Tarixdan maʻlumki, inson sivilizatsiyasi taraqqiyotida ot alohida ahamiyatga ega boʻlgan. U insonning ishonchli yoʻldoshi, koʻmakdoshi sifatida turmushning turli sohalarida xizmat qilgan. Qadimdan ot ishlab chiqarish faoliyatida, harbiy ishlarida, savdo-sotiq va aloqa tizimida beqiyos oʻrin tutgan. Shu bois ham qadimdan barcha xalqlar otni insoniyatning moddiy va maʻnaviy madaniyatida muqaddas timsol sifatida eʻzozlangan.
Umar Hayyomning “Navroʻznoma” asarida otning fazilatlari alohida taʻkidlanib, “toʻrt oyoqlilar ichida otdan yaxshisi yoʻq, chunki u toʻrt oyoqlilarning podshohidir” deya qayd etiladi. Muallif turli xalqlar otga qanday nomlar berganini ham yodga oladi: “...forslar uni “bodjon” (yeljon), rumiylar “bodpoy” (shamol oyoqli), turklar “qutlugʻ qadam” va “baxtiyor etuvchi”, hindlar “taxt-i ravon”, arablar esa yerdagi Buroq deb ataydi”. Xalifa Maʻmun ot haqida “Ot qanday yaxshi, u osmon-i gardon va taxt-i ravondir”, deya taʻrif bergan.
Qadimgi turkiy xalqlarda otga nisbatan muqaddas qarash mavjud boʻlib, ular quyosh gardunini koʻtarib yuruvchi farishta suratini ot obrazida tasavvur qilgan. Turkiy yozma yodgorliklari, jumladan, “Kultegin” bitiktoshida ham otning ahamiyati va turmushdagi oʻrni haqida qimmatli maʻlumotlar uchraydi.
Tarixiy taraqqiyot jarayonlariga nazar tashlanganda, argʻumoq, tarlon, yobi, chubur, bayir, qorabayir, toʻriq, jiyron, saman, samantoʻriq, bedov, tulpor, xosa tulpor, burul, chavkar kabi ot zotlari nomini uchratish mumkin. Ular yer haydash, don ekish, hosil yigʻim-terimida, chorvachilikda, savdo yoʻllarida muhim vosita hisoblangan. Bundan tashqari, harbiy harakatlar va urushlarda ham asosiy oʻrin tutgan. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida 262 nafar otliq askar qahramon sifatida eʻtirof etilgan, yuz minglab otliqlar orden va medallar bilan taqdirlangan.
Ot mehnat va ulov vositasidan tashqari, urf-odat, marosim va maʻnaviy qadriyatlarning ramzi hisoblanib, u ogʻzaki ijod, marosim, amaliy bilimlar hamda hunarmandchilikda chuqur iz qoldirgan. Shuning uchun otchilik fenomenini YUNESKO belgilagan nomoddiy madaniy meros (NMM) tasnifi asosida tahlil qilish ilmiy jihatdan muhimdir.
Ogʻzaki anʻanalar va ifoda shakllari
Turon xalqlarida ot obrazi bilan bogʻliq koʻplab afsona, rivoyat, maqol va matallar mavjud. Qadimiy epik meros – “Alpomish”, “Manas”, “Goʻroʻgʻli” kabi dostonlarda ot qahramonning eng yaqin safdoshi, jangdagi gʻalaba va muvaffaqiyat kaliti sifatida talqin qilinadi. Xususan, “Alpomish” dostoni qahramoni otidan ajralganida kuchsizlanib, ot bilan birlashgach qudrat topishi, xalq tasavvurida otning qahramonlik, vafodorlik va mardlik timsolida koʻrilganidan dalolat beradi.
