O‘zbek repining bugungi qiyofasi II: mazmunli, saviyali, ijtimoiy yuki bor, muammolarni ochiq tanqid qiluvchi va... ruboiylar asosida


Saqlash
21:41 / 05.06.2023 1410 0

 Bir muddat avval “Estrada o‘rnini repga bo‘shatib beryaptimi? Maishiy mavzulardan uzoq, ijtimoiylashib borayotgan o‘zbek repining bugungi qiyofasi” nomi bilan maqola eʼlon qilgan edik. Repning kelib chiqishi, tarixi, o‘sish dinamikasi haqida so‘zlangan ushbu maqolada o‘zbek repi haqida ko‘p o‘rin ajratilgan, u zamonaviy sanʼat sifatida rivojlanib, o‘z shakliga, so‘ziga ega bo‘lib borayotgani taʼkidlangandi. Quyidagi maqolada ham xuddi o‘sha mavzu ko‘tarilgan bo‘lib, o‘zbek repining “tresh” davri, qanday qilib mumtoz adabiyotni yoshlarga yaqin qilish mumkinligi haqida maʼlumotga ega bo‘lasiz.

  

Oyina.uz tahririyati

  

Ilgari oila davrasida televizordan rep musiqasi yangrasa, kattalar boshqa dasturga olishga harakat qilar edi. Maʼlum vaqt davomida o‘zbek repida ko‘cha ruhiyatidagi, so‘kish va haqoratlardan nariga o‘tmaydigan tresh musiqalar ham mavjud bo‘lib, yoshlar orasida tarqalishga ulgurdi. Esimda, maktabda o‘qib yurgan paytlarimiz – 2013–2014-yillarda mahalliy ko‘cha “repperchalari” orasida bir-birini haqorat qilish, so‘kib javoblar (ko‘cha repperlari tilida “diss” yoki “otvet”) qaytarish urfga kirgan edi. Kim ko‘proq va “chiroyliroq” so‘kib, haqoratlar bilan rep kuylasa, raqiblariga javob bersa, uning obro‘si baland bo‘lib, kuchli repper sanalar edi. Bunday “tresh” kontent yoshlar orasida maʼlum muddat davomida ommabop bo‘lib turdi. Ko‘p o‘tmay o‘zbek repida yangi va umidli ijodkorlar paydo bo‘la boshladi. Yoshlar allaqachon baqir-chaqir, haqorat-u so‘kishlardan iborat repdan charchagan edi. Mazmunli, muammolarni ochiq tanqid qiladigan, mehnat va harakat qilishga undaydigan repga bo‘lgan talab kuchaydi. Mahalliy repperlar mana shunday talabga javob beradigan sifatli va mazmunli treklar yaratishni boshladi.

  

Bugungi kunda yurtimizda Konsta, Shokir, Shaka, Timur Alixonov, Abbos Sulaymonov, Massa, Asl Wayne va boshqa ko‘plab taniqli reperlar ijod qilishmoqda. Ularning barchasi o‘ziga xos kuylash uslubiga va ko‘p sonli muxlislariga ega.

 

Tan olish kerak, Konsta taxallusi bilan ijod qiluvchi Sharif Abdullayev ijodining sermahsulligi va muxlislari soni ko‘pligi bilan ajralib turadi. Buning sababi, uning qo‘shiqlarida har birimizni qiynayotgan ijtimoiy, hayotiy muammolar ro‘yi-rost tilga olinadi. Jumladan, Konstaning yaqinda ommaga taqdim qilingan “O‘zbekistonlik” treki barchaga birdek manzur bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Dunyoning turli burchaklariga omadini sinash uchun yo‘l olayotgan, u yerlarda o‘zining munosib o‘rnini topayotgan jasur yurtdoshlarimizga bag‘ishlab aytilgan bu qo‘shiq har qanday tinglovchiga maʼnaviy ozuqa bo‘lish bilan birga uning ruhini ham ko‘taradi. Bu trek ayniqsa, xorijda o‘qishni maqsad qilgan yoshlarga katta motivatsiya vazifasini bajarishi bilan ahamiyatlidir. Qo‘shiqda jumladan, quyidagi to‘rtliklar uchraydi:

 

O‘zing ham ishonmasang, orzularing ushalmaydi,
O‘zingga o‘zing ishonmasang, hech kim ishonmaydi.
Xohlasang ucha olasan, seni hech kim ushlolmaydi,
O‘zing ko‘taril, yulduzlar oldingga tusholmaydi!

 

Sen yolg‘izmassan, orzuying bor seni,
Bekorchimassan, o‘z mavzuying bor seni.
Aniq maqsad va makoning bor seni,
Harakat qilsang, olov kabi qoning bor seni. 

