Mashhur haykaltarosh Rodendan “Siz oddiy toshdan qanday qilib shunday go‘zal ayol siymosini yaratdingiz?” deya so‘rashganda, “Men hech narsa yaratganim yo‘q, shunchaki toshning keraksiz joylarini yo‘nib tashladim, xolos” mazmunida javob bergan ekan.
Kino san’atida ham ayolning ichki olami, tiynati, jamiyat bilan munosabatlariga bag‘ishlangan o‘nlab durdona filmlar bor. Alfred Hichkok, Kendzi Midzoguti, Juzeppe Tornatore, Lars fon Triyer, Pedro Almodovar, Vudi Allen, Darren Aronofskiy, Andrey Zvyaginsev kabi kinorejissyorlar ijodida o‘zligini izlayotgan, vijdoni ila murosa qilolmayotgan, gohi insonlar, tuzum-u mafkura bilan ziddiyatga yo‘liqqan turfa fe’l-u sajiyadagi ayollar obrazini ko‘ramiz. O‘zbek kino san’atida ayol obrazini yangicha talqin eta olgan rejissyorlardan biri esa, shubhasiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ayub Shahobiddinov.
Ayub Shahobiddinovning deyarli barcha filmlarida ayol shaxsiyati bo‘rtib ko‘rinadi. Uning kinolarida ayollar turli yosh-u tutumlarga ega, ular orasida moziyga daxldori ham, zamonaviysi ham uchraydi. Biri hayosi, qo‘l yetmas yuksakligi ila farishtalarga mengzalsa, biri jinoyatchi degan tamg‘a sabab jamiyatga qo‘shilolmaydi; birining husn-u malohati, zakosi boshiga balo bo‘lsa, yana biri umrining qisqaligi bois chin muhabbatiga yetolmaydi...
“Qor qo‘ynida lola”... Otashnafas shoir Abdulhamid Cho‘lponning cho‘ng dard ila yozilgan shu nomli hikoyasini ekranlashtirish Ayub Shahobiddinov chekiga tushdi (Yolqin To‘ychiyev bilan hamkorlikda) va u kinorejissyor ijodidagi ilk filmga aylandi.
Cho‘lponning nasri she’riyatidek tiniq, toza, jozibali; poetik jilolari ila har qanday o‘qirmanning yurak torlarini chertmoqqa qodir. Garchi tushkun manzara, qoramtir ranglar ustuvorlik qilsa-da, “Qor qo‘ynida lola” hikoyasi ham til shaffofligiga mahliyo bo‘lib, rohatlanib o‘qiladi. Xo‘sh, adabiyot mulki bo‘lgan hikoya kinematografiya tiliga qanday ko‘chdi?
Rejissyor filmni hikoyadan farqlanuvchi ekspozitsiya bilan boshlaydi: ilk epizodda eshonga nazr qilingan, ich-ichidan iztirob chekayotgan dilpora qiz – Sharofatxon (Zamira Beshimova) ko‘rinadi. Yangalardan biri qizning bilagidagi ko‘zmunchoqni yechib, otasi Samandarga chiqarib beradi. Samandar (Saidkomil Umarov) ko‘zmunchoqni mahkam qisgancha, otalik hissi, mehri iyib, ayni vaqtda yo‘l qo‘ygan xatosini anglab, qalban tazarru qiladi... Ammo endi kech... Keyingi epizodda yor-yor sadolari ostida oilasi bilan xayr-xo‘shlashgan qiz aravaga yaqinlashib, ortiga bir termuladi-da, boshidagi ro‘molni tashlab, yugurganicha otasi bag‘riga o‘zini otadi... Aynan shu lavhada rejissyor ota va qiz o‘rtasidagi g‘oyat inja, so‘z ila ta’riflanmas hissiyotlarni chizadi: bunda mehr-u muhabbat, qayg‘u-yu hasrat, alam-u firoq bir-biriga qorishib ketadi...