Otning ramziy va maʻnaviy ahamiyatini mustahkamlovchi xalq maqollari ham nihoyatda koʻp. Masalan, “Ot – yigitning qanoti” iborasi otning inson uchun hayotiy zarurat sifatidagi oʻrnini koʻrsatadi. Bundan tashqari, “Oti borning – qanoti bor”, “Minganing yaxshi ot boʻlsa, olisni yaqin bil”, “Yaxshi ot – yarim rizq”, “Otli yigit – baxtli yigit”, “Ot qadrini chopgan biladi”, “Chopqir ot – oʻtkir pichoq” kabi maqollar xalq tafakkurida otning oʻrni naqadar beqiyos boʻlganini, “Otli yigit – Alpomish”, “Otli yigit – botir, Oti yoʻq – yotir” kabi iboralar otning ijtimoiy maqom va shaxsiy mardlik timsoli ekanligini ifodalaydi.
Ijro sanʻati (qoʻshiqlar, raqslar, marosim ijrolari)
Otchilik anʻanalari musiqiy merosda ham oʻz aksini topgan. “Yovvoyi ot” yoki “Chavandoz qoʻshiqlari” singari kuy va ashulalar xalq orasida keng tarqalgan boʻlib, ular marosimlarda ijro etilgan. Otchilik anʻanalari turkiy xalqlarining musiqiy merosida chuqur iz qoldirgan. Masalan, otga bagʻishlangan qoʻshiqlar koʻpincha bayramlar, turli tantanalar yoki koʻpkari kabi xalq oʻyinlarida ijro etilgan. Bu qoʻshiqlarda otning shijoati, yugurishdagi chaqqonligi, quvvati va chiroyi madh etiladi.
Shodmon baxshining “Jiyron otga bagʻishlangan termasi”, Farrux baxshi Nuraliyevning “Doʻstim ot” termasi buning yaqqol misol. Ular qoʻllaydigan musiqiy ohanglar, doʻmbira va boshqa xalq sozlari hamrohligi, shuningdek, sheʻriy matnning badiiy kuch-qudrati otning xalq hayotida tutgan beqiyos oʻrnini yanada ravshan namoyon qiladi.
Shuningdek, Alijon Isoqovning “Jiyron”, Muhammadbek Yaxshiboyevning “Ot, Hosila Rahimovaning “Koʻpkari”, Toshpoʻlat Matkarimovning “Oq tulpor” va “Qorabayir”, Nargiza Azimovaning “Koʻpkari”, Adham Sobirov ijrosidagi “Ot” qoʻshigʻi hamda Mahmud Namozovning “Tulpor” qoʻshiqlari orqali otchilik bilan bogʻliq musiqiy merosning uzluksiz ravishda saqlanib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotganini kuzatish mumkin.
Jamiyatdagi urf-odatlar, marosimlar va bayramlar
Toy bolaning ot minib kelishi, ot sovgʻa qilish kabi udumlar “Oilaviy marosimlar” NMM namunasi, “Ot poygasi”, “Chavandozlik bellashuvlari” kabi musobaqalar xalq bayramlarining ajralmas qismi boʻlib kelgan.
Koʻpkari (uloq tortish, koʻk boʻri) qadimiy xalq oʻyini boʻlib, u jismoniy kuch va mahoratni sinovdan oʻtkazish, jamoatchilikni birlashtirish, hamjihatlik ruhini mustahkamlash hamda urf-odatlarni avloddan-avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutadi. U ming yillik tarixga ega boʻlgan holda Turon xalqlari madaniyatida doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlab kelmoqda. Bugungi kunda ham u Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikiston xalqlarining sevimli oʻyinlaridan biri sifatida davom etmoqda.
Tarixiy manbalarga koʻra, koʻpkari dastlab chorva mollariga zarar yetkazgan boʻrilarni quvib, ularga qarshi jasur yigitlarning kurashish amaliyotidan kelib chiqqan. Ular ot ustida tezlik va epchillikni namoyon etib, boʻrini qoʻlga olish va uni qoʻldan-qoʻlga tortish jarayonida mashq qilganlar. Keyinchalik mazkur jarayon ramziy tus olib, boʻri oʻrniga soʻyilgan uloqdan foydalanish urf boʻlgan.
