Bu masalada o‘rganishlar, tadqiqotlar olib borilmaydi yoki ommaga oshkor qilinmaydi. Onlayn qimorga mukkasidan ketishning sabab va oqibatlari


Saqlash
21:54 / 13.06.2023 2174 0

Yaqinda Andijon viloyatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimining 70 ga yaqin kishilarning Umra safari uchun to‘langan 1.6 milliard so‘m miqdoridagi pullarini onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborgani va 5 yil muddatga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Oxirgi yillarda onlayn qimor sabab o‘z joniga qasd qilganlar haqidagi xabarlarni ham tez-tez uchratdik, bu, holatning qanchalar jiddiy ekanligini ko‘rsatolmaydi, biroq muammoning og‘irligini tasavvur qilishimizga yordam beradi. Umumiy qimor o‘yinlari butun jahon bo‘ylab taqiqda yoki qat’iy huquqiy nazoratga olingan, bundan tashqari deyarli barcha dinlarda ham bunday o‘yinlar qattiq qoralanadi, qimorbozlik og’ir gunoh sifatida ko‘riladi. Biroq ko‘rdikki, hatto diniy faoliyatga aloqador shaxslar ham undan o‘zini tiya olmayapti. Oyina.uz kolumnisti qimorbozlikning sabab va oqibatlarini tahlil qiladi.

 

Qimorning tavakkalchilik ekanligini hisobga olsak bunday o‘yinlar yoki harakatlar ming yillar oldin ham bo‘lganini tushunish mumkin. Ayrim ilmiy taxminlarga ko‘ra qimorning vujudga kelishi paleolit davriga borib taqaladi. Miloddan avvalgi 3 ming yillikda Mesopotamiyada olti qirrali o‘yin zarining mavjud bo’lganligi haqida ma’lumotlar bor. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikka kelib esa Xitoyda qimorxonalar keng tarqalgan, o‘yinbop qartalar ham aynan Xitoyda IX asrda paydo bo‘lgan. Ilk kazino XVII asrda Italiyada ochilgan va nihoyat 1994-yilda onlayn qimor, aniqrog‘i onlayn kazino uchun litsenziya berish boshlandi. O‘zimizda ham qimorning turli ko‘rinishlari asrlar davomida mavjud bo‘lgan. Odamzod qimorning turli yo‘llarini o‘ylab topgan, dunyo rivojlangan sari bu yo‘llar murakkablashib va takomillashib borgan, shu bilan birga zamonga moslashgan. Biroq qimor uchun umumiy uch belgi mavjud, bular: garov tikish, xavf (tavakkal qilish) va yutuq. Ya’ni foydali nimanidir undan yaxshiroq, ustunroq va foydaliroq narsani yutishning qanchadir ehtimoli uchun garovga qo‘yasiz.

 

Qimorboz shaxsiga kelganda esa uni asosan uch guruhga ajratishadi: ijtimoiy qimorboz (social gambler) muammoli (og‘ir darajadagi) qimorboz va patologik qimorboz.

 

Ijtimoiy qimorbozlar oddiy o‘yinchilar hisoblanishadi, ularda hech qanday qaramlik yoki majburiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Odatda barcha qimor o‘ynovchilarning 80-85 foizi ijtimoiy qimorbozlardir. Ko’p davlatlarda kishilar shunchaki ko‘ngil yozish, kundalik va mehnat faoliyati davomida paydo bo‘lgan ruhiy zo‘riqishlarni yengillatish, yuqori kayfiyat uchun bunday o‘yinlar o‘ynashadi. Bunday toifadagi o‘yinchilar qimor tufayli to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy oqibatlarga uchrashmaydi ya’ni ularda vaqtning boy berilishi, ko‘p miqdorda pul yutqazish va boshqa psixologik muammolar kuzatilmaydi. Batafsilroq ko‘rib chiqadigan bo‘lsak oddiy inson asosan quyidagi sabablar ortidan qimor o‘ynashi mumkin.

 

G‘alabadan rohatlanish

 

Inson istalgan joyda, istalgan o‘yinda, bahsda, qisqa qilib aytganda o‘zi to‘qnashgan narsa ustidan g‘alaba qozonganda kuchli rohatlanishni tuyadi. Raqibidan kuchliroq, aqlliroq yoki omadliroq ekanligini bilish, his etish juda yoqimli. Afrikada Yevropa mustamlakachilariga qarshi kurashgan yo‘lboshchi-sarkarda Xendrik Vitboy shunday degandi:

 

Dunyoda bo‘lmagan, bo‘lmaydi hech ham,

G‘alaba ta’midin shirinroq bir ta’m.