Shundan so‘ng asosiy tafsilotlarga o‘tiladi, ya’ni to‘ydan ikki oy burungi hayot ko‘rsatiladi. Dov-daraxtlar, tabiat qo‘ynida “ha-yu chittigul” aytib, quvlashmachoq o‘ynayotgan qizlar orasidan qahramonimiz – Sharofatxon ajratib olinib, tomoshabinga tanitiladi. Bu o‘rinda operatorning mahorati, ayol suvrati va siyratini nozik his etishi namoyon bo‘ladi. Daraxtga suyangan ko‘yi xayolga cho‘mgan qizning nigohlari, so‘ng barmoqlari yirik planda ko‘rsatiladi, quyosh shu’lasida Sharofatxonning tabiiy go‘zalligi, beg‘uborligi, pokiza dunyosi aks etadi. Qiz navnihol, balog‘atga yetgan, sochlari qirqkokil o‘rilib, beligacha tushgan; boshida qalpoq, chin o‘zbek qizi, ha-ha, xuddi Cho‘lpon bobo ta’riflagan Sharofatxonning o‘zginasi.
Filmga hikoyada yo‘q yangi voqealar ham kiritilgan. Xususan, Sharofatxon ko‘chada foytunda ketayotgan o‘ris ayolini uchratadi va uning erki, hurligiga havas qiladi. Eshonga unashtirilgach, yana shu ayolni uchratadi va dunyoni boshiga ko‘targancha, “Meni olib keting” deya ortidan yuguradi. Bu epizodda o‘z hayotiga egalik qilolmay, qor qo‘ynida nobud bo‘lgan yuzlab lolalar – Turkistonning mazlum qizlariga ishora bor. Sharofatxon timsolida ularning umumlashma obrazi yaratilgan.
Film mungli bir hikoyaning ekran varianti emas, millat qizlarining iztirobi, qayg‘usi, dard-u kechinmalari haqidagi yangi asar. Kinoni ko‘rgach, nafs qullarining qurboni bo‘lgan, yakunda hayoti fojiaga aylangan ne-ne xotin-u qizlarning oh-u nolasi, faryodini tinglagandek bo‘lasiz. Film hikoyaga nisbatan yanada quyuqroqdek, g‘amginroqdek tuyuladi.
“Qor qo‘ynida lola”dan so‘ng kinorejissyor davr yoshlari, ularning tuyg‘ulari, kechinmalari haqida film olishga qaror qildi. Ko‘p o‘tmay “Sevinch” filmi katta ekranlarga chiqdi. Mazkur kartina o‘z vaqtida yoshlar orasida yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘lgan. Sof, hijronli muhabbat kuylangani uchunmi yo taniqli estradachilar qatnashgani tufaylimi, xullas, ayni kinoning muxlis-u muhiblari yetarli edi. Kamina ham bir guruh sinfdoshlar ila filmni kinoteatrda ko‘rganim hamon esimda. “Sevinch” ekranga chiqqaniga yigirma yildan oshibdiki, hanuz uni shirin nostalgiya, o‘zgacha hayajon bilan tomosha qilguvchilar bor.
Film pokiza, ammo armonli muhabbat haqida. Sevinch (Lola Yo‘ldosheva) va Doniyor (Bobur Yo‘ldoshev) bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan, ikki yosh baxtning masrur onlaridan zavqlanib, yettinchi osmonda hayot kechirayotir... Bir qarashda hamma narsa tugal, go‘yo ularni bir-biridan hech narsa ayirolmaydi. Ittifoqo, voqealar rivoji kutilmagan o‘zanga buriladi: Sevinch boshidagi og‘riqdan ozurdahol bo‘lib, shifokorga murojaat qiladi. Taassufki, qiz saraton xastaligiga chalinibdi, sanoqli oylari qolibdi... Shu zaylda bahordek yashnab, baxtdan sarafroz yurgan Sevinchning hayoti zumda kuzakka aylanadi. U uzlatga chekinadi. Hech kimga qo‘shilmaydi, chekka-chekkalarga berkinib, alam-u iztirobdan ko‘z yosh to‘kadi. Sevgilisi Doniyordan ham yuz o‘giradi, “bir-birimizga mos emas ekanmiz” deya ora ochdi qiladi. Yigit bu holni tushunolmay garang: aybi nima?
