
Adabiyotda har bir obroz zimmasiga muayyan ijtimoiy-ma’naviy yuk yuklatiladi. Masalan, Sharq mamlakatlarida asosan Momo Havvo, g‘arbda esa Pandora timsollarida ayollarga xos bir qancha sifatlar urg‘ulangan. Ushbu maqolada badiiy adabiyotda Momo Havvo va Pandora obrozida ayolga qanday ma’nolar berilishini tahlil qilamiz.
Pandora kim?
Yunon mifologiyasining go‘zal namunalaridan biri bo‘lgan Gesiodning “Mehnat va hayot” asarida Pandora insoniyat tarixidagi ilk ayol sifatida tasvirlanadi. Zevs uni loydan yasab, go‘zallik, nafislik, donolik kabi fazilatlarni ato etadi. Yer yuziga yuborilarkan, ayolga sirli quti berilib, ochmaslik buyuriladi. Ammo Pandora taqiqqa bo‘ysunmaydi. Natijada quti ichida yashiringan barcha yomonliklar: kasallik, urush, yovuzlik, azob-uqubat insoniyat olamiga yoyiladi, oxirida quti tubida birgina umid qoladi. Bu qisqa syujet ortida Pandora obrazi orqali ayolga nisbatan jamiyatda qanday ijtimoiy talqinlar borligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ayol aybdor sifatida
Asarga ko‘ra, Pandora qutini ochganidan so‘ng yer yuziga yomonlik tarqalgan. Demakki, ungacha yer yuzida yomonlik bo‘lmagan. Bu detal bilan ayol jamiyatdagi fojiaviy oqibatlarning sababchisi sifatida talqin qilinadi. U hali dunyo bilan tanishmasdanoq, dard va kasalliklar tarqalishiga sababchi sifatida ko‘rsatiladi. Bunday yondashuv badiiy adabiyotda ham, xalq og‘zaki ijodida ham takrorlanib, ayolni ijtimoiy falokatlarning ramzi sifatida ko‘rsatgan stereotiplar ildiziga aylanadi.
Qiziqqonlik va itoatsizlik
Pandoraning taqiqqa qaramay qutini ochishi uning qiziqqonligi va itoatsizligi o‘laroq ko‘riladi. Bu orqali ayolning shoshqaloq, hissiyotga beriluvchan, o‘ta qiziqqon, nozik tabiatli mavjudot ekani urg‘ulanadi. Pandora masalasida yana muhim bir jihat shuki, unga qutini bergan kuchlar (Zevs va boshqalar) o‘z javobgarligidan ozod qilinadi – mas’uliyat to‘liq ayolga yuklanadi. Bu esa ayolga nisbatan kuchli ayblovchi yondashuv degani, deyish mumkin.
Ayol baribir umid manbai
Pandora ochgan qutida faqat umid qolgan. Bu esa ayolni faqat falokat emas, balki sabr, najot va kelajak uchun umid timsoli sifatida ham ko‘rish imkonini beradi. Natijada adabiyotda ayol obrazi ikki tomonlama talqinga ega bo‘lgan murakkab timsol sifatida shakllanadi.
Go‘zallik va joziba timsoli
Pandoraga berilgan in’omlar: go‘zallik, maftunkorlik, donolik kabi fazilatlar sabab ayol obraziga joziba, latofat timsoli sifatida ham yondashilgan, deyish mumkin. Bu jihat badiiy adabiyotda ayol obrazining estetikasiga urg‘u berishga xizmat qiladi. Ammo bu go‘zallik ba’zan fitna, urush, raqobat kabi salbiy oqibatlarga sabab o‘laroq ham talqin qilinadi. Troya urushi singari voqealar bunga yorqin misol.
Xulosa qilganda, Pandora obrazi adabiyotda yomonlik va umid, go‘zallik va xavf, muammo va yechim oralig‘ida bo‘lgan murakkab, ziddiyatli timsol sifatida namoyon bo‘ladi. Bu obraz tarixiy va madaniy stereotiplar orqali shakllangan bo‘lib, ayolga yuklangan ijtimoiy va ma’naviy mas’uliyatlarni ochib beradi. Pandora orqali insoniyat ayoldan xavfsiraydi, lekin ayni paytda unga umid ham bog‘laydi.
