
Adabiyot
To‘qson ikki bovli o‘zbek urug‘laridan turklar Jizzax vohasi bo‘ylab keng yoyilgan. Ular boshqa urug‘lardan farq qiluvchi urf-odat va an’analarga ham ega. Jizzax vohasi Rusiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, turli etnografik ekspedisiyalar tashkil etilgan. Jumladan, turk guruhi haqida ham qimmatli ma’lumotlar yozib olingan. Ayniqsa, harbiy zobit Afanasiy Grebenkin ma’lumotlari alohida ahamiyatga ega.
Turklar nihoyatda yopiq hayot kechirgan, nikoh ham faqat o‘zaro tuzilgan. Kelinga qalin sifatida sakkiz boshdan yuz boshgacha qo‘chqor yoki shu miqdorga teng pul to‘langan. Ammo ba’zida qalinsiz ham turmush qurganlar. Turk urug‘i ayollari yuzini yashirmagan (Grebenkin A. Uzbeki. Russkiy Turkestan // Sbornik statey. Moskva, 1872. Str. 78-80). Qalin puli boshqa o‘zbek urug‘larida ancha yuqori bo‘lgan. Qalin berolmagan kuyov qiz xonadonida ishlab berishi kerak edi. O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning turkiy xalqlari orasida qalin puli to‘layolmagan kuyov “kuchkuyeye” – “ishchi kuyov” (qirg‘izlarda); “ko‘chkuyov” – “ko‘chib kelgan kuyov” (qarluqlarda), “ichkuyov” (qo‘ng‘irotlarda) deb atalgan (Kislyakov N. Ocherki po istorii semi i braka u narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Leningrad, 1969. Str. 96).
Har bir turkiy ayol o‘z iqtidori doirasida alla, o‘lan va yor-yor aytgan. D. Grebenkin o‘z tadqiqotlarida turk ayollari orasida qo‘shiq va lapar (o‘lan) aytish musobaqalari keng tarqalganini ta’kidlaydi. Turk urug‘i o‘zbek urug‘lari orasida mintaqada qadimdan yashab kelayotgan turkiy urug‘ bo‘lib, ko‘plab urf-odatlari fors tilli xalqlar urf-odatlari bilan yaqin hisoblanadi. Elshunos olima Balqis Qarmisheva ana shu jihatlarni chuqur tadqiq etgan. Oilaviy urf-odatlar va an’analar o‘troq o‘zbek-tojik aholisi bilan ko‘p umumiyliklarga ega edi. Asli dashtiqipchoqlik o‘zbeklar va turklarning to‘y marosimlarida ko‘pgina umumiy xususiyatlar bilan bir qatorda jiddiy farqlar ham bo‘lgan. Turklarda ham, o‘zbeklarda ham levirat nikohi qat’iy hisoblangan, sororat nikohi esa ixtiyoriy edi (Karmыsheva B. Etnograficheskaya gruppa “tyurk” v sostave uzbekov // Sovetskaya etnografiya. 1960, №1. Str. 2-21).
Farzand dunyoga kelishi bilan bog‘liq marosimlar ham rang-barang bo‘lgan. Eng avvalo, chaqaloq qulog‘iga azon va takbir aytilgan. Azonni chaqaloqning otasi, bobosi yoki qishloqning yoshi ulug‘, obro‘li oqsoqoli, mulla aytgan. O‘tmishda bolalar, ayniqsa, chaqaloqlar orasida turli xil kasalliklar va o‘lim holati ko‘p kuzatilgani ma’lum. Chaqaloqlar hayotini saqlab qolish, ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash maqsadida turli xil choralar ko‘rilgan, har xil urf-odatlarga amal qilingan. Chaqaloqqa kiygiziladigan dastlabki kiyimga alohida e’tibor berilgan. Go‘dak tug‘ilishi bilan doya uni bir enlik eski matoga o‘rab olgan. Chaqaloq uch kunlik (ayrim qishloqlarda to‘rt-besh kunlik) bo‘lgach, ilk kiyim – qirq kunlik “chilla ko‘ylak” kiygizilgan. Boshqa viloyatlarda chaqaloqning chilla ko‘ylagi “musulmon kipta”, “ko‘ynakcha”, “kurtacha” va boshqa nomlar bilan atalgan (Rassudova R. Tradisionnaya odejda narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva, 1989. Str. 142-144).