Eslatganimizdek, filmda asosiy qahramonlarni estradachilar ijro etgan. Jumladan, Sevinch rolini Lola Yo‘ldosheva, dugonasi Nargizni Zilola Musayeva singari qo‘shiqchilar gavdalantiradi. O‘sha 2000-yillari xonandalarni kinofilmlarga jalb qilish ancha ommalashgan edi. Ehtimol, ularning yoshlar orasida mashhurligi rejissyorlarni shunday yo‘l tutishga undagandir. Biroq haqiqatni aytganda, qo‘shiqchilarning professional aktyor emasligi seziladi, ayniqsa obrazning ruhiyatiga kirishda, ichki tug‘yonlar, kechinmalarni his etishda ularga tajriba, aktyorlik uquvi yetishmaydi. Dramaturgiya va ijrodagi kamchiliklarni xonandalar ijrosidagi qo‘shiqlar ila xaspo‘shlashga intilish bilinib qoladi.
Nazarimda, kino san’atining professional talablari nuqtai nazaridan baholaganda, “Sevinch” – Ayub Shahobiddinov ijodida hodisa bo‘lgulik film emas. Ammo kartinada ayol obrazi, muhabbatning inja tasviri bor: o‘z orzulariga yetolmay, armon ila ketgan qizning tuyg‘ulari, qalb izhori yashirin. Rejissyorning ayol siyratini naqadar chuqur his qilishi, kechinmalarini kino tilida ifodalay olishi e’tiborga loyiq.
Ma’lumki, har qanday yaxshi filmning asosi birinchi navbatda ssenariyga bog‘liq. “Sevinch”dagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan rejissyor keyingi filmlarida ssenariy tanlashga jiddiy e’tibor qaratdi va birin-ketin “O‘tov”, “Telba” singari muvaffaqiyatli filmlarni suratga oldi.
2012-yilda katta ekranga chiqqan “Parizod” filmi esa kinoryejissyor ijodidagi eng yaxshi asarlardan biriga aylandi. Atoqli adib Erkin A’zamning “Farishta” kinoqissasi asosida suratga olingan kartinada ayol zotining farishtamonand pok tiynati, hayosi, ruhiyati tasvirlanadi. Ssenariyning adabiy jihatdan puxtaligi, tasvir-u ifodaning g‘oyat tiniqligi, til jozibasi film muvaffaqiyatida hal qiluvchi omilga aylandi.
Xo‘sh, film nima haqida? Bir qaraganda buni anglash qiyin. Qishloqda vrachlik qiluvchi Jonibek ismli yigit mototsiklini minib, bemor-u xastalar holidan xabar olishi asnosida tasodifan xarsangtoshda muk tushib o‘tirgan farishtamisol qizni uchratib qoladi. Savol bersa, javob yo‘q, pari bir og‘iz ham gapirmaydi.
Jonibek hayron: bu ne sinoat bo‘ldi? Eshon bobonikidan ketar chog‘i hamrohi “Yo‘lingizda farishtalar uchrasin!” deb duo qilgandi. Chindan farishtaga yo‘liqdimi? Yigit ko‘p o‘ylab o‘tirmay, qizni mototsikliga o‘tqazib, uyiga olib kelaveradi. Ana endi naqd qiyomat boshlanadi! Avvali ona, keyin opasining diydiyosi, qishloq ahlining gap-so‘zi, dard ustiga chipqon bo‘lib, unashtirilgan yori – Oytumanning aynishi... Shu tariqa Jonibek malomat-u ta’nalarga qoladi, maromida oqayotgan hayoti izdan chiqadi.