Gʻarb adabiyoti aybdorlik talqinida Havvo
Jon Milton o‘zining “Yo‘qotilgan jannat” (Lost Paradise) asarida Havvo obrazini aybdor shaxs sifatida talqin qiladi. Asarga ko‘ra, Havvo shayton vasvasasiga uchrab, erkakni ham gunohga boshlovchi obrazdir. Ikki karra gunohkor sifatida tasvirlangan ayol obrazi avval o‘zi taqiq mevani yegan. Bu ham yetmagandek, erkakni ham shunga chorlagani yozilgan. Bu ayol obraziga aybdorlik yuki ortilganiga yaqqol misol: insonning jannatdan quvilishiga ayol sababchi. Jannatning yo‘qotilish sinoati ham shunda. Bunda Havvo qiziquvchan, shoshqaloq obraz sifatida gavdalangan.
Sharq adabiyotida Havvo obrazi talqini
Sharq rivoyatlarida Havvo obraziga nisbatan ikki xil talqin uchraydi. U avvalo “ona”, “hayot davomchisi” sifatida ko‘rsatiladi. Shu bilan birga insonning jannatdan quvilishi bilan bog‘liq jarayonda uning yakka ishtiroki borligi ham aytilmay qolmaydi. Masalan, “Qissasi Rabg‘uziy” asarida keltirilishicha, Xudo taqiqlagan mevani avval Havvo yeydi – shayton avragani sabab ahdini unutib, taqiq bug‘doyini tatib ko‘radi. Odam Atoga ham bu haqida aytib, uni ham shu ishni qilishga chorlaydi. Odam Ato ham taqiq bug‘doyini Havvoning undovi bilan yeydi. Amma bo‘g‘ziga kelganda ahdi yodiga tushadi. Hikoyatda Havvoda bunday bo‘lmaydi – u mevani to‘liq yegan.
Qur’onda Havvo
Havvo timsoli diniy manbalardan o‘sib chiqqan. Bugun she’riyatda ham ayol-qizlar Havvo nasli ekani ta’kidlanib, xatokor ekani urg‘ulanadi. Ayollar she’riyatida ham taqiq mevaga tashnalikka ishoralar kam emas. Aslida Qur’oni Karimda bu haqida nima deyilgan. Chindan ham Havvo obrazi insonning asl Vatani – jannatdan quvilishiga sababchi bo‘lganmi? «Toha» surasining 120-oyatiga diqqat qilaylik: «Bas, shayton uni vasvasa qildi. U: «Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va bitmas-tuganmas mulkni ko‘rsataymi?» dedi. (Robbing manavi daraxt mevasidan yeyishingni man qilgan bo‘lsa, sening abadiy yashashingni, mulking bardavom bo‘lishini xohlamaganidandir, bu daraxtning mevasidan yesang, hech o‘lmaysan, mulking yo‘qolmaydi, dedi.)» 212-oyatda esa: «Bas ikkovlari undan yedilar. Keyin avratlari o‘zlariga ochilib qolib, o‘zlarini jannat barglari bilan to‘sa boshladilar. Odam Robbiga osiy bo‘ldi va yo‘ldan ozdi». Islom dining muqaddas kitobida Odam va Havvo mevani birga yegani aytilmoqda. Havvo birinchi bo‘lib yegani, so‘ng Odam Atoni ham bunga undagani haqida gap yo‘q.
Yuqoridagi misollarda ehtimol muallif jinsi nuqtayi nazaridan ham ayolga ko‘proq ijtimoiy aybdorlik yuklangandir. Ehtimol bu qarashlarda tarixiy-patriarxal davr tushunchalari bordir. Bu bir achinarli taxmin xolos. Ammo nima bo‘lganda ham adabiyotda aks etgan qarashlar, fikrlar, tushunchalar insonlar tafakkuriga tez singadi. Adabiyotda ayollar obraziga ortilgan yuk nafaqat qarama-qarshi jins vakillari uchun, balki ayollarning o‘zi uchun ham hayotda reallashib borishi mumkin. Qur’onda gunoh uchun Odam va Havvo birgalikda mas’ul deb ko‘rsatilsa-da, adabiyot va boshqa diniy rivoyatlarda Havvo bosh aybdor sifatida talqin qilinmoqda. Bu tafovut adabiy tafakkurda ayolga yuklangan ijtimoiy-ma’naviy yuklarning farqini ochib beradi.
Mohidil ABDULLAYEVA
Vatandosh
Tarix
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q