Vijdon ovozi


Saqlash
10:41 / 12.09.2025 75 0

Men talabalik davrimning oxirgi yillarida Shavkat aka bilan tanishganman. Oʻtkir nigohli, keskir soʻzli, vazmin, oʻychan bu insonda odamni birdan oʻziga tortadigan nimadir bor edi. Xuddi shu “nimadir” uni umrining oxirigacha tark etmadi. Hatto vafotidan soʻng eslaganimda ham xotiramda uning siymosi tirikligidagiday porlab koʻrinish berardi. Biz yosh shoirlarni u mehr va samimiyat bilan qarshi olgan. Koʻpchilikning nazarida juda qattiqqoʻl hisoblangan Shavkat Rahmon taftli qoʻllari bilan yosh ijodkorlarning boshini silagan. Bu paytda Shavkat Rahmon Gʻafur Gʻulom nashriyotida sheʼriyat boʻlimida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlar edi. Bugungi kun nazari bilan qarasangiz ham, oʻsha vaqtlarda ham nashriyotda boʻlim boshligʻi lavozimi ot ustidagi amallardan emas edi. Chunki, bu lavozimning boshida direktor, direktor oʻrinbosarlari, bosh muharrir, bosh muharrir oʻrinbosari kabi zarbof toʻnga munosib bir qancha lavozimlar bor ediki, ularning oldini kesib oʻtishga ot hurkar edi. Shunday esa-da, Shavkat Rahmon shugina lavozimda ham oʻzining kimligini koʻrsata oldi. Bor-yoʻgʻi uch kishi ishlaydigan bu boʻlimning inqilobiy ishlarini bilganlar hozirgacha maroq bilan eslashadi.

 

Gap shundaki, bu kichik boʻlim oʻsha paytdagi faoliyati bilan butun oʻzbek adabiyotiga taʼsir koʻrsatdi. Milliy didni buzadigan, saviyasiz, soxta, xaltura kitoblar Qodiriyning qamchisidan andoza olgan Shavkat Rahmon qamchisiga dosh berolmadi. Umr boʻyi Sovetlar otini choptirib, sheʼrbozligu soʻzbozlik bozorini gullatgan baʼzi tomidan nomi baland kimsalarning tom-tom siyqa kitoblari semiz “papkalar” ichida tobutga mixlanganday tashqariga chiqolmay qoldi. Oqibatda Shavkat aka katta qarshiliklarga, hatto tahdidlarga duch keldi. Lekin Shavkat Rahmon soʻzda, sheʼrda sobit boʻlgani kabi ishda ham sobit edi. Uning ishi ham sheʼri kabi toza edi. Hozir baʼzi shoirlar orasida “Ish boshqa, ijod boshqa. Ishni yumaloq-yastiq qilib, ijodga zoʻr bersang boʻldi” degan qarash bor. Shavkat Rahmonning ishga munosabati ham boshqacha edi. Shaxs hamma joyda Shaxsdir. U ijodda boshqa, ishda boshqa, uyda boshqa, koʻcha-koʻyda boshqa boʻlolmaydi. Bunday parokandalik Shaxsni boʻlaklab tashlaydi.

 

Nashriyotning sheʼriyat boʻlimida Shavkat Rahmon qoʻygan qattiq talab milliy adabiyotning rivoji va himoyasi uchun emasmidi? U oʻziga qancha dushman orttirsa ham, oʻz tutumlarida mustahkam turishi milliy tafakkur va milliy saviyani koʻtarish uchun emasmidi? Bugun xohlagan odam oʻz hisobidan xohlagancha kitob chiqarib yotibdi, soʻzbozligu sheʼrbozlik oʻyinlari avjga mindi. Ikkita soʻzni chala qofiya qilish kattagina daʼvolarga sabab boʻlayapti. Shunday paytlarda Shavkat Rahmonday shoirlarimiz soʻz va sheʼr uchun, milliy did va saviya uchun qanchalar mashaqqatlar chekib, kuyib-yonib kurashganlarini eslab qoʻyishimiz va buning mohiyatini ilgʻashimiz kerak. Chunki, sheʼriyat millat tuygʻusini parvarishlaydi degan gap bor. Sheʼr tuygʻularga taʼsir koʻrsatadi. Saviyasiz, yomon “sheʼr” aksincha tuygʻularni buzadi. Milliy tuygʻular gʻariblashgan joyda hamma narsa gʻariblashadi. Bu kurashlar shuning uchun edi.

 

Uning yonida koʻp yurganman. Lekin biron joyda uning maydalashganini koʻrmaganman. Sarxush davralar boʻlardi. Dabdabali, vahimali majlislar tuzilardi. Oʻzaro ochiq gurunglar-u, shunchaki soʻzlashuvlar oʻtardi. Lekin biron joyda uning maydalashganini hech kim koʻrmagan. U doim baland edi. Qaddini ham, qalbini ham tik tutardi. Shu bois, har xil mayda-chuyda gaplardan yiroq edi. Katta tuygʻular, katta fikrlar, katta qarashlar bilan yashardi. U vijdon shoiri, millat shoiri edi. Millat qaygʻusi, Vatan qaygʻusi uning tuygʻusiga aylangan edi. Millat va Vatanga qarshi gap boʻlgan joyda gʻazabga mingan arslonday sapchib ketardi.