Topildiq qiz haqiqatan pari, ko‘hlikkina, nazari tushgan odamning yuragiga cho‘g‘ tashlaydi. Endi undan qutulishning yagona yo‘li: kimgadir nikohlab berish, aks holda yigitning qishloqda bosh ko‘tarib yurishi amrimahol. Uydagilarining qiyin-qistovidan keyin u pariqizni dastlab so‘qqabosh Rasul muallimga, so‘ng o‘rta yoshlardagi Abdurashidga, oxirida ishratparast Ismat boyvachchaning uyiga eltib beradi. Ammo biror kas pariqiz bilan qovusha olmaydi, parining sof vujudi, fitrati, farishtamisol ruhi bunga yo‘l bermaydi.
Pariqizni ijro etgan aktrisa Zarina Nizomiddinovaning ko‘zlarida allanechuk mung bor; u film davomida lom-mim demaydi, lekin tomoshabin har lahza qizning ichidan o‘tayotgan hislarni, tug‘yonlarni sezib turadi. Aktrisaning mahorati shundaki, u so‘z ishlatmagan holda yuz ifodasi, imo-ishoralar, plastik tebranishlar (Ismat boyvachchaning uyidagi raqs) orqali parining botini, dard-u dunyosini ochib beradi.
Film ramz-u timsollarga boy, ularni uqish, mohiyatiga yetish tomoshabindan sinchkovlik, ziyraklik, fahm-u idrok talab qiladi. Xususan, Jonibek pariqizni olib yuradigan mototsikl shunchaki ulov emas, qizning hayo qo‘rg‘oni, u shu yerdagina o‘zini baxtli, xotirjam his qiladi. Har gal kajavadan tushayotganida, nedir qo‘rquv, hadik bilan yuzlashadi. Film oxirida Bozor dev ismli kimsa qizning nomusini poymol etgach, shuning ramzi o‘laroq mototsikl kajavasini qoyadan pastga itqitib yuboradi: go‘yo parining iffat istehkomi barbod etilgani ushbu ramzda ayonlashadi.
Bunday dardchil, mahzun kechmish orqali muallif va kinorejissyor ayol zotining farishtalarga mengzaluvchi pok ruhi, hayosi, go‘zal qalbini ifoda etish bilan birga, jamiyatning ularga munosabatini ham ko‘rsatishga urinadi. Xo‘sh, biz bugun ayollarni qay darajada qadrlayapmiz? Asli onamiz, xotinimiz, opa-singillarimiz yonimizdagi farishtalar emasmi? Nazarimda, film xayoliy parilar haqida emas, balki ayolni tushunishni, uning tuyg‘ulari bilan hisoblashishni xohlamayotgan jamiyat haqida.
Ayub Shahobiddinovning ayol va jamiyat mavzusini davom ettiruvchi filmlaridan yana biri – “Rangsiz tushlar” kartinasi. Bosh qahramon Kashmira (Feruza Saidova)ning hayoti ro‘yo (tush)ga aylangan, go‘yo yashashidan ma’no-mazmun qolmagandek. Qasddan odam o‘ldirgani sabab o‘n yetti yil qamoqda o‘tirgan ayol uyiga qaytib, hayotini qaytadan boshlashga, o‘tmishdagi achchiq, alamli xotiralaridan xalos bo‘lishga intiladi. Biroq oila, atrof-muhit, jamiyat bunga yo‘l bermaydi: uydagilari, yaqinlari o‘zini olib qochadi, ish so‘rab borsa rad javobi oladi. Xullas, Kashmira uchun hamma eshiklar yopiq, garchi ozodlikka chiqqan bo‘lsa-da, jinoyatchi degan tamg‘adan qutulmagan.
Filmda g‘oyat dolzarb ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan. Xususan, xotin-u qizlarning xatolarini qonun kechirsa-da, jamiyat kechirmasligi, ilmiy istiloh ila aytganda, marginal (muayyan shaxslarning ijtimoiy muhitdan chetlashtirilishi, begonalashish) qoliplarning normaga aylangani, ayol sha’niga tushgan birgina dog‘ abadulabad tavqi la’nat bo‘lishi va yana bir qator fojialar aks ettiriladi.
