Estrada oʻrnini repga boʻshatib beryaptimi? Maishiy mavzulardan uzoq, ijtimoiylashib borayotgan oʻzbek repining bugungi qiyofasi


Saqlash
16:08 / 30.11.2022 2331 0

Oʻzbek tili bayrami kuni Shohrux repper 15 yillik yubiley konsertini berdi. Oʻn–oʻn besh yil avvalgi xotiralarni qoʻmsaganlar “Humo arena”ga oshiqdi. Bir tarafi, bu bekorga emasdi, degan xayolga bordim – konsert uchun tanlangan kunni aytmoqchiman. Yana bir yosh repper Shaka esa oʻsha bayram kuni gʻalatiroq tabrik (eʼtirof, soʻz oʻyini, mulohaza – buni aynan qanday atash kerakligini bilmayman) yoʻlladi. Feysbukdagi shaxsiy profiliga qoʻyilgan bir necha soniyalik videolavhada tilla topgandek ikki yonga qarab olib, “Bu kimning tili? Bu mening tilim!” dedi u. Bu bilan ular nima demoqchi edi?..

 

Har til bayrami arafasida tarmoqda Afgʻoniston shimolidagi oʻzbek qizchasining sheʼri tarqaladi: Boburlar tili bu, sultonlar tili bu, xoqonlar tili bu... Inja talaffuz bilan urgʻularni bizdagidan boshqacharoq qoʻyayotgan qiz hech toʻxtamay oʻzbek tili kimniki ekanligini sanab ketaveradi. Shakaga esa bu tilning “xoqonlar tili” emas, oʻz tili – repperniki ekani muhim: “Bu mening tilim!”

 

Buni repperdan eshitish sizga erish tuyulishi mumkin, biroq bu normal holat. Chunki «repper bilan shoirning farqi yoʻq» (qoʻshtirnoqqa olingan gap oʻzbek repperi Massaning Asl Vayn bilan ijro etgan “Bu yoʻl” trekidan) va demakki, repper shu tilni boshiga koʻtarishi zarur va shart.

 

Rep nisbatan yosh janr, uning qachon, qayerda, kim tomonidan va qay holatda yaratilganini aniq aytish mumkin: 1973-yil 11-avgust, AQSH – Nyu-Yorkning Bronks qismi, di-jey Kul Herk. Uslub aynan qora tanli amerikaliklarga xos edi. Afrikadan keltirilgan qullar asriy anʼanalariga koʻra baraban kabi cholgʻu yordamida jamoaviy marosimlar oʻtkazgan, ritm matnga ergashgan.

 

Demakki, Kul Herk Amerikani qayta kashf etmagan, qonida oqayotgan qadimiy ohangni zamonaviy janr sifatida sintez qilgan. U boshlab bergan yoʻnalish matn ustiga qurilgandi, soʻzlar esa ming yillar davomida Afrika qabilalari aʼzolarini marosimlar, ov, yigʻim-terim kabilarda birlashtirgani, zerikarli va ezgin vazifani osonlashtirgani, ruh bergani kabi kayfiyatda edi. Koʻp oʻtmay magnit tasma Amerikaning qora tanli aholisi uchun ham qoʻl yetadigan matohga aylangach, rep ommalashib bordi.

 

Koʻpchilik Hip-Hop submadaniyatini (rep shuning bir qismi sifatida koʻriladi) Amerika jinoiy olamiga bogʻlaydi. Bu tanganing bir tarafi xolos. Ha, Ozodlik haykalining vatani, yer yuziga demokratiya urugʻini sochish bilan shugʻullanuvchi (erk eksportyori) Amerikaning qora koʻchalaridagi qora fuqarolarining qoramtir qismatidan oʻsib chiqqan janr bu. Toʻpponcha, otishmalar, qora tanli odam qismati, xoru zorlik, yoʻqotilgan bolalik, koʻcha qoidalari, kayf-safo, yengiltak ayollar, yengil hayot, yengil pul, yengil mashina, qisqa aytganda, gangsta rep shu mavzular va nomaqbul leksika orqali oʻzini yer yuziga tanitdi va mashhur boʻldi.

 

Ayniqsa, 90 yillar repperlari musiqa sanoatining misli koʻrilmagan mashhur kishilariga aylandilar. Ular davrning ideallari sifatida televizorlarda – musiqa kanallarida tinimsiz uzatilardi. Notorious B.I.G., Tupak Shakur, Ice Cube, Dr. Dree, JayʼZ, Snoop Dog, Coolio, Eminem, 50 cent va boshqalar oʻz matni, musiqasi va qiyofasi bilan odamlarni repga “kasal” qilishdi.

