Musa Jalilning qarshilik safdoshi, sobiq asirning sargardonligi


Saqlash
16:55 / 12.09.2025 14 0

1919-yilda Qarshi shahrining Chaqar mahallasidagi uylarning birida chaqaloq dunyoga keldi. Oiladagi toʻrtinchi oʻgʻil boʻlgani bois unga Habib deb ism qoʻyishdi. Oila boshligʻi Fayzullaxon Qarshi bekligida qirq yil mirzolik lavozimida ishlagan oʻqimishli kishilardan boʻlib, chiroyli husnixat sohibi edi. Afsuski, Habib toʻrt yoshga toʻlganida otasi vafot etdi. Kattagina oilaning zalvorli yuki oʻttiz uch yoshida beva qolgan Marhamat ayaning yelkasiga tushdi. Hayot mashaqqatlarini yengish, toʻrt farzandini birovlarga xor koʻrsatmaslik uchun Mehribonlik uyida farrosh, zavodda ishchi boʻlib ishladi. Kechalari esa oʻziga toʻq oilalarning koʻrpa-toʻshaklarini tikdi. Farzandlarini bir burda nonga zor qilmadi, tarbiyasiga eʼtibor bilan qaradi. Ham ota, ham ona boʻlib ularga insoniylik fazilatini singdirdi.

 

Habib boshqa farzandlarga nisbatan oʻtkir zehni bilan ajralib turar, bilganlar uni rahmatli otasiga oʻxshatishardi. Yetti yoshiga toʻlgan Habib mahalladagi maktabga bordi. Bilimga chanqoqlik uni kechalari kitob varaqlashga, hali ustozlari oʻrgatmagan mavzularni ham oʻqib-oʻrganishga undadi. Shu tufayli maktab maʼmuriyati uni beshinchi sinfdan yettinchi sinfga koʻchirishdi. Oʻtgan asrning 30 yillarida yaxshi oʻqiydigan, qobiliyatli bolalar maktablarda muallimlik qilish uchun olib qolinardi. Hali oʻrta maktabni tugatmagan Habib ham maktabda dars berish bilan birga rus tilida ham yozish va soʻzlashishni oʻrganar, sheʼr va hikoyalar yozardi.

 

***

1939-yili Habib Fayzullayevni harbiy xizmatga chaqirishdi. Biroq xizmatni oʻtarkan, uyga qaytishga sanoqli oylar qolganida mashʼum urush boshlanadi. Ularning harbiy boʻlinmasi dushman bilan Ukrainaning chegara shahri – Tripolida toʻqnashadi. Omonsiz janglarning birida yonginasida portlagan snaryad parchasi uning oʻng oyogʻini majaqlab tashlaydi. Hushiga kelganida esa tepasida avtomat koʻtarib turgan dushman askarini koʻrdi. Asirga olinganlar Lvov shahridagi harbiy lagerga olib kelindi va bu yerda ular xuddi oʻtin kabi taxlab qoʻyilgan mahbuslarning jasadlarini koʻrishdi...

 

Ming bir azob va qiynoqlarga mahkum qilingan mahbuslarni 1943-yilning qishida Berlin yaqinidagi Vistrau lageriga koʻchirdilar, Habib oʻlim nafasi ufurib turgan lagerda Muso Gumirov degan tatar yigiti bilan tanishadi. Soʻngra uning lagerdagi yashirin tashkilot rahbari va asl ismi Musa Jalil – mashhur tatar shoiri ekanini eshitadi. Musa fashistlarga o‘zini tanitmaslik maqsadida familiyasini oʻzgartirgandi. Habib tutqunlikda yozgan bir nechta sheʼrini Musa Jalilga koʻrsatadi. Shoir uning quyidagi sheʼrini tahrir qilib beradi:

 

Kulma, ey dushman! Uzoq choʻzilmas,

Boshimga tushgan baxtsiz kunlarim.

Haqiqat ustuni hech qachon qulamas,

Yorugʻlikka chiqar zulmatli tunlarim.

 

Shoir qanday sharoitda boʻlmasin, shoirligicha qolarkan. Eng ogʻir damlarda Musa Jalil yosh Habibni ruhan sinmaslikka undar va uni “inim” deb chaqirardi. Ming afsuski, kunlarning birida lagerdagi dushman aygʻoqchilari maxfiy tashkilot va uni boshqarayotgan Musa Jalil haqida bilib qoladi. 1945-yil fevral oyining oxirlarida Musa Jalilni lagerdan olib ketib, qiyin-qistovlardan keyin qatl etishadi. Buyuk shoirning oʻlimi haqida Habib Fayzullayev faqatgina urush tugagandan soʻng eshitadi.