Taassufki, millatning muruvvati, kechiruvchanligi erkag-u ayolga barobar emas. Tan olmoq lozim, aksar omma nazdida ayol zotining qusurlari, xatolari erkaknikidan kattaroq, xavfliroq ko‘rinadi. Ehtimol, filmdagi Kashmiraning o‘rnida yigit kishi bo‘lganida, bu qadar yakkalatib qo‘yilmas, mashhur hikoya qahramoni aytganidek, “dunyoni panjaradan ham bir ko‘rib qo‘ydim-da, ziyon qilmas” degan “yorliq” ila hamma malomat-u taqiqlardan qutular edi. Ko‘pincha erkak qavmining ayblarini “yigitchilik”ka yo‘yamiz, illo ayollarga nisbatan bunday “imtiyoz” yo‘q.
Ayub Shahobiddinovning “Rangsiz tushlar” kartinasiga bosh qahramon sifatida aynan ayol kishining tanlanishi ham shundan. Ryejissyor bu muammoga nozik xilqat orqali nazar tashlaydi: xo‘sh, bugun minbarlarda qayta-qayta gapirayotganimiz “gender tenglik”ka omma qay darajada amal qilmoqda? Qonun, hukumat, davlat kechirmoqda. Ammo oila, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y singari ijtimoiy qatlamlar-chi?..
Filmda bosh qahramon – Kashmira obrazini ijro etgan aktrisa Feruza Saidova vazmin nigohlari, sovuqqon qarashlari, sokin xarakteri ila qahramonining murakkab qismati, botini, jamiyat bilan ziddiyatlarini ochib beradi. U ko‘p so‘zlamaydi, ammo yuz ifodasida ichidan o‘tayotgan tuyg‘ularni, alam-u iztiroblarni uqish mumkin. Kashmiraning hayoti “rangsiz tushlar”ga aylangan, u tezroq uyg‘onishni, yana real dunyoga qaytib, go‘zal va baxtli hayot kechirishni istaydi. Biroq bu ma’nisiz tushlarning oxiri ko‘rinmaydi. Aktrisa qahramoni ruhiyatida kechayotgan ana shunday og‘riqli, ayanchli, psixofiziologik jarayonni yashab beradi, uning zohiridagi siniqlik, ko‘zlaridagi mung, ovozidagi iztirob tomoshabin qalbiga allanechuk qayg‘u soladi va o‘sha dilxiralik film intihosiga qadar tarqamaydi.
Film ijodkorlari tomoshabin nigohini katta muammolarga qaratgan bo‘lsa-da, negadir kartinada tugal badiiy yechim yo‘qdek, oxirgi gap aytilmagandek tuyuladi. “Rangsiz tushlar”ning xranometraji ham qisqaroq, bir soatu o‘n besh daqiqacha davom etadi. Vaholanki, filmda ko‘tarilgan salmoqli g‘oyalarni teran va chuqur ochib berish uchun bu muddat qisqalik qilgandek, ijodiy jamoa kartinani tezroq yakunlashga shoshilgandek taassurot uyg‘onadi. Xo‘sh, Kashmiraning keyingi taqdiri nima bo‘ldi? U hayotini o‘nglay oldimi? Oxirgi epizodlarning birida bosh qahramon tikuv sexiga ishga qabul qilingani ko‘rsatiladi. Holbuki, bu yechim emas. Chunki masala kengroq qo‘yilgan edi...
Yuqoridagi fikrlarga tayanib, “Rangsiz tushlar”ni badiiy jihatdan puxta film deb atash qiyin. Filmda kompozitsiya jihatidan kamchiliklar borligi, aytilmoqchi bo‘lgan fikrlarning qiyomiga yetmay qolgani, obrazlarning muddaosi, missiyasi to‘la ochilmagani shunday xulosaga sabab bo‘ladi.