 

Oʻsha 90 yillar xitlari repni butun dunyoga, xususan, Oʻzbekistonga ham yoydi. Ilk oʻzbek repperlari paydo boʻla boshladi, bu boshlangʻich toʻlqin boʻlgani tufayli ularning qoʻshiqlari Amerika va rus repperlariga taqlid edi. Masalan, Radius 21ning ilk treklarini bunga misol keltirish mumkin.

 

Ammo Radius 21ning keyinchalik yaratgan “Shekspir monologi”, “Tungi kapalak”, “Drama” kabi qoʻshiqlari uning zamon kayfiyatiga chizgilari, professional ijod edi. U bilan yelkama-yelka chiqqan Shoxrux, Shahriyorning ham davr nuqtayi nazaridan mavzu boʻla oladigan treklari koʻp, qizigʻi, repperlar oʻzbek estradasi mavzular doirasini kengaytirdi. Yaʼni olib chiqish uchun sevgi-muhabbatdan boshqa narsalar ham bor ekani, real dunyo, shundoqqina burnimiz tagidagi dunyo oʻzbek estradasi kuylagani kabi oppoqqina-yumshoqqina va oson emasligini, rang-barang, xususan qoramtir ranglardan iborat ekanini anglatishdi.

 

Shoxruxning “Balandda”, “Bolaligim”, “Xato”, Shahriyorning «Kel money», “Doʻstmisan” treklari bilan tili chiqqan bolakaylar hozir oʻspirin. Xuddi oʻsha bolakaylar kabi oʻzbek repi ham oʻzining oʻspirinligini ortda qoldirib navqiron yoshga oʻtmoqda.

 

Bir safar Kulioning “Gangsterlar jannati” (Gangsta Paradise) treki mazmuniga qiziqib, matnini oʻqigandim, oʻshanda intellektual odamgina kuzatib yozishi mumkin boʻlgan holatlarga duch kelib lol qolgandim: uni (repperni) koʻcha tarbiya qildi, televizor qarshisida ulgʻaydi va endi u orzulari ketidan tinim bilmay yuguradigan odamga aylangan, shu bois uning oʻrni oʻziga oʻxshagan takasaltanglar orasida. Repper oʻzining 23 da ekani, 24 yoshdan umidi yoʻqligini aytarkan, unga achinasiz. Achinish barobarida, u sizning qahramoningizga aylanadi: och-yalangʻoch, yovvoyi koʻcha farzandi, oʻta keskin va berahm jamiyatda (bu jamiyatda oʻrmon qonuni ustuvor) oʻrnini topish va haqqini ayirib olish uchun hamma narsaga tayyor, jon olib jon beruvchi bahodir. Darvoqe, Kulio oʻzi aytganidan ancha uzoq vaqt yashadi va shu yili, ellik toʻqqiz yoshida vafot etdi.

 

Hozirgi bolalarga eʼtibor qiling, ular Kulio aytganidek televizor tomonidan tarbiya qilinmayapti, balki qoʻllarida smartfon bor: endi ularga ertakni ham, allani ham, multfilmni ham YouTube juda katta tanlov imkoniyati va cheklovlarsiz koʻrsatadi. Xususan, zamonaviy repperlar ham oʻz ijodini davlat, xususiy telekanallarga eltib musiqiy muharrir nima deyishi haqda oʻylab bosh qotirmaydi. Masala internet, ijtimoiy tarmoqlar, asosan YouTube orqali oddiygina hal etiladi. Xuddi shu kabi oʻzbek repperlari ham asosan, shu yoʻlni tanlashgan. Va bugun minglab yoshlar ularni eshityapti. Xoʻsh, bugun koʻpchilik tomonidan eshitilayotgan nechta oʻzbek repperi bor, ular qaysi mavzularni tilga olyapti? Mavzu maydoni avvalgilaridan kengaydimi, matnga urgʻu qanday?

 

Shahriyor bir koʻrsatuvda oʻzbek repi ishonchli qoʻllarda deydi. Bu gap ikki repperning ismi sanalganidan soʻng aytilgani holda u qadar tahrir talab qiladi deb boʻlmaydi. Yosh oʻzbek repperlari koʻp va erkin, ularni oʻzidan boʻlak hech narsa toʻxtata olmaydi, bu hol odamga umid beradi. Ular orasida Konsta, Shokir, Massa, Timur Alixonov, Abbos Sulaymonov, Shaka kabilar taniqliroq.