 

***

AQSH qurolli kuchlari lagerda omon qolgan mahbuslarni ozod etgach, ularni Frankfurt shahridagi sovetlarning maxsus boʻlim xodimlariga topshiradi. Habib va uning qismatdoshlari uchun gʻalaba quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. Maxsus vagonlarga joylangan mahbuslarni uzoq shimoldagi Komi oʻlkasi Kochles posyolkasiga olib kelishadi. Yana qiynoq va xoʻrliklar qaytadan boshlanadi. Keyinchalik mashhur rus yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori va sobiq mahbus A. Soljinetsinning “Gulag arxipilagi”, Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrulloning “Kafansiz koʻmilganlar” asarlarini oʻqib chiqqan Habib Fayzullayev “Bular biz koʻrgan azoblar oldida hech narsa emas. Men tirik qolish uchun oʻlgan odamlarning goʻshtini yeganlarni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Sovuqqa chidolmay, kafansiz ketgan minglab odamlarni koʻrdim. Jonim temir ekanmi, uch yillik tergov azoblaridan ham omon chiqdim. Tergovda menga xoin degan tamgʻani bosmoqchi edilar. Lekin Vatanimga nisbatan biror-bir xiyonatni isbotlay olmadilar”, degan ekan.

 

1948-yilda uchlik harbiy tribunali Habib Fayzullayevga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini beradi. Aybi – urushda asir tushgani edi. Hukmdan soʻng uni yana uch oy umumiy turmada saqlashadi. Soʻngra Inta shahriga, maxsus ogʻir rejimli lagerga joʻnatishdi. Bu joyda mahbuslar oʻz ism-shariflaridan ham mahrum edi, ularni xuddi buyum singari raqamlar bilan atashar, ularni 250 metr chuqurlikda koʻmir konida ishlatishardi.

 

Habib Fayzullayevning eslashicha, uni hamma vaqt oʻlimdan asragan narsa onasi bilan diydorlashuv xayoli ekan. Shaxtada ishlash uchun koʻngillilar kam edi. Qamoqxona azobida tirik qolishiga ishonmagan Habib Fayzullayev koʻngillilardan boʻlib kondan ish soʻraydi. Uch yarim oy ichida 300 rubl ishlab onasiga joʻnatadi. U bir necha bor yuqori idoralarga “Men sotqin emasman” degan mazmunda shikoyat xati yozadi. Lagerdan xat joʻnatish azob edi. Mahbuslarning uylariga yozgan xatlari ham yoʻq qilib yuborilardi. Ammo, kunlarning birida unga “kuting, ishingizni qayta koʻrib, javob yozamiz” degan xat keladi. Stalin oʻlimidan soʻng ishi qayta koʻrilgan Habib Fayzullayev muddatidan ilgari ozodlikka chiqadi.

 

Ammo ozodlikning chin maʼnodagi quvonchi hali juda uzoqda edi. Buni Habib Qarshiga kelib biladi. Ikki yil harbiy xizmat, fashist va sovet zindonlarida tutqunlikda oʻtgan oʻn toʻrt yil – jami 16 yillik judolikka dosh bera olmagan onaizori u kelishidan bir yil oldin vafot etgan edi. Sobiq mahbus Qarshiga kelgan ilk kunlarini mozorda, onasining qabrini quchoqlab oʻtkazadi.

 

***

Habib “yurtga qaytdim, endi Vatan uchun, xalqim uchun xizmat qilaman”, deb oʻylagan edi. Afsuski, Habibning qaytishi ayrim “hushyor”larni xursand qilmadi va qayerga ish soʻrab borsa ham unga “Vatan xoini” sifatida qarashadi. Uning soʻzlariga hech kim ishonmaydi. Shundan soʻng Fayzullayev yana Arxangelskiy harbiy mahkamasiga xat yozishga majbur boʻladi. Xatda uni hech qayerga ishga qabul qilishmayotgani, barcha eshiklar u uchun yopiq ekani bayon qilingandi. Koʻp oʻtmay Arxangelskdan Qashqadaryo viloyati hokimligiga xat keladi. Xatda H.Fayzullayevning aybsiz, unga qo‘yilgan ayblov esa nooʻrin ekani aytilgandi. Bu xat Habibga ishga joylashishi uchun asos boʻladi. U urushdan oldin ishlagan maktabida oʻqituvchilik kasbini davom ettiradi. Keyin esa naqd 40 yil savdo sohasida faoliyat koʻrsatadi.