2024-yilning adog‘ida Ayub Shahobiddinov yangi filmini jamoatchilikka taqdim etdi. Bu gal rejissyor yana Erkin A’zam bilan hamkorlik qilishni ma’qul ko‘rdi. “Bahorni quvib” deya atalgan film “Parizod”dan bir muchal o‘tib suratga olinishi ham shunchaki tasodifga o‘xshamaydi. Xuddi o‘n ikki yil burun “Parizod”da aytilgan gaplarni mazkur film davom ettiradigandek, qay bir xulosalarini to‘ldiradigandek tasavvur beradi.
Ehtimol, bu filmlarni bir-biriga qiyoslash noo‘rindir. Lekin menga filmlar o‘rtasida assotsiativ bog‘liqlik borday ko‘rindi. Agar “Parizod”da Jonibek yetovidagi pariqiz qishloqqa kelib, hammaning tinchini buzgan bo‘lsa, “Bahorni quvib”da Rohatoy Shukurova ismli o‘qituvchi o‘zi bilan “sevgi-pevgi”ni olib kelib, ovul ahlining halovatini o‘g‘irlaydi.
Ayub Shahobiddinovning yangi kinosi yana ayol qismati, uning dolg‘ali, fojiali hayot yo‘li haqida. Bir ko‘rishda film mavzusini tusmollash qiyin. Armonli muhabbatmi, achchiq, alamangiz xotiralarmi, hasad-u sevgi o‘rtasidagi abadiy kurashmi... shunga o‘xshash xayollar shuurdan bir sidra o‘tadi.
Yoshi oltmishlarga borgan Rohatoy ismli ayol ko‘p yillar burun o‘zi dars bergan Archali qishlog‘iga keladi, bu yerdagi farahli va achchiq xotiralarini yodga oladi. U yoshligida qishloq maktabida bolalarga saboq berib, ko‘pchilikning mehrini qozongan, o‘quvchilar tasavvurida eng yaxshi muallim sifatida qolgan edi. Biroq Rohatoyning Archali bilan bog‘liq kechmishi faqat shugina emas: uning Qudrat Ramazonov bilan muhabbat tarixi butun qishloqda doston bo‘lgan, oxiri qiz “behayoligi” sabab maktabdan badarg‘a qilingandi.
Shu voqeadan o‘ttiz yillar o‘tib, Rohatoy Qudrat akaning qabrini ziyorat qilish, tanish-bilishlarni ko‘rib ketish bahonasida qishloqqa keladi. Endi u qimmatbaho mashina mingan, birgina qo‘ng‘iroq bilan ancha-muncha masalani hal qilib tashlaydigan qo‘li uzun ayol. Taniqli aktrisa Ra’no Shodiyeva ijrosidagi Rohatoy nihoyatda madaniyatli, vazmin, kamtar; odamlar bilan ham past ovozda, siniq ohangda so‘zlashadi. Kinoasardagi keskir, shartakiroq Rohatoyga o‘xshamaydi. Fikrimizcha, rejissyorning talqini shunday bo‘lgan.
Filmda qahramon hayotining ikki davrini ko‘ramiz: Rohatoyning Archalida o‘tgan yoshlik yillari va hozirgi hayoti. Ayol umrining bu ikki pallasi parallel kino unsurlari yordamida ko‘rsatiladi: qahramon goh o‘tmishga qaytadi, goh bugun bilan yashaydi. Aktrisa R.Ahmadjonova ijrosidagi yosh Rohatoy go‘zal, aqlli, shijoatli, zukko, hissiyotli qiz sifatida namoyon bo‘ladi.
