“Madaniyat va maʼrifat” endi kerak emas...mi? Ziyolilar telekanal yopilishiga qarshi chiqmoqda


Saqlash
00:11 / 08.04.2023 2791 4

3-aprel kuni project.gov.uz portalida “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini “Karvon” telekanaliga aylantirish loyihasi eʼlon qilindi. Prezident qarorining loyihasida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi “Madaniyat va maʼrifat” telekanali “Karvon” nomi bilan qayta nomlanib, Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufiga oʻtkazilishi belgilangan. Ushbu yangilik ijtimoiy tarmoqlardagi faollar va ziyolilarning keskin noroziligiga sabab boʻlmoqda. Oyina.uz portali bildirilayotgan fikrlarni bir joyga jamladi.

 

Faxriyor, shoir:

MTRKga qarashli “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini “Karvon” telekanali sifatida qayta tuzish va uni Madaniyat va turizm vazirligiga ixtiyoriga oʻtkazish haqidagi prezident qarori loyihasi muhokamaga qoʻyilibdi. Qaror loyihasiga taklif sifatida kiritilgan ayrim va arzimas oʻzgarishlar hisobga olinmasa, gʻisht deyarli qolipdan koʻchib boʻlgan. Nomiga qaraganda, kanalning formati butunlay oʻzgarib ketadi. Meni hayron qoldirayotgan narsa shuki, nega aynan buning uchun “Madaniyat va maʼrifat” telekanali qurbon qilinmoqda? Axir, MTRKning toʻlaqonli kanal sifatida shakllangan, koʻrsatuvlari koʻrishga arzirlik faqat shu kanali bor-ku. Agar Madaniyat va turizm vazirligiga kanal kerak boʻlsa, MTRKning nomini aytmasa, na yuzi va na tayinli koʻrsatuvi bor kanallari koʻp edi-ku. Ulardan birortasi, hatto ikkitasi oʻsha vazirlikka berib yuborilsa ham, hech narsa oʻzgarmaydi. Bugungi jamiyatimizning juda koʻp muammolari “Madaniyat va maʼrifat” singari maʼrifiy telekanallar yoʻqligi, hamma ekrandan na millat kelajagini, na yoshlar tarbiyasini oʻylamay, “soqqa qilish”ga oʻtib ketgani bilan bogʻliq. Shuning uchun “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini saqlab qolish shart, deb bilaman.

 

Botirjon ERGASHEV, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari:

Ijtimoiy tarmoqlarda “Madaniyat va maʼrifat” telekanali strukturasi oʻzgarishi, yanayam oʻzbekcha qilib aytsam, yopilishi haqida gap-soʻzlar koʻpaymoqda. Agar bu gaplar haqiqat boʻladigan boʻlsa, bunga QARSHIMAN! Bu kanal ayni paytda yurtimizdagi eng bamaʼni kanal. Unda adabiyotimiz, madaniyat va maʼrifatimiz yuqori darajada targʻib qilinadi. Uni yopish emas, aksincha uning faoliyatini yanada rivojlantirish kerak.

 

Shodmonqul SALOM, “Doʻstlik” ordeni sohibi, shoir:

 Manfaatlar toʻqnashuvida maʼnaviyat qurbon boʻlmasligi kerak!

“Karvon” telekanalini tashkil etish qarorining loyihasi bilan tanishib chiqdim. Mazkur yangi telekanal ayni damda faoliyat yuritib turgan “Madaniyat va maʼrifat” negizida tashkil etilishi moʻljallangan. Qiziq-qiziq ishlar koʻp boʻlib turadigan hayotimizda bu yangilik ham odatiy, beparvo qabul qilinishi mumkin. Biroq shu xalqning, shu mamlakatning yaxshi-yomoniga befarq boʻlmagan har bir odamni bu harakat sergak qilishi kerak. Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufiga oʻtishi va shu bilan boy tariximiz va madaniyatimizni targʻib etishni koʻzlagan yangi “Karvon” telekanalini tashkil etish zarur boʻlsa, nega “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini qurbon qilish evaziga bu hodisa sodir boʻlish kerakligi meni ajablantirdi. Agar shunday qilish lozim boʻlsa, yangi telekanal ochish yoki saviyasizlik va madaniyatimizni yerga urishgagina xizmat qilayotgan boshqa kanallar hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Ha, rostdan ham shunday qilish hukumat uchun juda oson va xalq uchun foydaliroq.