 

Misol uchun Massa mavzu va imij jihatidan gangsta repper. Kliplari yorqin: «sportivniy» muallif, diskalari oltinrang neksiya, milliy atmosfera – naqshinkor bino, chopon, patqalam, tinimsiz harakat qilayotgan yigitcha. Matn qoʻpol va dangal: “yo hamma narsa, yo hech narsa”, “orzuga erishish uchun tinimsiz harakat qil”, «shoir va repperning farqi yoʻq, demak repper oʻz matnini oʻzi yozishi kerak», “men oʻzbek tilini rivojlantiraman”. “Boy boʻl, yo shu yoʻlda oʻl” (Get Rich or Die Tryinʼ) deb tarjima qilinuvchi ilk albomi muqovasida boʻyniga zanjirga ilingan xoch osib olgan «kachok» Fifti (50 cent) brutal qiyofasi bilan sayyora odamlari tasavvurida haqiqiy repper, omadi chopgan gangster qanday boʻladi, degan savol oʻrnini bosadigan tasavvur bergandi. Oʻsha qiyofa nuqsi Massada ham koʻrinadi. Massa – “koʻcha bolasi”, fikrni hech qanday qolip va gulqogʻozga oʻramay aytib qoʻya qoladi. Oʻzining ijodini esa “oʻzbek koʻcha sheʼriyati” deb ataydi.

 

Bola,

Qaysi ish qilsang ham

Mehnat tanlama

Lekin aqliy mehnatni jismoniydan

Ustun qoʻyma

Toʻqqizdan oltigacha ishlashga

Boʻlma obuna

Oʻzgartirging kelsa hayotni

Boʻlaman namuna.

(Massa, “Hammasi”)

 

Sheʼr adabiy nuqtayi nazardan biroz tartibga keltirildi va bu u qadar muhim emas. Chunki, repper oʻz dialektidan kelib chiqib rep oʻqishi norma sifatida koʻp mamlakatlarda qabul qilinadi va buni hurmat qilish kerak. Yuqoridagi matn motivatsion ruhda. Yo hamma narsaga erish, yo hech narsaga. Hech nimang yoʻq, demak tinimsiz harakat qilishga majbursan. Mehnat qil. Yoʻl och. Orzu bilan emas, natija bilan yuksalasan. Trekdan taxminan shunday xulosalar qilish mumkin.

 

Koʻzim oldidan oʻtdi may,

Koʻzim oldidan oʻtdi yoz.

Harakat qildim tinmay,

Lekin erishganim oz.

Yetti kunim birday, afsus,

Hayotim oddiyroqlaridan-ey.

Nima yoʻqotsam ham

Yoʻqotmadim irodamni.

(Konsta, Shokir “Chumoli”)

 

Oʻzbek repperlari orasida kashf qilinishi va hurmat qilib eshitilishi zarur boʻlgani – Shokir. Eshitgan sari ovozining zoʻr ekani, musiqiy bilimi borligiga amin boʻlasan kishi. Uslub yuzasidan ham oʻziga xos, biroq bizga muhimroq boshqa holat – matn tomonlama taftish qilsak: “Yomon” degan treki Youtubeda bir oy davomida deyarli 50 ming koʻrishga yetgani uning yomonmasligidan dalolat. Naqorat qismida kimga murojaat borligini odam anglamay qolishi mumkin, ammo asosiy qismda holat oydinlashadi:

 

Ey,

oʻrtogʻing

kim ekanligini

tushunvolgin.

Shoshilib,

yugurib yur,

oʻzingni bosvolgin.

Ertalabdan

toza xayol bilan

uyqudan turib

Yaxshi niyat bilan boshla

hayotning yangi dasturin.

 

Qizigʻi, bunda hayotga rostmana, tik va optimistona qarash bor, bundan tashqari oʻn besh yashar oʻspirin oʻzlashtirishi zarur boʻlgan tarbiya ham: har kuni hayotni qaytadan yangi quvvat bilan boshlash lozimligi, nigilistlikni chetga surish va suyanishga hech narsa izlamaslik kerak ekani.