Chaqaloqning sochi bir yoshga yetgandagina olingan. Birinchi soch – “qorin soch” deb atalib, uni olish ham bir marosimga aylangan. Agar chaqaloq qizbola bo‘lsa, otinoyi yoki doya, yoshi ulug‘ kampir, o‘g‘ilbola bo‘lsa, mulla yoki yoshi ulug‘ chol taklif etilgan. Ular bolaning peshonasidagi sochga qaychi tekkizib bergach, chaqaloqning otasi yoki yaqin qarindoshlari ishni yakuniga yetkazgan. Xonadon egalari soch olish marosimi mehmonlariga sovg‘a-salom ulashgan. Boy xonadon egalari mulla yoki otinoyiga to‘n, qimmatbaho mato va pul, oddiy xonadon egalari belbog‘ va do‘ppi bergan. “Qorin sochi” biror panaroq joy – qalin bargli daraxt (chinor, sada) kavagiga berkitilgan, ba’zi qishloqlarda mevali daraxt (uzum, olma, o‘rik) tagiga ko‘milgan (Yo‘ldosheva G. Nurota vohasi ayollarining an’anaviy kiyim va taqinchoqlari (XIX asr oxiri – XX asr boshlari): T.f.n. ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent, 1995. 98-bet).
Vohada keng tarqalgan qadimiy odatlardan biri – kokil qo‘yishdir. Chaqaloqlarning tug‘ilib yoki bir-ikki yoshda vafot etishi kuzatilgan taqdirda ushbu udum ado etilgan. Bunda, yangi tug‘ilgan farzand o‘g‘il bo‘lsa O‘lmas, Tursunboy kabi, qiz bo‘lsa O‘lmasoy, Tursunoy singari ismlar qo‘yilgan. Agar o‘g‘il farzand halok bo‘lsa, keyingi tug‘ilgan o‘g‘il farzand qizbola ismi bilan chaqirilib, boshining orqasida kokil o‘stirilgan. Bu holat birinchi muchal yoshga kirgunicha davom etgan. Farzandga atab biror ziyoratgohga borib, jonliq qurbon qilingan. Soch ham o‘sha vaqtda olingan va farzand o‘g‘ilbolalar ismi bilan chaqirila boshlagan (dala-etnografik tadqiqotlarda o‘smatlik 64 yashar Mamatqul Karimovdan yozib olindi).
Vohaning boshqa hududlarida yangi tug‘ilgan bolaning “qorin sochi” olinayotgan kuni biror muqaddas mozorga nazr atab qo‘yilgan. Kokil qo‘ygan bolaning otasi shu kundan boshlab “xudoning qarzdor bandasi” hisoblanib, bolasi 7 yoshga (xudoyi qilib berishga qurbi yetmagan oilalarda 12-13 yoshga) to‘lgandan keyin mozorda qo‘y yoki echki so‘yib, xudoyi qilgan. Bolaning sochini mozorning shayxi olgan. Shu tariqa ota qarzdan xalos bo‘lgan. Olingan sochni ko‘p yillar farzand ko‘rmagan, bolasi tug‘ilib yoki tug‘ilmay nobud bo‘lgan, kasallanib vafot etgan ayollar olib ketgan (“Nurota vohasi ayollarining an’anaviy kiyim va taqinchoqlari”, 99-100-betlar).