Bu gapimni oʻqigan kishi xalqning talab va ehtiyojlari, zamonaviy dunyo standartlari degan eʼtirozlarni ham aytish mumkin, biroq aynan shunday qilinsa — mavjud “Madaniyat va maʼrifat” telekanaliga ehtiyoj juda kattadir. “Madaniyat va maʼrifat” telekanali tashkil etilganiga endigina 10 yil toʻldi. Biroq kanal oʻtgan qisqa vaqtda shu qadar katta ishlarni amalga oshirdiki, buni bir ziyoli, bir tomoshabin sifatida eʼtirof etaman. Birinchi navbatda ushbu telekanal xalqning ichiga kirib bordi. Odamlarning did va saviyasini koʻtarishdek muhim vazifani oʻz yelkasiga oldi va sobitlik bilan ado etib kelmoqda. Telekanal oʻz dasturlarida milliy madaniyatimizning sof manbalarini, ularning dunyoviy ahamiyatini bor boʻy-basti bilan koʻrsata oldi. Sanʼat, adabiyot, tarix, xalq hunarmandchiligi kabi xalqimiz madaniyati va maʼrifatini qamrab olgan barcha jabhalarni keng yoritdi. Yuzlab, minglab qahramonlarni, xalq ichidagi fidoyi insonlarni kashf etdi. Va ularning dunyoga chiqishiga sababchi boʻloldi. Kanalda beriladigan seriallardan tortib, milliy va jahon sanʼatining durdonalari boʻlgan qoʻshiqlargacha faqat va faqat xalqimizning foydasiga xizmat qilgani ham bor gap.

Biz nimani istayapmiz oʻzi? Bizga milliylik, oʻzlikni anglash uchun tarix, adabiyot kerak boʻlmasa, nima kerak? Nima bizni asrab qoladi? Faqat shou-biznes bilan ehtiyojlar qondirilmasligini, aksincha hozirgi paytda odamlarimizning feʼl-atvoridagi oʻzgarishlarga telekanallar ham katta hissa qoʻshayotganini nahotki tushunish qiyin. Shunday ekan, xalqqa xizmat qilib turgan, millionlab tomoshabinlar dasturlarini intiq boʻlib kutadigan “Madaniyat va maʼrifat” telekanaliga daxl qilish oʻzimizga — yoshlarimiz kelajagiga dushmanlik boʻladi. Buni tushunish kerak. Manfaatlar toʻqnashuvi uchun maʼnaviyat, madaniyat qurbon qilinmasligi shart! Bu qarorni qabul qilayotgan har bir rahbar, unga fikr bildirayotgan jamiyat kishilari vaziyatga panja orasidan qaramasliklari zarur.

 

Zafarbek SOLIJONOV, jurnalist, bloger:

Kutilmagan va keraksiz (ortga) qadam

Qiziq ishlar boʻlyapti. project.gov.uz portalida “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini “Karvon” telekanaliga aylantirish loyihasi eʼlon qilindi. “Madaniyat va maʼrifat” telekanali oxirgi vaqtlar odamlar kuzatadigan yaxshi loyihalarni olib borayotgandi. Soddaroq aytsam, ayrim faollar TV koʻrishni yana boshlagandi. Biz ham shu koʻrsatuvda chiqqanimizda oʻzini oqlamagan “maʼnaviyatchilar” siyosatini bemalol va toʻgʻridan-toʻgʻri efirda muhokama qilgandik. Oradan biroz vaqt oʻtib shu hol yuz bersa-ya? Menda savollar paydo boʻlyapti. Mavjud loyihalar, telekanaldagi jurnalistlar taqdiri nima boʻladi? Madaniyat va turizm vazirligi siyosati uchun oʻziga alohida kanal ochsa boʻlmaskanmi? 2017-yildagi Mirziyoyevning gaplari haliyam esimda. Aynan telekanallar haqida gapirgandi: “Ura-urachilik zamoni oʻtdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam koʻrsatuvlarni sogʻinib kutishi kerak. “Axborot” koʻrsatuvini oʻzgartirishimiz kerak”. Oʻshandan keyin MTRK siyosati oʻzgardimi? Bu savolga baralla “ha” deyish qiyin, ammo shu uchqun oxirgi vaqtlar “Madaniyat va maʼrifat” telekanali misolida koʻrinayotgandek edi goʻyo.

