Chegaradagi odam


Saqlash
14:28 / 11.09.2025 14 0

Qorajon – chegarada qolgan obraz edi. “Qorajon Alpomishga do‘st, o‘z onasi, akalari, Toychixonu alp sheriklariga maslagi o‘gay – ikki o‘t orasida yongan qahramon. Qorajon shaxsi oddiy mezonlar qolipiga sig‘maydi. Uni do‘st sifatida oqlovchi, “xoin” deb qoralovchilar ham asoslidek tuyuladi. Kishilik tarixida bir etnos quvvatga kirib yuksalganida, uning g‘ayriqutbi qartayib singanida, bir saltanat qad tiklab, boshqasi nuragan davrlarda qorajonlar hamisha bo‘lishgan. Ular quvvati sinayotgan etnos va nurayotgan saltanat vakili bo‘la turib, dushman – raqib etnos safida turgan. Aslida qorajonlar boshqaga mardikor bo‘lsalarda, mohiyatan o‘z xalqining teshasini chopgan toifaning timsoliy obrazidir. Chingizxon kelganidagi Mahmud Yalavoch, sho‘rolar davridagi Fayzulla Xo‘jayevlar Qorajon tipidagi shaxslardir. Qorajon qalmoqdagi to‘qson alpning biri. Surxayil mastonning kenja o‘g‘li. To‘qson alp orasida faqat Ko‘kaldoshgina kuch va mavqe jihatidan unga bosim kela oladi.

 

Qorajon akalari, boshqa alp sheriklaridan farqli podsholikdan 500 tillo maosh olib, qirq kanizu o‘n uch mahram tutib, Qag‘aton tog‘i, Kashal g‘orida ayiqday ayqirib yotishdan murod hosil bo‘lmasligini biladi. U bu xil alplikka qarshi. Qorajon tobora nurab borayotgan Kashal jamiyati halokatini sezib, unga “kunim o‘tdi, zo‘r davron”, deya xizmat qilayotganidan norozi. U Kashal etnosiga taxt egasichalik mas’ullik sezib kuyinadi.

 

Qorajon ruhan Alpomishga yaqin. Qorajonning asl niyati o‘z etnosi ravnaqiga xizmat qilish edi. Lekin mavjud vaziyat uni o‘z etnosidagi umumiy oqimga ters harakat qilishga majbur qiladi. Qorajonning fojeasi ana shu nuqtada. “Esiz, dunyoga bevaqt kelganida”. Bu yerda hamma gap tuzilayotgan yosh Boysun-Qo‘ng‘irot va qartayib buzilayotgan Kashal etnoslarining kelajagini kim qanday ilg‘ab, tushinib, tadbir ishlatishi ustida ketadi. Odatda har ikki tomon ham nimaiki qilishsa, o‘z mamlakatlari ravnaqi uchun kurashayapmiz, deb o‘ylashadi. Bu vaziyatda kim haqu, kim nohaq dabdurustdan aytish og‘ir. Hatto ko‘pchilik nazdida haq yo‘l xato ko‘rinadi. Xususan, kurash, bo‘linish arafasida turgan saltanat tarafdorlari to so‘nggi daqiqagacha o‘z davronlarining barbod bo‘layotganligini tan olmaydi. Borini tutishga harakat qiladilar. Urinishlari esa bosqichma-bosqich yo‘qqa chiqib boraveradi. Ana shunda ma’lum yon bosish, chekinish bo‘lsa-da, ularga nohaq ko‘ringan qorajonlarning yo‘li to‘g‘ri ekani aniq ko‘rinadi. Bu payt esa vaziyat o‘zgargan, zamon o‘tgan, yangi holat va talablar vujudga kelgan bo‘laveradi. Ular qaysarlarcha bu holatni ham tan olmaydilar. Alal-oqibat “kampir teshik tog‘ora bilan qoladi”.