 

Oʻzbek repidagi muhim xususiyatlardan biri bu vulgar soʻzlarning kam qoʻllanilishi – treklarda birovni haqorat qilish, nafsoniyatiga tegadigan soʻkishlardan tiyilish seziladi (hatto Massada ham), aslida bu repning xususiyati oʻlaroq koʻp millatlarda qabul qilingan. Demak, bu holatni hurmat qilish va ishlatilgan jargonlarga imkoni boricha eʼtibor bermaslik lozim. Jargon – koʻcha tilini ifodalaydi, koʻchadan olingan soʻz koʻchada tez hazm boʻlib ketadi, ammo, rosti, gʻirt adabiy tildagi sheʼrlarni ham repga aylantirish tajribalari koʻp. Masalan, rus repperi 43ai ning Yesenin, Brodskiy, Rojdestvenskiy sheʼrlarining rep talqini doimiy aylanadi. Bu treklar lirika bilan toʻyingan, matn jihatidan magʻzi butun, tilga nisbatan professional yondashuvga ega. Shokirning “Kabutar” trekida ham lirik his (!) bor:

 

Yuragimni bosib

ogʻritar,

Xayolimga rosa ham

kelar,

Lekin abadiy unutar

Uchib ketgan mandan

kabutar.

(Shokir, “Kabutar”)

 

Shokirning replari xuddi badiiy fotografning ishlari kabi – lahzani tutib qolish birinchi oʻringa koʻtarilgan. Uning qahramoni, mavzusi ichidan oʻtayotgan hislar va ular chin shoir shuuridan oʻtadi. Aslida repdan lirik qahramonni izlashning keragi yoʻq. Repda ijtimoiylik kuchli, muammolarga urgʻu berish janrning asosiy belgilaridan hisoblanadi. Rep jamiyat yuziga oyna tutadi, masalan, estrada uchun gʻirt begona boʻlgan oʻzbek gasterbayteri hayoti keskin, shafqatsiz ifoda, alamzadalik va agressiya bilan ochib berilishi mumkin, ammo bunda lirik qahramon boʻlmaydi. Darvoqe, Konsta ijodida oʻzbek gasterbayterining hayoti ifodasi juda koʻp. Konstaning koʻpchilik sevgi haqida deb oʻylaydigan “Gulim” treki aslida Gulistonga, Vatanga atalgan.

 

Endi ona vatanga

tanga

tashib charchadim

dangal,

Changga

botib ter toʻkaman,

lek hamon

dangasaman

otangga.

Sogʻindim ovozingni,

bu bolaligim ohangi,

har narsaning oʻz gali bor deyisharkan,

demak,

hali koʻp kutaman gal...

 

Konstaning yana bir qoʻshigʻi bor – “Chekish oʻldiradi”. Trekda repper chekish unga zarur ekanini aytadi va bunga sabab qilib quyidagini keltiradi:

 

Bu shaharim qotil,

Orzularimni oʻldirmoqchi.

Miyamni boʻsh qilib,

Oshqozonimni toʻldirmoqchi.

Toʻrt tarafing qibla, lekin

Uchta yoʻlda soqchi.

 

Trekda turgʻun odamning absurd dunyosi bor va tan olish kerak, koʻpchilik shunday hayot kechirmoqda. Orzular ketidan ergashish, oʻsha yoʻlda ter toʻkish va nimalargadir erishish oʻrniga miyani boʻm-boʻsh qilib, moddiy ehtiyojlarni qondirib yashash tarzi – bu har qanday uygʻoq odamni larzaga keltiradi, biroq ming chiransang ham, yaʼni “toʻrt tomoning qibla” boʻlishiga qaramay bitta yoʻling ochiqligi chekkaga oʻtib chekishga majbur qiladi.

 

Texnologiya rivoji repperlar seleksiyasini ancha tezlashtirdi. Musiqa yaratish, trekni yozib olish va ommaga yetkazish oson va qulay. Bundan tashqari, energiya qabuli ham, oʻz musiqangni sahifangda eʼlon qilding va zum oʻtmay muxlislaring topiladi: yo olqishga koʻmilib, rosmana repper hayotini boshlaysan, yo xatolaringni eshitib, matn va texnika ustida ishlaysan. Ammo bir muhim narsa bor: isteʼdod isteʼmolchi (oddiy xalq)ni ergashtiradi.

 

Rep nafaqat boshqa musiqiy janrlardan ustun, balki boʻlak sanʼat turlarining qoʻlidan kelmagan vazifalarni bajara oladi, uning imkoniyatlari keng va bundan toʻliq foydalanish zarur. Vatan haqidagi, hayotiy prinsiplar, axloq, ota-ona, oʻzlik, anglash haqidagi samimiy, goʻzal va ayni paytda real mulohazalarga, ideyalarga odamlar muhtoj, buni esa bemalol rep orqali berish mumkin. Demak, hali bu mavzudagi munosabatlar ham koʻpayib borgusi.

 

Alisher FAYZULLAYEV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//