 

Fosh boʻlib qolganda qora jinoyat,

qizil shinaklardan boqqan oʻgʻrilar,

tagʻin bir nayrangin topib nihoyat,

Oʻzbeklar boshiga qoʻyar toʻgʻirlab.

 

U xiyonatga, sotqinlikka chiday olmas edi. Oʻldir ichingdagi xoinni oʻldir! Bu shoirning millatga xitobi edi. Ayni vaqtida qilingan xitob! Bir narsani ikilanmasdan aytish mumkinki, Mustaqillik uchun kurashlar vaqtida Oʻzbekistonda mustaqillik va ozodlik yoʻlida oʻlimga tayyor turgan shoirlardan bittasi, shubhasiz, Shavkat Rahmon edi!

 

U oʻz taqdirini Vatan taqdiri bilan, el-yurtining oʻtmishi-yu kelajagi bilan chambarchas bogʻlagan edi. 1990-yilda sodir boʻlgan Oʻsh-Oʻzgan voqealari shoirga juda qattiq taʼsir koʻrsatdi. Shavkat Rahmon oʻsha kunlari Oʻshga bordi, fojialar ichida yurdi. Qaygʻuli voqelarni oʻz koʻzlari bilan koʻrdi, “Maxfiya” nomli maqola yozdi. Oʻsha paytlarda uning ichi kuyib ketgan edi. Shoir bu ogʻir fojiani oʻz fojiasi kabi yuragidan oʻtkazdi. Men Shavkat akaning Oʻshdan qaytgan holatini hozirgacha eslayman. Uning koʻzlari mungga toʻlgan, iztirob va qaygʻudan yuzlari qorayib ketgan, chakkasida bir tutam sochi oqargan edi. Goʻyo tik turgan chiroyli bir bino bir-necha kunda vayronaga aylanganday. Fojianing yuki ogʻir edi. Shoir togʻday bu yukni yelkasida koʻtarib, Toshkentga kelgandi. Shundan keyin Shavkat aka oʻziga kelolmadi. Koʻp oʻtmay ogʻir kasalga chalindi. Olti yildan soʻng vafot etdi.

 

Shavkat Rahmon sheʼrlari oʻzbek sheʼriyatiga haqiqiy maʼnoda yangi ruh olib kirdi. U uslubda ham, ohangda ham, obrazlar tizimida ham hech kimga oʻxshamasdi. Bu sheʼrlar sheʼriyatning koʻhna olamida yangi hodisa sifatida boʻy koʻrstadi. Bir narsaga eʼtibor qilganmisiz, uning yigitlik davrida yozgan ilk sheʼrlaridan tortib, umrining oxirlarida yozgan soʻnggi sheʼrlarigacha birma-bir nazardan oʻtkazib koʻrsangiz, bu sheʼrlarning bittasiniyam chiqitga chiqarolmaysiz. Holbuki, eng buyuk shoirlarda ham vaqti kelib, chiqitga chiqib qoladigan sheʼrlar boʻlishi tabiiy. Lekin Shavkat akada unday emas. Chunki u ilk qadamlaridanoq, soʻzga, adabiyotga sadoqatni, vijdonni oʻziga pir tutgan. Sheʼrni muqaddas bilgan.

 

Shunday noziktaʼb shoir sheʼrlarini qora niyat bilan qattiq tanqid ostiga olganlar ham boʻldi. Kitoblariga magʻzavaga boʻktirilgan taqrizlar yozildi. Rostdan, bu taqrizlarni oʻqib boʻlmaydi, oʻqisang, ulardan magʻzava hidi keladi. Usmon Azim yaqin-yaqingacha: “Shavkatning kitobiga tuhmat qilib yozilgan taqrizlardan bittasi haliyam menda turibdi! Oʻqisang titrab ketasan!” deb aytardi. Anton Chexov bunday tanqidchilarga “Otning yer haydashiga xalaqit beradigan goʻngpashshalar” deb oʻxshatib taʼrif bergan. Sheʼrning koʻchasiga yaqin yoʻlay olmaganlar, irigan-chirigan botin bilan safsata sotib yurganlar unga millat qurtlariday tashlangan paytlar boʻldi. Oʻsha kunlari Yozuvchilar uyushmasida boʻlgan bir yigʻinda Ozod Sharafiddinov: “Shunday yuksak didli shoirga nisbatan bu kabi tuban munosabatlar pastkashlikdan boshqa narsa emas” degan edi. Lekin u toʻxtamadi.