 

Komil JALILOV, Taʼlim boʻyicha ekspert:

“Madaniyat va maʼrifat” endi kerak emas...mi?

Oyina.uz nashrining xabar berishicha, “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini yopib, oʻrniga Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi “Karvon” nomli telekanal tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan, MTRK tizimidagi madaniyat, sanʼat, adabiyotga oid koʻrsatuvlarga ixtisoslashgan yagona telekanalni nima sababdan yopish rejalashtirilayotgani ochiqlanmagan. Bungacha kanalda jonli efirga uzatilgan “Yoshlar nima xohlaydi” koʻrsatuvi va “Qaqnus” loyihasida yangragan Najmiddin Ermatov sheʼri ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan edi. “Madaniyat va maʼrifat” oʻrniga tashkil qilinishi kutilayotgan kanalning “Karvon” deb nomlanishiga qaraganda, uning turizmga ixtisoslashuvini taxmin qilish mumkin. Biroq, bir necha yil oldin Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov “Dunyo boʻylab” kanalini “Turizm 365” kanaliga oʻzgartirish rejalari haqida xabar bergan edi. Umuman, “Dunyo boʻylab” kanalining rasmiy saytiga koʻra, “mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari, muqaddas qadamjolari, noyob tarixiy-meʼmoriy obidalari toʻgʻrisidagi ilmiy-ommabop va maʼrifiy teledasturlarni yaratish” aynan “Dunyo boʻylab” kanalining vazifasi hisoblanadi. Demak, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi yagona telekanalni yopishga zarurat yoʻq (agar kanalning yuqorida aytilgan kabi ancha dadil koʻrsatuvlari bunga sabab boʻlmagan boʻlsa, albatta). Shunchaki maʼlumot uchun, koʻp davlatlarda madaniyat va sanʼatga ixtisoslashgan alohida kanallar faoliyat yuritadi: “Abay TV” (Qozogʻiston). “Madaniyat” (Qirgʻiziston), “Kultura” (Rossiya), “Kultura” (Ukraina), “Kultura” ( (Polsha), “Rai 5”, “Arte” (Fransiya, Germaniya) ...

 

Najmiddin ERMATOV, “Oʻzbekiston tarixi” telekanali muharriri:

Adabiyotni, ilm-fanni tanigan odam OʻZLIK sari yoʻl qidiradi, bunday yoʻlga tushgan kishining tuygʻulari, tafakkuri tiniqlashadi, endi u “bersang yeyman, ursang oʻlaman”, deb yasholmaydi, zanjirlarni shiqirlatib odimlashdan bosh tortadi. Endi u ommaning bir vakili emas, endi u shaxs! Ammo tarix kishilarning bunday yoʻldan qaytarilganiga koʻp bor guvoh boʻlgan. Koʻp bora odamlar “orzular ohangida” allalab kelingan. Eski aqida – tongda uyqungni buzgan xoʻrozni soʻyish oʻngʻay... Necha yildirki, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali millat oydinlari uchun koʻp ishlar qildi – OʻZLIK sari undadi. Telekanal ijodkorlari tomonidan tayyorlangan teledasturlar kishini ichiga qarashga, zinama-zina yuqorilashga undadi. Zamonimizda toʻrtta artistning lik-likıyu odamlarning maishiy muammolari sari pastlamagan, gardanidagi asl vazifasini anglaydigan sanoqli telekanallardan biri shu kanal, sanoqli ijodkorlar manzili shu joy edi. Biroq shu kunlarda telekanalning yopilishi, uning negizida Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi “Karvon” telekanalining ochilishi haqidagi qaror loyihasining tarqalgani koʻngilga xijillik indirdi. Qaror loyihasini sinchiklab oʻqib koʻrsangiz unda na kitob, na kitobxonlik, na taʼlim-u ilm-fan, na millatning olim-u ziyolilari haqida gap bor, “taniqli ustoz sanʼatkorlar”ning alohida koʻrsatilganligi esa chin. Aslida, qaror bandlari haqda birma-bir soʻz yuritilsa, yana koʻpgina savollar tugʻiladi...