 

Qimorda g‘alabadan, ustunlikdan olinadigan rohatni yanayam kuchaytiradigan narsa bu puldir, yutuqqa pul qo‘yilsa insonlarni yanada qiziqtiradi. Ma’lum ma’noda istalgan raqobatda o‘rtaga pul tikilsa bu qimorga qiyoslanishi ham mumkin. Esimda, 7-10 yoshlar oralig‘ida bo‘lganimizda tosh urish o‘yiniga garov sifatida yong‘oq, obaki yoki shunga o‘xshash narsalar qo‘yilganda bizga deyarli hech kim indamasdi. Biroq atrofimizdagilardan ayrimlar qandaydir qiziqish bilan garovga pul qo‘yib o‘ynashdi, biz ham bunga qiziqa boshlagandik. Biroq qay bir yo‘l bilandir bundan xabar topgan kattalar ularga “qimor o‘ynayapsanmi?” deb tanbeh va tergov ohangida savol berishdi. Va bunday ishlarga chek qo‘yildi.

 

Kuchli hayajon

 

Yuzaki kuzatuvdan kelib chiqib xulosa qilsak ham o‘z-o‘zidan ma’lumki, tavakkal qilgan, o‘z pulini xavfga qo‘ygan kishi shunchaki o‘ynolmaydi. Boshqa murakkabroq ilmiy izoh ham mavjud, unga ko‘ra qimor davomida inson miyasi hayajonga sabab bo‘luvchi yaxshi kayfiyat gormoni – dofaminni ishlab chiqaradi. Bu holatda g‘alaba qozonish ham shart bo‘lmasligi mumkin, jarayon muhim. Hatto yutqazganingizda ham bu holat yuz beradi va siz buni yana his qilishni istaysiz.

 

Shuningdek, o‘zi kabilar bilan ijtimoiy aloqa o‘rnatish, atrofdagilarni qoyil qoldirish, oson pul ishlash kabi sabablar bo‘lishi mumkin.

 

Muammoli qimorboz

 

Bunday qimorbozlar odatdagidan ko‘ra sezilarli darajada ko‘proq pullarini qimorga tikadi va ko‘p vaqt sarflaydi. Muammoli qimorbozda belgilar o‘tkirroq tarzda namoyon bo‘ladi, ya’ni qimor ular uchun asosiy dam olish usuliga aylanib qoladi. Ishdan bo‘sh vaqtlarini va hatto ba’zan ish vaqtini ham qimorga ketkazadi. Bunday kishilar umumiy qimorbozlar sonida taxminan 2-3 foizini tashkil etadi. Qimorga bo‘lgan istakning kuchliligi singari uning ortidan keladigan muammolar ham talaygina, shuningdek muammoli qimorbozlarning patologik qimorbozga aylanish xavfi juda yuqori.

 

Patologik qimorboz

 

Psixiatriyada patologik qimorbozlik hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ruhiy kasallik sifatida qayd etilgan. Ya’ni bunday holatdagi qimorboz endi sog‘lom shaxs sifatida ko‘rilmasligi kerak. Bunday o‘yinchilar barcha qimorbozlarning 1-3 foizini tashkil etishi taxmin qilinadi. Qimor bilan bog‘liq ruhiy buzilishga ega bo‘lgan ushbu kishilar har qanday yomon jismoniy, ruhiy va moddiy oqibatlarga qaramay o‘zini qimordan to‘xtata olmaydi, shu bilan birga o‘zini sog‘lom shaxs deb o‘ylashda davom etishi mumkin. Patologik qimorbozlikka chalingan insonlarni davolanish ehtimoliga olimlar shubha bilan qarashadi, bunday buzuqlikni da’volochi mutaxassislar ham juda kam. Ruhiy shifokorlar va olimlar bunday qaramlikni giyohvandlikka qiyoslashadi.