Kartinadagi ziddiyatlar, intrigalarni harakatga keltiruvchi xarakterli obrazlardan biri aktyor Anvar Kartayev ijrosidagi Vahob Hojiqulovdir. Marks ta’limotini suv qilib ichib yuborgani uchun Hoji Marks laqabini olgan bu kimsa ikki yosh – Rohatoy va Qudratning muhabbatiga raxna soladi, ta’lim dargohida “ma’naviy buzuqilik” qildi degan fitnani o‘ylab topib, qizni maktabdan haydattiradi. Hojiqulovning bunday yovuzligi, hasad o‘tida jizg‘anak bo‘lishi bejiz emas: bu g‘addor ham Rohatoyni sevadi. Rohatoy qishloqqa qaytganida uni ta’qib qiladi, mast-alast holatda derazasi tagigacha keladi, ko‘prikdagi uchrashuv chog‘i ichidan o‘tayotganlarni to‘kib soladi:
“Senga havasim kelardi, Rohat, ishon! Sen esa bizga o‘xshaganlarni nazaringga ilmasding! Nima qilay, men ham keyin o‘zimni ko‘rsatgim kelgan-da. Bari rashkdan, alamdan!”.
Anvar Kartayev Hojiqulov xarakteridagi keskin ziddiyatlarni, ichki qarama-qarshiliklarni mahorat bilan ko‘rsatadi, tashqi ko‘rinishidan qanchalik battol, badbaxt bo‘lmasin, bu nobakorning ichida ham nafs qutqusidan bo‘lak nedir tuyg‘u borligiga ishongingiz keladi.
Darvoqe, filmda yana bir – kichik Rohatoy ham bor. Qudrat Ramazonovning nabirasi bo‘lgan bu qiz otdoshi bilan osongina til topishadi, uning eng yaqin sirdoshiga aylanadi. Kartinada juda chiroyli bir epizodni ko‘ramiz: uch Rohatoy botayotgan ufq shul’asida bir-biri bilan yuzlashadi: biri o‘tmish, biri bugun, biri kelajak timsoli o‘laroq tasavvurda jonlanadi. Filmning so‘nggi lavhasida Archalida yana bir yangi muhabbat tarhi chiziladi: Rohatoy shaharga qaytar ekan, kichkina Rohatoy tengqur yigit bilan suhbatlashayotganini kuzatib qoladi... Demak, qahramonimiz o‘zidan sof tuyg‘ularni meros qoldiradi...
“Bahorni quvib” filmi qator xalqaro mukofotlarni ham qo‘lga kiritdi. Jumladan, Xitoyning Chongking shahrida o‘tkazilgan kinofestivalda Ra’no Shodiyeva “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
Moskvada o‘tkazilgan “Antares” xalqaro kinofestivalida esa film uchta mukofot va maxsus diplom (Gran-pri, eng yaxshi ssenariy – Erkin A’zam, eng yaxshi erkak roli – Ilhom Berdiyev, ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli uchun – Anvar Kartayev)ga loyiq ko‘rildi. Sankt-Peterburg shahri mezbonlik qilgan “Lendok” xalqaro kinofestivalida ikkita nominatsiya (Eng yaxshi ssenariy – Erkin A’zam, Eng yaxshi aktrisa – Ra’no Shodiyeva) bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ayub Shahobiddinovning biz yuqorida baholi qudrat mulohaza yuritgan filmlaridan tashqari “Turist”, “Telba” kabi kartinalarida ham ayol zotining turfa sinoatlari, taqdirining rang-barang chigalliklari ochib beriladi. Rejissyor mohir musavvir singari har bir ayolning zohiriy va botiniy portretini yaratadi, shuningdek, ular timsolida yechimini kutayotgan ijtimoiy muammolar, o‘tkir haqiqatlarga e’tibor qaratadi. Uning biror filmini shunchaki ko‘rib bo‘lmaydi, har gal namoyishdan so‘ng yurakda nedir iztirob, dard-u og‘riq qoladi. Ayolning nozik tabiati, ruhiyati, qalbi taftish etilgan mazkur filmlar yillar o‘tsa-da, ohori, jozibasi, g‘oyaviyligi, badiiyatini yo‘qotmaydi. Zotan, mehvarida inson turgan har qanday san’at asari eskirmaydi.
Shohrux ABDURASULOV,
san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025 yil 3-son.
“Nozik xilqat, metin siyrat” maqolasi
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q