Asosiy muammo esa shoʻrolar zamonida “indiyski” kinolarga koʻz yosh toʻkkan elning bugungi avlodini oʻzimizning artistlar-u seriallar tomoshasi bilan andarmon qilishga harakat hadigida... “Chastniy” kanallarni egallab olgan koʻpikchilarga qoʻlida mashʼala tutgan yana bir telekanalni topshirib qoʻyish qoʻrquvida... “Karvon” telekanalini tashkil etish maqsadi ezgudir, ammo meningcha, bu maqsadga millatni OʻZLIKKA undagan telekanalni “chopish” orqali borilmasligi kerak. Xoʻroz uyquni buzmaydi, gʻaflatda yotgan odamni uygʻotadi. Uni soʻymang!!!

 

Guljamol ASQAROVA, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi mutaxassisi, shoira:

Maʼrifat ham kerakmasmi endi? Karvonchilikmi endi buyogʻi, tijorat, turizmmi? Oʻz vazifasini oʻtamayotgan ijodiy, maʼnaviy yoʻnalishdagi tashkilotlarning yamogʻini ham yamab, ham adabiy didni parvarishlab turgan bu kanal oʻz oʻrnida qolishi kerak.

 

Fozil FARHOD, Yozuvchilar uyushmasi raisining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi:

Ziyolilar, “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini saqlab qolaylik! Bugun oʻqigan eng yomon xabar shu boʻldi. Nima boʻlyapti oʻzi? 2022-yili “Dunyo boʻylab” telekanali toʻliq rus tiliga oʻtgandi. Ziyolilarning qarshiliklari ham foyda bermadi. Endi esa bu gap. Odam gʻalati boʻlib ketyapti. Qaror loyihasida telekanal turizmga bagʻishlanishi aytilgan, u yerda adabiyot haqida hech gap yoʻq. Modomiki, sayyohlikka oid kanal kerak ekan, ana, “Dunyo boʻylab”ni olishsin yoki yangi telekanal ochishsin.

 

Telekanal, mana, 10 yildirki, adabiyot, sanʼat, madaniyat va maʼrifatni yuksak darajada targʻib qilib ketmoqda. Telekanalning “Men bilgan haqiqatlar”, “Dunyo adabiyoti”, “Qaqnus”, “Akademik soat”, “Birlagikda oʻqiymiz”, “Fikrlayotgan odam”, “Tong nafasi”, “Bobo soʻz”, “Maqom”, “Baxshiyona”, “Taqvim”, “Umr daftari”, “Tundaliklar” singari koʻrsatuvlari sevimli dasturlarimizga aylandi. Bu kabi koʻrsatuvlar qancha-qancha ziyolilarimizni, yosh yozuvchi va shoirlarimizni kashf etdi, ularni xalqimizga tanishtirdi. Agar bu loyiha shu tarzda amalga oshsa, millat adabiyoti, sanʼati, madaniyati ildiziga bolta uriladi. Oʻylaymanki, yuqori tashkilotlarda ishlaydigan kishilar, bu ishga masʼullar bunga yoʻl qoʻymaydi. Millatning bir adibi, davlatning bir fuqarosi, telekanalning bir tomoshabini sifatida bunday qilinishiga, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali yopilishiga mutlaqo qarshiman.

 

Nasrullo ERGASH, shoir:

“Madaniyat va maʼrifat” telekanali – TVda eng muhim va koʻrishga arziydigan kanal! Nega endi aynan u?! Shevabozlikka asoslangan, ona tilini asrab-avaylash oʻrniga uni buzishga xizmat qilayotgan kanallar qalashib yotibdi-ku. “Coco-cola” singari zararli ichimliklarni har daqiqa ming martadan reklama qilib odamning asabi va umrini egovlayotgan kanallar ozmi... “Madaniyat va maʼrifat” telekanali ziyolilar koʻradigan kanal ekani rost. Ammo u ziyolilardan koʻra xalqqa koʻproq kerak! Aynan u kitob oʻqishga anchayin erinchoq xalqimiz tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilayotgan ezgu qurollardan biri ekani rost. Agar u yopiladigan yoki MTRKdan olinib vazirlikka oʻtkaziladigan boʻlsa oddiy targʻibot va tashviqot kanaliga aylanib qolmaydimi? Men bir oʻzbek, shu yurtning farzandi sifatida “Madaniyat va maʼrifat” telekanali doimiy faoliyat yuritishini xohlar edim.