 

Qimorbozlik natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar haqida fikr yuritilsa, deyarli har doim miyamizga moddiy qiyinchiliklar va buning ortidan atrofimizdagilar bilan munosabatlarimiz keladi. Biroq eng avvalo e’tibor qaratish kerak bo’lgan masala bu sog‘liqdir. Qimor ortidan keladigan birinchi zarar bu stressdir, bu ayniqsa uzoq va surunkali qimor o‘ynovchilarda kuchli namoyon bo‘ladi. Muttasil taranglikda ushlab turilgan ruhiyatning stressga chap berish ehtimoli mavjud emas, jismoniy va ruhiy stresslarning davomiyligi esa shubhasiz ichki organlarga, birinchi navbatda yurakka ta’sir etmay qolmaydi. AQShning Atlantik Siti kazinolarida o‘tkazilgan bir tadqiqotga ko‘ra ushbu kazinolarda 4 yil (1982-86) davomida qayd etilgan 398 ta o‘lim holatlarining 330 tasi, ya’ni qariyb 83 foizi to‘satdan sodir bo‘lgan yurak xuruji oqibatida yuz bergan. Ammo o‘tkir stress faqatgina o‘yin paytida yuz bermasligi mumkin, balki unga boshqa salbiy oqibatlar qarzdorlik, oila va ishdagi chuqur muammolar ta’siri ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari patologik qimorbozlik uyqusizlik, depressiya, tushkunlik, o‘zini past baholash kabi ruhiy hamda turli jismoniy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

 

Muammoli va patologik qimorbozlar pullarini o‘yinda yutqazishganida uni xuddi shu yo‘l bilan qaytarib olishga urinadi va buni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Qimorbozlar ongida shunday fikr bo‘ladiki katta mag‘lubiyatlarning o‘rnini faqatgina katta g‘alabalar to‘ldiradi, holat shu zayilda davom etaveradi.

 

O‘z joniga qasd qilish fikri yana bir jiddiy oqibatdir. Dastlab ustma-ust mag‘lubiyatlar, katta qarzlar, oila va ishdagi muammolar ruhiy hamda fikriy jihatdan buzilgan ashaddiy qimorbozlarda bunday fikrni osongina uyg‘otishi mumkin. Turli tadqiqotlarda muammoli qimorbozlarning 30 foizgachasi kamida bir marta o‘z jonlariga qasd qilishga urinib ko‘rgan. Boshqa tekshiruvlarga ko‘ra, AQShda qimor masalalari bo‘yicha ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilgan qimorbozlarning 80 foizi o‘z jonlariga qasd qilish fikri borligi haqida ma’lum qilgan.

 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, moddiy tanglik qimorning salbiy oqibatlari ichida eng birinchi ko‘zga tashlanadi va keng ta’sirlisi hamdir. Muammoli va patologik qimorbozlarning muttasil yutqazishi natijasida ularning mablag‘lari tugaydi, shunda ham insonlar bu ishni to‘xtatishni o‘ylamaydilar va qarz olishadi. Biroq holat o‘zgarmaydi, ular go‘yoki “yo‘qotishlar ortidan quvishadi”. Tahlilchilarning 2005-yildagi hisobotiga ko‘ra AQShda har yili patologik qimorbozlar taxminan 54 milliard dollar ortiqcha yo‘qotishga uchrashadi. Har besh o‘yinchidan biri moliyaviy inqirozda ekanligi, qimorga mute o‘yinchilarda o‘rtacha qarz $40 000 ekanligi ham qayd etilgan. Qimorga mukkasidan ketishning mehnat faoliyatiga ta’siri katta, aniqlanishicha patologik qimorbozlarning ishlarini yo‘qotish darajasi bunday bo‘lmaganlarga nisbatan ikki baravar yuqori ekan. Oila va boshqa munosabatlarning yo‘qotilish xavfi ham ham alohida ahamiyatga ega. 1999-yildagi o‘rganishlarda aniqlanishicha ijtimoiy qimorbozlar orasidagi ajrashishlar darajasi 18,2 foizni tashkil etadi, bu ko‘rsatkich patologik qimorbozlar orasida deyarli uch baravar yuqoridir, aniqrog‘i 53,5 foiz. Ajrashishlar yuz bermagan oilalar oldida ham bir qancha muammolarning uyumi yotadi, qarzlarni to‘lash, ruhiy va jismoniy salomatlikka erishish, qimorbozni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish kabilar. Yirik qarzlarni to‘lash uchun qo‘shimcha yuklama bilan ishlashga turli xarajatlarni cheklashga to‘g‘ri keladi. Bu esa endi, muammoni bartaraf etishga intilayotgan har bir oila a’zosida ham stress, depressiya va boshqa zararli ruhiy holatlarni hamda ularga bog‘liq biologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari buzilishga uchragan qimorbozlarning avlodlari ham kelajakda qimorbozlik yo‘liga kirishini osonlashtirishi mumkin, ushbu xavf oilaviy muhit va irsiyat kombinatsiyasi natijasida vujudga keladi. Shuningdek patologik qimorbozlar oilasida maishiy zo‘ravonliklarning ko‘payishini ham inkor etib bo‘lmaydi.

