon Shofe’ kenagaslarning g‘oyaviy mafkurachisi sifatida ularning separatistik harakatini qo‘llab-quvvatlaydi. Nihoyat, sabr kosasi to‘lgan Amir Nasrulloh ana shunday shafqatsiz chora ko‘rishga majbur bo‘lgan.
Nima bo‘lganda ham Junaydulloh Hoziq adabiyot tarixidagi haq so‘z uchun boshi ketgan hur fikrli shoirlardan biri sifatida iz qoldirdi. Shuningdek, uning turkiy va forsiy tillardagi she’rlari o‘rin olgan “G‘azaliyot devoni”, “Yusuf va Zulayho” dostoni, “Voqeoti islomiy” va “Tahqiq ul-qavoid” rivolalari yetib kelgan.
Hoziqning turkiy she’riyati ham adabiyotimizning nodir javohirlari sifatida e’tirofga molik.
Kel, e, noseh eshit pandim o‘zing, devona bo‘lmishmen,
Nechunkim bilmading devonalarga sud pand etmas.
Tabassum gar labidin ko‘z tutarsen, yig‘lag‘il, Hoziq,
Bulut oquzmaguncha yoshini, gul no‘shxand etmas.
Tariximizda haqiqatning yuziga tik boqish uchun hatto o‘limdan hayiqmagan, alaloqibat boshini kundaga qo‘ygan qalam sohiblari ko‘p va ular bugungi kunda ham ijod ahli uchun ibrat bo‘lishga arziydi.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Саида
12:01 / 01.01.1970
Ассалому алейкум Рустамжон домла. Сиз томонингиздан езилган макола менда жуда катта таьсурот колдирди.