Hozirda ot sportining mashhur koʻrinishlari sifatida qiz quvish, papax oʻyini, jigitovka, agʻdarish (sais), itarish, qaychi oʻyini, yerdan roʻmol koʻtarish, syur-papax, ommaviy poyga, chehen burti, ot ustida kurash, chavgon va issindi kabi bellashuvlari oʻtkazilmoqda.
Tabiat va koinotga oid bilim va amaliyotlar
Turon xalqlarining tabiat haqidagi qarashlarida ot muhim oʻrin tutgan. Otning yulduzlar, vaqt oʻlchovlari, ob-havo belgilariga oid xalqona bilimlar bilan bogʻlanganligi kuzatiladi. Masalan, otlarning xatti-harakatiga qarab yomgʻir yoki qurgʻoqchilikni bashorat qilish odati mavjud boʻlgan. Shuningdek, ot bilan davolash, yaʻni ot suti (qimiz), yogʻi va boshqa mahsulotlaridan foydalanish xalq tabobatida keng tarqalgan.
Otlarni parvarishlash va boqishda tabiat qonuniyatlari muhim rol oʻynagan. Chorvador xalqlar otni yil fasllariga qarab yaylovdan yaylovga olib oʻtgan. Shuningdek, xalq orasida otning hatti-harakatlari koinot belgilariga bogʻlab talqin qilingan, xususan, ot bezovtalanishi yomgʻir yoki boʻronning belgisi sifatida qaralgan.
Bundan tashqari, ot bilan davolash anʻanalari ham qadimdan mavjud boʻlgan. Xalq tabobatida ot suti (qimiz), goʻshti va yogʻi turli xastaliklarni davolashda foydalanilgan. Qimizga shifo manbayi deb qaralgan. Masalan, Abu Rayhon Beruniy “Kitob as-Saydana fi-t-tibb” asarida qimizni inson salomatligini tiklovchi ichimlik sifatida eslab oʻtadi. Ibn Sino esa “Al-Qonun fi-t-tibb” asarida ot sutini ovqat hazm qilish, quvvat berish va ayrim asab kasalliklarini davolashda foydali ekanini qayd etadi.
Tibbiy manbalarda qimiz sil kasalligini davolashda eng samarali vositalardan biri sifatida taʻriflanadi. U ovqat hazm qilish bezlari faoliyatini kuchaytiradi, oshqozon-ichak tizimi qisqaruvchanligini meʻyorlashtiradi, qon tarkibini boyitadi va gemoglobin miqdorini oshiradi. Shuningdek, asab tizimi faoliyatini muvozanatga keltiradi.
Ot yogʻi oʻzining kimyoviy tarkibi bilan qoramol yoki qoʻy yogʻidan farq qiladi. U tez eriydigan boʻlib, sifati jihatidan parrandalar yogʻi va oʻsimlik moyiga yaqin turadi. Tarkibidagi toʻyinmagan yogʻ kislotalari organizmda xolesterin almashinuvini tezlashtiradi, qon tomirlar devorida toʻplanib qolgan moddalarni eritishga yordam beradi.
Ot goʻshti oʻzbek milliy taomlari orasida qadimdan qimmatli ozuqa hisoblanib kelgan. U oʻzining yuksak tozaligi, toʻyimliligi va shifobaxsh xususiyatlari bilan boshqa turdagi goʻshtlardan ajralib turadi. Ot goʻshtidan qazi, norin, beshbarmoq, qorin va chigirma, qazi-qurt, qozon kabob, shoʻrva, qovurdoq kabi taomlar tayyorlanadi.
Shuningdek, ot minish insonning jismoniy salomatligi uchun foydali boʻlib, bel, boʻgʻim kabi tayanch harakat va asab tizimi kasalliklari, oshqozon-ichak hamda yurak-qon tomir kasalliklari, aqliy zaiflik, tutqanoq (epilepsiya), shizofreniyani davolashda, poliomielit asoratini yoʻqotishda qoʻllanilgan.
Bugungi kunda bu usul “ippoterapiya” nomi bilan ilmiy asoslangan holda rivojlanmoqda.
Mashhuraxon Darmonova
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
San’at
Tarix
Til
Til
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q