 

Qimorbozning turli jinoyatlar sodir etish ehtimoli ham yuqori, kattagina qarzlarni qoplash, miya talab qilayotgan o‘yinni yana o‘ynash, shaxsiyatdagi buzilishlar va impulsivlik oqibatida ular o‘g‘rilik, bosqinchilik va boshqa jinoyatlarni sodir etishlari mumkin. Qimorbozlikning boshpanasizlik bilan aloqasi ham e’tiborga arziydi, AQShning Boston shahridagi uysizlarning 5,5 foizi patologik qimorbozlar ekanligi aniqlangan.

 

Qimorbozlikning tarqalishida yosh va jins omili

 

Qimor o‘ynash masalasida erkaklar ayollarga nisbatan ustunlikka ega, tadqiqotlarda respondent qimorboz ayollarning 2,9 foizi erkaklarning esa 4,2 foizi muammoli qimorbozlar ekanligi aniqlangan. Yosh masalasiga kelganda aytish kerakki, bir tadqiqotga ko‘ra o‘smirlarning 69 foizi 12 yoshidan oldin qimor o‘ynay boshlagan. O‘smirlar va yoshlarda muhitdan o‘zlashtirish darajasi yuqoriligi sababli qimorga ko‘nikma ham aynan o‘smirlikdan boshlab jiddiy tarzda shakllanishi mumkin. Muammoli va patologik qimorbozlik esa asosan 18-29 yoshlilar o‘rtasida shakllanish xavfi yuqori. Shaxs voyaga yetib o‘z mehnati orqali daromad ola boshlagach bir qadar moliyaviy erkinlikka erishadi, shuningdek katta odamlar qatori o‘z xatti-harakatini boshqarish huquqini ham qaysidir ma’noda qo‘lga kiritishadi. Xuddi shuning uchun ehtimol bu yosh toifasidagilar orasida qimorga mukkasidan ketishning boshlanish ehtimoli yuqoriroqdir.

 

Qimorbozlik bugungi rivojlangan zamonda boshqa xizmatlar singari insonlarga yanada yaqinlashdi. Xuddi mahsulot yoki yemak uchun ko‘chaga chiqib do‘kon yo oshxonaga borishingiz shart bo‘lmaganday, endi qimor o‘ynash uchun ham uydan chiqmasangiz bo‘ladi. Taraqqiyot yaxshilikni ham yomonlikni ham birday rivojlantirishi mumkin. Internet orqali siz barcha qimor turlarini bir varakayiga o‘ynashingiz mumkin, kazino, sport bahslariga tikish, tasodifiy raqamlar bilan bog‘liq o‘yinlar va shu davrgacha hech qachon ommaviy tarzda qimorlashmagan yangicha o‘yinlarga ham pul tikishingiz mumkin. Shunga qaramay onlayn qimor odatiy qimorlar keng yoyilgan hududlarda hali unchalik tarqalmagan. Masalan, qimor sanoati borasida dunyoda yetakchilardan biri bo‘lgan AQShda atigi 3 foiz aholi onlayn qimor o‘ynaydi, mamlakatda bunga qarshi ko‘plab cheklovlar mavjud. Shunga qaramay onlayn qimordan olinadigan daromad yildan yilga oshmoqda. Taxminlarga ko‘ra butun dunyodagi onlayn qimor pul aylanmasi 450 milliard dollarga teng.

 

O‘zbekistondagi vaziyat

 

O‘zbekistonda qimorbozlik bilan bog‘liq holat va muammolar ko‘lami bir muncha mavhum bo‘lsa-da yaqin yillarda ayrim ishoralar ko‘zga tashlanmoqda. Maqola boshida aytganimiz – Diniy qo‘mita vakili bilan bog‘liq vaziyat bunga misol. 2021-yilda chiqqan boshqa bir xabarda ko‘ra Farg‘ona davlat universitetining 30 yoshli o‘qituvchisi 57 million so‘mni onlayn qimorda yutqazib qo‘ygach o‘z joniga qasd qilgan, Farg‘onadagi boshqa bir holatga ko‘ra esa Olimpiya kolleji bosh hisobchisi 4,3 milliard so‘mni qimor o‘ynash uchun ishlatgan.