Manbalarga ko‘ra, har bir urug‘ o‘zining muqaddas ziyoratgoh, qadamjo va mozoriga ega bo‘lgan. Masalan, Zomin tumani Beshbuloq qishlog‘i turklari Qoplon ota, Baxmal turklari Bog‘imozor ota, O‘smat turklari O‘smat ota ziyoratgohlarida ana shunday marosimlarni o‘tkazgan. Bugungi kunda ham ushbu urug‘ mansublari, mamlakatimizning qayerida yashashidan qat’i nazar, vaqti-vaqti bilan ana shu ziyoratgohlarga kelib, jonliq so‘yib, xudoyi qiladi.
Voha xalqlari aza va dafn marosimlariga ham puxta tayyorgarlik ko‘rib borgan. Har bir insonni “o‘limlik” kiyimi, ya’ni kafanligi oldindan hozirlab qo‘yilgan. O‘zbeklarda vafot etgan ayol bo‘lsa, marhumani yoshi ulug‘ eng yaqin ayol qarindoshlaridan biri yuvgan, unga ikki ayol ko‘mak bergan. Vohadagi boshqa musulmon xalqlari singari o‘zbeklarda ham marhumni toq sonli guruh (uch yoki besh kishi) yuvgan. Turk urug‘lari orasida marhumlar uchun bir necha xotirlash marosimi o‘tkazilgan. Dafn marosimi kuni erkaklar ham, ayollar ham baland ovozda ko‘ksiga urib (sadr tepish) yig‘lab motam tutgan (“Etnograficheskaya gruppa “tyurk” v sostave uzbekov”, 2-21-betlar).
Aza marosimi bilan bog‘liq urf-odatlar asosan ayollar o‘rtasida kuchli bo‘lgan. Buni kiyinish bilan bog‘liq udumlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Azador ayollarning kiyimi mato rangiyu sifati hamda tikilishiga ko‘ra alohida ajralib turgan. Ko‘ylak uchun ko‘k, yashil, havorang yoki to‘q kulrang, paxtadan to‘qilgan matolar tanlab olingan. Aza ko‘ylagi marhumning yili chiqquncha kiyilgan va bu odat “ko‘k kiydi” deb atalgan. Marhumning yaqinlari ko‘k kiyimni unga hurmat yuzasidan bir yilga yaqin kiyib yurgan bo‘lsa, uzoq qarindoshlari bir oygacha gulsiz matolardan, uch oygacha mayda-mayda gulli paxtali matolardan libos kiygan. Eri yoki o‘g‘li vafot etgan ayollar to‘q ko‘k yoki qora rangli ko‘ylakda yurgan (“Nurota vohasi ayollarining an’anaviy kiyim va taqinchoqlari”, 82-83-betlar).
Azador xonadondagi ayollar marhumning “yettisi”gacha bosh, kir yuvishi mumkin bo‘lmagan. Beva qolgan yoki farzandi vafot etgan ayollar sochini yoyib yurgan. Marhumning yaqin qarindoshlari bir yilgacha pardoz qilmagan, taqinchoq taqmagan. Marhumning “qirqi” o‘tgach, ayollar oq ro‘molini yechgan. Marhumning yili toq oylar – 7, 9 yoki 11-oyda o‘tkazilgan. Bu marosimda azador ayolning ko‘k ko‘ylagi to‘plangan ayollar oldida yechilib, yirtilgan. Yoshi ulug‘ otinoyi aza tutgan ayolga oq yoki boshqa rangli matodan ko‘ylak kiydirgan. “Oq kiydi” udumi azadan chiqishni bildirgan. Xullas, xalqimiz qadimiy an’analarga sodiq bo‘lib kelgan. Turli voqea-hodisalar xalq tajribasini orttirib borgan va uning urf-odat, an’analarida o‘z aksini topgan.
Muzaffar SUVONQULOV,
Guliston davlat universiteti tayanch doktoranti
“Tafakuur” jurnali, 2025 yil, 3-son
“Turkona udumlar” maqolasi
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q