 

1976-yilning kuzida, paxta yigʻim-terimining qizgʻin pallasida u Sharof Rashidov bilan uchrashadi. Habib Fayzullayevning taqdirini eshitgan Rashidov uni yoniga chaqirtiradi. – Siz Musa Jalil bilan fashistlar konslagerida birga boʻlganmisiz? – deb soʻraydi. Fayzullayev boshidan oʻtgan dahshatli kunlarni qisqa qilib gapirib beradi. Shundan keyin Sharof Rashidov fashistlar oʻlim lageridan tirik qolib Vatanga qaytish, toʻqqiz nafar farzandning otasi boʻlish, Qarshi choʻlini oʻzlashtirishda oʻz hissasini qoʻshish – bularning oʻzi bir qahramonlik, deb oʻtirganlarga qarab aytadi va ketarkan u bilan qoʻl berib xayrlashadi. Shu uchrashuv sabab Fayzullayevning yoʻliga qoʻyilgan “ishonchsiz”lik kabi muammolar oʻz yechimini topadi.

***

 

Habib Fayzullayev ish faoliyati davomida bir necha orden va medallar bilan mukofotlandi. 1994-yil “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Shukrki, Habib Fayzullayevning qolgan umri ezgulik va bunyodkorlik yoʻlda oʻtdi. Taqdiriga bitilgan azob-uqubatlarning rohatini ham koʻrdi. Uzoq yillar xalq xoʻjaligining turli sohalarida mehnat qildi. Qarshi choʻlini oʻzlashtirishda faol ishtirok etdi. Savdo sohasida ishladi, mahalla oqsoqoli boʻldi. Turmush oʻrtogʻi bilan toʻqqiz farzandni voyaga yetkazdi, oʻqitdi, oilali qildi. Oʻtmishini, boshidan oʻtkazgan mudhish kunlarda yonida yelkadosh boʻlgan doʻsti Musa Jalilni unutmadi. U yashagan yurtga bir necha marotaba bordi, do‘stining yaqinlarini ziyorat qildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan, ozod va obod yurtning qaddi yuksalgan kunlarga guvoh boʻldi va 88 yoshida vafot etdi.

 

Habib Fayzullayevning “Sabr bilan yengdim oʻlimni” kitobi urush va qatagʻon iztiroblaridan soʻzlaydi. “Qizim! – deb yozadi u kitobida farzandiga oʻgit bera turib. – Vaqti yetib, omonatimni topshirganimda ham mening hayotda bejiz, beiz yashamaganimni isbotla. Qanday qilib, deysanmi? Bolalaringga, oʻquvchilaringga, kezi kelib, nabiralaringga boshimdan oʻtgan hayotiy ertakni tez-tez soʻzlab ber. Toki ular ham kimning zurriyoti ekanliklarini anglasinlar. Hayotning baʼzi sinovlari oldida egilib-bukilib qolmasinlar. Yashash – bu qiyinchiliklarni mardona yengish degani, yashash bu – oʻtgan hayoting bilan faxrlana olish degani, yashash bu – farzandlarga munosib nom qoldirish degani”.

 

Biz ham lagerdagi ming bir azoblardan qutulib, yana qonli shoʻrolar saltanatining qamoqlarida mislsiz azob chekkan, biroq ruhan sinmagan, yaxshi kunlar kelishiga umid qilgan, qoʻlida qurol va qalam bilan kurashib kutgan, metin irodali Habib Fayzullayev kabi insonlar taqdiri barchamiz uchun haqiqiy mardlik va matonat dostoni boʻlib qolishiga ishonamiz.

 

Oʻrolboy QOBIL,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

10:09 / 12.09.2025 0 76
Vijdon ovozi

Adabiyot

14:09 / 11.09.2025 0 80
Chegaradagi odam

Adabiyot

17:09 / 10.09.2025 0 142
Afsonaga aylangan shoir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//