 

Konstaning Timur Alixonov bilan duet shaklida aytilgan “Odamlar nima deydi” nomli qo‘shig‘i ham yoshlar orasida anchayin tanilishga ulgurdi. Unda bugungi yoshlarni qiynayotgan muammolardan biri – doim o‘zgalar fikriga quloq solib, maʼlum bir qoliplar doirasida yashash tanqid ostiga olinadi:

 

Odamlar nima deydi?
Indama, gapirma, ko‘tarma boshni
Qattan bo‘sayam topish kere to‘yga
Nima deydi qo‘ni-qo‘shni? Zo‘r qil oshni!

 

Odamlar nima deydi?
Tengdoshmi? Kelin qimiman sinfdoshni!
Odamlar nima deydi?
Qilma ko‘z yoshlar, qizim joyingda qolgin toshday

 

Ushbu qo‘shiq yarim yil ichida YouTube videohostingida 2,4 millionta ko‘rishlar sonini yig‘ishga ulgurdi. Bu esa bugungi o‘zbek repining jamiyatdagi taʼsir kuchi, ommabopligi yuqori ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Yana bir shov-shuvlarga, katta qiziqishlarga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlik repperlardan biri Shakadir. Uning replari o‘ziga xos yo‘nalishga, uslubga ega. Dubayda yashab ijod qiluvchi Shaka noodatiy uslubdagi chiqishlari bilan, qo‘shiqlaridagi kinoyaga yo‘g‘rilgan, yashirin maʼnoga ega jumlalari bilan boshqa hamkasblaridan ajralib turadi. Uning replari orasida mumtoz sheʼriyatni ham, sevgi-muhabbatni ham, vatanparvarligu ijtimoiy muammolarni ham uchratishingiz mumkin. Umar Xayyom ruboiylaridan foydalanib aytilgan “May” trekini uning tashrif qog‘ozi deyish mumkin. Qisqa vaqt ichida bu qo‘shiq yoshlar orasida mashhurlikka erishdi. Quvonarli jihati shundaki, “May” qo‘shig‘i sababli Umar Xayyomning falsafiy mushohadaga chorlovchi, teran maʼnoga ega tortliklari bugungi virtual axborot makonida yashovchi, mumtoz adabiyotni ko‘p ham xushlamaydigan yoshlar tomonidan iliq qarshi olinib, hatto yodlab olinmoqda. Jumladan, men ham Umar Xayyomning oldin o‘zim eshitmagan ruboiylarini shu rep orqali yodlab oldim. Unda quyidagi kabi har qanday insonni o‘yga toldiruvchi ruboiylar mujassamlangan:

 

Men keldim-u, dunyo ko‘rdimi foyda?
Ketsam martabasi osharmi? Qayda!
Hech kim tushuntirib bera olmadi:
Kelishim-ketishim sababi qayda. 

 

Bunday mumtoz adabiyot matnlarini rep ohangiga solib kuylash katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Zamonaviy ruh va musiqalar bilan kuylangan g‘azal va tarbiyaviy so‘zlari mavjud ruboiylarni shu yo‘sinda yoshlar orasida ommalashtirish mumkin. Bu orqali yoshlar dunyoqarashini va maʼnaviy olamini ijobiy tomonga ozgartirish imkoniyati mavjud. Buni birinchilardan bolib boshlab bergan Shaka har qanday tahsinga loyiq.

 

Shaka ijodida ijtimoiy muammolar ham ko‘p bora tilga olinadi. Jumladan, yoshlarning asosiy vaqtini yutib yuborayotgan qora o‘pqonga bag‘ishlab aytilgan “Ijtimoiy tarmoqlar” treki ham yoshlar orasida ancha mashhur bo‘lib, muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Unda bir eshitishda xotiraga o‘rnashib qoluvchi quyidagi jumlalar mavjud:

  

Telefondan boshni ko‘tar, miyangga tushmasdan qurt,
Youtub-u Facebook uzra bo‘lib qolmagin manqurt.
Tur o‘rningdan, qadam bos, yur, tiril, uyg‘on, yugur,
Badantarbiya bu koni foydadur.

 

Ijtimoiy tarmoqlar bu ixtiyoriy qamoqdir,
Mubtalo bo‘lgan – o‘lar ! Tubsiz jarlik, so‘qmoqdir.

  

Yuqoridagi kabi saviyali, ijtimoiy yuki bor rep musiqalarini bugungi zamonaviy o‘zbek repperlarimiz ijodidan yetarlicha topishimiz mumkin. Muhimi, bugungi o‘zbek repi vakillari jamiyatda kechayotgan jarayonlarga, mavjud muammolarga befarq emas va yoshlarni qiynayotgan masalalarni, muhokama qilinmaydigan mavzularni ochiq-oydin kuylamoqda. Maishiy mavzulardan uzoq, real vaziyatga obyektiv baho bera olayotgan o‘zbekcha rep ayni paytda nafaqat yoshlarni, balki yoshi kattalarni ham uni eshitishga undamoqda.

  

Avazbek SHERMATOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti
kichik ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//