Stanford tadqiqoti: Fikrlarni 74 foizgacha aniqlikda matnga o‘giradigan miya chiplari qanday ishlaydi?


Saqlash
09:46 / 11.09.2025 79 0

Oylaringiz, his tuygularingiz va fikrlaringizni hali ifoda etmasingizdan oldin boshqalar oqib olishi mumkin deyishsa aniq ishonmaysiz. Ammo ilm-fan buning ehtimoli bor ekanini tasdiqlamoqda. Yaqinda Stanford universiteti olimlari inson miyasi faoliyatini o‘qiy oladigan yangi chip ustida o‘tkazgan tadqiqot natijalari e‘lon qilindi. Unga ko‘ra, ushbu implant inson miyasidagi fikrlarni 74 foizgacha aniqlikda matnga ko‘chirish imkonini berdi. Olimlar ta’kidlashicha, bu texnologiya kelajakda gapirolmaydigan odamlarga fikrini erkin ifodalash imkonini berishi mumkin.

Miya chiplari – inson miyasiga joylashtiriladigan maxsus elektron qurilma bo‘lib, u neyronlar faoliyatini o‘qib, kompyuter yoki boshqa qurilmalarga uzatadi, yani, miya va texnologiya o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanadi.

Miya chipi (Brain-Computer Interface – BCI) tushunchasini 1973-yilda birinchi bo‘lib AQShlik olim Jacques Vidal fanga kiritgan. U kompyuterni miya signallari orqali boshqarish tajribalarini o‘tkazgan.

Stanford universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot brain-computer interface (BCI) deb ataluvchi maxsus implant yordamida insonning “ichki nutqi”ni – ya’ni aytilmagan, faqat o‘ylangan so‘z va jumlalarini matnga aylantira oldi.

Tadqiqot davomida ishtirokchilardan gapirishga urinish yoki so‘zlarni faqat ichlarida takrorlash so‘raldi. Har ikki holatda ham nutq bilan bog‘liq miya qismlari faollashgani kuzatildi. Sun’iy intellekt modeliga asoslangan chip mazkur neyron signallarni tahlil qilib, ularni jumlaga aylantirdi. Natijada ayrim iboralar 74 foizgacha aniqlikni ko‘rsatdi. Qiziq tomoni shundaki, tizim “parol” himoyasi bilan sinovdan o‘tkazildi: ishtirokchilar oldindan belgilangan iborani – “Chitty chitty bang bang”ni o‘ylash orqali chipni faollashtirishdi. Parolni aniqlashda tizim deyarli 99 foiz aniqlik ko‘rsatdi. Universitet olimi Frank Willett ushbu tadqiqotni katta yutuq deya baholab, kelajakda miya chiplari texnologiyalari insonlar uchun tabiiy, erkin va qulay muloqot vositasiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

Eng avvalo, gapirolmaydigan yoki jismoniy imkoniyati cheklanganlar chip yordamida o‘z fikrini matnga ogirib, odamlar bilan muloqot qila oladi. Shuningdek, u kompyuter yoki protezlarni faqat fikr orqali boshqarish imkonini beradi.

Bu ixtiro tibbiyotda depressiya, xavotir yoki uyqusizlikni aniqlash, hatto Alsgeymer yoki Parkinson kasalliklarini erta tashxislashda ham qo‘l kelishi mumkin.

Ta’lim va ilmiy sohalarda esa miya faoliyatini tahlil qilish orqali o‘qish, xotira va diqqatni kuchaytirishga yordam beradi.

Kelajakda inson faqat fikrlashi orqali internetda qidirish yoki yozish imkoniyatiga ega bo‘lishi taxmin qilindi. Biroq maxfiylik va nazorat masalalari bu jarayonda eng katta xavf bo‘lib qolmoqda.

 

Fikrlarni yozib olish mumkinmi?

 

Texnologiya bilan bogliq bir qator xavflar ham mavjud. Mutaxassislar takidlashicha, insonning neyron faoliyati shaxsiy va juda maxfiy malumot hisoblanib, uni himoya qilish masalasi dolzarbdir. Kolumbiya universiteti qoshidagi Neyrotexnologiyalar markazi direktori Rafael Yuste shunday deydi:

 

“Miya – oddiy tana a’zosi emas, u bizning barcha aqliy va kognitiv faoliyatimizni yaratuvchi organ hisoblanadi. Bizning fikrlarimiz, xotiralarimiz, his-tuyg‘ularimiz, tasavvurimiz … yozib olinishi mumkin”.

 

Darhaqiqat, diqqatni oshirish, uyquni yaxshilash yoki stressni kamaytirishni va’da qiluvchi ko‘plab miya qurilmalari dunyo bo‘ylab sotuvga chiqarilgan. Ular yig‘ayotgan neyron ma’lumotlari esa ko‘pincha tibbiy himoya doirasiga kirmaydi. Shu sababli, mutaxassislar bunday ma’lumotlar tijorat maqsadida sotilishi yoki uchinchi tomonga taqdim etilishi xavfidan ogohlantirmoqda.

 

Yevropa Ittifoqida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi GDPR qonuni amal qiladi. Unga ko‘ra, iste’molchi o‘zi haqidagi ma’lumotni bilish, uni o‘zgartirish yoki o‘chirish huquqiga ega. Biroq neyrotexnologiyalar rivoji shunchalik tezki, mutaxassislar mavjud qonunlarni yanada takomillashtirish zarurligini aytmoqda.

 

Kuni kecha Yevropa parlamenti ekspertlari bergan xulosasida neyron ma’lumotlarni alohida toifadagi maxsus ma’lumot sifatida GDPRga kiritish lozim. Shuningdek, ushbu ma’lumotlardan sun’iy intellekt vositalari yordamida foydalanish xavflarini chuqur o‘rganish, aholiga texnologiyalarning foyda va zararlarini tushuntirish va neyron ma’lumotlarini maxsus Yevropa ma’lumotlar maydonida saqlash mexanizmlarini yaratish taklif etilgan.

 

Bir soz bilan aytganda, mazkur texnologik imkoniyat mutaxassislarda ochiq savol qoldirmoqda: fikrlar yozib olinsa, ulardan kim va qanday maqsadda foydalanadi? Texnologiya imkoniyati cheklanganlar uchun umid eshigini ochsa-da, inson huquqlari va shaxsiy daxlsizlik masalasida katta muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. O‘ylash qobiliyatini himoya qilish shunchaki texnik masala emas, balki axloqiy, huquqiy va siyosiy masala hamdir.

 

Mashhura Rahmonova,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 11.09.2025 0 15
Chegaradagi odam

Adabiyot

17:09 / 10.09.2025 0 111
Afsonaga aylangan shoir

Tarix

16:09 / 09.09.2025 0 172
O‘rgina Xotun – Buyuk Chigʻatoy malikasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//