 

Dushmanim koʻpaydi,

hatto, oʻliklar

bahorni sogʻingan qutlugʻ oylari,

xilvatda yigʻilib yurdi shoʻrliklar

changalda boʻhtonu igʻvo loylari.

 

Uning har bir sheʼrida vijdon ovozi jaranglab turadi, millat ruhi namoyon boʻladi. Ayniqsa, keyingi yillardagi sheʼrlarida millat va Vatan taqdiri bosh mavzuga aylandi. Har misra ostidan bir tarix bosh koʻtaradi, har soʻz zimnida bir ruh yashaydi. Shuning uchun ham bu sheʼrlar hamisha tirik, va hamma zamonlarda faoliyat koʻrsata oladi.

 

Imonim deganlar,

millat deganlar,

yovga ters qaramak illat deganlar,

oʻzlikka xiyonat qilma deganlar

zor qaqshab yigʻlaydi vayronalarda.

 

Shavkat Rahmon adabiyotga endigina kirib kelayotgan yosh shoirlarga katta umid bilan qarar va qoʻlidan kelganicha, qoʻllab-quvvatlab, mehribonlik qilardi. Hech esimdan chiqmaydi. Men sheʼrlarimni Shavkat akaning nazaridan oʻtkazish uchun Gʻafur Gʻulom nashriyotiga olib bordim. Qogʻozga qoʻlda koʻchirilgan, mashinkalanmagan bir toʻplam sheʼrlar edi. Shavkat aka bu sheʼrlarni koʻrib, tahrir va tuzatishlar qilgach, “Avtorning birinchi kitobi” seriyasida chiqaramiz, deb qoldi. Xursand boʻlib ketdim va tezda harf teruvchi qizlarga berib, “mashinkalatib” kelishimni aytdim. Oʻsha vaqtlarda bir bet sheʼrni mashinkada terdirish 50 tiyin turardi. Holbuki, 50 tiyin bir talabaning bir tushligi ham edi. Shunda Shavkat aka: “ Yoʻq, shartmas. Nashriyotning mashinistka qizlari pechatlab berishadi. Siz ovora boʻlib yurmang” dedi. Keyinroq bildimki, oʻshanda Shavkat aka harf teruvchi qizlarga har sahifa uchun 50 tiyindan toʻlashimni va bunga yaxshigina harajat qilib qoʻyishimni oʻylagan. Yoshlar qiynalib yurishibdi, yordam boʻladi, degan.

 

Keyin birinchi kitobim nashrdan chiqdi. Bu kitobning nomini ham Shavkat Rahmon qoʻygan edi: “Sochlari sumbul-sumbul”. Oilam bilan ijarama-ijara koʻchib yurgan paytlarimizda, kutilmaganda yaxshigina qalam haqqi ham oldim. Shunday qilib, Shavkat aka men, Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Zebo Mirzo va boshqa yoshlarning ilk kitoblari chiqishiga shu tariqa sabachi boʻlgan edi.

 

Bir narsani alohida aytishni istardim... Shavkat Rahmon degan buyuk bir shoir koʻp qiynaldi, millat qaygʻusida koʻp mashaqqatlar chekdi, ogʻir kasal boʻldi, tuhmatu tahdidlar koʻrdi, lekin sinmadi, egilmadi, bukilmadi ham. Arzimagan narsalar uchun har qadamda sinib ketayotgan shoirlar qancha. Lekin bu shoir har qanday vaziyatda butun qoldi. Chunki u baland odam edi. Bunday odamlarni oʻlim ham sindirolmaydi, aksincha bunday mardlarga oʻlim ham tan beradi. Uning oʻlimidan oldingi sheʼrlari bunga dalil.

 

Ulkan soat oʻrtasida

Madorim yoʻq yurmoqqa,

Qashqirlar davrasida

Sudralaman turmoqqa.

Shunda qolib ketsam gar

netamiz?

Abadiyat oralab

Oʻshga qachon yetamiz?

Qorli togʻlar bagʻrida

Begim – Oʻshim koʻrindi,

Sulton – Oʻshim koʻrindi.

 

Oʻtgan yili hayit kunlarida Shavkat akamni tushimda koʻrdim. Xuddi 35 yoshlaridagiday bir chiroyli, bir koʻrkam, bir oʻktam yurgan emishlar. Oʻsha oʻtkir nigohlar, oʻsha sermaʼno chehra, oʻsha zalvorli tabassum... Chaqmoqday chaqnab turibdilar. Koʻrsang, koʻzlaring quvonadi. Shu kuni Manzura yangamizga telefon qildim. Koʻrgan tushimni aytdim. Manzura opa dedilarki: “Akangiz bu dunyoda qiynaldilar, u dunyoda ajrini bergan boʻlsin! Oxiratlari obod boʻlsin!”

 

Eshqobil SHUKUR,

ijodkorning telegram kanalidan olindi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 11.09.2025 0 80
Chegaradagi odam

Adabiyot

17:09 / 10.09.2025 0 142
Afsonaga aylangan shoir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//