 

Qalmoqning 89 alpi, podshosi Barchinni olmoqchi. Qorajon esa Barchin Alpomish bilan ketsin, deydi. Alpomishga yordam beradi. Borib-borib o‘zi ham Boysun-Qo‘ng‘irotga muhojir bo‘ladi. Qorajon Kashal saltanati zavolini aniq sezib shu yo‘lni tutadi. O‘g‘illariga ishonib katta og‘iz bo‘lib qolgan onasining bepisandligi, o‘jarligi, kuch bizda deb “qonundan tashqari” yurgan alplarning manmanliklari Qorajonning dardi edi. Onasining Chilbir cho‘liga – Boysaribiy oldiga borayotganini ko‘rib, uning ko‘nglidan kechgan o‘ylar buni isbotlaydi.

 

Qorajon ishonuvchan, tabiatan ko‘ngli toza, g‘irromligi yo‘q yigit. Onasining eliboylarning qiziga seni unashtirib keldim, deganiga ishonib kulgili ahvolga tushishi shundan. Qorajon sabrli, aqlini to‘xtatib olgan mag‘zi butun inson. U Alpomish bilan ilk uchrashganida ikki alp so‘z talashadi. Shunda Alpomishning “axmoq, badbaxt degan so‘zi Qorajonga juda o‘tib” ketganida o‘zi-o‘ziga:

 

 “Injilma, ko‘nglim, sabr ochar,

 Besabrdan davlat qochar,

 Davlat eshigin sabr ochar,

 Injilma, ko‘nglim, sabr ayla.

 Kelma meni, mal’un bosib,

 Qilma jannatni benasib.

 Ochilmayin guling so‘lsin,

 Mal’un shayton, bo‘yning sinsin,

 Meni buncha sherdil qilma,

 Do‘st bo‘lganimni ne bilsin.

 Kelmagin, mal’un yanashib,

 Ketibman aqlim shoshib,

 Menman bo‘libman adashib,

 Bu so‘zlarga aqlim shoshib,

 Ketmayin daryoday toshib,

 Injilma, ko‘nglim, sabr ayla»

deb taskin beradi.

 

Qorajonga sabr shunchaki jilov tutib qo‘ygan emas. U avvalo o‘z hislarini qo‘lga olgan, o‘z kuchi, imkoniyatini chog‘lab sinagan, “holini bilgan horimas” aqidasini tuygan, o‘z-o‘zini anglagan alp. Aslida nuragan saltanati imorati qorajonlar ustiga qulaydi. Shunda, qorajonlar yer ostiga tushgan urug‘ga aylanadi. Nuragan etnos aynan qorajonlar yelkasida qayta qad tiklash imkonini saqlaydi. Tarixda buning misollari ko‘p. Qorajonni Kashalning cho‘kayotgan avlodi inkor etdi. Kashal torlik qilgan Qorajonni Boysun-Qo‘ng‘irot ham sig‘dirmadi. Ultontoz uni Olatog‘ga surgun qildi. Toki Alpomish qaytguncha elga aralasha olmay yurdi.

 

Alpomishning alpomishligi shundaki, u Qorajonga ishondi, tayandi. Taqdirini “gardkam” garovga qo‘yib, poygada Boychibor jilovini Qorajonga topshirdi. Bu motivni tarixiy voqelikka qiyos qilsak, ushbu o‘rinda qad tiklayotgan etnos quvvati, qartaygan etnos quvvatini o‘ziga qo‘shib taraqqiyot yo‘liga chiqishi ifodalanganligini ko‘ramiz. Qolaversa, chinakam alp odam ayirmaydi. “Ayirgan ayriladi” aqidasiga amal qiladi. U o‘z etnosi quvvatiga yelkadosh barcha kuchlarni jamlashga intiladi. “Birni aka, birni uka” deb shu yo‘lda kurashadi, orqaga qaytmaydi. Alpomishning boshqa “olomonchilar”dan farqi, oqilligi ham shunda. Lekin alp izmini o‘zga quvvatlarga qaram qilib qo‘ymaydi. Aks holda qurayotgan imorati qulaydi.