 

Temurxon JAHONGIR, arxeolog, yosh olim: “Dunyo boʻylab”ni buzishdi. Endi “Madaniyat va maʼrifat”ga keldimi navbat? Ziyoli qatlam koʻradigan kanalni yopishdan kim manfaatdor? Saviyasi past serial yoki shou qoʻymagani uchun yopilyaptimi? Yoki maʼnodor sheʼrlar bergani uchunmi? Biz rostdan ham renessans xohlaymizmi yoʻqmi? Shuni oʻzimiz uchun aniqlab olishimiz kerak.

 

A. Bobonov: ...Hammasiga “Qaqnus” aybdor, hammasiga “Oddiy haqiqatlar” (men bilgan haqiqatlar) aybdor, hammasiga allomolarimiz va madaniyatimiz haqida yaratilgan filmlar aybdor – bu koʻrinishlar xalq madaniyatini, maʼrifatini boyitayotgan edi hamda bu koʻrsatuvlarda aqllilar koʻp chiqardi, xalq aqlli gaplarni koʻp eshitardi... Endi “Karvon”da “Qaqnus” boʻlmaydi, hech kim “Men bilgan haqiqatlar” da dardini aytmaydi, akademik soatlari boʻlmaydi – bunaqa donolardan, daholar minbaridan qutildik, qutqarishdi.

 

Umid ALI, yozuvchi: “Madaniyat va maʼrifat” telekanali tele dorulfunundir. Oʻn yil mobaynida ong-u shuurimizga, qalbimizga, ruhimizga ziyo, nur taratib keldi. Maʼnaviy ongimizni yuksaltiradigan, fasohat-u zakovatimizni boyitadigan, maʼnaviy javohirot ulashadigan bu kabi telekanal juda sanoqli. Men bu kanalni kitobning televizion shamoyili deb bilaman. Kitobga boʻlgan munosabat, kitobxonlik mamlakatimizda siyosat darajasiga chiqqan bir paytda bu kabi foydali kanallarning yopilishi maʼnaviy halokatdan boshqa narsa emas.

 

Shuningdek, feysbuk, telegram ijtimoiy tarmoqlarida yana koʻplab faollar #Madaniyat va maʼrifat telekanali yopilishiga qarshiman! heshtegi bilan kanal yopilmasligi kerakligi haqida postlar qoʻyishmoqda.

 

Eslatib oʻtamiz, Avvalroq Oyina.uz portalida “Kimgadir kerak boʻlmagan madaniyat va maʼrifat bizga kerak!” sarlavhali maqola eʼlon qilingandi. Unda kanal faoliyati haqida ijobiy fikrlar bildirilgandi. Maqolani bu yerda oʻqish mumkin.

 

Gulnoza NAJMIDDINOVA.

Oyina.uz

4 Izohlar

Syxrob

12:01 / 01.01.1970

Madaniyat va marifat kanalini yopmoqchi bo'lganlarni millat madaniyatiga marifatiga bolta urayotganlikda ayblab sudga topshirish kerak

Muhayyo

12:01 / 01.01.1970

"Ma'daniyat va ma'rifat" telekanali xalqimizning ma'naviyatini boyitishga xizmat qilib kelayotgan kanallaridan biri (balki bitta bo'lsa u ham shu kanal) deb o'ylayman. Men tushunmadim. Bir vaqtlar millatimizni ma'nan uyg'otishga harakat qilgan shaxslar yo'q qilingan edi. Ular hukmron shaxslarga yoqmagandi. Chunki biz tobe edik o'shanda. Lekin, hozir mustaqilmiz. O'zimizga o'zimiz boshmiz. Endi kimga nima yoqmayapti ekan?

Feruza Normatova

12:01 / 01.01.1970

Shundoq ham bachkana kanallarining koʻp Bu kanal Barat ziyolilarga qishloqdagi insonlarga ham kerak spektallar ijodiy suhbatlar biz uchun zarur turk seriali va maʼnosiz oʻzbek serialilar qoʻyiladigan kanallarni yoping

Гуландом

12:01 / 01.01.1970

Madaniyat va ma'rifat kanali o‘z o‘rnida qolsin. Охирги пайтларда шу маънавият ва маърифат сўзи қайсидир мансабдорга ёқмаяпти шекилли.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//