 

Ko‘rib, bilib turganingizday ashaddiy qimorbozlikka yo‘liqishdan hech qaysi toifa vakillari kafolatli himoyalanmagan, bu, albatta, inson tabiatidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Yana onlayn qimor bilan bog‘liq o‘lim holatlariga to‘xtalsak, chunki boshqa ruhiy buzilishlar singari bizda bu masalada ham o‘rganishlar, tadqiqotlar olib borilmaydi yoki ommaga oshkor qilinmaydi. Demak, 2021-yilda jami 6 nafar shaxs onlayn qimor tufayli o‘z joniga qasd qilgan, xuddi shuncha odam 2022-yilning 6 oyida o‘z joniga qasd qilib vafot etgan, ularning barchasi 25 yoshdan katta bo‘lmagan shaxslar edi. Yana ma’lum qilinishicha, onlayn qimor bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2019-yilda 55 ta, 2020-yilda 86 ta, 2021-yilda 103 ta, 2022-yilning olti oyida esa 90 tani tashkil etgan.

 

Ko‘rinib turibdiki yildan yilga bunaqa holatlar ko‘payib bormoqda. Bu raqamlar shunchaki huquqbuzarlik belgilari namoyon bo‘lgandagina aniqlangan holatlardir, aslida juda ko‘p insonlar onlayn qimor o‘ynaydi va pul tikadi. Shu o‘rinda ikki muhim savol o‘rtaga chiqadi. Birinchisi, O‘zbekiston hududida odatiy (jonli) qimor va qimorbozlar avvaldan bo‘lgan (hayvonlarni urishtirish yordamida, qarta o‘yinlari va boshqa ko‘rinishlarda), deyarli har bir inson o‘z mahallasida qimorbozlar borligi va shuning ortidan ularda qandaydir muammolar bo‘lgani haqida hech qursa bir marta eshitgan, o‘lim holatlari kuzatilgani ham ehtimoldan holi emas. Shunday ekan nega onlayn qimorbozlik va u keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga e’tiborsizmiz? Birinchi sabab bu, albatta, qimorning avvaldan mavjudligi, ko‘pchilik bunga salbiy munosabatda bo‘lsa ham ko‘nikib qolgan, onlayn qimorlar esa bizga yaqinda kirib kelgan. Keyingisi qimor deganda faqat qartalar yordamida pul tikiladigan o‘yinlarni tushunamiz. Pul tikiladigan xo‘roz, qo‘chqor va itlar jangi esa go‘yoki oddiy o‘yin, bunaqa narsalar e’tiborni unchalik tortmaydi.

 

Ikkinchi savol, xo‘sh bizda qimor avvaldan bo‘lgan ekan, nima uchun hozirgiday, ya’ni onlayn qimorchalik yoyilib ketmagandi? Birinchidan, onlayn qimorni o‘ynash oson. Alohida, maxsus joylarga borish shart emas, pul tikish va yutuqni olish ham nisbatan qulay. Buning ustiga onlayn qimor uchun mo‘ljallangan dasturlar sizga minglab turdagi pul tikiladigan o‘yinlarni taklif etoladi, taklif imkoniyatlari juda keng, bu ham insonlarni o‘ziga jalb etmay qolmaydi. Ikkinchidan, sizni qimor o‘ynayotganingizni hech kim bilmaydi, o‘zingiz aytmasangiz, albatta. Yana bir sabab, bu onlayn qimorlarda ko‘pincha kuchli hisob kitoblarga asoslangan foizlar bilan ishlangani uchun insonlar  omad yo tasodif emas miyalaridagi o‘zlari ishongan intellektual xulosalar va ichki intuitsiyaga amin bo‘lishgani uchun bundayin o‘yinlarda yutish imkoniyatlariga ko‘proq ishonishadi.

 

Qimorbozlikdan davolanish uchun tavsiya qilinadigan asosiy usul bu kognitiv xulq-atvor terapiyasidir ya’ni mutaxassis bilan muddatli suhbatlar va metodlar. Biroq tuzalish ehtimoli juda kam, buning ustiga tadqiqotchilar fikriga ko‘ra qimorbozlarning 80 foizi hech qachon davolanishga murojaat qilmaydi, shuningdek qimor ortidan kelgan moliyaviy nochorlik ham bunga yo‘l bermasligi mumkin.

 

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 283
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//