 

Alpomish zindonda vaqti Qorajon Qaldirg‘ochning o‘tinchi bilan Alpomishni izlab Qalmoqqa bordi. Do‘stini zindonda topdi. Choh tepasida o‘zini bildirdi, qutqargani kelganini aytdi. “Alpomishning ko‘ngliga keldi: “Boyqish bekor kelibdi, buning nima quvvati, nima g‘ayrati bor ekan meni zindondan tortib olib ketadigan”, – deb turdi.

 

Ipak arqonni zindonga tashladi. Alpomish beliga bog‘lab oldi, Qorajon chirpinib tortdi, Alpomish qarasa, Qorajonning tortib olib ketguday g‘ayrati bor. Alpomish turib aytdi: “Bu zindondan tortib olib ketib qoladi shekilli. Zindondan chiqarib olib borar, elda ma’raka – majlis bo‘lar, bir toshib gapirib o‘tirgan vaqtimda, “zindonda chirib ketadigan odam eding, falokatdan qutqargan faqir-da”, – deb betimga ulgu qilib yurar”, – deb orqqasini berib, oyog‘ini tirab turdi. Alp Qorajon chirpinib tortdi, ipak arqon uzilib ketdi, Alpomish zindonga tushib ketdi…”.

 

Qo‘rg‘on baxshilari aytgan variantda Alpomish va Qorajonning shu vaziyatda aytgan quyidagi so‘zlari nihoyatda ibratli:

 

“Qorajon:

 –Do‘stim ko‘ngling yirik ekan.

 Alpomish:

 –Qorajon, arqoning chirik ekan”.

 

Alpomishning Qorajon madadidan voz kechishi tabiiy hol. Chunki bu, yana Kashal oldida “tili qisiqlik”ni tug‘dirardi. Aksincha, Alpomish qiyinchiliklarni o‘zi, yaqinlari yordamida yengishi shart edi...”

 

Shomirza TURDIMOV

 “Etnos va epos” kitobidan

 

P.S: Tarixda taqdir chegaradagi shaxslar zimmasiga o‘ta muhim missiyalarni yuklagan holatlar ancha. Bu shaxs o‘zi payvand bo‘lgan etnosga singishsa, etnos va o‘zi o‘rtasiga chegara tashlamasa, yuklangan vazifaning uddasidan chiqadi. Etnos tarixida shu etnos vakili bo‘lib qoladi. Yorqin misol I.Stalin. Rus-sovet subetnosining vakili sifatida saltanat tepasida uzoq muddat turdi. I.Stalin o‘zini “ruscha tafakkur vakili” deb aytar edi, shunday bo‘ldi ham. Usmonli turk saltanatidagi aksariyat yanichar sardorlar, rus lug‘atshunosi V.I.Dal ham shu qatorda turadi.  Ammo chegarada qolib ketganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi Avazxon ham o‘zini Chambil etnosining chinakkam vakiliman, deb ishontirtirgan, Go‘ro‘g‘li shunday deb bilgan edi. Ammo Ahmad Sardor boshliq kuchlar Avazxonning ana shu og‘riqli “nuqtasiga” bosim o‘tkazib, Go‘ro‘g‘li saltanatiga rahna solishga intiladi. Turkumning bir necha dostonlari aynan ana shu qarama-qarshilik o‘zagiga qurilgan. “Chegaradagi odam” har qanday etnosdagi og‘riqli muammo. Chegarada qolish esa har qanday shaxsni alal-oqibat sindiradi...

 

Muallif

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:09 / 10.09.2025 0 111
Afsonaga aylangan shoir

Tarix

16:09 / 09.09.2025 0 172
O‘rgina Xotun – Buyuk Chigʻatoy malikasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//